Hujjatlar

Pasport yoki ID-karta. Agar mamlakat ichida yoki Qirg‘izistonga sayohat qilsangiz. Bu O‘zbekiston fuqarolari xorijga chiqish pasportisiz kirishi mumkin bo‘lgan yagona davlat.

Xorijga chiqish pasporti. Amal qilish muddatini chipta sotib olishdan oldin tekshiring. Qoidalar davlatga qarab farqlanadi. Ayrim joylarda pasport safardan keyin yana kamida 6 oy, boshqalarida esa 3 oy yoki safar tugaguncha amal qilishi kerak. Vizasiz mamlakatlarga kirish bo‘yicha asosiy talablarni “2026-yilda o‘zbekistonliklar vizasiz qayerlarga borishi mumkin — to‘liq ro‘yxat” maqolasida yozganmiz.

Elektron viza yoki raqamli kirish kartasi. Agar oldindan elektron viza rasmiylashtirish yoki kirish uchun anketa to‘ldirish kerak bo‘lgan mamlakatga uchsangiz, tasdiq hujjatini yuklab olishni yoki chop etishni unutmang.

Boshqa hujjatlar. Ba’zi mamlakatlarda, masalan Malayziyada, chegarada bankdan ma’lumotnoma yoki mehmonxona bandlovini so‘rashlari mumkin. Gruziyada esa, kirish uchun tibbiy sug‘urta majburiy. Oldindan talab qilinishi mumkin bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati bilan tanishib chiqing va ularni telefonga saqlashni yoki chop etishni unutmang.

Bank kartalari. Xorijda Visa va Mastercard ishlaydi. Karta valyutasi muhim emas. So‘m kartasi bilan ham to‘lash mumkin. Xarid vaqtida konvertatsiya avtomatik bo‘ladi. TBC Salom Visa kartasini uch kunda olish mumkin — buning uchun bank ilovasida ariza qoldirish kerak.Naqd pul ham kerak. Dollar yoki yevro. Borganingizdan keyin ularni mahalliy valyutaga almashtirasiz. Kichik do‘konlarda, bozorlarda yoki choychaqa uchun naqd pul kerak, hatto eng zamonaviy shaharlarda ham. Uchib borgach beriladigan viza to‘lovi ham naqd pulda to‘lanadi. Masalan, bunday vizani Maldiv orollari yoki Nepalga yetib borganda olishadi. 

Texnika

Poverbank — safarda telefon navigator yoki suratlar sabab tezroq quvvatsizlanadi. Muhimi, poverbankni qo‘l yukiga soling — uni bagajga topshirish mumkin emas.

Ba’zi joylarda poverbankga cheklovlar bor. Masalan, Xitoyga faqat mahalliy sertifikatsiyaga ega CCC belgili qurilmalarni olib kirish mumkin. Bu belgi qurilma korpusida bo‘lishi kerak. Ko‘plab aviakompaniyalar samolyotga olib chiqish mumkin bo‘lgan tashqi akkumulyatorlarning quvvatiga ham cheklov qo‘yadi. Odatda 100 Vt soatgacha ega qurilmalarni ruxsatsiz olib o‘tish mumkin. Oxirgi ma’lumotlarni aviakompaniya qoidalaridan ko‘rish mumkin.

Quvvatlagich. Samolyotlar va aeroportlarda USB-portlar yoki rozetkalar bor, shuning uchun safar davomida telefon yoki noutbukni quvvatlab olsa bo‘ladi. Asosiysi, kabelni qo‘l yukida saqlang.

Quvvatlovchi adapter. AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy va rozetka turi biznikidan farq qiladigan boshqa davlatlarda kerak bo‘ladi. Yaxshisi, universal adapter olish. 

Simsiz va simli quloqchinlar. Simsizlari qulayroq, lekin chiqishdan oldin ularni quvvatlab olishni unutmang. Simlilari uzoq parvozda o‘chib qolmaydi va samolyot ekranlariga ham ulab ishlatsa bo‘ladi. Parvoz paytida ham berishlari mumkin, lekin har doim emas.

Dunyodagi rozetka turlari. Manba: reddit.com 

Aptechka

Doimiy dorilar. Har kuni ichiladigan dorilaringiz. Qisqa safarlarda dori qutichasidan foydalanish qulay. Agar dorilar retsept bo‘yicha berilsa, retseptni ham o‘zingiz bilan oling.

