Kommunal xizmatlarga nimalar kiradi

Kommunal xizmatlarga:

Har bir xizmatning o‘z ta’minotchisi bor. Elektr energiyasi uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, gaz uchun — “Hududgazta’minot” AJ javob beradi. Toshkentda issiq suv va isitish tizimi bilan “Veolia Energy Tashkent”, sovuq suv bilan esa — “O‘zsuvta’minot” shug‘ullanadi. Viloyatlarda O‘zsuvta’minotning hududiy korxonalari bor. Masalan, Buxoroda hududiy “Buxoro suv ta’minoti” ishlaydi.

Poytaxtda maishiy chiqindilarni “Maxsustrans” DUK olib chiqib ketadi. Qurilish chiqindilarini olib ketish uchun yuk mashinasini chaqirsa bo‘ladi. Uy to‘lovi uchun kim javobgar ekanini Mening uyim platformasida ko‘rishingiz mumkin.Internet va televideniye uchun esa alohida to‘laysiz. Bu xizmatlarni odatda xususiy provayderlar ko‘rsatadi. Eng yirik davlat provayderi esa — “O‘ztelekom” AK.

Kommunal xizmatlar uchun shaxsiy hisobraqam

Kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar shaxsiy hisobraqamlarga biriktiriladi. Uy egalari va u yerda ro‘yxatda turganlar shaxsiy hisob raqamlarini my.gov.uz orqali bilib olishlari mumkin. Saytdan olingan ma’lumotnomada har bir xizmat bo‘yicha shaxsiy hisob raqami va so‘rov yuborilgan sanadagi pul qoldig’i ham ko‘rinadi.

Ma’lumotnoma olish uchun akkauntingizga kiring, “Ko‘chmas mulk obyekti uchun kommunal hisobraqamlarini ko‘rish” bo‘limiga o‘ting va “Xizmatdan foydalanish” knopkasini bosing. Keyin kadastr raqami bo‘yicha obyektni tanlab, captcha’ni kiriting. Ma’lumotnoma bir-ikki daqiqada tayyor bo‘ladi. Xizmat bepul.

my.gov.uz’da barcha xizmatlar bo‘yicha o‘z shaxsiy hisobraqamlaringizni ko‘rishingiz mumkin
Barcha hisobraqamlar va ulardagi balanslar ko‘rsatilgan ko‘chirmani ham olish mumkin

Hisoblagich ko‘rsatkichlarini yuborish

Kommunal xizmatlar uchun ko‘pincha hisoblagich ko‘rsatkichlari bo‘yicha to‘lash kerak. Chiqindilarni olib chiqish uchun kvartira yoki uyda yashaydigan odamlar soniga qarab to‘lanadi. Isitish xizmati uchun to‘lov uy maydoniga qarab hisoblanadi.

Elektr, gaz va suv hisoblagichlarini odatda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘zi bepul o‘rnatadi. Ularni o‘rnatmasangiz, to‘lovni kishi boshiga hisoblab berishadi.

Odam soniga to‘lash hisoblagich orqali to‘lashdan qimmatroqqa tushadi. Gaz plitasi uchun gaz tariflari ro‘yxatdan o‘tgan har bir kishi uchun oyiga 22 000 so‘mdan boshlanadi. Sovuq suv uchun 49 000 so‘mdan, issiq suv uchun 52 000 so‘mdan ko‘proq to‘lashga to‘g‘ri keladi. Uydahech kim ro‘yxatda turmagan bo‘lsa ham, suv hisoblagichi bo‘lmasa, baribir to‘lov hisoblanadi. Bunda xonalar soniga qarab, xuddi uyda 1 nafardan 4 nafargacha odam yashayotgandek hisob-kitob qilinadi.

Hisoblagich ko‘rsatkichlarini har oy topshirish kerak. Buni my.gov.uz, tashkilotlarning Telegram-botlari yoki rasmiy saytlari orqali qilish mumkin. Masalan:

🔴 “Veolia Energy Tashkent” telegram-boti;

🔵 O‘zsuvta’minot telegram-boti;

🟤 Hududiy elektr tarmoqlarining Google Play va App Store’dagi “HET Billing” mobil ilovasi;

🟠 Hududgazta’minotning Google Play va App Store’dagi DOMO mobil ilovasi;

🟢 “Maxsustrans” DUK sayti;

🟡 my.gov.uz saytidagi “To‘lovlar” bo‘limi.

Hisoblagich ko‘rsatkichlarini har oyning 23-dan 25-sanasigacha yuborish kerak. Faqat qora rangdagi butun sonlar yuboriladi. Boshidagi nollar va qizil rangdagi raqamlar hisoblanmaydi. Ba’zan ko‘rsatkichlarni hududingizga biriktirilgan inspektor yig‘adi. U uyingizga kelib, guvohnomasini ko‘rsatishi va hisoblagichni rasmga olishni so‘rashi mumkin.

Ko‘rsatkichlar yuborilmasa, to‘lovlar so‘nggi bir necha oydagi o‘rtacha sarfga ko‘ra hisoblanadi. Unda qarz paydo bo‘lishi va to‘lov kechiktirilgan har bir kun uchun to‘lov summasining 0,1% dan penya yozilishi mumkin.

