Buyuk Xitoy devorida sayr qilish
Xitoy devori mamlakatning ramzi va dunyodagi eng ulkan me’moriy inshootlardan biri hisoblanadi. U dunyoning 7 ta yangi mo‘jizasi ro‘yxatiga kiritilgan. Uning eng yaxshi saqlanib qolgan qismlari deyarli 9000 km masofaga cho‘zilgan, xitoylik olimlar esa uning umumiy uzunligini taxminan 21 000 km deb baholashadi. Bu uzunlikka uzoq vaqtdan beri vayron bo‘lgan qismlar va hozirgi Mo‘g‘uliston hududidagi qismi ham kiradi.
Devor bo‘ylab uzoq masofaga yurish jismonan qiyin: tosh zinapoyalardan ko‘tarilib-tushishga to‘g‘ri keladi. Qulay poyabzal kiyish muhim. Sayyohlar kam bo’lgan vaqt, ertalab kelgan ma’qul. Dam olish kunlari va bayramlarda odatda gavjum bo‘ladi.
Sayyohlar uchun devorning yettita qismi ochiq, quyidagilar Pekinga eng yaqin joylashgan qismlar:
Badalin — eng mashhur va qulay kirish mumkin bo‘lgan qism bo‘lib, Pekindan 76 km shimoli-g‘arbda joylashgan. U to‘liq ta’mirlangan, obodonlashtirilgan, bolali oilalar uchun qulay. Bu yerda odamlar doim ko‘p, ayniqsa dam olish kunlari va bayramlarda.
Mutyanyuy — Pekindan 70 kilometr shimoli-sharqda yaxshi saqlanib qolgan joy. Bu yerda ikki km masofada 22 ta qo‘riqlash minorasi joylashgan. Atmosfera Badalindagiga qaraganda biroz tinchroq. Devorga piyoda va dor yo‘li orqali chiqish va maxsus chanalarda tushish mumkin.
Simatay — devor qadimiy ko‘rinishda saqlanib qolgan. Poytaxtdan 145 km uzoqlikda joylashgan. U tik ko‘tarilishlar va xavfli "samoviy zinapoya" bilan mashhur — bu yerda deyarli o‘ralmagan hudud bo‘ylab 85 daraja burchak ostida ko‘tarilishga to‘g‘ri keladi.
Jinshanlin — devorning kamroq ta’mirlangan qismi. Qadimiy, asl g‘ishtlarni ham ko‘rish mumkin. Bu yerda 67 ta qo‘riqchi minorasi bor. Pekindan 157 km uzoqlikda joylashgan, bu yerda sayyohlar kam.
Qanday yetib borish mumkin. Pekindan avtobus, poyezd yoki avtomobilda. Ekskursiya qilib borish ham mumkin.
Qancha turadi. 45-65 yuan yoki joyga qarab taxminan 80 600-116 000 so‘m. Badalinga chiptani Trip.com xizmati, Mutyanyuyga esa rasmiy veb-sayt orqali xarid qilish mumkin. Kam qatnovli qismlarda kassa bor. Kirish mavsumga qarab 6:30-8:00 dan 17:00-19:00 gacha ochiq bo‘ladi.

Pandalarni tomosha qilish
Sayyoramizdagi eng yoqimtoy ayiqlari — pandalar yovvoyi tabiatda faqat Xitoyda yashaydi. Ularning soni xavf ostida qolganidan keyin Chengdu shahrida maxsus panda ko‘paytirish markazi tashkil qilingan. Hozir bu joy — pandalarni tabiiy muhitga eng yaqin sharoitda kuzatish mumkin bo‘lgan asosiy maskan.
Bu markaz — o‘ziga xos subtropik o‘rmon parki. U yerda o‘nlab ulkan pandalar, qizil pandalar va boshqa hayvonlar yashaydi. Tashrif buyuruvchilar uchun maxsus yo‘laklar va ochiq qafaslar bor.
Qachon borish kerak? Eng yaxshi vaqt — ertalab, chunki shu paytda pandalar ovqatlanishga chiqadi. Kunduzi esa ular issiqdan qochib, soyaga yashirinadi.

