Turistik tibbiy sug‘urta o‘zi nima

Sayohat paytida kasal bo‘lib qolsangiz, jarohat olsangiz yoki shoshilinch tibbiy yordam kerak bo‘lganda turistik tibbiy sug‘urta davolanish xarajatlarini qoplashga yordam beradi.

Oldin sug‘urta kompaniyasi yoki uning xizmat ko‘rsatish markaziga murojaat qilasiz. U yerda qaysi klinikaga borishingizni aytishadi va shifokor qabuliga yozishadi. Ko‘pincha davolanish uchun to‘lovni to‘liq yoki qisman qoplashadi.

Masalan, siz Pxuketga kelib ovqatdan kuchli zaharlandingiz yoki Tbilisida sayr qilib, oyog‘ingizni qayirib oldingiz. Shifoxona izlab, davolanish uchun pul to‘lash o‘rniga, tibbiy sug‘urtani rasmiylashtirgan kompaniya bilan bog‘lanasiz. Kompaniyasi siz uchun tibbiy yordamni tashkil qilib, polisda belgilangan shartlar bo‘yicha davolanish xarajatlarini qoplaydi.

Majburiy turistik sug‘urta

Ba’zi davlatlarga turistik tibbiy sug‘urtasiz kirib bo‘lmaydi. Sug‘urta bo‘lmasa viza berilmasligi, chegarada kirishga ruxsat berilmasligi yoki hatto aviareysga ro‘yxatdan o‘tishga qo‘ymasliklari mumkin. Masalan, Shengen vizasini olish yoki Gruziyaga kirish uchun sug‘urta olish shart.

Sug‘urta polisi majburiy bo‘lmasa ham, undan voz kechmang. O‘zbekistonliklar orasida mashhur BAA va Tailandga o‘xshash davlatlarda shoshilinch tibbiy yordam chet ellik sayyohlar uchun qimmat bo‘ladi. Dubayda shifokor qabuli 100 dollardan qimmat bo‘lishi, kasalxonaga yotish yoki shoshilinch operatsiya esa minglab dollarga tushishi mumkin. Shunda sug‘urta puli kasal bo‘lish yoki jarohat olishga ketadigan xarajatlar oldida arzimas bo‘lib qoladi.

Aviachiptalarni payme travel’da olish foydaliroq

Chiptadan 15% gacha keshbek qaytariladi. Hamkorlarimiz orasida 800 dan ortiq aviakompaniya bor. Dunyoning deyarli istalgan nuqtasiga chipta topishingiz mumkin.

Aviachiptalarni qidirish

Sug‘urta nimalarni qoplaydi

Qaysi xizmatlar qoplanishi sug‘urta kompaniyasi va tanlagan polisingizga bog‘liq. Turistik sug‘urta safar davomida shoshilinch tibbiy yordam xarajatlarini yoki sizdagi kasallikning kuchayishi bilan bog‘liq holatlarni qoplaydi.

Bunga shifokor qabuli, tekshiruv va tahlillar, shifokor tavsiya qilgan dorilar, klinikada davolanish, shifoxonaga yotqizish, tez yordam chaqirish, o‘tkir og‘riq yoki jarohatda shoshilinch stomatologik yordam va kerak bo‘lganda tibbiy transport xizmati ham kiradi.

Sug‘urta polisi oldindan rejalashtirilgan tibbiy xizmatlarni qoplamaydi. Masalan, sizda surunkali artrit bor va og‘riq birdaniga kuchaydi, shunda sug‘urta davolanish xarajatlarini qoplaydi. Oddiy tekshiruv yoki profilaktika uchun shifokorga borishni sug‘urta to‘lab bermaydi.

Ba’zi sug‘urta kompaniyalarida qo‘shimcha imkoniyatlar boq. Qo‘shimcha pul to’lab. reys kechikishi yoki bekor qilinishi xarajatlarni qoplaydigan himoya va bagaj sug‘urtasini tanlash mumkin.

Sug‘urta polisida summa bo‘yicha limit bo‘ladi. Masalan, kompaniya eng ko‘pi bilan 30 000 yevrogacha xarajatlarni qoplaydi.

Ba’zi xizmatlar uchun alohida limitlar bo‘lishi mumkin. Masalan, shoshilinch stomatologik yordam uchun sug‘urta kompaniyasi ko‘pi bilan 200 dollar, qidiruv-qutqaruv ishlari yoki tibbiy evakuatsiya uchun esa 2 000 dollargacha to‘lab beradi. Limitdan oshgan pulni o‘zingiz to‘laysiz. Shuning uchun polis tanlayotganda faqat umumiy summaga qaramang. Qaysi xizmatlar qoplanishi va qanday limitlar borligini ham tekshiring.