Eng kerakli narsalar: og‘riq qoldiruvchi va isitma tushiruvchi dorilar, plastirlar, quyoshda kuyishga qarshi pantenol, burun bitishiga qarshi va, ko‘zni namlovchi tomchilar — ayniqsa uzoq parvozlarda foydali. Bu dorilar retseptsiz sotiladi. Yo‘lda bosh og‘rib qolsa dorixona izlashga vaqt bo‘lmaydi.

Ko‘ngil aynishiga qarshi vositalar. Masalan transportda yoki samolyotda ko‘nglingiz aynisa “Dramina” yordam beradi.

Kontakt linzalar va ularga kerak bo‘ladigan vositalar. Agar ko‘zoynak taqsangiz, yo‘lda linzalarni artish uchun maxsus salfetkalarni ham oling.

Bu qutichani o‘zingiz bilan to‘ldirib yurish yoki kerakli bo‘limlarini alohida ajratib olish mumkin  Manba: uzum.uz

Gigiyena va parvarish vositalari 

Tish pastasi, tish cho‘tkasi va tish ipi. Mehmonxonalarda bir martalik to‘plam berishadi, lekin undagi cho‘tkalar sifati unchalik yaxshi emas.

Nam salfetkalar va antiseptik — aeroportda yoki yo‘lda tamaddi qilgandan keyin juda asqatadi.

Dezodorant. Agar faqat qo‘l yuki bilan uchayotgan bo‘lsangiz, qattiq dezodorant oling yoki hajmi 100 ml’dan oshmaydigan variantni tanlang. 

Kosmetikaning mini versiyalari. Katta hajmdagi krem, serum va niqoblar o‘rniga, sevimli brendlaringizning probniklari yoki travel-formatlarini olib ketish qulayroq.  

SPF krem. (Quyoshdan himoya) Terini quyoshdan faqat plyajda emas, shaharda ham himoya qilish kerak. Nega va qanday SPF krem tanlash kerakligini “Quyoshdan himoyalanamiz: SPF nima va sanskrin qanday tanlanadi” maqolasida tushuntirib berdik.

Gigiyenik pomada yoki lab balzami. Albatta kerak, ayniqsa samolyotdagi quruq havoda. Qolgan narsalar. Taroq, oynacha, qaychi va tirnoq pilkasi faqat bagajda tashiladi, shuningdek, prokladkalar yoki tamponlar ham.

Kosmetikaning travel-to‘plamini sotib olish yoki bo‘sh flakonlar to‘plamini olib, sevimli vositalardan quyib olish mumkin. Manba: uzum.uz 

Kiyimlar, oyoq kiyim va aksessuarlar

Qulay oyoq kiyim. Masalan, avval kiyib yurgan krossovka yoki kedalar. Yangi poyabzal safarning birinchi kunidayoq pufakcha (mozol) chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bir juft futbolka, shim yoki shortik — ob-havoga qarab. Istalgan joyda qulay sayr qilish uchun mos keladigan oddiy kiyimlar.

Shippak yoki plyaj oyoq kiyimi. Dush, plyaj yoki basseyn uchun.

Bosh kiyim. Kepka yoki panama quyoshda qizib ketishdan asraydi, yengil shapka esa suv bo‘yida yoki tog‘larda kechqurun uzoq sayr qilsangiz kerak bo‘ladi.

Yengil ko‘ylak, kofta yoki shamolga qarshi yengil kurtka. Issiq joylarga uchayotgan bo‘lsangiz ham, kechqurun salqin bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ustingizga kiyishga biror narsa olvoling.

Ichki kiyim va paypoqlar — safarning har kuni uchun.

Kupalnik yoki suzish shortisi. Rejangizda dengiz bo‘yida yoki basseyni bor mehmonxonada dam olish bo‘lsa.

Quyoshdan himoya qiluvchi ko‘zoynaklari. Ko‘zlarni yorqin quyoshdan himoya qilish uchun kerak, faqat plyajda emas.

Kerakli mayda narsalar

Samolyot uchun yostiqcha, berushlar, uyqu uchun niqob. Uzoq yo‘l yoki parvozlarda safarni ancha qulayroq qiladi.

Yomg‘irda kiyiladigan ust kiyim. Yomg‘ir hamma joyda bo‘ladi, bu chamadonda ham kam joy egallaydi.

Uy kiyimi yoki pijama. Mehmonxonada o‘zingizni uydagidek his qilishingiz uchun.

Shopper. Suvenirlar, plyaj buyumlari yoki tamaddi uchun asqatadi. Oson yig‘iladi va chamadonda deyarli joy egallamaydi. 

Shtativ yoki selfi tayoqchasi. Chiroyli surat va video olish uchun.