Xalq Nazorati nima va qayerda ishlaydi
Xalq Nazorati — aholini shahar xizmatlari bilan ulaydigan elektron portal. U orqali uy-joy kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish va infratuzilma muammolari haqida xabar berish mumkin. Xizmat 2021-yil fevral oyida ishga tushirilgan va hozirda Toshkent shahri, Jizzax, Buxoro. Xorazm va Toshkent viloyatlarida ishlamoqda.
2024-yilda poytaxtning o‘zida 73 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularning uchdan bir qismi ya’ni 35,5% uy-joy kommunal xo‘jaligi muammolari: liftlar, isitish, suv ta’minoti bilan bog‘liq. Ikkinchi o‘rinda ekologik muammolar — noqonuniy chiqindixonalar, daraxtlarning kesilishi — 19,1%. Shikoyatlarning yana 8% yo‘l harakati bilan: svetoforlarning ishlamasligi, o‘tish joylarida zebralarning yo‘qligi yoki o‘chib ketganligi. Men aynan shunday muammolardan boshladim.
Xizmat orqali katta bo‘lmagan muammolarni ham hal qilish mumkin: derazaga nuri tushayotgan ko‘chadagi yorqin ekran, tungi shovqin, do‘kondagi muddati o‘tgan mahsulotlar yoki avtobusdagi pandus yo‘qligiga shikoyat qilsa bo‘ladi.
Nima tez hal bo‘ldi
Muammo aniq va yechim oddiy bo‘lsa, tizim tez ishlaydi. Bir haftadan kamroq vaqt ichida berilgan reaksiya haqida ikkita misol:
Dugonamning uyini yonidagi ariq ta’mirlandi
Birinchi marta xizmatga yozishga, aynan dugonam va kolyaska bilan bo‘lgan voqea undadi. Piyodalar o‘tish joyi ariqqa taqalardi. Yo‘lni kesib o‘tish uchun undan hatlab o‘tish kerak edi. Ilgari menda bunday savollar tug’ilmasdi, chunki Toshkentda bunday holatlar juda ko‘p uchraydi. Lekin, dugonam bu joyni chetlab o‘tish uchun bolalar aravachasini yo‘l chetidan haydashga majbur edi.
Buni ko‘rib, Xalq Nazoratiga ariza berdim, lekin bu biror narsani o‘zgartirishiga ishonmasdim. Ariqni rasmga olib, ilovani yuklab oldim. Ro‘yxatdan o‘tdim, muammoga mos keladigan “Qayta ishlashni talab qiladigan piyodalar o‘tish joylari” toifasini tanladim, vaziyatni tasvirlab berdim, fotosuratlarni ilova qildim va murojaat yubordim.


Ish tez hal bo’ldi: plastmassa quvur yotqizildi va ustidan sement quyildi. Lekin keyinchalik mahallamizda obodonlashtirish ishlari boshlangandan keyin ariq bo‘lgan joy qaytadan qazib tashlandi. Yo‘lning qarama-qarshi tomonida barchasi joyida va u yer endi qulayroq bo‘ldi.
Boshqa ariq ikki kunda tozalandi
2025-yil yozda axlatga to‘lgan ariq bo‘yicha yozdim. Ariq yonida obodonlashtirish ishlari sababli unga tuproq va chiqindilar to‘kilgan. Rasmlar oldim va “Shahar kanallari va suv havzalarining ifloslanishi” toifasiga ariza yubordim.
Ikki kun o‘tgach, fotosuratlar bilan ariq tozalanganligi haqida javob keldi. Borib tekshirdim va rostdan ham tozalashibdi. Arizani yopdim. Lekin, ko‘p o‘tmay bu joy yana axlatga to‘ldi. Bu yer uchun asosli yechim kerakligi aniq.

Zebra bir necha kunda yangilandi
2025-yil qishda eskirgan zebrani yangilashni so‘radim. Javob tez keldi: hozirgi past haroratda zebra chizish mumkin emas. Murojaatimni shunchaki rad etmay, standartlarga asoslanib, sababini tushuntirishgani menga yoqdi.

Bahorda yana ariza yubordim. Murojaatimsiz muammo hal qilinmasligini tushundim. Bir-ikki kundan keyin topshiriq berildi degan javob keldi. Yana bir kundan keyin zebra yangilandi.

Bir dugona ham shu ishni qilgan ekan. Tashkent City Mall yonida piyodalar o‘tish joyi belgisi bor edi, lekin chiziqlar yo‘q edi. U ham ariza yuborgan va bir necha kundan so‘ng fotosuratlar bilan zebra chizilganligi to‘g’risida javob kelgan. Dugonam keyinroq o‘zi ko‘rib bunga ishonch hosil qildi.
Ba’zida ijrochilar aloqaga chiqishadi: xodimlardan biri dugonamga qo‘ng’iroq qilib, hammasi joyida yoki yo‘qligi haqida muloyimlik bilan so‘radi va takroriy holatlarda murojaat qilishni taklif qildi.

Xulosa. Muammo aniq bo‘lsa va qiyin kelishuvlarni talab qilmasa, ijrochilar ko‘pincha ikki-uch kun ichida javob berishadi. Natijaning suratlarini yuborishadi, ba’zida esa barchasi qoniqarli ekanligiga ishonch hosil qilish uchun shaxsan qo‘ng’iroq qilishadi. Ba’zi yechimlar vaqtinchalik bo‘lishi mumkin, lekin, shoshilinch muammolarni hal qilishda xizmat yaxshi ishlaydi.
Qayerda talab qilishga to‘g’ri keldi
Boshqa holatlarda arizaning o‘zi yetarli bo‘lmadi. Yaxshi natijaga erishish uchun sifatni talab qilish va barchasini qayta qilishlarini so‘rashga to‘g’ri keldi.
Teshikni yaxshi yamashmadi
Yana bir ariq bilan omadimni sinab ko‘rdim. Ilgari u yerda to‘shama bor edi, lekin vaqt o‘tishi bilan u yaroqsiz holga keldi: yarmi qulab tushdi, armaturalangan to‘r chiqib turardi.

