Dastur qanchaga tushadi?
Men Amerikaga bir necha oyga borishni va u yerda hayot qandayligini ko‘rmoqchi edim. Shu sababli Work and Travel dasturini tanladim. U orqali siz qayerda, kim bo‘lib va qaysi sanalarda ishlashingizni oldindan bilasiz. Asosiy shart — dastur tugagach, uyingizga qaytishingiz shart. Viza bilan mamlakatda qolib yashash taqiqlangan.
Work and Travel — qimmat dastur. Dasturga kirish uchun 2026-yilda taxminan 6 000—7 000 dollar, ya’ni 73—85 mln so‘m atrofida pul kerak. Bu summaga agentlik xizmatlari, hujjatlarni rasmiylashtirish, viza xarajatlari va aviachiptalar kiradi. Bu pullarni har doim ham AQSHdagi daromad bilan qoplay olmaysiz. Amerikaga xuddi shu muddatga sayohat qilish ham shuncha yoki undan qimmatga tushadi, dastur orqali xarajatlarni qisman qoplash mumkin. U yerda mahalliy aholi kabi yashab ko‘rish esa mutlaqo boshqacha tajriba.
2025-yilning may oyidan boshlab o‘zbekistonlik talabalar xalqaro dasturlarda ishtirok etish uchun 40 BHMgacha foizsiz ssuda olishlari mumkin. Bu xarajatlarni qisman qoplash uchun taxminan 16,5 mln so‘m degani. Ssuda uchun arizani my.gov.uz portali orqali topshirasiz.
Men tanishlarim orqali agentlik topdim. Onamning dugonasining qizi bir yil avval shu dastur bilan Amerikaga borib kelgan edi va o‘z tajribasi bilan menga yordam berdi. Tizim quyidagicha: sizga ish taklif qilishadi va siz faqat bir marta rozi bo‘lishingiz yoki rad etishingiz mumkin. Menga taklif qilingan birinchi variant bor-yo‘g‘i 500 kishi yashaydigan bir shaharchada edi. U yerga borgim kelmadi.
Ikkinchi variant yaxshiroq chiqdi — Vayoming shtatidagi Titon-Villidj kurortida ofitsiant va host bo‘lib ishlash. Qo‘shni Jekson-Xoul shaharchasida taxminan 10—15 ming aholi yashaydi. Bu taklif menga yoqdi va biz viza uchun hujjatlarni tayyorlashni boshladik.

Agentlik tibbiy sug‘urta bilan ham yordamlashdi: talablarga mos keladigan va arzonroq variantni topib berdi. 2019-yilda to‘rt oylik sug‘urta polisi taxminan 300 dollar yoki 3,7 mln so‘mga tushdi. Hozir bu qimmatroq, lekin ko‘p hollarda bu xarajat agentlik xizmatlari narxiga kiritilgan bo‘ladi. Sug‘urtasiz shifokorga tushmagan yaxshi. Xarajat minglab va o‘n minglab dollarga chiqib ketadi. Lekin, sug‘urta har doim ham katta xarajatlardan himoya qilmaydi. Qo‘lingizda polis bo‘lsa ham, tez yordam chaqirishning o‘zi taxminan 2 000 dollarga yoki 24 mln so‘mga tushishi mumkin.
Men AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasida J-1 almashinuv vizasini rasmiylashtirdim. Konsullik yig‘imi — 185 dollar. Turistik viza olish haqida esa “AQSH turistik vizasini vositachilarsiz qanday olish mumkin?” maqolasida yozganmiz.
Viza tez tayyor bo‘ladi, lekin jarayonning o‘zi, ayniqsa suhbat oldidan navbatda turish odamni asabiylashtiradi. Kimga rad etilganini bilib olish qiyin emas. Pasport tez qaytarilsa, demak rad javobi berildi. Bu esa hayajonni oshiradi. Suhbatdan rus, o‘zbek yoki ingliz tillarida o‘tish mumkin. Men oxirgi variantni tanladim. Bu tasodifan yuz berdi, lekin hozir o‘ylab qarasam, xorijiy tilda ishonch bilan gapirishim foyda bergan ekan. Suhbatda safarning barcha tafsilotlarini bilish shart. Qayerga ketyapsiz, kim bo‘lib ishlaysiz, qaysi agentlik orqali hujjat topshirdingiz. Savollar oddiy bo‘lsa ham, ularga ishonch bilan javob berish kerak.
Natijada, vizam o‘sha yerning o‘zida ma’qullandi, pasportimni olib qolishdi va ertaga kelib olib ketishimni aytishdi. Ertasiga viza yopishtirilgan pasportimni oldim. Viza uchun mart-aprel oylarida hujjat topshirib, 19-may kuni AQSHga uchib ketdim.
Toshkentdan chiptani oldindan, aprel oyida sotib oldim. Parvoz — Toshkent–Moskva–Nyu-York yo‘nalishi bo‘yicha taxminan 6 000 000 so‘mga tushdi. O‘shanda bu eng arzon variant edi.
2026-yilda reysdan reysga o‘tib uchish (peresadka) taxminan 8 mln so‘m, to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys esa 9 mln so‘mga tushadi. Foydali takliflarni payme ilovasidagi payme travel servisi orqali topish juda oson.

