Mashinani qayerdan izlash mumkin

Mashina qidirishning bir nechta yo‘li bor. Bu e’lonlar saytlari, Telegram kanallar yoki avtobozorlar. Eng qulay usul — bu onlayn platformalar. Ular orqali narxlarni solishtirish, rasmlarni tekshirish va sotuvchilar bilan bog‘lanish oson.

Saytlar. Haydalgan mashina sotib olish uchun saytlar — OLX, Avtoelon.uz, Auto.uz va Avtobor.uz. Bu saytlarda har kuni minglab yangi e’lonlar paydo bo‘ladi.

Qidiruvni o‘zingizga moslaysiz. Narx, shahar, ishlab chiqarilgan yili, yurilgan masofasi, yoqilg‘i turi va kuzov bo‘yicha filtrlash mumkin.

E’lonlarda mashina haqida asosiy ma’lumotlar bo‘ladi. Bular marka, model, ishlab chiqarilgan yili, motor hajmi, narxi va yurilgan masofasi. Ko‘pchilik sotuvchilar mashinaning turli rakurslardan olingan rasm va videolarini ham joylaydi. Bu sotuvchi bilan bog‘lanishdan oldin mashina haqida dastlabki tasavvur hosil qilishga yordam beradi.

OLX saytidagi e’lon namunasi. Sotuvchi bilan bog‘lanish yoki saytda xabar yuborib savol berish mumkin

Yaxshi tomonlari: qidiruv filtrlari, mashinaning rasm va videolari, asosiy ma’lumotlar va sotuvchining telefon raqamlari bor.

Kamchiliklari: ayrim e’lonlar to‘liq bo‘lmaydi. Masalan, rasmi yoki ma’lumoti juda kam bo‘ladi. Narxi bozordagidan ancha past ko‘rsatilishi ham mumkin. Bunday e’lonlardan ehtiyot bo‘ling.

Telegram kanallar. Mashina e’lonlarini Telegramda topish mumkin. Bu yerda mashinalarni uning egalari va vositachilar sotadi. Mashhur kanallar: avtoelonuz va Vodiy Moshina Bozor.

Yaxshi tomoni: sotuvchi bilan tez bog‘lana olasiz. Qo‘shimcha rasm yoki video so‘rash, savollar berish oson.

Kamchiligi: saytlardagidek qulay filtrlari yo‘q. Kerakli variantni topish ancha vaqt oladi.

Avtobozorlar. Mashinani shaxsan ko‘rib tanlamoqchi bo‘lsangiz, avtobozorga boring. Toshkentdagi eng mashhur bozorlardan biri — Sergeli avtobozori.

Yaxshi tomoni: ba’zi mashinalar internetda bo‘lmaydi. Mashinani ko‘rish, sotuvchi bilan yuzma-yuz gaplashish va joyida narxini kelishish mumkin.

Kamchiligi: bozor shovqin joy, odamlar ko‘p. Sotuvchilar mashinani tezroq sotmoqchi bo‘lib, sizni shoshiltiradi. Bozorda tez qaror qabul qilmang.

Shubhali e’lonlarni qanday ajratish mumkin

E’longa qarab mashina haqida ko‘p narsa bilib olsa bo‘ladi. E’lon qanday tayyorlangani, unda nimalar yozilgani va nimalar ko‘rsatilmagani juda muhim. Variant shubhali ko‘rinsa, sotuvchiga qo‘ng‘iroq qilib, savollar berish mumkin.

Shubhali e’lonlarning belgilari:

E’lon shubhali ko‘rinsa, ortiqcha vaqt sarflamang. Lekin sizga to‘g‘ri keladigan mashina topilsa, sotuvchi bilan bog‘laning va bir nechta muhim savollarni bering.