Chiptalar qancha?
Markazga kirish — 55 yuan, ya’ni taxminan 98 600 so‘m. Chipta oldindan Trip.com orqali olinadi. Ichkarida sayr qilish uchun 10 yuan (taxminan 18 000 so‘m) evaziga avtobus xizmatidan foydalansa bo‘ladi. Ayrim hayvonot bog‘lariga kirish esa 10–25 yuan atrofida.
Qanday boriladi?
Pekindan Chengduga samolyot yoki poyezdda yetib olasiz. Chengduda esa 87, 198 yoki 902-avtobuslarga o‘tirasiz — ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri markazga boradi.
Avatar tog‘lari va shisha ko‘prik
“Avatar” filmidagi g‘ayritabiiy tog‘larni eslaysizmi? Ularning asl ilhomi — Xitoydagi Chjanszyaze milliy o‘rmon bog‘i. Bu joy Xunan provinsiyasida joylashgan va haqiqiy Pandora sayyorasi taassurotini beradi. Asosiy “spektakl” — balandligi 800 metrgacha yetadigan va 3000 dan ortiq bo‘lgan tosh ustunlar.

Nimalarni ko‘rish mumkin?
- Dunyoning eng baland shisha ko‘prigi: jarlikdan 265 metr balandda.
- Baylun lifti: ikki qavatli shaffof kabina sizni 360 metr balandlikdagi kuzatuv maydonchasiga olib chiqadi.
- Tabiiy diqqatga sazovor joylar: sharsharalar, g‘orlar va jihozlangan yurish yo‘laklari.
O‘zingiz bilan olib boring:
Suv, yengil gazaklar va albatta — oflayn xarita. Hududda ko‘rsatkichlar, qahvaxonalar va suvenir do‘konlari bor, lekin baribir tayyor turish ortiqchalik qilmaydi.
Chiptalar qancha?
4 kun amal qiladigan chipta — 245 yuan, ya’ni taxminan 440 000 so‘m. Bu narxga park ichidagi bepul avtobuslar ham kiradi. Ammo lift, ko‘prik, dor yo‘llari va poyezd uchun alohida to‘lash kerak.
Qanday boriladi?
Chjanszyaze shahriga Pekin, Shanxay yoki boshqa yirik shaharlardan samolyot bilan yetib borasiz. Keyin esa transfer yoki avtobus orqali bog‘gacha borasiz.