Ba’zi hollarda franshiza ham bo‘ladi. Bu, har qanday vaziyatda o‘zingiz to‘laydigan summa. Franshiza 50 dollar, shifokor qabuli esa 200 dollar bo‘lsa, sug‘urta sizga faqat 150 dollarini qoplaydi. Qolgan 50 dollarni o‘zingiz berasiz. Davolanish summasi franshizadan kamroq bo‘lsa, hamma xarajatni o‘zingiz to‘laysiz.

Sug‘urta kompaniyalari hamyoningizga mos turli paketlarni taklif qiladi. Manba: eai.uz

Turistik sug‘urta qancha turadi

Narx qayerga borishingiz, necha kun bo‘lishingiz va yoshingizga qarab belgilanadi. Bolalar va yoshi kattalar uchun sug‘urta ko‘pincha qimmatroq bo‘ladi, chunki ular shifokorga ko‘proq murojaat qilishi mumkin.

Bir nechta davlatga borsangiz yoki ekstremal sport bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsangiz sug‘urta qimmatroq bo‘lishi mumkin.

Turkiyaga 7 kunga ketayotgan 28 yoshli sayyoh misolida bir nechta sug‘urta kompaniyalari narxlarini solishtirdik.

Sug‘urta polisini qanday olish mumkin

Turistik sug‘urtani oflayn yoki onlayn olish mumkin. Birinchi holatda sug‘urta kompaniyasi ofisiga borasiz. O‘zingiz bilan ID-karta, xorijga chiqish pasporti va aviachiptalarni oling.

Shunda sayohat sanalarini unutmaysiz. Reys kechikishi yoki bekor qilinishida kompensatsiya olish xizmatlarini rasmiylashtirish mumkin. Xodim polisni rasmiylashtirib, to‘lovdan keyin uni sizga beradi.

Ba’zi sug‘urta kompaniyalarida polisni rasmiy sayt orqali onlayn olish mumkin. Sizdan xorijga chiqish pasporti ma’lumotlari, tug‘ilgan sana, ba’zan JSHSHIR ham so‘raladi. Kerakli sug‘urta dasturini tanlaysiz, qaysi davlatga borishingizni va sayohat sanalarini kiritasiz. Kerak bo‘lsa, qo‘shimcha xizmatlarni tanlaysiz.

Polis pulini ham onlayn to‘laysiz. Istalgan usulda to‘lash mumkin. payme’ga o‘xshash QR-kodli to‘lov servislarida ham to‘lasa bo‘ladi. Keyin polisni yuklab olib, kerak bo‘lsa chop etasiz.

Sug‘urta kompaniyasi sizdan qaysi davlatga borishingiz va sayohat qancha davom etishini so‘raydi. Manba: gross.uz

Tibbiy yordam kerak bo‘lganda nima qilish kerak

Sug‘urta kompaniyalariga murojaat qilish tartibi turli bo‘lishi mumkin. Shartnomada qanday ko‘rsatilgan bo‘lsa shunday qiling.Iloji bo‘lsa, birinchi bo‘lib polisdagi kontaktlar orqali sug‘urta kompaniyasi yoki uning servis xizmatiga qo‘ng‘iroq qiling. Sayohatga chiqishdan oldin bu raqamlarni telefoningizga, WhatsApp yoki Telegram’da saqlab qo‘ying. Kerak bo‘lganda tez topasiz.

Murojaatdan keyin sug‘urta kompaniyasi nima qilish kerakligini tushuntiradi. Qaysi klinikaga borishni aytadi, kerak bo‘lsa shifokor yoki tez yordam chaqiradi va keyin nima qilishni aytadi. Hodisa sug‘urta shartlariga mos kelsa, davolanish xarajatlari to‘lab beriladi.

Sug‘urta kompaniyasi bilan vaqtida bog‘lanmagan sayyohlar davolanish uchun pulni o‘zlari to‘laydi. Bunday vaziyatda cheklar, kvitansiyalar, retseptlar, tekshiruv natijalari, tashxis yozilgan ma’lumotnomalarni saqlab qo‘ying. Bu hujjatlar O‘zbekistonga qaytgach, xarajatlarni qoplash uchun kerak bo‘ladi.

Hujjatlarni faqat sug‘urta kompaniyasi belgilagan muddat ichida topshirish mumkin. Ko‘pincha bunga 30 kungacha vaqt beriladi. Shuning uchun bu ishni kechiktirmang.

Ahvolingiz og‘ir bo‘lsa tez yordam chaqiring. Imkon bo‘lishi bilan sug‘urta kompaniyasiga qo‘ng‘iroq qiling va ko‘rsatmalarni bajaring. Sayohatdan oldin boradigan davlatingizdagi favqulodda xizmatlar raqamlarini saqlab qo‘ying.

Sayohatda yana nimalar kerak bo‘ladi:

  1. Sayohatda ortiqcha pul sarflamaslik bo‘yicha maslahatlar.
  2. Sayohatda kerak bo‘lgan narsalar ro‘yxati.
  3. Aviachiptani onlayn xarid qilish bo‘yicha qo‘llanma.