Abbos Muhitdinov
Ikkilamchi bozordan “Tesla” sotib olgan
“Mashina tanlashda rasmga emas, yozuvga e’tibor berish kerak”

Rasmga qarab aniq xulosa qilish qiyin. Men har doim mashina haqida nima yozilganiga qarayman. Nechta egasi bo‘lgani, qancha masofa bosgani, va sotayotgan odam mashinaning egasi yoki vositachiligiga alohida e’tibor beraman. Shular orqali mashinaning holati va sotuvchining qanchalik mas’uliyatli ekanini bilsa bo‘ladi.

Sotuvchidan nimalarni so‘rash kerak

Uchrashishdan oldin sotuvchidan bir nechta muhim narsalarni aniqlashirish. Uning javoblari mashina holatini oldindan tushunishga yordam beradi.

Mashina sizning nomingizdami? Agar yo‘q bo‘lsa, bu xavotirli belgi. Mashinani faqat uning egasi yoki notarial tasdiqlangan ishonchnomasi bor odam sotishi mumkin. Bunday hujjatsiz oldi-sotdini rasmiylashtirib bo‘lmaydi.

Qancha vaqtdan beri haydaysiz? Egasi mashinani yaqinda olib, tez sotayotgan bo‘lsa, undagi qandaydir muammolarni bilib qolgan va undan qutulishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.

Avariya bo‘lganmi? Katta remont ishlari qilinganmi? Sotuvchi bu haqda aytishi shart. Lekin ayrimlar buni yashirishi yoki jiddiy shikastliklarni mayda narsa deb ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun nima bo‘lganini, qaysi qismlar almashtirilganini va ta’mirni kim qilganini aniqlab oling.

Mashinaga qayerda texnik xizmat ko‘rsatilgan? Hujjatlari bormi? Rasmiy dilerda yoki ishonchli servisda xizmat ko‘rsatilgani va bu hujjatlar bilan tasdiqlangani yaxshi belgi. “Tanish usta qaragan” deyilsa, unda siz ham omadga ishonib qolgan bo‘lasiz.

Qaysi hujjatlar kerak?

Sotuvchi o‘zi bilan pasporti va hujjatlarning asl nusxalarini olib kelishi kerak:

  1. PTS — transport vositasi pasporti. Unda mashinaning barcha egalari, texnik xususiyatlari va ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
  2. STS — transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi. Bu hujjat mashina ro‘yxatdan o‘tkazilganini va undan foydalanishga ruxsat berilganini tasdiqlaydi.

Barcha hujjatlardagi ma’lumotlar bir-biriga mos kelishi kerak.

Sotuvchi savollarga ishonchsiz javob bersa, jahli chiqsa yoki hujjatlarning asl nusxalarini ko‘rsatmasa, boshqa variantlarni ko‘ring.

Abbos Muhitdinov
"Tesla"ni ikkilamchi bozordan sotib olgan
“VIN-kodni oldindan tekshirish kerak”

VIN-kod — bu har bir mashinaga beriladigan noyob raqam. U orqali mashinaning butun tarixini ko‘rish mumkin. Masalan, avariya bo‘lgani, oldingi egalari, o‘g‘irlanmagani va hokazo. Men har doim uchrashuvdan oldin sotuvchidan VIN-kodni so‘rayman va uni internetda tekshiraman.

Raqamni Googlega yozaman. Mashina xorijda sotilgan yoki texnik ko‘rikdan o‘tgan bo‘lsa, rasmlari va yurgan masofasi chiqadi.

Olingan mashinani usta tekshirishi shartmi

Mashinani sotib olishdan oldin uni tekshirtirish kerak. Buning uchun katta avtoservislar yoki xususiy ustalarga borsa bo‘ladi.

Ustalar. Ular tezroq ishlaydi. Usta mashina turgan avtobozor yoki hovliga o‘zi kelishi ham mumkin. Narxi ham arzonroq, To‘liq tekshiruv uchun 500 ming so‘mdan olishadi. Lekin bu ustalar rasmiy ishlashmaydi va hech qanday kafolat berishmaydi. Ularda tekshiruvning aniq tartibi ham bo‘lmaydi. Natija ustaning tajribasi va mashinani qanchalik sinchiklab tekshirganiga bog‘liq.