AQSHda qayerda va qanday yashadim?
Men borgan Titon-Villidj kurorti — oddiy shahar emas. U yerda hamma narsa turistik mavsumga moslashtirilgan. Mehmonxonalar, restoranlar va xizmat ko‘rsatish sohalari.
O‘zim bilan taxminan 2 000 dollar, salkam 24 mln so‘m olib ketgan edim. Bu summa menga bemalol yetdi. Tezda ishlashni boshladim, turar joyni esa ish beruvchi berdi.
Ishchilar uchun alohida yotoqxonada bor ekan. Xonada o‘zbekistonlik yana bir yigit bilan yashadim. Bitta uyda to‘rtta o‘zbekistonlik bor edi. Uy uchun har ikki haftada oyligimdan taxminan 275 dollar yoki 3,5 mln so‘m ushlab qolinardi. Summa ichida kommunal xarajatlar ham bor. Aslida bunday joylarda ijara juda qimmat, bir necha oylik garov puli esa odatiy hol. Masalan, 2026-yilda shu joyda apartament ichidagi alohida xonani ijaraga olish haftasiga 1000 dollarga tushadi.
Ishxonam bor-yo‘g‘i 20–30 metr uzoqlikda joylashgani uchun transportga pul sarflamadim. Amerikada O‘zbekistondagi kabi bozorlar deyarli yo‘q — asosan supermarketlar. Biz Walmart va Target do‘konlaridan mahsulotlar sotib olardik. Restoranlarga tez-tez bormasangiz, oziq-ovqat uchun xarajatlar uncha katta bo‘lmaydi.
Oddiyroq restoranda 2019-yilda o‘rtacha hisob bir kishi uchun 30–50 dollar, taxminan 500 000 so‘m edi. Tarmoqli restoranlarning ilovalarini yuklab olsangiz, u yerda deyarli har doim aksiyalar bo‘ladi. Masalan, Domino’s’da 2026-yilda ham 8–9 dollarga, hatto undan ham arzonga ovqatlanish mumkin.
Meni hayron qoldirgan narsa — AQSHda nafaqat fastfud, balki milliy taomlar ham ko‘p ekan. Men steyklarni tavsiya qilaman. Faqat tarmoqli restoranlarda emas, amerikaliklarning o‘zlari tayyorlaydigan barbekyular ham menga yoqdi. Boshqa joylarning taomlarini albatta sinab ko‘rish kerak. Biz bizon go‘shtini hab yeb ko‘rdik.
Pulni tejash uchun men uzoq saqlanadigan mahsulotlarni olardim. Boshida qo‘shnilar bilan uy uchun kerakli asosiy narsalarni birgalikda oldik, keyin esa har kim o‘zi uchun ovqat sotib oladigan bo‘ldi. Ishxonam hisobidan ham ancha pul tejadim. Xodimlarga bir smenada bir mahal bepul ovqat berilardi. Ba’zida ikki mahal ovqatlanishga ham ulgurardim. Oziq-ovqat uchun xarajatlarim ancha kam chiqdi.

Qanday va qancha pul ishlab topdim?
Men birinchi haftadayoq ish boshladim. Host sifatida mehmonlarni kutib olardim, ularni joyiga kuzatib, suv berib, menyu haqida ma’lumot berardim va savollarga javob qaytarardim. Yana, telefon orqali joylarni band qilish kerak edi. Ofitsiantlarga birdaniga to‘rtta stol tushib qolmasligi uchun maxsus ilova orqali mehmonlarni taqsimlab o‘tqizardim.
Soliqlar ushlanishidan oldin soatiga taxminan 13—14 dollar to‘lashardi. Agar haftasiga 40 soatdan ko‘p ishlasangiz, har bir qo‘shimcha soat uchun oshirilgan stavkada haq to‘lanadi. Daromad mavsumiy: may oyida mijozlar kam, iyulda esa oyiga 3 500—4 000 dollar, taxminan 50 mln so‘m atrofida topardim.
Ish haqi har ikki haftada bir marta berilardi. Avvaliga oylikni cheklar ko‘rinishida berishdi. Cheklarni olib bankka borardim va pullarni hisob raqamimga o‘tkazardim. Keyinchalik oyligimni to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisobimga o‘tkaza boshlashdi. Qayerga borishni bilsangiz, bankda hisob raqami ochish qiyin emas. Ish beruvchi J-1 vizasi bilan Wells Fargo banki ishlashini tushuntirdi, shuning uchun men ham shu bankni tanladim. Ammo kredit kartalaridan foydalanmadim, ularning tizimi qiyin ekan, foizlari va qoidalari ko‘p, chalkashib ketish va keyin afsuslanish mumkin.
Soliqlarni ish beruvchining o‘zi ushlab qoladi. Shuning uchun davlatga qancha pul ketayotganini oxirigacha tushunmadim. Agar siz bor-yo‘g‘i bir necha oy ishlab qaytib ketgan bo‘lsangiz ham, keyingi yil, odatda aprel oyida, o‘tgan yil uchun soliq deklaratsiyasini topshirishingiz kerak. Men shunday qildim va AQSHda doimiy yashamaganim uchun menga taxminan 1 700 dollar yoki 21 mln so‘m atrofida pulni qaytarib berishdi.
Deklaratsiyani o‘zingiz onlayn yoki vositachilar orqali topshirish mumkin. Vositachilar qaytariladigan soliqning bir qismini komissiya sifatida olib qolishadi. Men masalani o‘zim hal qilishga qo‘rqdim va vositachilarga murojaat qildim.