Bu ariza 2024-yilning oxirida yuborilgan va yechimi ham tez topilgan. Rasmiylar statistikani buzishni istamagan ko‘rinadi. Lekin, shoshma-shosharlik oqibatida ish yaxshi qilinmagan ekan. Ko‘rinishidan ishchilar bo‘shashgan to‘shama yotqizib, ustiga sement sepib qo‘yishgandek edi, hatto sement ham quruqdek tuyuldi.
Ijrochilar qo‘ng’iroq qilib, arizani yopishni so‘raganlarida o‘zimda jasorat topib, ishlar sifatli bajarilmaganini aytdim. Kommunalchilar yana kelishdi va natija yaxshiroq bo‘ldi.


Bekat ta’mirlanishini bir oy kutdik
Mahallamdagi avtobus bekatini ham yaxshilamoqchi bo’ldim. Bu yerda ta’mirlash ishlari boshlangan, lekin oxiriga yetkazilmagan. Pavilyon yonida maydalangan tosh va chiqib turgan metall armatura to‘rli maydoncha qolgan. Bu juda ko‘rimsiz ko‘rinardi, xavfli ham edi: odam qoqilib tushishi yoki jarohatlanishi mumkin edi.
Men “Jamoat transporti” → “Jamoat transporti bekatlari” → “Qoniqarsiz texnik/sanitariya holati” toifasini tanlab, arizamni yubordim. Avvaliga hech qanday reaksiya bo‘lmadi, lekin bir oydan kamroq vaqt o‘tgach, maydon baribir tekislandi va beton bilan to‘ldirildi. Hozir u ancha tartibliroq.

Xulosa. Agar ish yaxshi qilinmagan bo‘lsa, uni qabul qilmaslik huquqiga egasiz. Uch martagacha shunday qilish mumkin, keyin Xalq Nazorati moderatori aralashadi va muammoning yechimini tahlil qiladi. Ijrochilar arizani yopishni so‘rab qo‘ng’iroq qilganda, rozi bo‘lishga shoshilmang, avval joyga borib, shaxsan tekshirib ko‘ring. Ertaga albatta hammasini to‘g’irlaymiz deb va’da berishsa ham.
Nima o‘xshamadi — qurilishni to‘xtatish
2025-yil avgust oyi boshida uyim yonida g’alati harakatlar boshlandi. Boshida ishchilar yog’och qoziqlar qoqishdi, ertasi kuni esa panjara o‘rnatishdi. Axborot taxtasi yo‘q. Obyekt bolalar bog’chasiga juda yaqin joylashgan bo‘lsa-da, e’lon ham, aholi bilan kelishuv ham bo’lmadi.
Mahalla hududi shundoq ham qurilishlar bilan to‘lgan. Yaqin atrofda uchta yirik bino qurilishda. Uyimizda elektr va suv o’chib turadi. Bundan tashqari, uyning yonida hali ham ishlamayotgan yana bir yangi qurilish bor. Aynan nima qurilayotgani, buyurtmachi kim, nima uchun va eng muhimi, nimaga asoslanib qurilayotgani tushunarsiz.

7-avgust kuni Xalq Nazoratiga ariza yubordim. Vaziyatni tushuntirib, fotosuratlarni ilova qildim. Javob xatida muammo qabul qilingani, ijrochi tuman hokimining arxitektura bo‘yicha birinchi o‘rinbosari tayinlanganini yozishdi. Javob berishning belgilangan muddati — 12-avgust. O‘shandan beri jimjitlik. Lekin, devor ortida ham ishlar boshlanmagan.
Xulosa
Birinchi arizamga javob kelganda, juda hayajonlanganman, chunki haqiqatan ham nimagadir ta’sir ko‘rsata olgandim. Biroz ko‘ngil qolishi ham bo‘ldi, chunki birinchi urinishdayoq ishni yaxshi qilishlarini xohlagandim. Lekin, bu tajriba baribir mening shaharga bo‘lgan munosabatimni o‘zgartirdi. Atrofga e’tibor berishni boshladim. Begarqlikdan qutuldim.
Xalq Nazoratidan to‘qqiz oy foydalanib shularni tushundim:
- Oddiy murojaatdan boshlang: zebrani yangilash yoki chuqurni to‘ldirish, tizimli muammolarni hal qilishdan ko‘ra tezroq bo‘ladi.
- Ariza yuborishdan oldin suratga oling — keyin kech bo‘lishi mumkin.
- Qisqa va hissiyotlarsiz yozing. “O‘tish joyida ochiq ariq” ko‘rinishidagi murojaat “Yo‘llarning ahvoli rasvo!!!” qaraganda yaxshiroq ta’sir qiladi.
- Arizani tez yopmang — fotosurat yuborishsa ham, natijani shaxsan tekshiring.
- Yomon bajarilgan bo‘lsa — rad eting. Ishni qayta sifatli qilishlarini uch marta talab qilishingiz mumkin.
- Qo‘shnilar bilan birlashing — bitta muammo bo‘yicha bir nechta murojaatni e’tiborsiz qoldirishmaydi.