Usta tekshiruv dalolatnomasini ham berishi mumkin. Lekin bunday hujjat yuridik kuchga ega emas. Masalan, mashinaning zanglab ketgan joyi aniqlansa, usta buning uchun javob bermaydi.

Rasmiy servislar esa boshqacha ishlaydi. Ular ro‘yxat bo‘yicha har bir nuqtani tekshiradi, maxsus asbob-uskunalardan foydalanadi va ko‘rik xulosasini beradi. Bunday hujjat narxni tushirish, savdolashish yoki mashinaning holatini tasdiqlash uchun kerak.

Mutaxassis ko‘z ilg‘amaydigan narsalarni ham tekshiradi:

Abbos Muhitdinov
"Tesla"ni ikkilamchi bozordan sotib olgan
“Mashinani ustaga olib borish shart”

Men hammasini o‘zim tekshirib olaman degandim. Lekin baribir ustamni olib bordim. Tesladagi masofa ko‘rsatkichini o‘zgartirib bo‘lmasa ham, akkumulyator holati tekshirish mumkin. Buni faqat mutaxassis ko‘ra oladi.

GM yoki BYDda masofa buralgan bo‘lsa ham, mutaxassis bo‘yoq izlari, o‘zgartirilgan detallar, avariya belgilarini topadi. Sotuvchi hech narsa demasligi ham mumkin. Masalan, orqa eshik rangi chap qanotdan sal to‘qroq bo‘lsa ham, jim turadi. Faqat yaxshi tomonlarini gapiradi.

Mashinani o‘zingiz tekshirmoqchi bo‘lsangiz, nimalarga qarash kerak

Ustalar maxsus uskunalar yordamida tekshiradigan hamma narsani o‘zingiz aniqlay olmaysiz. Lekin asosiy jihatlarga e’tibor berishingiz mumkin. Muhimi, nimaga qarash va nima uchun buni tekshirish kerakligini bilish.

Kuzov. Turli qismlardagi yaltiroqlik yoki rangdagi farq mashina qayta bo‘yalganini ko‘rsatadi. Bu yomon narsa emas, shunchaki yengil remont ham bo‘lishi mumkin. Lekin mashinaning butun yon tomoni yoki kapoti bilan qanoti birga bo‘yalgan bo‘lsa, bu avariya alomatidir.

Oynalar va faralar. Oyna yoki farada ko‘rsatilgan ishlab chiqarilgan yiliga qarang. U mashinaning ishlab chiqarilgan yiliga mos kelishi kerak. Nimadir yangi bo‘lsa, demak uni almashtirishgan. Bu esa mashina avariyaga uchraganini ko‘rsatadi.

Rezina. Yeyilgan shinalar — xarajat degani. O‘qlardagi shinalar har xil bo‘lsa, masalan, oldinda “qishki”, orqada “yozgi” shina turgan bo‘lsa, bu egasi tejaganidan dalolat berishi mumkin. Balki u mashinaga unchalik yaxshi qaramagandir.

Rul, pedallar, o‘rindiqlar. Mashina kam yurgan bo‘lsa, lekin rul yoki pedallar ancha ishlatilgandek ko‘rinsa, masofa ko‘rsatkichi burilgan bo‘lishi mumkin.

Salon. Gilamchalar ostida namlik bo‘lsa, mashinadan zax hidi kelsa yoki mog‘or ko‘rinsa, mashina uzoq vaqt ko‘chada turgan, suv o‘tkazgan yoki hatto uni suv bosgan bo‘lishi mumkin. Bu ichki qismlarning zanglashiga olib keladi. Uni esa tuzatish juda qiyin.

Motor. Mashinani ishga tushirib, motorni eshiting. Motor bir tekis ishlamasa yoki titrab, qaltirab tursa, bu jiddiy nosozlikdir. Bunga turli sabablar bo‘lishi mumkin.