“Xitoy Venetsiyasi” bo‘ylab qayiqda sayr
Xitoyda suv bo‘yida qadimiy shaharlar ko‘p. Ular hatto “Xitoy Venetsiyasi” deb ataladi — bu yerda ham tor kanallar, tosh ko‘priklar, qadimiy uylar orasida qayiqda sayr qilib, eski Xitoy ruhini his qilish mumkin. Uchta eng mashhur suv shaharchasini ajratib ko‘rsatish mumkin:
- Chjutszyao — eng mashhur va ommabop. Shanxay markazidan 30 km uzoqlikda joylashgan bu shahar 1700 yillik tarixga ega. Chjutszyao — eng ko‘p sayyoh boradigan suv shaharchasi hisoblanadi. Bu yerda: Qadimiy ibodatxonalar, muzeylar, bog‘lar. Chiroyli ko‘priklar va sokin kanallar. Rivojlangan infratuzilma: choyxonalar, mehmonxonalar, barlar, suvenir do‘konlari. Shunchaki yurish ham yoqimli, ammo qayiqqa o‘tirsangiz, taassurot butunlay boshqacha bo‘ladi.
- Chojuan. Shanxaydan 60 km, Suchjoudan 30 km narida joylashgan bu shahar 900 yillik tarixga ega. U YUNESKO merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Chojuan — go‘zallikda yetakchi: tor ko‘chalari, qadimiy uylarining saqlanib qolgan holati bilan mashhur. Bu yerda Xitoyning an’anaviy hayoti qanday bo‘lganini to‘liq his qilasiz.
- Uchjen — chinakam tarix va san’at shahri. VII asrda qurilgan bu kichik shaharcha boshqa suv shaharlardan biroz farq qiladi. Bu yerda ko‘plab kanallar emas, balki bitta daryo bor — u orqali odamlar harakatlanadi. Uchjen tobora ommalashib bormoqda, ayniqsa: Soyalar teatri. Ipak ishlab chiqarish ustaxonalari. Mahalliy hunarmandchilik muzeylari bilan mashhur.
Qancha turadi?
Chjutszyaoga kirish bepul. Qayiqda sayr qilish: 60–120 yuan (taxminan 108 000 – 215 000 so‘m).
Choujuanning tarixiy qismiga kirish: 100 yuan (taxminan 179 000 so‘m).
Uchjenga kirish: 110–190 yuan (197 000 – 340 000 so‘m atrofida).
Qanday boriladi? Uchala shahar ham Shanxay yaqinida joylashgan. U yerga yetib borish juda oson — shunchaki avtobusga chiqsangiz bo‘ldi. Shanxayda bo‘lsangiz, bir kuningizni albatta mana shunday qadimiy suv shaharchalariga ajrating — afsuslanmaysiz.

Terrakota jangchilari: Xitoy tarixining eng sirli qo‘shini
Miloddan avvalgi III asrda Xitoyda yashagan imperator Sin Shixuandi hayotdan keyingi dunyoga ham kuch-qudratini olib ketmoqchi bo‘lgan. Shu sabab minglab tabiiy o‘lchamdagi loydan yasalgan askar, ot va aravalardan iborat qo‘shin yasatgan. Bu jangchilar imperator bilan birga dafn etilgan — ular unga narigi dunyoda xizmat qilishlari uchun.
1974-yilda Sian shahri yaqinida oddiy dehqonlar yer qazib, tasodifan ulkan arxeologik kashfiyotga duch kelishgan. O‘sha yerdan buyuk Terrakota armiyasi topilgan. Hozir bu joy — muzeyga aylangan arxeologik majmua, va u butun dunyodan sayyohlarni o‘ziga tortadi.
Eng hayratlanarlisi — har bir jangchining o’ziga xosligi: yuz tuzilishi, soch turmagi, kiyimi va hattoki ifodasi ham boshqacha. Bu haykallar qo‘lda tayyorlangan, qismlarga bo‘lib yasalgan va keyin terilgan. So‘ngra ular kuydirilgan — shuning uchun ham bu san’at turi “terrakota” deb ataladi: qizg‘ish tusdagi pishirilgan loy.
Kirish chiptasi: 120 yuan, ya’ni taxminan 215 000 so‘m.
Qanday boriladi?
Pekindan Sian shahriga samolyot yoki poyezdda borish mumkin. Sian ichida esa 306-avtobusga chiqsangiz bo‘ldi. Mehmonxona orqali ham ekskursiya buyurtma qilish mumkin.

