Poliklinikaga ro‘yxatga turish va oilaviy shifokorni tanlash 

O‘zbekistonda fuqarolar yashash joyi bo‘yicha poliklinikalarga biriktirilgan. Masalan, bola tug‘ilgandan keyin avtomatik ravishda onasi ro‘yxatda turgan tumandagi tibbiyot muassasasiga biriktiriladi. 

Poliklinikani boshqasiga almashtirish mumkin. Ko‘chib o‘tganingizda yoki hozirgisidagi xizmatlar sizga yoqmasa, shifokor ko‘rigiga yangi joyga bora olasiz. Tanlagan poliklinikangiz siz yashaydigan manzilga xizmat ko‘rsatmasa, ayrim xizmatlardan foydalana olmaysiz. Masalan, o‘zingizni yomon his qilsangiz, shifokorni uyingizga chaqirishni iloji yo‘q. Surunkali kasallik yoki nogironligi bor bemorlar uchun uyda kuzatuv xizmati ham bo‘lmaydi. 

Hozirgi shifokoringiz yozib bergan muolajalar sizni qoniqtirmasa yoki uning qabuliga yozilish qiyin bo‘lsa, poliklinikani almashtirish shart emas. Oilaviy shifokorni bitta poliklinikaning ozida ham o‘zgartirish mumkin. 

Poliklinikaga birikish yoki shifokorni almashtirish uchun pasport yoki ID-karta bilan boring. Bolalar uchun tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma kerak. Buni my.gov.uz orqali “Jismoniy shaxslarni oilaviy poliklinikalarga hisobga qo‘yish” xizmatini tanlab yoki DMED ilovasida qilish mumkin.  

Shifokor ko‘rigi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar ro‘yxatiga kiradi.Odamlar shifokorga faqat kasal bo‘lganda emas, profilaktik ko‘rik uchun ham borishadi. “Qaysi profilaktik ko‘riklardan bepul o‘tish mumkin” maqolasida shu haqda batafsil yozganmiz. 

Oilaviy shifokorni almashtirish 

my.gov.uz saytida shaxsiy kabinetingizga kiring va “Jismoniy shaxslarni oilaviy poliklinikalarga hisobga qo‘yish” xizmatini tanlang. 

U yerda hozirgi shifokoringiz va poliklinikangiz haqidagi maʼlumotlar koʻrinadi. Keyin oʻzingiz yashayotgan hudud, tuman, poliklinikangizni koʻrsating va boshqa shifokorni tanlang. Jarayonni yakunlash uchun ommaviy oferta shartlarini qabul qiling va “Shifokorni biriktirish” knopkasini bosing. 

Har doim boshqa poliklinikani va shifokorni tanlash imkoniyatingiz bor 

DMED ilovasi orqali. Birinchi ilovani Google Play yoki App Store’dan yuklang va ro‘yxatdan o‘ting. Ekranda poliklinikangiz va sizga biriktirilgan shifokor ma’lumotlari paydo bo‘ladi. “O‘zgartirish” knopkasini bosing va o‘z poliklinikangizni toping, yangi shifokorni tanlang hamda o‘zgarishlarni tasdiqlang. 

Birinchidan poliklinikangizni toping
Keyin shifokorni tanlang 

Poliklinikani almashtirish 

Bu shifokorni almashtirish bilan bir xil. Faqat bu safar yangi tibbiyot muassasasini tanlash kerak bo‘ladi. 

my.gov.uz saytida “Jismoniy shaxslarni oilaviy poliklinikalarga hisobga qo‘yish” xizmatini oching. O‘zingizga kerakli muassasani, keyin undagi shifokorni tanlang.  

DMED ilovasida bosh ekrandagi “O‘zgartirish” knopkasini bosing. Keyin o‘zingizga mos poliklinika va shifokorni tanlang. 

Tibbiy karta nima bo‘ladi

Oldin poliklinika almashtirilganda tibbiy kartani shaxsan olib ketish va yangi joyga topshirish kerak edi. Hozir bu jarayon osonlashgan. Poliklinikani my.gov.uz yoki DMED ilovasi orqali almashtirsangiz, barcha ma’lumotlar yangi joyga avtomatik o‘tkaziladi.  

Eski poliklinikadan ro‘yxatdan chiqish shart emas — bu ham avtomatik jarayon.

Qonunchilikdagi o‘zgarishlar va boshqa muhim yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring — biz O‘zbekistonda nima, qayerda va qancha turishini yaxshi bilamiz.