Yillik profilaktik ko‘rik
Kimga? 18 yoshdan oshgan barchaga.
Qanday o‘tadi? Shifokor va hamshira o‘tkazadi. Salomatlik holati haqida savollar beriladi. EKG, xolesterin va glyukoza uchun qon tahlillarini tayinlanishi, kerak bo‘lsa, qo‘shimcha tekshiruvlarga yuborishi mumkin.
Nikohdan oldin ham sog‘liqni tekshirish kerak. “To‘ydan oldin tibbiy ko'rikdan qanday o‘tiladi” maqolasida shu haqda yozganmiz.
Yurak-qon tomir kasalliklari va diabet xavfini aniqlash
Kimga? 40 va undan katta yoshdagilarga yilda bir marta.
Qanday o‘tadi? Xavf darajasini baholash uchun shifokor ko‘rigi va so‘rovnoma, EKG, hamda xolesterin va glyukoza darajasini bilish uchun qon tahlillari qilinadi. Kerak bo‘lsa, qo'shimcha tekshiruvlar yoki davolash choralari ko‘riladi.
Bachadon bo‘yni saratoni skriningi
Kimga? 30-65 yoshdagi ayollarga. Birinchi marta 30 yoshda o‘tkaziladi, natija salbiy bo'lsa, har 10 yilda bir marta takrorlanadi.
Qanday o'tadi? Ginekologik ko‘rik, odam papillomasi virusiga PZR-test va suyuqlik sitologiyasi usuli bilan bachadon bo‘ynidan surtma tahlili kiradi. Natija ijobiy bo‘lsa, qo‘shimcha tekshiruv tayinlanadi.
Sut bezi saratoni skriningi
Kimga? 30-65 yoshdagi ayollarga har ikki yilda bir marta.
Qanday o'tadi? Ayol 45 yoshdan kichik bo‘lsa shifokor ko‘rigi va sut bezlari UZIsi, agar yoshi kattaroq bo‘lsa, mammografiya qilinadi.
Flyurografiya
Kimga? Sil kasalligini yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan odamlarga. Masalan, 60 yoshdan oshganlar yoki immunitet zaiflashishi bilan bog‘liq kasalliklarga chalinganlar.
Qanday o‘tadi? Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada flyuorografiya — o‘pkani rentgen orqali tekshirish o‘tkaziladi. Agar o‘zgarishlar aniqlansa, ftiziatrga yuborishadi.
Yana nimalarni bilish kerak
Nufuzli tibbiy tashkilotlar tavsiya etadigan kolorektal saraton bo‘yicha ommaviy skrining bizda hali yo‘q. Hozircha faqat sinov loyihalar bor. 45 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lganlar ushbu kasallik bo‘yicha tekshiruvdan o‘tishlari kerak. Yilda bir marta najasning yashirin qonga miqdoriy immunokimyoviy tahlilini (iFOBT) qilish yoki har 10 yilda bir marta kolonoskopiyani bepul qilish mumkin. Faqatgina shifokor ko‘rsatma mavjud deb topib yo‘llanma bersa.
Hozircha O‘zbekistonda onkoskrininglar bilan qamrab olish darajasi past. Kafolatlangan tibbiy ko‘riklardan ham fuqarolar o‘tmayapti yoki kerak bo‘lganidan kamroq o‘tishmoqda. Bunga sabab odamlarning bepul tibbiy xizmatlar haqida bilmasligi va uskunalarning yetishmasligi. Agar shifokordan tekshiruvga yo‘llanma ololmasangiz, xususiy klinikaga boring. Kasallikni oldini olish uni davolashdan ko‘ra arzonroq tushadi.

