Bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa

Qachon beriladi. Bir martalik “suyunchi puli” birinchi farzandli bo‘lgan hamma onalarga to‘lanadi. Ikkinchi bola tug‘ilganda bu nafaqani faqat “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da ro‘yxatda turganlar olishi mumkin. Uchinchi va undan keyingi bolalar uchun pul berilmaydi.

Qancha to‘lanadi. 1 360 000 so‘mlik MHTEKMning 70,3 foizi, ya’ni 956 080 so‘m.

Qanday olinadi. FHDYOda bolani ro‘yxatdan o‘tkazishingiz bilan ma’lumotlar Ijtimoiy himoya agentligiga tushadi va pul avtomatik hisoblanadi. Bolani bir oy ichida ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. Ijtimoiy himoya organlari bir oy ichida tug‘uruq tasdig‘ini olmasa, bu pul berilmaydi. To‘lov Xalq bankida naqd pulda beriladi yoki bank kartasiga tushadi.

Dekret puli va bola parvarishi uchun nafaqa

Qachon beriladi. Homiladorlik va tug‘ruq nafaqasi ishlayotgan ayollarga va Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga kamida 10 oy badal to‘lagan shaxslarga bir martaberiladi. Tug‘ruq ta’tili tugagandan keyin, rasmiy ish joyi bor onalar bola 2 yoshga kirguncha bola parvarishi uchun ta’tilga chiqib, har oy parvarishlash pulini olishi mumkin. Homiladorlik va tug‘ruq ta’tili tugagach, rasmiy ishlaydigan ayol bola parvarishi ta’tiliga chiqib. bola ikki yoshga to‘lguniga qadar har oy nafaqa oladi.

Qancha to‘lanadi. Dekret puli ish stajingiz va oylik maoshingizga qarab belgilanadi. Uni qanday hisoblashni “Dekret puli qanday hisoblanadi va uni kimlar olishi mumkin” maqolamizda yozganmiz. Bola parvarishi uchun to‘lov MHTEKMning 60 foizi, ya’ni 816 000 so‘m bo‘ladi.

Qanday olinadi. Homiladorlik va tug‘ruq nafaqasi shifokor dekret ta’tiliga chiqish uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasini rasmiylashtirgandan keyin hisoblanadi. Bola parvarishi nafaqasini olish uchun ish beruvchiga ariza va bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasini topshirish kerak.

Aliment

Qachon to‘lanadi. Qonunga ko‘ra, ota-ona qonuniy nikohdan o‘tmagan bo‘lsa ham, voyaga yetmagan farzandlarini moddiy jihatdan ta’minlashi shart. Ota bolaga pul berishdan bosh tortsa, sud orqali aliment talab qilish mumkin. Faqat tug‘ilganlik haqidagi guvohnomada u ota sifatida yozilgan bo‘lishi kerak.

Bolalar voyaga yetgunicha aliment olishga haqli. Ular mehnatga layoqatsiz deb topiladigan bo‘lsa, aliment voyaga yetgandan keyin ham to‘lanishi mumkin

Qancha to‘lanadi. Ota jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, ya’ni JSHODSni to‘langandan keyin daromadlarining ma’lum qismini bolalarga to‘lashi shart:

Sud bu summani kamaytirishi yoki ko‘paytirishi mumkin. Lekin bitta bola uchun minimal to‘lov MHTEKMning 26,5 foizi, ya’ni 360 400 so‘mdan past bo‘lmasligi kerak.

Otaning daromadi doimiy bo‘lmasa yoki norasmiy bo‘lsa, u har oy sud belgilab bergan summani to‘lab boradi. Ishsiz otalar uchun aliment O‘zbekistondagi o‘rtacha maosh asosida hisoblanadi. 2026-yilda bu taxminan 6,4 mln so‘m.

Aliment miqdorini maxsus onlayn kalkulyatorda o‘zingiz hisoblashingiz mumkin.

Qanday olinadi. Ota bolaga pul berishdan bosh tortsa, sudga ariza topshirishi kerak. Ota-onalar o‘zaro kelishib olsa, sudsiz ham voyaga yetmagan bolalarni ta’minlash bo‘yicha yozma bitim tuzsalar bo‘ladi.

Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi

Qachon beriladi. Oilani moddiy ta’minlab kelgan yaqin qarindosh vafot etsa yoki bedarak yo‘qolsa, davlat har oy ona yoki bolaga boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha nafaqa to‘lashi mumkin.

Vafot etgan odamning rasmiy sug‘urta staji bo‘lsa, ishdagi baxtsiz hodisa yoki kasallik sabab halok bo‘lsa, pensiya beriladi. Boquvchida pensiya uchun yetarli staj bo‘lmasa, nafaqa olish uchun alohida murojaat qilish mumkin.