Sotuvchiga telefonda bergan savollaringizni yana bir bor yuzma-yuz so‘rab ko‘ring. Javoblari o‘zgarib qolsa, u nimanidir yashirayotgan bo‘lishi mumkin. Hujjatlarning asl nusxalarini ham o‘zingiz tekshiring: PTS, STS, egasining pasporti va VIN-kod. Barcha ma’lumotlar bir-biriga mos kelishi kerak.

Hujjatlarning biri bo‘lmasa yoki sotuvchi keyin ko‘rsatishini aytsa, yaxshisi bunday mashinani olmang.

Kelishuvni qayerda va qanday rasmiylashtirish kerak

Bankdagi maxsus hisob. 2026-yil 1-apreldan boshlab 10 yildan oshmagan avtomobillar uchun pulni sotuvchiga faqat bank orqali, eskrou-hisobdan foydalanib berish mumkin. Bu maxsus bank hisobi, undagi pul oldi-sotdi yakunlanguncha saqlanadi.

Avval sotuvchi bilan mashina narxini kelishib olasiz. Keyin bankka borib, eskrou-hisob ochasiz. Kelishilgan summani shu hisobga kiritasiz. Pulni naqd berish yoki shaxsiy hisobdan o‘tkazish mumkin.

Bank pulni sotuvchiga faqat notarius oldi-sotdi shartnomasi to‘g‘ri rasmiylashtirilganini tasdiqlaganidan keyin o‘tkazadi. Oldi-sotdi amalga oshmasa, pul sizga qaytariladi. Eskrou-hisobni ochish va unga xizmat ko‘rsatish uchun banklar odatda komissiya oladi.

Davlat ulushi bor banklarda bu komissiya BHMning 25 foizidan, ya’ni 110 ming so‘mdan oshmaydi. Xususiy banklarda komissiya miqdori cheklanmagan. Ayrim banklar umuman komissiya olmaydi. Shuning uchun hisob ochishdan oldin tanlagan bankingizdagi shartlarni aniqlab oling.

Mashina 10 yildan eski bo‘lsa, uni notariusda shartnoma tuzib, pulni sotuvchining hisob raqamiga o‘tkazib, sotib olish mumkin. Bunday mashina 176 million so‘mdan kam, ya’ni 400 BHMgacha tursa, uni naqd pulga ham sotib olsa bo‘ladi.

Notarius. Shartnomani rasmiylashtirishdan oldin notarius elektron tizim orqali bankdan eskrou-hisobda kerakli summa bor-yo‘qligini tekshiradi. Pul yetarli bo‘lsa va oldi-sotdiga boshqa to‘sqinliklar bo‘lmasa, notarius shartnomani tasdiqlaydi. Shundan keyin bank tasdiqni oladi va pulni sotuvchiga o‘tkazadi.

10 yildan eski mashinani olayotgan bo‘lsangiz, shartnoma notariusda tasdiqlangandan keyin pulni o‘zingiz sotuvchiga to‘laysiz.

Kelishuv notariusda rasmiylashtiriladi. Bu shunchaki rasmiyatchilik emas. Notarius mashinani, sotuvchini va sizni tekshiradi. Mashina garovda bo‘lsa, egasining jarimalari yoki qarzlari bo‘lsa, kelishuv amalga oshmaydi. Xuddi shu holat xaridorga ham tegishli. Muddati o‘tgan kreditlar, to‘lanmagan jarimalar yoki kommunal qarzlar bitimni to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

Navbatda bir necha soat kutmaslik uchun notariusga oldindan yoziling. Oy oxiri yoki bayramlar arafasida odam ko‘p bo‘lishi mumkin.

Kerakli hujjatlar:

Shartnomani notariusning o‘zi tayyorlaydi. U sotuvchi va xaridorning, mashinaning ma’lumotlarini, narxini va sanasini kiritadi va oldi-sotdini tasdiqlaydi. Bu odatda 30 daqiqadan 1 soatgacha vaqt oladi.

