Muhim eslatma:

Bu maqola — tibbiy maslahat emas. Bu shunchaki muallifning tajribasi.

Agar breket o‘rnatmoqchi bo‘lsangiz, avvalo ortodont shifokorga murojaat qiling. Har kimga ham bu davolash usuli to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Buni faqat shifokor aytadi.

Nega breket qo‘ydirishga qaror qildim?

Tishlarim 13 yoshimda qiyshayishni boshlagan. O‘shanda breket haqida o‘ylaganman, lekin onam “mening ham bolaligimda tishlarim notekis edi, keyin o‘z-o‘zidan to‘g‘rilanib ketgan” deb, meni kutishga ko‘ndirdi.. Balki, ko‘zoynak va breketlar bilan o‘zimni yanada noqulay his qilmasligimni xohlagandir.

Ammo yillar o‘tib, tishlar o‘z-o‘zidan to‘g‘rilanmadi. Aksincha, ayniqsa oldingi tishlar ancha ajralib turadigan, biroz oldinga chiqqan va chiroyli ko‘rinmaydigan bo‘lib qoldi. Har safar jilmayganimda labimni ochmaslikka va og‘zimni qo‘lim bilan bekitishga o‘rganib qoldim.

Keyinchalik ko‘zoynakdan voz kechdim — ko‘zimni lazer bilan tuzattirdim. Va nihoyat, navbat tishlarga keldi: ichimda “vaqti keldi” degan ishonch uyg‘ondi.

Shuni bilish kerakki, breketni har bir yoshda qo‘yish mumkin. Ammo yosh ulg‘aygani sari natija sekinroq bo‘ladi — kattalarning jag‘i bolalarnikidek moslashuvchan emas. Men ikki yil breket bilan yurganman. Va bu, aniq ketgan vaqtga arzirdi. 

Qanday qilib klinika va shifokorni tanladim?

Oilam bilan turli klinikalarni ko‘rib chiqdik. Mashhur reklamalarda ko‘p ko‘rinadigan “Mediva”, “Smile Design”, “Smile Concept” klinikalari ko‘zga tashlandi. Lekin reklamalardagi yorqin va’dalar ishonchsiz tuyuldi — shifokorlarning o‘zlari haqida deyarli ma’lumot yo‘q edi.

Oxiri, tavsiyalar asosida izlashga qaror qildim. Breket taqib bo‘lgan tanishlarimdan so‘rab ko‘rdim. Shunday qilib, Jasur Qodirov degan shifokorni topdik — xolamning qizi unda davolangan ekan.

U bilan birinchi uchrashuvdayoq o‘zimni xotirjam his qildim: “tez natija bo‘ladi” deb yolg‘on va’da bermadi, aksincha, vaqt va sabr kerakligini ochiq aytdi. Shifokorning rostgo‘y yondashuvi menga yoqdi.

Ortodontni qanday tanladim?

Shaxsan men klinikani emas, shifokorning o‘zini tanlash muhim deb hisoblayman. Chunki bezatilgan interyer yoki reklama — yaxshi natijaning kafolati emas.

Tanlovda quyidagilarga e’tibor berdim:

Tajribasi borligiga. Sertifikatlar yaxshi, albatta. Lekin undan ham muhimrog‘i — real bemorlarning “oldin va keyin” suratlari, videolari. Shifokor ilgari qanday holatlarni davolagani va qanday natijaga erishgani aynan shundan ko‘rinadi.

Tizimli yondashuv. Yaxshi ortodont faqat breket qo‘yib, “tugadi” demaydi. Agar boshqa muammo ham bo‘lsa, u sizni kerakli mutaxassislarga — terapevt, gigiyenist yoki ortopedga yuboradi.

Shoshilmay tashxis qo‘yishi. Agar shifokor sizni hali tahlillar va rentgensiz ko‘rib turib, “yarim yilda tuzalib ketasiz” desa — biroz ehtiyot bo‘lgan ma’qul. Tajribali mutaxassis avval holatni to‘liq o‘rganib, keyin qancha vaqt ketishini tushuntirib beradi.

Qaysi breketni tanladim?

O‘zbekistonda 4 xil breket turi bor::

  1. Metall breketlar — eng oddiy, arzon va ishonchli. Tishlar qanchalik qiyshaygan bo‘lsa ham, natija beradi. Faqat ko‘rinib turadi, xolos. 
  2. Keramika breketlar — tish rangiga mos, ko‘zga unchalik tashlanmaydi. Lekin juda nozik, ehtiyotkorlik talab qiladi.
  3. Sapfir breketlar — deyarli ko‘rinmaydi, keramikadan mustahkamroq. Narxi balandroq, lekin tozalash qulay.
  4. Lingval breketlar — tishlarning ichki tomoniga qo‘yiladi. Umuman ko‘rinmaydi. Faqat avvaliga tilga tegib, noqulaylik tug‘dirishi mumkin.

