Kurs pasayishining sabablari
Dollar kursi AQSH iqtisodiyoti va valyutaga bo‘lgan talabga bog‘liq. Unga AQSH Federal zaxira tizimining qarorlari, inflyatsiya, iqtisodiyotning holati, investorlarning dollarni saqlashga bo‘lgan qiziqishi va boshqa omillar ta’sir qiladi.
Soddaroq aytganda, AQSH dollariga talab oshsa, kursi ham ko‘tariladi. Talab pasaysa, dollar ham boshqa valyutalarga nisbatan qadrsizlanadi.
O‘zbekistonda dollar rasmiy valyuta emas. Bizda so‘m ishlatiladi. Ammo dollar tashqi savdo uchun juda muhim. Kompaniyalar import mahsulotlariga dollarda to‘laydi. Banklar orqali xalqaro to‘lovlar qilinadi va ko‘plab bitimlar dollarda tuziladi. Shuning uchun dollar kursining o‘zgarishi mamlakat ichidagi narxlarga ham ta’sir qiladi.
Dollarning foydasi
Qarindoshlaringiz dollar arzonlashganida ko‘rpacha tagidagi pullarini olib, uyda bo‘lsin deb bankka yugurishsa, bu sizga ham dollar sotib olish kerak degani emas. Siz dollar sotib olganingizdagidan keyin uning kursi yana tushishi mumkin. Bunda shoshilganingiz uchun pul yo‘qotasiz.
Ko‘pchilik pullarni dollarda yig‘ishni odat qilib olgan. Ammo dollar hammaga ham kerak emas. Oxirgi qaror pulni nima uchun yig‘ishingizga, qachon kerak bo‘lishiga va qaysi valyutada xarajat qilishingizda bog‘liq.
Buni tushunish uchun pul jamg‘arma rejasini tuzing. Oldin maqsadingizni va unga erishish uchun qancha pul kerakligini aniqlang. Keyin muddatni belgilang va har oy qancha pul ajrata olishingizni hisoblang. Shundan keyin xaridingizni qaysi valyutada olishingizni va pulni qanday yig‘ish foydaliroq bo‘lishini ko‘rib chiqing.
Xarajatlaringiz dollar kursiga bog‘liq bo‘lsa, pulni valyutada yig‘ish mantiqan to‘g‘ri. Xarid so‘mda bo‘lsa, dollar sotib olish pul yig‘ishni qiyinlashtiradi. Valyutani almashtirishda pul yo‘qotish mumkin.
Masalan, Dilshod ikki yildan keyin AQSHga Work & Travel dasturi bo‘yicha bormoqchi. O‘qish, uy va boshqa xarajatlarga dollarda to‘lashi kerak. Shuning uchun u har oy oz-ozdan dollar sotib oladi. Shunda u barcha pullarini oxirgi paytda noma’lum kursda almashtirmaydi va kurs farqida pul yo‘qotmaydi.
Malika ipotekaning boshlang‘ich to‘loviga pul yig‘yapti. Pulni so‘mda berish kerak. Shuning uchun boshqalar shu ishni qilarkan deb dollar yig‘ish shart emas. Chunki uy sotib oladigan paytda dollar kursi tushsa, uni yana so‘mga almashtirishda kerakli pul yetmay qolishi mumkin. Malika uchun eng muhimi — uy uchun so‘mda muntazam pul yig‘ish.
Moliyaviy reja hamma uchun bir xil yechimni taklif qilmaydi. U sizga dollar kerakmi yoki yo‘qmi, shuni aniqlashga yordam beradi. Boshqalarga ergashib, odat bo‘lib qolgani uchun valyuta sotib olishning hojati yo‘q.
Dollar qachon kerak bo‘ladi
Maqsadni bilib oling. Dollar bilan to‘lov qilsangiz yoki mahsulot narxi dollar kursiga bog‘liq bo‘lsa, valyuta yig‘ish kerak. Masalan, xorijiy OTMda o‘qish, chet elga sayohat qilish yoki yangi iPhone sotib olish uchun dollar olish mumkin.
Kundalik xarajatlar uchun pulni dollarda saqlash foydali emas. Masalan, har shanba bozorlik qilasiz va xariddan oldin bankomatda pul almashtirasiz. Bunda bir hafta ichida valyuta kurslari o‘rtasidagi farq sabab pul yo‘qotasiz. Bankomatda valyuta almashtirish kursi ham sizga to‘g‘ri kelmasligi mumkin.
Maktab formasi, mebel yoki O‘zbekiston bo‘ylab sayohat uchun dollar yig‘ish shart emas. Yurtimizdagi ta’lim xarajatlarini so‘mda to‘lash qulayroq.
Dollar zaxirasi. Uzoq muddat pulni dollarda saqlash foydali bo‘lmasligi mumkin. Pul birdan kerak bo‘lib qolsa, valyutani siz uchun noqulay kursda sotishga majbur bo‘lasiz.
