FIFA Pass o‘zi nima?

FIFA Pass bu alohida “muxlislik vizasi” emas. Bu dastur bilan faqat chipta olgan odamlar elchixonadagi suhbatga navbatsiz yoziladi. Batafsil ko‘rsatma rasmiy saytda chipta sotib olgandan keyin elektron pochtaga yuboriladi.

Dastur yoki tayyor chipta vizani olish ehtimolini oshirmaydi. Bu hech qanday kafolat bermaydi va konsul qaroriga ta’sir qilmaydi. Tizim faqat umumiy navbatda bo‘sh joylar bo‘lmaganda yoki juda kech muddatlarga to‘g‘ri kelganda, suhbatga tezroq yozilishga yordam beradi.

Agar siz FIFA Pass orqali suhbatga yozilib, keyin chiptani sotsangiz, bu elchixonasining qaroriga ta’sir qilmaydi. Agar viza berilgan bo‘lsa, u bekor qilinmaydi.

FIFA Pass’dan qachon foydalanish mumkin?

Agar suhbat uchun slotlar 31-maydan keyingi sanalarga to‘g‘ri kelsa, FIFA Pass tezlashtirilgan  foydalanish mumkin. Agar suhbat uchun slotlar 31-maydan keyingi sanalarga to‘g‘ri kelsa, FIFA Pass tezlashtirilgan yozish funksiyasidan foydalanish mumkin. Undan oldingi sanalarga belgilangan bo‘lsa, hech narsani tezlashtirish shart emas. Oddiy navbat bilan ham ulgurasiz.

Toshkentda viza suhbati uchun kutish vaqti o‘rtacha 15 kun, lekin muddat o‘zgarishi mumkin. JCH-2026 yoki ta’til mavsumi oldidan bo‘sh joylar kamayadi. Shuning uchun FIFA Pass bo‘lsa ham, chiptalarni olish va viza uchun suhbatga yozilishni oldindan, mart-aprel oylarida qilgan yaxshi.

Dasturdan faqat fuqarolik bo‘lgan yoki doimiy yashayotgan mamlakatda foydalanish mumkin, boshqa davlatlardagi AQSh elchixonalariga navbatsiz yozilib bo‘lmaydi.

FIFA Pass’da qanday qatnashish mumkin

Chiptalarni xarid qiling va dasturni faollashtiring. Buning uchun FIFA rasmiy saytida ro‘yxatdan o‘ting. Chiptalarni tanlab, to‘lovni amalga oshiring. Bu haqda “JCH-2026 dagi O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinlariga qanday chipta olish mumkin” nomli maqolamizda o‘qing.

Xariddan keyin, FIFA Pass dasturida ro‘yxatdan o‘tish shaklini to‘ldirish kerak. Undagi ma’lumotlar xorijga chiqish pasporti bilan mos kelishi shart. Dasturni faollashtirish uchun chiptangiz kalitini ko‘rsatasiz. Har bir chiptaning o‘ziga xos raqami bo‘ladi.

FIFA Pass shaklini to‘ldirish uchun chipta kalitini kiriting

AQSh vizasiga ariza topshirish. Kirish uchun B1/B2 toifasidagi ko‘p martalik turistik viza kerak. Uni olish uchun birinchi navbatda DS-160 shaklini to‘ldirish kerak. Undagi ma’lumotlar FIFA Pass shaklidagi ma’lumotlar bilan bir xil bo‘lishi shart.

Elchixonada suhbatga yozilish. DS-160 shaklini to‘ldirgandan keyin, AIS tizimida shaxsiy kabinet oching. U yerda ham qisqa anketa to‘ldirish va ariza raqami orqali shaklni unga biriktirish kerak. Ko‘rsatilgan ma’lumotlar hamma joyda, ayniqsa FIFA saytida bir xil bo‘lishi juda muhim. Barcha maydonlar to‘ldirilgandan keyin, tizim viza yig‘imini, 185 dollarni to‘lashni so‘raydi. Uni faqat VISA yoki MasterCard xalqaro to‘lov tizimlari kartalari, masalan, TBC Salom orqali to‘lash mumkin.

DS-160 anketasini to‘ldirish va AQSh elchixonasidagi suhbatga yozilish haqida “AQShga turistik vizasini vositachilarsiz qanday olish mumkin” maqolamizda yozganmiz.

DS-160 shakli to‘ldirilganligini tasdiqlovchi sahifa shunday ko‘rinadi. Shtrix-kod ostidagi raqam uni suhbatga yozilish tizimiga biriktirish uchun kerak

FIFA Pass’dan foydalanish. Konsullik yig‘imini to‘laganingizdan keyin, kalendardan suhbat sanasini tanlayotganingizda, tizim  JCH-2026 chiptalari egasi ekanligingizni so‘rashi mumkin, bu holatda “Ha” (Yes) deb javob berish kerak. Agar bunday savol chiqmasa va suhbat sanasi 31-maydan keyingi muddatga to‘g‘ri kelsa, eng yaqin bo‘sh sanaga yoziling. Keyin shaxsiy kabinetga kirib, “Davom etish” (Continue) → “FIFA World Cup 2026 chiptasi egasi” (FIFA World Cup 2026 ticket holder) → “Suhbat uchun ertaroq sana so‘rash” (Request earlier interview date) ketma-ketligini bajaring. Shundan keyin, elchixona so‘rovingizni ma’qullashini va bo‘sh sanalarni yuborishini kutishingiz kerak bo‘ladi.

Chipta egasining turmush o‘rtog‘i va farzandlari ham suhbatdan tezlashtirilgan tartibda o‘tishi mumkin. Buning uchun ular viza suhbatida chipta egasi bilan birga bo‘lishlari kerak.

Suhbatlar Toshkentdagi AQSh elchixonasida oflayn o‘tkaziladi: Yunusobod, 5-mavze, Moyqo‘rg‘on ko‘chasi, 3-uy.

FIFA Pass bilan AQSh vizasini olish haqida qisqacha