Breketlar tishlarga ikki xil usulda mahkamlanadi:

Men avval ko‘zga ko‘rinmaydigan keramik breket qo‘ydirdim. Ular yuqori tishlarda edi. Lekin keramika mo‘rt bo‘lib chiqdi — tez-tez sinib qolardi. Shuning uchun yarim yildan so‘ng, pastki tishlarimga metall breket qo‘ydirdim. Ha, ular bilinib turardi, lekin chidamliroq edi. 

Breketlardan oldin nimalar bo‘ladi?

Breket qo‘yishdan oldin albatta ko‘rikdan o‘tiladi va rentgen olinadi. Shifokor og‘iz bo‘shlig‘ining umumiy holatini tekshiradi — yallig‘lanish, karies, ovqat qoldiqlari, tish yuzasidagi qoplama bor-yo‘qligini baholaydi.

Agar karies bo‘lsa, breketdan oldin tuzatib qo‘yish kerak. Agar holat jiddiyroq bo‘lsa — masalan, suyaklar zaif (osteoporoz) yoki qon kasalliklari bo‘lsa — breket qo‘yish tavsiya etilmasligi mumkin.

Men quyidagi tahlillardan o‘tdim:

  1. OPTG (ortopantomogramma): Barcha tishlarning panoramik surati. Bu orqali shifokor tish ildizlari, yashirin yallig‘lanishlar va hatto donolik tishlar holatini ham ko‘radi.
  2. Yon proyeksiyadagi TRG (telerentgenogramma): Bosh suyagining yon tomondan rasmi. Jag‘lar qanday joylashgan, yuz simmetriyasi, tishlar burchagi — hammasi shu suratdan ko‘rinadi. 

Qo‘shimcha suratlar: Ba’zan to‘g‘ri proyeksiyada TRG yoki 3D KT (kompyuter tomografiyasi) ham kerak bo‘ladi — ayniqsa, chiqmagan tishlar bo‘lsa yoki murakkab holatlarda.

Bundan tashqari, shifokor mening tabassumim, tishlovim va og‘iz ichki qismini suratga oldi — bu, keyin natijani solishtirish uchun kerak bo‘ladi.

Shifokor bu bosqichning o‘zidayoq “breket qo‘yish mumkin” deb aytishi mumkin. Lekin davolanish rejasini faqat barcha suratlar va hisob-kitoblardan keyin tuzadi. Shuning uchun birinchi marta borganingizda “Qancha vaqt ketadi?” degan savolga aniq javob olmasangiz — bu normal holat. 

Breketlar qanday o‘rnatiladi?

Muolaja og‘riqsiz, lekin bir oz charchatadi. Og‘iz uzoq vaqt ochiq bo‘ladi, tishlar quritiladi, har bir tishga alohida breket yopishtiriladi.

Menga eng yoqmagan joy — tishlarni sayqallash (polirovka) bo‘ldi. Bu jarayon juda cho‘zilib ketdi.

Umuman olganda, bir jag‘ga breket qo‘yish 2 soatcha vaqt oladi.

Jarayon quyidagicha ketadi:

  1. Tishlar tozalanadi, quritiladi.
  2. Har bir tishga breket yopishtiriladi, biroz bosib turiladi.
  3. Barcha breketlar yopishtirilgach, maxsus metall yoy (tishlarni tekislaydigan sim) o‘rnatiladi.
  4. Bu sim rezinkalar yoki qulflar bilan mahkamlanadi — breket turiga qarab.

Breketlar o‘rnatilganidan so‘ng nimalarga tayyor bo‘lish lozim

Og’riqli bo‘ladi. Dastlabki soatlarda tishlar ichkaridan tortilayotgandek seziladi. Ertasi kuni og’riq kuchayadi, ayniqsa bosganda yoki chaynaganda. Menda og’riq bir hafta davom etdi. Og’riq qoldiruvchi dorilar yordam berdi, ayniqsa kechasi uxlay olmayotganimda. 

Bitta layfxak bor: og’riqni kamaytirish uchun sovuq narsa yeyish mumkin, masalan muzqaymoq. Bu simni sovitib, vaqtincha kuchsizlantiradi. Lekin bu usulni ko‘p ishlatmaslik kerak.

Ovqatlanishni qayta ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi. Qattiq va yopishqoq ovqatlar taqiqlanadi. Men yong’oq, qotma non, iriskalar, obakidandon/konfetlar va saqichlardan butunlay voz kechdim. Sho‘rva, pyure, yogurtlarga o‘tdim. Olma va sabzini faqat pyure holida yoki mayda bo‘laklab yedim. Keramik breketlar sezgir — ular bo‘yalmasligi uchun qahvani naycha orqali ichishga harakat qilardim

Og’iz bo‘shlig’ining shilliq qavati ishqalanadi. Yonoqlar va til doim breket qulflariga tegadi. Bu og‘riqli yaralarni paydo qiladi, ovqat yeyish va gapirishga xalaqit beradi. Menga ortodont darhol maxsus mum berdi — u breketga yopishtiriladi va noqulaylikni kamaytiradi. Keyinroq rangsiz, ta’msiz, narxi 50 ming so‘m atrofida bo‘lgan “Revyline” mumini oldim. Uni yonimda olib yuraman — agar uydan tashqarida noqulaylik bo‘lsa, darhol yopishtirish mumkin.

