Ro‘yxatdan o‘tkazish muddati
Avtomobilga egalik huquqi sizga o‘tgandan keyin 10 kalendar kuni ichida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun YHXXga borish kerak. Muddat keyingi kundan boshlab hisoblanadi. Masalan, mashinani 1-avgustda sotib oldingiz shunda 2-avgust birinchi kun, 11-avgust esa o‘ninchi kun bo‘ladi. Muddatning oxirgi kuni rasmiy dam olish yoki ishlanmaydigan kunga to‘g‘ri kelsa, muddat keyingi ish kuniga ko‘chiriladi.
Ro‘yxatdan o‘tmagan avtomobilni boshqarish uchun 0,5 BHM, ya’ni 220 000 so‘m jarima bor.
Rasmiylashtirish joyi
Avtomobillar YHXX bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Yangi mashinani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun arizani onlayn my.gov.uz yoki YHXX mobil ilovasi orqali topshirish mumkin. Keyin mashinani ko‘rikdan o‘tkazish uchun bo‘limga baribir borish kerak. Eski avtomobilni o‘z nomingizga o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, YHXXga boring.
my.gov.uz orqali ro‘yxatdan o‘tkazish uchun:
- Portalga kiring va “Yangi transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish” xizmatini oching.
- Ro‘yxatdan o‘tish usulini tanlang. YHXX bo‘linmasiga borish yoki pullik xodimni manzilingizga chaqirish mumkin.
- Kerakli ma’lumotlarni kiriting.
- Avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish, davlat raqami va texnik pasport uchun to‘lov qiling. YHXX xodimini chaqirtirgan bo‘lsangiz, unga ham xizmat haqini to‘lang.
- Ko‘rsatilgan bo‘limga avtomobilda boring yoki xodimni manzilingizga chaqirgan bo‘lsangiz, u siz bilan bog‘lanishini kuting.

Kerak bo‘ladigan hujjatlar
Hujjatlar avtomobilni qanday sotib olganingizga bog‘liq.
Avtosalondan yangi mashina sotib olgan bo‘lsangiz, pasport, ID-karta yoki yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasini o‘zingiz bilan oling. Sotuvchi bergan mashina hujjatlari ham kerak bo‘ladi. Diler yoki distribyutordan olingan yangi mashina sizniki ekanini elektron hisob ma’lumotnoma tasdiqlashi mumkin. Bitim haqidagi ayrim ma’lumotlar YHXXga avtomatik yuborilgan bo‘lsa, ularni hujjat bilan tasdiqlash shart emas.
Mashinani boshqa odamdan sotib olgan bo‘lsangiz, notariusda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi bitimi va eski texpasportni o‘zingiz bilan oling. Shartnomani so‘ramasliklari ham mumkin. YHXX bitim haqidagi ma’lumotlarni “Notarius” tizimidan oladi.
Mashinani boshqa davlatdan olib kirgan bo‘lsangiz, uning qonuniy olib kirilgani va avtomobilga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat kerak. Masalan, bu yuk bojxona deklaratsiyasi bo‘lishi mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tkazishdan oldin barcha hujjatlardagi ma’lumotlar bir-biriga mos kelishini tekshiring.
Ro‘yxatdan o‘tishdagi tekshiruv
Mashinani YHXX xodimiga ko‘rsatish kerak. Bu jarayon texnik ko‘rik deb ataladi. Ro‘yxatdan o‘tkazishdagi texnik ko‘rikni mashinadan foydalanish davomida o‘tkaziladigan doimiy va majburiy texnik ko‘rik bilan adashtirmang.
Xodim mashinaning rusumi, modeli, VIN-kodi va boshqa ma’lumotlarini hujjatlardagi ma’lumotlar bilan solishtiradi. Bu tekshiruv avtomobilning hujjatlardagi ma’lumotlarga mos kelishini aniqlash uchun kerak.
VIN — mashinaning asosiy xususiyatlarini aniqlash va tarixini tekshirish uchun ishlatiladigan 17 ta belgili noyob raqam. Mashinadagi va hujjatlardagi raqam bir xil bo‘lishi kerak. VIN qayerda joylashgani mashina modeliga bog‘liq. Masalan, uni old oynaning pastki qismida, haydovchi eshigi ochiladigan joyda yoki kapot ostida topish mumkin
Ma’lumotlar mos kelsa va hujjatlarda muammo bo‘lmasa, mashina sizning nomingizga ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish narxi
Yangi mashinani onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bir nechta to‘lovlar bor:
- Avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish: oddiy avtomobil uchun 6,84 BHM yoki 3 009 600 so‘m, elektromobil va gibrid uchun 1,5 BHM yoki 660 000 so‘m.
- Davlat raqami: 7 BHM yoki 3 080 000 so‘m.
- Ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasi, ya’ni texpasport: 0,7 BHM yoki 308 000 so‘m.
Shunda oddiy yengil avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish 6 397 600 so‘m, elektromobil yoki gibridni ro‘yxatdan o‘tkazish 4 048 000 so‘m bo‘ladi .
Toshkentdagi YHXX bo‘limiga shaxsan borsangiz, to‘lov miqdori biroz farq qiladi. Davlat raqami 4 180 000 so‘m, texnik pasport 616 000 so‘m turadi. Arizani rasmiylashtirish uchun ham 44 000 so‘m to‘lash kerak. Natijada oddiy avtomobil uchun jami 7 849 600 so‘m, elektromobil uchun 5 500 000 so‘m to‘laysiz.
Hujjatlarni rasmiylashtirish uchun turli davlat bojlari va yig‘imlar bor. Narxlar hududga qarab farq qilishi va o‘zgarishi mumkin. Aniq summani joyida bilib oling.
Haydalgan mashinani sotib olish va ro‘yxatdan o‘tkazish haqida “Qo‘ldan mashina sotib olishda nimalarga e’tibor berish kerak” maqolasida yozganmiz.
YHXX xodimini oldingizga chaqirsangiz, alohida to‘lov qilasiz. Narx xodim qancha vaqtda kelishiga bog‘liq:
- bir kun ichida — 4 BHM yoki 1 760 000 so‘m;
- uch kun ichida — 3 BHM yoki 1 320 000 so‘m;
- besh kun ichida — 2 BHM yoki 880 000 so‘m.
Manzilingiz YHXX bo‘limidan 10 km dan uzoqda bo‘lsa, har bir qo‘shimcha kilometr uchun 0,05 BHM, ya’ni 22 000 so‘m to‘laysiz.
Guvohnomani olish muddati
Bularning hammasi tugagach, davlat raqami va texpasportni ikki kun ichida olasiz. Shu vaqtdan boshlab mashina sizning nomingizga ro‘yxatdan o‘tgan hisoblanadi.