Inflyatsiya sabab keyinchalik yig‘ilgan pulga oldingidek ko‘p narsa olib bo‘lmaydi.
Masalan, 1 000 dollarni 11 900 so‘mlik kursda sotib oldingiz va buning uchun 11 900 000 so‘m sarfladingiz. Bir yildan keyin dollar kursi 12 200 so‘mga ko‘tarildi. Dollarni sotganingizda 12 200 000 so‘m olasiz. Ya’ni, nominal hisobda 300 000 so‘m foyda ko‘rasiz.
Ammo shu vaqt ichida rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, narxlar kamida 6 foizga oshgan. Norasmiy hisob-kitoblarda esa bundan ham yuqori bo‘lgan. Oldingi xarid qobiliyatini saqlab qolish uchun pulingiz taxminan 12 600 000 so‘m yetishi kerak edi. Demak, dollar kursining ko‘tarilishi inflyatsiya ta’sirini qoplamaydi.
Dollar qimmatlashganda sotib, kurs farqidan pul ishlash har doim ham qo‘ldan kelavermaydi. Dollar qimmatlashishi ham, arzonlashishi ham mumkin.
Pulning bir qismini dollarda saqlab, moliyaviy xavflarni kamaytirish mumkin. Buning uchun pulni uzoq muddatga, ya’ni kamida bir yilga saqlang. Ammo bu vaqt ichida dollar kursi sizga foyda keltiradigan darajada ko‘tarilishiga kafolat yo‘q. Kurs pasaysa, zarar ko‘rasiz.
Pul shunchaki yotganidan ko‘ra, omonatda turgani foydaliroq bo‘ladi. Omonat foizlari inflyatsiya yo‘qotishlarni kamaytirishga yordam beradi. Masalan, TBC Bankda yillik stavkasi 5 foizgacha bo‘lgan valyuta omonatlari bor.

So‘mda saqlangan pulga valyuta kursidagi keskin o‘zgarishlar deyarli ta’sir qilmaydi. Kurs beqaror bo‘lgan va pasayish tendensiyasi kuzatilayotgan paytda barcha pullaringizni dollarga aylantirish shart emas. Pulni foiz hisoblanadigan so‘m omonatiga qo‘yish mumkin. So‘mdagi omonatlar foiz stavkalari dollardagi omonatlarga qaraganda ancha yuqori. Masalan, TBC Bankda so‘mdagi omonatlar uchun yillik stavka 17 foizgacha yetishi mumkin. Bu inflyatsiya darajasidan ham yuqori degani.
Dollarni to‘g‘ri sotib olish
Sizga faqat dollar mos kelsa, butun maoshingizga dollar sotib olmang. Kurs tushishini kutib, hamma pulni ham bir vaqtda almashtirmang.
Eng yaxshi variant — kursni o‘rtachalash strategiyasidan foydalanish. Bunda har oy ish haqining 10 foizini dollarga almashtirib, muntazam dollar sotib olib borasiz. Bir oyda kurs yuqoriroq, boshqa oyda esa pastroq bo‘lishi mumkin. Natijada dollarni eng yuqori yoki eng past narxda emas, balki butun davr bo‘yicha o‘rtacha kursda sotib olasiz.
Bu usul foyda olishingizni kafolatlamaydi. Foyda yil davomida dollar kursi qanday o‘zgarishiga bog‘liq. Kurs ko‘tarilsa, foyda olishingiz mumkin. Ammo dollar kursi pasaysa, pulni yo‘qotasiz. Bunday holatda ham zarar bir kunda barcha pulingizga dollar sotib olganingizdagidan kamroq bo‘lishi mumkin.
Bu strategiya muhim maqsadlar uchun muntazam pul yig‘ishni odatga aylantirishga yordam beradi.
Dollarni qayerdan sotib olish mumkin
Dollarni valyuta ayirboshlash shoxobchalari, bank filiallari yoki bankomatlarda sotib olish mumkin. Bozorda qo‘ldan dollar sotib olmang. Sizga soxta, eskirgan yoki yaroqsiz banknotlarni berishlari va pulni kam sanashlari mumkin. Bunday usul qonunga ham to‘g‘ri kelmaydi.
Valyutani faqat rasmiy ayirboshlash shoxobchalari yoki banklardan oling. Eng qulay usul — bank ilovasida valyuta almashtirish. Kerakli summani kiritib, “Ayirboshlash” tugmasini bosasiz. Dollarlarni hisobingizda saqlashingiz, valyuta omonatiga o‘tkazishingiz, bank kassasi yoki bankomatdan naqdlashingiz mumkin.
Nega banklarda dollar kursi bir-biridan farq qilishi va valyutani qayerda foydaliroq almashtirish haqida “Dollarni qayerda foyda bilan almashtirish mumkin va kurs nimaga bog‘liq” maqolamizda o‘qing.