Shartnoma imzolangandan keyin siz ham, sotuvchi ham uning bittadan asl nusxasini olasiz. Yana bir nusxasini notarius mashinani qayta rasmiylashtirish uchun YPX va soliq organlariga yuboradi.

Rasmiylashtirish qancha turadi va uni kim to‘laydi? Odatda bu xarajatni xaridor o‘zi yopadi. To‘lov mashina narxining 0,5–1% gacha bo‘lishi mumkin, eng kamida 1 480 000 so‘m.

Bu summaga nima kiradi:

Rasmiylashtirish qancha turishini oldindan aniqlab oling. Shunda kerakli summani naqd tayyorlab qo‘yishingiz yoki notarius hisobiga o‘tkazishingiz mumkin.

Mashina qachon rasmiylashtiriladi

Notariusda oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirgandan keyin mashinani o‘z nomingizga o‘tkazishingiz kerak. Buni qilmasangiz, avtomobil huquqiy jihatdan avvalgi egasida qoladi.

Shartnoma imzolangan kundan boshlab mashinani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 10 kalendar kun vaqtingiz bor. Oxirgi kun dam olish yoki bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, muddat keyingi ish kunida tugaydi. Toshkentda mashinani qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo‘linmalariga boring.

Ro‘yxatdan o‘tkazishdan uchun davlat boji bor. Qayta rasmiylashtirish uchun davlat boji BHMning 10 foizi, ya’ni 44 000 so‘m.

Nimani olib borish kerak va bu qancha vaqt oladi

Inspektor mashinani ko‘zdan kechiradi va hujjatlarni tekshiradi. Bu texnik ko‘rik emas, shunchaki rasmiy tekshiruv. Inspektor motor va kuzov raqamlarini hujjatlardagi ma’lumotlar bilan solishtiradi. Ko‘rik va ro‘yxatdan o‘tkazish 2–3 soat vaqt oladi.Nimalarni olib borish kerak:

Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun arizani joyning o‘zida to‘ldirishingiz mumkin. Uni hujjatlar bilan birga inspektorga topshirasiz.

Ro‘yxatdan o‘tgandan keyin mashinaning yangi texpasportini o‘z nomingizga olasiz. Davlat raqami ham almashtiriladi. Faqat sotuvchi bilan kelishib, eski raqamni qoldirishingiz mumkin.

Buning uchun sotuvchi raqam sizga o‘tishiga roziligi haqida YPXga ariza yozishi kerak.

2026-yil sentyabr holatiga ko‘ra, qayta rasmiylashtirish uchun umumiy xarajatlar:

Endi sug‘urtani rasmiylashtirish qoldi. Usiz mashina haydash mumkin emas.

Sug‘urta qancha turadi va uni qayerda olish mumkin

Sug‘urtani mashinani ro‘yxatdan o‘tkazish markazida yoki onlayn rasmiylashtirish mumkin. Masalan Uzbekinvest, Gross Insurance, Kafolat kompaniyalari bor. Sug‘urta turini tanlaysiz, mashina haqidagi ma’lumotlarni kiritasiz va elektron polisni olasiz.

Mashinani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun majburiy fuqarolik javobgarligi sug‘urtasi (OSAGO) kerak. U siz boshqa mashinaga yoki boshqa odamlarga zarar keltirsangiz, shu zararni qoplashga yordam beradi.

Yengil mashina uchun polis narxi yiliga 160 ming so‘mdan boshlanadi. Yakuniy narx hudud va mashinani boshqarishga ruxsat berilgan haydovchilar soniga bog‘liq.

Sug‘urta polisini qog‘ozga chiqarib yurish shart emas. Elektron polis tizimga kiritiladi.

Shuning uchun yoningizda uning rasmi yoki e-polis bo‘lishi kerak.

Bo‘ldi, endi mashina rasman sizniki!