Agar bankomat pulni olib, kartaga tushirmasa
Kartani to‘ldirayotganda bankomat pulni oladi, lekin balans o‘zgarmaydi. Bu yomon holat albatta, lekin pulingiz yo‘qolmaydi. U bankomat ichida vaqtincha turadi va tekshiruvdan keyin qaytariladi.
Bu oddiy kechikish bo‘lishi ham mumkin. 10 daqiqa kuting. Agar balans o‘zgarmasa, quyidagicha harakat qiling.
Bankomat yonidan ketmasdan bankka qo‘ng‘iroq qiling. Telefon raqami odatda terminalning o‘zida yozilgan bo‘ladi. Qisqa raqamlar pullik bo‘lishi mumkin, shuning uchun 78 yoki 71 kodi bilan boshlanadigan oddiy raqamlarga qo‘ng‘iroq qilgan yaxshi. Masalan +998 78 777 27 27 TBC Bank’ning bepul raqami.
Pulni qaytarish uchun ariza qoldiring. Chap tomonda yozilgan bankomat raqamini, operatsiya sanasi va vaqtini hamda tushmagan summani ayting.
Operator arizani qabul qiladi va tekshiruvga yuboradi. Odatda bu 3 ish kuni davom etadi. Pul kartaga emas, bankomat qaysi bankka tegishli bo‘lsa, o‘sha bank bo‘limida naqd beriladi. Tekshiruv tugagach sizga qo‘ng‘iroq qilishadi va qayerdan olib ketishingiz mumkinligini aytishadi.
Agar belgilangan muddat o‘tib ketsa va pul qaytarilmasa, Markaziy bankka shikoyat qiling. Ishonch telefoni +998 71 200 00 44.
Agar kartadan yechilsa, lekin bankomat pulni bermasa
Masalan, bankomatda mayda kupyuralar tugab qolgan bo‘lishi mumkin. Avval balans va SMS xabarlarni tekshirib, pul rostdan ham yechilganini tasdiqlang.
Bankomat qaysi bankka tegishli bo‘lsa, o‘sha bankka qo‘ng‘iroq qiling. Raqam terminalda yozilgan bo‘ladi.
Bankomat yonidan ketmasdan ariza qoldiring. Operator bankomat raqami, vaqt va summani so‘raydi. Ariza 3–5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Agar bu boshqa bank bankomati bo‘lsa, sizdan karta bo‘yicha ko‘chirma yoki yechilgan summa skrinshotini so‘rashlari mumkin.
Natijaga qarab pulni naqd berishadi yoki kartaga qaytarishadi. Agar komissiya olingan bo‘lsa, uni bekor qilishni so‘rang. Yoki TBC Bank’ning Salom Card kartasini oching, u yerda naqd yechishda komissiya yo‘q.
Agar bankomat kartani yutib yuborsa
Noto‘g‘ri parol ko‘p marta kiritilganda yoki bankomat qotib qolganda shunday bo‘ladi.
Bankomat qaysi bankka tegishli bo‘lsa, o‘sha bankka qo‘ng‘iroq qiling. Terminalda yozilgan raqam orqali operatorga bankomat raqami va manzilini ayting.
Agar bankomat bank filiali yonida bo‘lsa, kartani shu yerning o‘zida chiqarib berishlari mumkin. Agar u ko‘chada yoki savdo markazida bo‘lsa, ariza qoldiring. Kartani 3–5 ish kunida chiqarib, qayerdan olib ketishingizni aytishadi.
Kartani vaqtincha bloklang. Agar kartani chiqarib bo‘lmasa, mobil ilovadan kartani muzlatib qo‘ying va undagi pulni boshqa kartaga o‘tkazing. Keyin kartani blokdan qayta ochib, yana ishlatish mumkin bo‘ladi.
Bu sizdan tashqari hech kim kartani ishlatmasligi uchun kerak.
Agar muzlatish funksiyasi bo‘lmasa, kartani qayta chiqarish kerak. Ba’zi banklarda karta bloklangach qayta ochib bo‘lmaydi. Bunday holatda bankomatdan chiqarib berishsa ham, undan foydalana olmaysiz.
Shuning uchun bankomat ochilishini kutmay, qayta chiqarishga buyurtma berishingiz mumkin. O‘zbekistondagi mashhur debet kartalari haqidagi maqolamizni ham o‘qib chiqing. Balki, aynan sizga mos va foydaliroq variantni toparsiz.

