Dizayn-loyiha nima va u nega kerak
Dizayn-loyiha — remontdan keyin kvartira qanday ko‘rinishini oldindan ko‘rsatadigan chizmalar, kollajlar va boshqa materiallar to‘plami. Unda hamma texnik hisob-kitoblar bo‘ladi. Masalan, hammomga qancha plitka yoki devorlarga qancha bo‘yoq kerakligi hisoblab chiqiladi. Quvur o‘tishi, rozetkalar qayerga tushishi ham aniq belgilanadi. Ko‘pchilik buni dizaynerga qildirishadi, lekin tajriba bo‘lsa, o‘zingiz qilsangiz ham bo‘ladi. Biz dizayn kompaniyasiga murojaat qildik va loyiha uchun 1600 $ to‘ladik.
Dizayn-loyiha remont paytida nima qilish kerakligini ko‘rsatadi. Qancha qurilish materialini olishni ham aniq bilasiz. Loyiha to‘g‘ri bo‘lsa, ortiqcha vaqt va xarajat qilmaysiz. Xatolari bo‘lsa, remont paytida rejalarni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi.
Mukammal loyihada ham muammolar chiqishi mumkin. Nimadir sig‘masligi, xalaqit berishi yoki ortiqcha bo‘lishi mumkin. Asosiy maslahat — hammasini joyida tekshiring. O‘lchang, joyini ko‘ring, aniqlashtiring. Natija dizayner chizganidan farq qilishiga ham tayyor turing.

1-muammo. Elektrika va santexnika
Joy tejalishi uchun boylerni elektr sushilkaning tepasiga qo‘ymoqchi bo‘ldik. Mantiqan to‘g‘ridek tuyulgandi. Lekin usta buni ko‘rib, boyler oqsa, suv sushilka ustiga tushib, qisqa tutashuv va yong‘in chiqishi mumkinligini aytdi. Keyin, sushilkani balandroq ko‘tarib, tagiga kir mashinasini qo‘ydik, rozetkalarni yon tomonga oldik, boylerni esa boshqa joyga ko‘chirdik.
Nima qilish kerak? Suv manbalarini elektr jihozlaridan pastroqqa qo‘ying. Boyler, quvur va filtrlarni sushilka, shit yoki rozetkalar tepasiga osmang. Joy biroz kamayishi mumkin, lekin xavfsizlikni ham unutmaslik kerak.

2-muammo. Yorug‘lik
Loyihaga ko‘ra xonada faqat lyustra va chiroqlar bor edi. Shuning o‘zi yetadi deb o‘ylagandik. Lekin elektrik usta bunday qilinsa xona burchaklari, oyna oldi va ish stoli soyada qolib ketishini aytdi. Shuning uchun oshxona, yotoq joyi va devordagi tokchalarga alohida yoritgichlarni o‘rnatdik.
Nima qilish kerak? Yoritish tizimini ehtiyojingizga qarab rejalashtiring. O‘tiradigan, dazmol qiladigan va kiyinadigan joylarga alohida yoritgichlar kerak. Hammasini oldindan o‘ylab qo‘ying. Hammasini boshqatdan qilish juda qimmatga tushishi mumkin.

3-muammo. Konditsioner
Konditsioner ko‘zga tashlanmasligi uchun uni eshik tepasiga o‘rnatmoqchi edik. Lekin quruvchi kompaniya konditsioner uchun teshikni boshqa burchakdan ochgan ekan. Ko‘chirish uchun devorni o‘yish, drenajni qayta qilish va shiftni tushirish kerak edi. Shift pastlasa, eshik ustida konditsioner uchun joy qolmasdi. Ortiqcha xarajat qilmasdan, uni deraza yoniga o‘rnatdik.
Nima qilish kerak? Quruvchi kompaniya yoki ustadan konditsioner qayerdan o‘tganini va uni ko‘chirish imkoniyatini oldindan aniqlab oling. Dizayn uchun yarim xonani buzib tashlagandan ko‘ra, interyerni uyga moslashtirish osonroq bo‘ladi.

4-muammo. Oshxona texnikalari
Oshxona dizaynida standart o‘lchamlarga qarab, muzlatkich, duxovka va idish yuvish mashinasiga 60 sm joy qoldirdik. Tanlagan modellarimiz esa kengroq chiqdi. Idish yuvish mashinasiga esa ventilyatsiya uchun qo‘shimcha joy ham kerak ekan. Loyihani o‘zgartirib, stolni surish, korpusni o‘zgartirish va qo‘shimcha pul to‘lashga to‘g‘ri keldi.
Nima qilish kerak? Oldin qaysi texnikani olishingizni aniqlang, ularning montaj sxemasini internetdan olib, ustalarga bering. Ventilyatsiya va eshiklar ochilishi uchun oraliqlarni oldindan hisoblang. Shunda oshxona uchun ortiqcha xarajat qilmaysiz.

5-muammo: sanuzel eshigi
Loyihada unitazdan eshikkacha 35 sm joy qoldirgandik. Lekin montaj vaqtida eshik santexnikaga taqalib, to‘liq ochilmay qoldi. Installyatsiya va santexnikani chetga surishga to‘g‘ri keldi.
Nima qilish kerak? Chizmadagi o‘lchamlarni uyingiz bilan solishtiring. Eshik santexnikaga taqaladimi-yo‘qmi, tekshiring. Kafel, suvoq va eshik romlari qalinligini hisobga oling. Devorni buzishdan ko‘ra, hammasini oldindan tekshirgan ma’qul.

Uyingiz dizayn-loyihasini tekshirish uchun chek-list
- Buzib va ko‘chirib bo‘lmaydigan devorlar, santexnika va isitish tizimlarini hisobga oling.
- O‘lchash paytida devor qoplamasi qalinligini aniqlashtiring. Tanlangan texnikalarni o‘rnatish va eshiklarni ochish uchun yetarlicha joy kerak.
- Santexnika va maishiy texnikalarni xavfsizlik qoidalariga ko‘ra joylashtiring. Quvurlar qayerdan va qanday o‘tishi loyihada aniq ko‘rsatilishi kerak.
- Oshxonani foydalanish uchun qulay qilib rejalashtiring. Barcha maishiy texnikalar ajratilgan o‘rinlarga bemalol sig‘ishi kerak.
- Rozetkalar mebellar o‘lchamiga moslab o‘rnatilishi kerak. Ayniqsa oshxonada kerakli texnikalar uchun elektr nuqtalariga joy ajrating.
- Uyda yetarlicha yorug‘lik bo‘lishi, chiroqlar kerakli joylarga to‘g‘ri o‘rnatilishi kerak.
- Eshiklar qulay tomonga ochilishi kerak. Ular yo‘lakni yoki xonaning muhim qismlarini to‘smasin va kirib chiqishga xalaqit bermasin.