Veolia Energy Tashkent uchun hisoblagich ko‘rsatkichlarini shunday yuborish kerak. Manba: kompaniyatelegram-kanali

Ba’zi uylarda ko‘rsatkichlarni o‘zi yuboradigan smart-hisoblagichlar o‘rnatilgan. Bunday hisoblagichlarni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hozirda bepul o‘rnatmoqda. “Veolia Energy Tashkent” ham bosqichma-bosqich o‘rnatishni boshlaydi. Sizda eski oddiy hisoblagich o‘rnatilgan bo‘lsa, uni zamonaviysiga bepul almashtirishingiz mumkin.

Hisoblagich o‘rnatilgandan keyin, u tizimga ulanganiga va kompaniya ko‘rsatkichlarni qabul qilayotganiga ishonch hosil qiling. Tasdiq olinmaguncha, noto‘g‘ri hisoblarning oldini olish uchun ma’lumotlarni o‘zingiz yuborib turing.

Kommunal xizmatlarni to‘lash

Joriy oy uchun kommunal xizmatlar to‘lovi keyingi oyning 10-sanasigacha to‘lanadi. May oyida elektr energiyasi uchun 50 000 so‘mlik hisob olgan bo‘lsangiz, uni 10-iyungacha to‘lashingiz kerak. Suv va kanalizatsiya xizmatlari uchun to‘lov oldindan qilinadi. Uni ham oyning 10-sanasigacha to‘lash kerak. Oldindan to‘lov oxirgi uch oydagi o‘rtacha suv sarfi bo‘yicha hisoblanadi. Agar hisoblagich bo‘lmasa, belgilangan me’yorga qarab hisob-kitob qilinadi.

Kommunal xizmatlarni bank filiallari, pochta bo‘limlari yoki xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot ofislarida to‘lash mumkin. Lekin mobil ilovalardan foydalanish qulayroq. payme’da “Mening uyim” xizmati bor. U yerda elektr energiyasi, gaz, suv va boshqa xizmatlar uchun shaxsiy hisobraqamlarni qo‘shish va hammasini birdaniga to‘lash mumkin. Ilovada barcha to‘lovlar saqlanadi va har bir hisobraqam balansini tekshirish mumkin. Pulingiz tugasa, ogohlantirish paydo bo‘ladi. Xizmatdan qanday foydalanish haqida “payme orqali kommunal to‘lovlar” maqolasida yozganmiz.

“Mening uyim” xizmatida kvartira uchun bo‘lim yaratganingizdan keyin, u ilovaning asosiy ekranida paydo bo‘ladi. Uyerda xizmat ta’minotchilarining hisobraqamlarini bitta joyga yig‘ish mumkin. Har bir xizmat bo‘yicha balans,ta’minotchilar bo‘yicha ma’lumotlar, hisoblagich ko‘rsatkichlari va oxirgi to‘lov sanasini kuzatib borish juda qulay

To‘lamasa nima bo‘ladi

To‘lov kechiktirilgan har bir kun uchun penya hisoblanadi. Jismoniy shaxslar uchun u qarz summasining 0,1% bo‘ladi. Lekin jami penya qarzning 50%dan oshmaydi. Qarzdorlikka elektr va gaz ta’minoti tashkilotlari tez e’tibor beradi. Ayniqsa smart hisoblagichlar o‘rnatilgan bo‘lsa.

Kommunal to‘lovlar bir necha oy davomida to‘lanmasa, qarzdorlar ro‘yxati Majburiy ijro byurosiga o‘tkaziladi. U yerda qarzdorlikni to‘lash to‘g‘risida talabnoma tuziladi. Qarz 5–15 kun ichida to‘lanmasa, u ish haqi yoki boshqa daromadlardan ushlab qolinishi mumkin. Suv, gaz yoki elektr energiyasi ta’minoti ham cheklanishi mumkin. Xizmatlarni qayta ulash uchun asosiy qarzni yopish va qayta ulash xarajatini ham to‘lash shart.

To‘lovlar noto‘g‘ri hisoblangan bo‘lsa nima qilish kerak

Hisoblagichlar bo‘yicha to‘lasangiz. Qayta hisob-kitob qilish uchun my.gov.uz saytida “Kommunal ma’lumotlarni tahrirlash uchun ariza yuborish” xizmatidan foydalaning. Javob kelmasa yoki muammo hal etilmasa, xizmat ta’minotchisining tuman bo‘limiga murojaat qiling.

Ro‘yxatdan o‘tgan odamlar soniga qarab to‘lasangiz. my.gov.uz saytidan kvartirada ro‘yxatdan o‘tganlar to‘g‘risidagi ma’lumotnomani yuklab oling va hisob-kitoblarni solishtirish uchun ta’minotchi ofisiga murojaat qiling.

Kommunal kompaniyalarning xatti-harakatlari ustidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga murojaatlar bilan ishlash yagona onlayn platformasi orqali shikoyat yuborish mumkin.

Uy sotib olish yoki ijaraga olishdan oldin qarzlarni tekshirish

Ijara yoki oldi-sotdi shartnomasini imzolashdan oldin uy egasidan kommunal xizmatlar bo‘yicha kvitansiyalarni so‘rang va hisoblagich ko‘rsatkichlarini solishtiring. Qarz bor-yo‘qligini my.gov.uz orqali kadastr raqami yoki shaxsiy hisob raqami bilan tekshirish mumkin. Buning uchun “Boshqaruv servis kompaniyalari bo‘yicha qarzdorlikni tekshirish” xizmatidan foydalaning. Qarzdorlikni payme va boshqa to‘lov ilovalari orqali ham ko‘rsa bo‘ladi.

Kvartira egasi uyni sizga topshirishdan oldin barcha qarzlarni uzishi shart.