Pulni vafot etgan shaxsning to‘liq qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga layoqatsiz yoki ishsiz oila a’zolari oladi. Bolalarga 18 yoshgacha, oliygohda o‘qishsa 23 yoshgacha to‘lanadi. Marhumning turmush o‘rtog‘iga nafaqa faqat u mehnatga layoqatsiz bo‘lsa beriladi. Nogironlik guruhiga ega bo‘lganda yoki ishlamasdan marhumning voyaga yetmagan farzandlari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini parvarishlayotgan bo‘lsa ham nafaqa berilishi mumkin.

Qancha to‘lanadi. Oylik nafaqa — 878 000 so‘m. Oilada mehnatga layoqatsiz boshqa a’zolar bo‘lsa, ularning har biri uchun yana 290 000 so‘mdan qo‘shiladi.

Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi o‘rtacha oylik daromadining 30 foizidan hisoblanadi. Lekin u oyiga 878 000 so‘mdan kam bo‘lishi mumkin emas. Nafaqani hisoblashda daromadning eng yuqori chegarasi ham bor. Bir oyda ko‘pi bilan 6 048 000 so‘m olinadi. Masalan, marhum erning oylik maoshi 7 million so‘m bo‘lgan bo‘lsa, mehnatga layoqatsiz deb topilgan har bir oila a’zosi oyiga 1,8 million so‘mdan oladi. Maosh 4 million bo‘lgan bo‘lsa, nafaqa 1,2 million bo‘ladi.

Qanday olinadi. Nafaqa olish uchun Davlat xizmatlari markaziga yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga borish kerak. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida onlayn ariza yuborsa ham bo‘ladi.

Nafaqa olish uchun yashash joyingizdagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga ariza berasiz. Bo‘lim manzilini Davlat xizmatlari portalidan topish mumkin. my.gov.uz orqali onlayn ariza yuborsa ham bo‘ladi.

Nogironligi bor bolalar uchun nafaqa

Qachon beriladi. Bolada nogironlik yoki OIV infeksiyasi bo‘lsa, nafaqa olish huquqi bolaning o‘ziga va uni parvarishlayotgan qonuniy vakiliga, masalan, onasiga beriladi.

Qancha to‘lanadi. Bola 18 yoshga kirguncha uni parvarishlayotgan onasiga 878 000 so‘m. Bolaning o‘ziga 1 083 000 so‘mdan beriladi.

Qanday olinadi. Nogironlik rasmiylashtirilgandan keyin ma’lumotlar Ijtimoiy himoya agentligiga avtomatik yuboriladi. Keyin ma’lumotlar nafaqa to‘lash bo‘yicha qaror qabul qiluvchi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga o‘tadi. Sizga bu haqida SMS-xabar keladi.

Kam ta’minlangan oilalar uchun nafaqalar

Qachon beriladi. Oilaning jon boshiga oylik daromadi 715 000 so‘mdan kam bo‘lsa, nomida yangi mashina, daromad olib keladigan bino bo‘lmasa yoki hisobida MHTEKMning 5 baravaridan (6,8 million so‘mdan) kam pul bo‘lsa, oila kam ta’minlangan hisoblanadi. Bu oila “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilib, nafaqa oladi.

“Ijtimoiy reyestr”da bo‘lgan, ishlaydigan yolg‘iz onalarga bog‘cha puli uchun har bitta bolaga BHMning 1,5 baravarigacha — 660 000 so‘mgacha moddiy yordam beriladi. Oziq-ovqat yoki kiyim-kechak sotib olish uchun vaucherlar ham ajratilishi mumkin.

Qancha to‘lanadi. Nafaqa puli bolalar yoshi va soniga qarab beriladi:

Qanday olinadi. Oilani “Ijtimoiy reyestr”ga kiritish uchun Davlat xizmatlari markazi, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi yoki mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodimga ariza topshirish kerak. Buni my.gov.uz portali yoki “Ijtimoiy karta” ilovasida onlayn qilsa ham bo‘ladi. Reyestrga kiritilgach, nafaqa avtomatik to‘lanadi.

Xayriya tashkilotlari

O‘zbekistondagi xayriya fondlariga ham yozsangiz bo‘ladi.

“Ona” jamoat fondi. Og‘ir vaziyatda qolgan ayollarga yordam beradi. Masalan, oziq-ovqat yetkazib beradi yoki davolanish uchun moddiy yordam beradi. Yordam olish uchun Telegram botga yoki rasmiy saytidagi kontaktlarga yozishingiz mumkin.

SOS Bolalar mahallalari. Og‘ir ahvolda qolgan oilalarga yordam beradi. Masalan, puldan qiynalayotgan bo‘lsangiz, fond yangi kasb o‘rganishga, ishga kirishga yoki kichik biznes ochishga qarashadi. Bepul psixolog va yurist maslahatlari ham bor.

Qonunchilikdagi o‘zgarishlar va boshqa muhim yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring. Biz O‘zbekistonda nima, qayerda va qancha turishini bilamiz.