Dam olish qanday bo‘ldi?
Men yashagan kurortda asosiy dam olish turi — tabiatda dam olish. Atrofda tog‘lar, hayking va piyoda sayr qilish uchun joylar ko‘p. Bar va kinoteatrlar ham bor edi. 2019-yilda kinoteatrga chipta narxi taxminan 8 dollar - deyarli 98 000 so‘m edi — yoshlar uchun esa chegirmalar bo‘lib turadi.
Agar aviachiptalarni oldindan sotib olsangiz, AQSH bo‘ylab sayohat qilish ancha arzon. 2019-yilda men mamlakat ichidagi reyslar uchun 50–60 dollar to‘laganman. AQShda masofalar uzoq. Masalan, San-Fransiskodan Nyu-Yorkka parvoz 4 soatdan 6 soatgacha davom etadi. 2026-yilda ichki reyslar uchun chiptaning o‘rtacha narxi taxminan 120–150 dollar. Agar chiptani reysga yaqin qolganda olsangiz, narx ko‘tariladi.
Mamlakat ichidagi sayohat xarajatlari har xil, ammo bir haftalik safar uchun bir necha ming dollar ajratishni maslahat beraman. Ayniqsa, mashina ijaraga olsangiz, ko‘p aylansangiz va qimmatroq joylarda yashasangiz, xarajatlar shunga yarasha bo‘ladi.

Moliyaviy jihatdan nimalar hayron qoldirdi?
Bitta muhim narsani unutmaslik kerak, supermarketlarda ko‘rsatilgan narx — yakuniy narx emas. Kassaga borganingizda unga shtat solig‘i qo‘shiladi. Vayomingda bu soliq taxminan 8—10% atrofida, boshqa shtatlarda esa ko‘proq. Bunga tez ko‘nikib ketasiz, lekin boshida odamni chalkashtirib qo‘yadi.
Alohida mavzu — bu choychaqalar. Amerikada bu majburiy, agar xizmat ko‘rsatish me’yorida bo‘lsa — kamida 20%, agar servis juda yoqqan bo‘lsa — 25% qoldiriladi. Choychaqa qoldirmasangiz, demak sizga xizmat yoqmagan bo‘ladi. Xodimlar uchun esa bu — daromadning asosiy qismi. Men ofitsiant bo‘lib ishlagan kunlarimda choychaqalar daromadimning 70% gacha chiqqan.
Yana meni hayron qoldirgan narsa — Amerikada naqd pullardan ko‘p foydalanilishadi. Tangalar ham juda ko‘p, ular bilan do‘konlarda, kafe va avtomatlarda bemalol hisob-kitob qilishadi. O‘zbekistondan borgan kishi uchun bu noodatiy hol. Eng ko‘p 25 sentlik tangalardan foydalaniladi. Har bir tanganing o‘z nomi bor: 25 sent — quarter, 10 sent — dime, 5 sent — nickel, 1 sent — penny.
Qisqacha: Work and Travel dasturiga qanday a’zo bo‘lish mumkin
Tayyorgarlik ko‘ring. Dastur qimmat turadi. Safar uchun 5000—6500 dollar atrofida pul sarflashga to‘g‘ri keladi. Davlatdan ssuda olish imkoniyati ham bor, ammo u barcha xarajatlarni qoplamaydi.
Agentlik toping. Tanishlardan tavsiyalar oling. Agentlik sizga ish beruvchi topishda va hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam beradi.
Ish shartnomasini oling. Agentlik taklif qilgan variantlar orasidan tanlashingiz mumkin, lekin tanlash imkoniyati cheklangan bo‘ladi.
Viza uchun hujjatlar to‘plang. Eng asosiysi — maxsus formani to‘ldirish va tibbiy sug‘urta polisini rasmiylashtirish.
Viza suhbatidan o‘ting. Bu bosqichda konsulning savollariga ishonch bilan javob berish muhim. Agar viza ma’qullansa, u bilan pasportingiz bir-ikki kundan keyin qaytarib beriladi.
Chiptalar sotib oling. Buni oldindan qilgan ma’qul — shunda narxlar arzonroq tushadi. Mos reysni payme ilovasi orqali topish mumkin.