Yallig’lanishni kamaytirish va yaralarni tez bitkazish uchun ertalab va kechqurun og’iz bo‘shlig’ini maxsus vosita bilan chaydirdim. Ikki haftadan keyin yonoq va til o‘rganib ketdi, ancha yengil bo‘ldi.

Taxminan bir oy o‘tgach men birinchi natijani ko‘rdim: ilgari bo‘rtib chiqqan bir tishim ancha tekislandi. Bu juda ilhomlantirdi — shu zahoti barchasi foydali bo‘layotganini va bekorga chidayolmaganligimni tushundim.

Breketlar bilan sodir bo‘lishi mumkin muammolar

Bunday muammolar tez-tez uchraydi. Muhimi — noqulaylikka chidolmay yurmaslik, darhol shifokorga murojaat qilish.

Breketlar ko‘chib ketishi mumkin. Menda bu taxminan sakkiz marta bo‘lgan. Ko‘pincha qattiq ovqat, ayniqsa olmalar sababli (ularni juda yaxshi ko‘raman!).
Agar breket o‘z joyidan chiqqan bo‘lsa — bu qo‘rqinchli emas. Shunchaki shifokorga boring, u breketni yana joyiga yopishtirib beradi. Agar tasodifan breketni yutib yuborsangiz ham xavotirga o‘rin yo‘q — u juda kichkina va xavfsiz.

Yoy o‘z joyidan chiqishi mumkin. Bu jiddiy muammo emas, lekin noqulay: yoy yonoqni tirnaydi. Shifokorga yoziling, u yoyni biroz egib qo‘yadi yoki chetini kesib tashlaydi. Jarayon tez va og‘riqsiz.

Breketlarni qanday parvarishlash kerak

Oddiy tish cho‘tkasi yetarli emas — breket va yoy orasida ovqat qoldiqlari yig‘ilib qoladi. Tishlar yaxshi tozalanmasa, kariyes paydo bo‘ladi. Shuning uchun men quyidagilarni sotib oldim:

Slide 1
V-simon tukli cho‘tka
Slide 2
Bir tutamli tish cho‘tkasi
Slide 3
Tish uchun yorshiklar
Slide 4
Superfloss
Slide 5
Irrigator

Avvaliga bularni tushunish juda qiyindek tuyuladi. Lekin bir haftadan keyin odatlanasiz. Men tishlarimni kuniga kamida ikki marta — ertalab va uxlashdan oldin tozalardim. Ovqatlangandan keyin esa tishlarni albatta chayish kerak. Agar uydan tashqarida ovqatlansam, o‘zim bilan kichik cho‘ntak to‘plamini olib yurardim: cho‘tka, mini tish pastasi va yorshik. Bunday to‘plamlarni dorixonalar yoki marketpleyslardan topish mumkin.

Davolanish va breketlarni o‘rnatish qancha turadi

Davolanish uchun jami 15 million so‘m atrofida pul ketdi:

Breketlarni o’zi qo‘yishga arzidimi? Natijasi qanday?

Men breketlar bilan 2 yil yurdim. Ularni yechgan kunimni yaxshi eslayman — og‘zimda xuddi ko‘proq havo bo‘lgandek tuyuldi. Tishlarimga tilimni tekkizib, oynaga qarab jilmaygim kelaverardi.

Breketlarni yechgach, menga darhol reteyner qo‘yishdi — bu, tishlarning ichki tomoniga o‘rnatiladigan nozik metall yoy. U, tishlar yana siljib ketmasligi uchun kerak va kamida 1 yil taqib yuriladi.
Birinchi kunlari seziladi, lekin keyin e’tibor ham bermay qo‘yasiz.

Tabassum o‘zgardi — bu aniq. Eng muhimi esa — ichki holatim o‘zgardi. Suratlardagi jilmayishim sun’iy emas, chin bo‘ldi. O‘zimni dadilroq his qila boshladim.

Breketlar faqat tashqi ko‘rinish uchun emas — ular o‘zingni yaxshiroq his qilish uchun hamdir.

2 yillik davolanish davomida mening tabassumim shunday o‘zgardi

Ha, noqulayliklar bo‘ldi. Og‘ridi, breketlar ko‘chib ketdi, nimadir ishqadi. Lekin bularning barchasi — natijasiga arzidi.

Agar siz anchadan beri breketlar haqida o‘ylab yurib, lekin doim keyinga qoldirayotgan bo‘lsangiz — hech bo‘lmasa konsultatsiyaga boring. Bu — qo‘rqinchli emas.

Agar o‘rnatishga qaror qilsangiz, oradan bir necha oy o‘tib, natijani ko‘rasiz.Tishlaringiz o‘zgaradi. Va ular bilan birga — sizning ichki holatingiz ham.