Bankda dollar kursi qanday belgilanadi
O‘zbekistonda dollar kursini Markaziy bank belgilaydi. Yangi kurs har ish kuni e’lon qilinadi. Bu kurs mamlakatdagi moliyaviy tashkilotlar uchun asosiy yo‘nalishlardan biri.
Markaziy bank kursni “osmondan” olmaydi. Bunda O‘zbekiston Respublika valyuta birjasidagi savdolar, dollarga bo‘lgan talab va taklif, mamlakat va jahon iqtisodiyotidagi vaziyat hisobga oladi.
Bu kurs ma’lumot uchun beriladi. Ya’ni bankka borib, dollarni aynan shu kurs bo‘yicha sotib olish yoki sotishning iloji yo‘q. Tijorat banklari valyuta kurslarini belgilashda undan foydalanadi.

Sotib olish va sotish kursida nimaga qarash kerak
Valyuta almashtirganda ikkita kurs bo‘ladi: sotib olish va sotish. Ularni adashtirish mumkin, lekin qaysi biri kerakligini tushunish juda oson.
Kurs nomlari mijozga emas, bankka nisbatan qo‘llaniladi. Bank chet el valyutasini sotib oladi yoki sotadi. So‘mni dollarga almashtirsangiz, bank sizga dollar sotadi. Demak, sizga sotish kursi kerak. Dollarni so‘mga almashtirsangiz, bank sizdan dollar sotib oladi. Bu holatda sotib olish kursiga qaraysiz.
Qisqacha:
- Sotish kursi — siz bankdan dollar sotib olasiz va so‘m berasiz.
- Sotib olish kursi — dollarni bankka sotasiz va so‘m olasiz.
Bunda sotish kursi doim sotib olish kursidan yuqori bo‘ladi.

Nega banklarda dollar kursi har xil
Tijorat banklar Markaziy bank kursiga qaraydi, lekin dollarni qaysi narxda olish va sotishni o‘zlari belgilaydi. Bu farqning bir nechta sabablari bor.
Birinchidan, bankning ham o‘z xarajatlari bor. Masalan kassalarni yuritish, naqd pulni inkassatorlar orqali tashish, xodimlarga ish haqi to‘lash, uskunalarning amortizatsiyasi va boshqalar. Shunda bank o‘z marjasini ham qo‘shadi.
Ikkinchidan, dollarni qanday almashtirishingiz ham muhim, onlayn yoki oflayn. Mobil ilovalarda kurs foydaliroq bo‘ladi. Chunki bankka xodimlarni ta’minlash va naqd pul bilan ishlash kerak emas. Lekin buning uchun ikkala valyutada hisobraqam bo‘lishi kerak. Masalan TBC Bankda virtual Visa dollar kartasini ochish mumkin va buning uchun to‘lov olinmaydi. TBC Bank Uzbekistan ilovasida istalgan so‘m kartangizdan virtual Visa’ga dollar sotib olsangiz bo‘ladi. Dollarni so‘mga aylantirish uchun pulni so‘m kartasiga o‘tkazish kerak.

Valyutani onlayn va oflayn qayerda almashtirish mumkin
Valyutani qayerda qonuniy almashtirish mumkin:
- bank filialidagi kassada;
- valyutani almashtiradigan bankomatda;
- bank mobil ilovalarida;
- aeroport yoki vokzalda bankning valyuta almashtirish shoxobchalarida.
Bank kassasida 500 dollardan ko‘proq valyuta olsangiz, shaxsni tasdiqlovchi hujjat so‘rashadi. Valyuta bankomatidan ham 500 dollardan ko‘p yechib bo‘lmaydi.
Barcha qonuniy valyuta almashtirish shoxobchalarining manzillari va ish vaqtlari O‘zbekiston Markaziy banki saytida e’lon qilingan.
Valyutani qayerda almashtirish xavfli
O‘zbekistonda norasmiy valyuta bozori bor. Masalan, bozorda yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali valyuta almashtirish mumkin. Lekin bu noqonuniy.
Noqonuniy valyuta operatsiyalari uchun ma’muriy javobgarlik bor. 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi yoki 10–20 BHM (ya’ni 4 120 000 so‘mdan 8 240 000 so‘mgacha) miqdorida jarima belgilangan. Qoidabuzarlik takrorlansa, juda katta miqdorda valyuta bilan operatsiya qilinsa yoki bir necha kishi oldindan kelishib harakat qilsa, jinoiy jazo qo‘llanilishi mumkin. Valyuta ham musodara qilinadi.
Noqonuniy valyutani ham almashtirish xavfli. Sizga kam pul, qalbaki kupyura yoki yaroqsiz, ancha eskirgan dollarlarni berishlari mumkin. Eski namunadagi dollarlar uchun banklar ko‘pincha kamroq pul berishadi yoki umuman qabul qilishmaydi. Bunday kupyuralar bilan nima qilish kerakligi haqida “Bank “eski” dollarni qabul qilmasa, nima qilish kerak” maqolamizda yozganmiz.
Qulay valyuta kursini qanday topish mumkin
O‘nlab banklarning kursini tekshirib o‘tirmasdan nechpul dollar telegram botidan foydalanishingiz mumkin. U dollar, yevro va rublning hozirgi sotib olish va sotish kurslarini yig‘ib beradi.
Botga lokatsiyangizni yuborsangiz, u eng yaqin almashtirish shoxobchalarini va qulay kurslarni ko‘rsatadi.
.webp)
Valyutani to‘g‘ri almashtirish bo‘yicha chek-list
- Banklarning kurslarini solishtiring. Masalan, dollar, yevro va rublning kursi qayerda yaxshiroq ekanini bilish uchun nechpul dollar telegram botini ishlatib ko‘ring.
- Sotib olish va sotish kursini adashtirmang. Dollar olish uchun sotish kursiga, so‘m olish uchun sotib olish kursiga qarang.
- Ko‘chada yoki shubhali vositachilar orqali dollar almashtirmang. Bu noqonuniy ish. Sizga qalbaki yoki yirtilgan kupyura tushishi mumkin.
- Naqd pul bilan katta miqdorda valyuta sotib olsangiz, yoningizga shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat bo‘lsin. Masalan, Pasport, ID-karta yoki haydovchilik guvohnomasi.
- Almashtirish vaqtida sizga berilgan banknotlarni tekshiring. Buni kassada turib qiling. Eski yoki juda eskirgan banknotlar keyinchalik qabul qilinmasligi yoki pastroq kursda almashtirilishi mumkin.

