Imtihon pulini qaytarib olsa bo‘ladimi?
Ha. Bu — Yoshlar ishlari agentligi tomonidan beriladigan davlat yordami. Agar siz xalqaro imtihonni yaxshi ball bilan topshirsangiz, to‘lagan pulingizni to'liq qaytarib olasiz.
Qaysi imtihonlar kiradi?
Pul qaytarilishi mumkin bo‘lgan imtihonlar ro‘yxatiga IELTS, TOEFL va yana 13 ta til imtihoni kiradi. Shuningdek, GMAT, GRE va SAT kabi akademik testlar ham bor.
Lekin bir sharti bor: yetarlicha bal olish kerak. Har bir imtihon uchun minimum ball belgilangani bois, avval shartlar bilan tanishib chiqish mumkin.
Kurslar uchun pul qaytadimi?
Yo‘q. Faqat imtihonning o‘zi uchun to‘langan pul qaytariladi. Kurs, repetitor yoki boshqa xarajatlar bu dasturning ichiga kirmaydi.
Kimlar olishi mumkin?
Imtiyoz 30 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun mo‘ljallangan. Sertifikat olingan kundan boshlab 180 kun ichida ariza topshirish kerak. Aks holda, murojaat rad etiladi.
Ariza qanday topshiriladi?
Avval imtihonni topshirib, sertifikat olish kerak. Agar bal imtiyoz uchun yetarli bo'lsa, tabriklaymiz. Endi 180 kun ichida my.gov.uz orqali pulni qaytarish uchun ariza topshirish kerak.
1.“Xalqaro imtihonlar va o‘qish xarajatlarini qoplash” bo‘limi orqali ariza to‘ldiring.
2. Sertifikat va kvitansiya nusxalari PDF shaklida yuklaysiz.
3. Eng yaqin Xalq banki filialini tanlaysiz yoki Xazna ilovasini yuklab olsiz.
4. Ariza yuborilgach, 15 kun ichida SMS orqali javob keladi. Tasdiqlansa, pul hisobingizga tushadi.
Agar abituriyent voyaga yetmagan bo‘lsa, ota-onalar arizani o‘zlarining my.gov.uz kabinetlari orqali yuboradi.
Qancha pul qaytadi?
Imtihon uchun to‘langan to‘liq summa qaytariladi. Masalan, IELTS Toshkentda hozirda 2 450 000 so‘mdan boshlanadi. Demak, bu pul o‘zingizga qaytadi.
Rad javobi kelsachi?
Agar kerakli ball to‘planmagan bo‘lsa, sertifikat muddati o‘tib ketgan bo‘lsa yoki arizada xatolik bo‘lsa — ariza rad etilishi mumkin. Xatolik bo‘lsa, arizani qayta topshirish mumkin. Javob kelmasa, Davlat xizmatlari markazining 1148 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling.
Yaxshi natija ko‘rsatgan bo‘lsangiz, bu imkoniyatdan foydalanmaslik — pulni havoga sovurish bilan barobar. Ariza topshiring va davlat yordamini oling.