Pekin o‘rdagi va chuchvaralar: Xitoyda nima tatib ko‘rish kerak?
Xitoyga borib, u yerning oshxonasini tatib ko‘rmaslik — katta xato bo‘ladi. Bu yerda taomlar nafaqat mazali, balki butunlay boshqacha. Ayniqsa, ikkita klassik taomni albatta sinab ko‘rish kerak: Pekincha o‘rdak va Xitoycha chuchvaralar.
Pekin o‘rdagi — imperatorlik darajasidagi taom. Bu taom qadimdan Xitoy imperatorlari dasturxonini bezagan. Tayyorlash jarayoni anchayin puxta:
- O‘rdak avval qaynoq suvda blanshirlanadi, so‘ng quritilib, asal va marinadda damlanadi.
- Maxsus pechda pishiriladi — teri qarsildoq, go‘sht esa yumshoq va mazali bo‘ladi.
- Taom guruchli blinchik, ko‘k piyoz va sous bilan beriladi — har bir luqma juda mayin.
- Pekin o‘rdagi: 150–400 yuan (taxminan 270 000 – 717 000 so‘m, 2 kishilik porsiya).
- Chuchvara: 18–90 yuan (ya’ni 32 000 – 161 000 so‘m), tarkibi va restoranga qarab farq qiladi.
Pekin o‘rdagi uchun eng yaxshi joylar:
- Tsuanjuide va Byanifan restoranlari — klassik variantlar.
- Dadong Roast Duck, Huajia Yiyuan, Siji Minfu tarmog‘i — zamonaviy muhitda, lekin an’anaviy ta’mda.
Chuchvarani esa:
- Har bir yirik shaharda topish mumkin.
- Google xaritada “dim sum” yoki “dumpling” deb qidiring.
- Sharhlar va baholarni ko‘rib tanlang.
- Kafeda menyu odatda faqat xitoy tilida bo‘ladi — oflayn tarjimon yuklab oling, foydasi tegadi!

Xaynan: Xitoydagi issiq plyajlar va sokin dam olish
Xaynan — bu Xitoyning eng janubida joylashgan tropik orol. Issiq iqlimi, toza oq qumli plyajlari va shinam dam olish maskanlari bilan mashhur. Bu yerga kelganlar nafaqat cho‘milish, balki sog‘lig‘ini tiklash, ovqatdan rohatlanish va tinchlikda hordiq chiqarish uchun ham kelishadi.
Oroldagi asosiy kurort shahri — Sanya. Uning atrofida dengiz bo‘yida joylashgan mehmonxonalar, plyajlar, suv sportlari va ko‘plab ko‘ngilochar joylar mavjud. Plyajlarga kirish erkin, lekin ba’zi mehmonxonalar o‘z mijozlariga soya, shezlong va boshqa qulayliklarni alohida taqdim etadi. Plyaj bo‘ylab yurib, dengiz mahsulotlari restoranlari, kichik kafelar, barlar, spa va massaj salonlariga bemalol kirish mumkin. Ko‘pchilik bu yerga an’anaviy Xitoy tibbiyoti asosidagi sanatoriylar uchun ham keladi. Shu bois, plyajdagi hordiqni davolanish bilan birlashtirish imkoniyati bor.
Xaynanga sayohat qilish uchun eng qulay vaqt — oktyabrdan aprelgacha, chunki bu paytda ob-havo iliq va yoqimli bo’ladi. Cho‘milish mavsumi esa yil bo‘yi davom etadi — dengiz suvi harorati doim +25 daraja atrofida. Faqat yoz oylarida yomg‘ir va shamolli ob-havo bo‘lishi mumkin, shuning uchun dam olish biroz noqulayroq kechadi.
Dam olish narxi haftasiga taxminan 745 dollar yoki 9,6 million so‘m atrofida. Toshkentdan Pekin yoki Guanchjouga parvozlar mavjud bo‘lib, biletlar hozirda 7,9 million so‘mdan boshlanadi. Keyin esa ichki reys yoki poyezd orqali Xaynanga oson yetib borish mumkin.
Agar siz shinam plyaj, iliq dengiz, tinch muhit va bir oz sog‘liqni tiklashni xohlasangiz, Xaynan aynan siz izlagan joy bo‘lishi mumkin.
- Xaynanda dam olish: haftasiga 745 dollar yoki taxminan 9,6 mln so‘mdan boshlanadi.
- Toshkentdan Pekin yoki Guanchjouga aviaqatnovlar mavjud — ularning narxi 7,9 mln so‘mdan boshlanadi.
