1-qadam. Mashina komplektatsiyasini aniqlang
Mashinani TBC Avto orqali sotib olish mumkin. Bu TBC Bank Uzbekistan ilovasidagi servis. Bu yangi servis nafaqat mos mashinani topishga yordam beradi, balki sizga shaxsiy yordamchi ham biriktiradi. U sizni avtosalonda kutib oladi va xarid oxirigacha yordam beradi.
Demak, mashina modelini tanladingiz. Odatda ishlab chiqaruvchi har bir model uchun ikki-uch xil zavod komplektatsiyasini taklif qiladi. Bazaviydan to to‘liq komplektatsiyagacha. Avtosalon qo‘shimcha jihozlarni ham taklif qilishi mumkin.
Zavod komplektatsiyasi — mashina zavoddan qanday jihozlar bilan chiqishini bildiradi. Uning ichidagi ayrim jihozlardan voz kechib bo‘lmaydi. Buning uchun boshqa komplektatsiyadagi mashinani tanlash kerak.

Qo‘shimcha jihozlar esa avtosalon alohida taklif qiladigan jihozlar. Bularning ko‘pini keyinroq ham xarid qilsa bo‘ladi. Masalan:
- yomg‘ir sensori, yo‘lovchini aniqlashi sensori;
- salon va bagaj uchun gilamchalar, tomga o‘rnatiladigan qo‘shimcha bagajnik;
- parktronik, orqa kamera va videoregistrator;
- chexollar, organayzerlar, rul uchun qoplama;
- disk va shinalarning ikkinchi to‘plami;
- qo‘shimcha signalizatsiya va o‘g‘irlikka qarshi tizimi.
2-qadam. Avtosalon bilan shartnoma tuzish va pul to‘lang
Jihozlar tanlagandan keyin, avtomobilni oldi-sotdi shartnomasini imzolash kerak. TBC Avto orqali mashina xarid qilsangiz, servis vakili barcha bandlarni tushuntirib beradi. Odatda shartnomada quyidagi ma’lumotlar bo‘ladi.
Avtomobil xususiyatlari: modeli, ishlab chiqarilgan yili, kuzov rangi, ba’zan VIN-kodi. VIN-kod — bu 17 ta belgili noyob raqami. Uni old oynaning pastki qismida, haydovchi eshigi ochilganda ko‘rinadigan joyda yoki kapot ostida topish mumkin. Ba’zan VIN shartnomada emas, hisob-ma’lumotnomasida ko‘rsatiladi. Eng muhimi, mashinadagi va hujjatlardagi VIN kodlar bir xil bo‘lishi kerak. Biror joyda xato bo‘lsa, avtomobilni hisobga qo‘yishda muammo chiqishi mumkin.

Narxi. Avtomobilning narxi va komplektatsiyasi to‘g‘ri ko‘rsatilganini tekshiring.
To‘lov muddatlari. Shartnomada oldindan to‘lov va qolgan summani qachongacha to‘lash kerakligi ko‘rsatilishi mumkin.
Shartnomani bekor qilish shartlari. Mashinani olish fikringizdan qaytsangiz, nima bo‘lishini oldindan bilib oling. Ayrim avtosalonlar oldindan to‘langan pulning bir qismini, masalan, 5 foizini olib qolishi mumkin.
Kafolat. Kafolatning amal qilish muddati bor. Masalan, 5 yil yoki 150 000 km. Qaysi biri oldin kelsa, kafolat muddati shunda tugaydi. Shartnomada qaysi nosozliklar kafolatga kirmasligini ham o‘qib chiqing.
Mashinani kreditga olayotgan bo‘lsangiz, bank bilan shartnomani ham imzolash kerak. TBC Avto’da onlayn ariza qoldirasiz, bank kreditni oldindan ma’qullaydi. Salonda servis vakili sizga mos kredit shartlarini tanlashga yordam beradi.
Masalan, dastlabki to‘lov uchun 60 mln so‘m ajratishni rejalashtirdingiz, lekin 50 mln so‘m yig‘ildi. Vakil kredit muddatini va oylik to‘lovni qayta hisoblab, yakuniy bank tekshiruvidan o‘tishga ko‘maklashadi.

3-qadam. Sug‘urtani rasmiylashtiring
Keyingi qadam — majburiy sug‘urta polisini olish. Xohlasangiz, qo‘shimcha ixtiyoriy sug‘urta ham qilishingiz mumkin. TBC Avto'da mashina olayotgan bo‘lsangiz, servis vakili o‘zingizga mos sug‘urta polisini tanlashga yordam beradi.
Majburiy sug‘urta (OSAGO). U majburiy va avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazishda olinadi. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida polis 192 000 so‘m, boshqa viloyatlarda 160 000 so‘m turadi.
Ixtiyoriy sug‘urta (KASKO) yangi avtomobil uchun ko‘pincha YTH yoki o‘g‘irlik kabi xavflardan himoyalanish maqsadida rasmiylashtiriladi. O‘rtacha hisobda sug‘urta yiliga avtomobil qiymatining 1,2–1,5 foizini tashkil qiladi.
4-qadam. Avtomobilni tekshiring
Avtosalondan olinayotgan yangi mashinani ishlatilgan avtomobildek yaxshilab tekshirish shart emas. Ammo asosiy tizimlar ishlashini va mashinada tirnalgan joylar yo‘qligini tekshirib chiqing. TBC Avto vakili ham mashinani tekshirishda yordam beradi.
Kuzov. Kunduzgi yorug‘likda kuzov qismlari, oynalar va ko‘zgularni tekshiring. Ularda chiziqlar, tirnalishlar yoki yoriqlar bo‘lmasligi kerak. Eshiklar, kapot va bagajni ochib-yoping, qulflarni tekshiring.
Salon. O‘rindiqlar qoplamasini tekshiring va surib ko‘ring. Xavfsizlik kamarlarining silliq harakatlanishi va keskin tortilganda bloklanishiga ishonch hosil qiling.
Tizimlarning ishlashi. Kalitni burab, asboblar paneli ishlayotganini tekshiring. Rulni aylantiring, pedallarni bosib ko‘ring. Ularning harakati silliq bo‘lishi, g‘ichirlash yoki boshqa noodatiy ovozlar bo‘lmasligi kerak. Kapotni ochib, moy, antifriz va tormoz suyuqligi darajasini tekshiring. Konditsionerni yoqing, faralar, burilish chiroqlari, stop-signallar, oynako‘targichlar va oynatozalagichlarni sinab ko‘ring.
Komplektatsiya. Shartnomada ko‘rsatilgan barcha jihozlar mashina bilan birga topshirilayotganiga ishonch hosil qiling.
Nimadir ishlamasa, avtosalon sizga boshqa mashinani berishi kerak. Avtomobilni qabul qilib olganingizni tasdiqlovchi hisob-ma’lumotnomani faqat hammasidan rozi bo‘lganingizdan keyin imzolang.
Hammasi joyida bo‘lsa, avtosalondan yangi mashinada chiqish mumkin. Faqat uni 10 kun ichida YHXXda ro‘yxatdan o‘tkazishni unutmang.

