ID-karta muddati qancha
ID-karta — bu chipi bor plastik karta. Unda egasi haqida asosiy ma’lumotlar, ERI (elektron raqamli imzo) sertifikati hamda biometrik ma’lumotlar saqlanadi. 16 yoshdan boshlab esa barmoq izlarini ham o‘z ichiga oladi. ID-karta asta-sekin biometrik pasport o‘rnini egallamoqda. Bu hujjat 2030-yilning 31-dekabrgacha amal qiladi, undan keyin yaroqsiz bo‘ladi.
16 yoshga to‘lgan barcha O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekiston fuqaroligini olgan shaxslarga ID-karta beriladi. Buni bir oy ichida qilish kerak. 16 yoshga to‘lmagan bolalarga ham ota-onasining xohishiga ko‘ra ID-karta rasmiylashtirish mumkin, lekin bu majburiy emas.
Hujjatning amal qilish muddati yoshga qarab belgilanadi:
- Bir yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlarga — 2 yilga.
- 1 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga — 5 yilga.
- 16 yoshdan boshlab barcha fuqarolarga — 10 yilga beriladi.

Birinchi marta ID-kartani olish uchun qanday hujjatlar kerak
Sizga kerak bo‘ladi:
- Ariza — uni onlayn yoki istalgan Davlat xizmatlari markazi (DXM), shuningdek Migratsiya (MvaFR) bo‘limida, sobiq OVIR, pasport stolida ham oflayn to‘ldirish mumkin.
- Eski pasportingiz bo‘lsa uni ham olish kerak.
3. Agar hali biometrik pasportingiz bo‘lmasa, tug‘ilganlik guvohnomasi kerak.
ID-karta qanday rasmiylashtiriladi
Onlayn. my.gov.uz saytidagi shaxsiy kabinet orqali, buning uchun “ID karta olish yoki almashtirish uchun ariza yuborish” xizmatini tanlaysiz. Keyin biometrikadan o‘tasiz. Suratga tushib, barmoq izlarini topshirish uchun DXM yoki pasport stoliga borasiz. Suratga ko‘zoynak va bosh kiyimsiz tushish kerak.
my.gov.uz saytida “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosib, arizani to‘ldiring. Ba’zi ma’lumotlar, masalan telefon raqami, avtomatik tarzda kiritiladi. Shaxsiy ma’lumotlarni kiritgach, istalgan DXM yoki migratsiya bo‘limini tanlaysiz. Propiska bo‘yicha bo‘lishi shart emas. Keyin davlat boji to‘lanadi.

Oflayn. Arizani istalgan DXM yoki migratsiya bo‘limiga shaxsan berasiz. Shu yerning o‘zida biometrik ma’lumotlar topshirib, davlat bojini to‘laysiz. Sizga yaqin DXMni sprav.uz sayti orqali topish yoki 1148 raqami orqali bilish mumkin.
Uyda. Yordamga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning uyiga mas’ul xodim kelib xizmat ko‘rsatishi mumkin. Barcha ma’lumotlarni joyning o‘zida yig‘adi. Ushbu xizmatga 1148 raqami orqali yoki my.gov.uz saytida ariza berish mumkin. Xizmat bepul ko‘rsatiladi, hujjat esa 10 ish kunigacha tayyor bo‘ladi.
Tayyor ID-karta qayerda beriladi
Tayyor ID-karta biometrik ma’lumotlar topshirilgan DXM yoki migratsiya bo‘limida beriladi. ID-karta hujjat topshirilgandan keyin bir ish kunida tayyor bo‘ladi.
ID-karta uchun davlat boji qancha
ID-karta uchun davlat boji ariza topshirish usuliga qarab belgilanadi:
- Oflayn — 366 680 so‘m yoki BHMning 89 %.
- Onlayn — 330 012 so‘m yoki BHMning 80,1 %.
To‘lovni saytning o‘zida istalgan karta yoki payme’ga o‘xshash ilovalar orqali qilish mumkin. Kassada oflayn karta orqali to‘laysiz. Davlat xizmatlariga naqd pul qabul qilinmaydi.
ID-karta qachon va qanday almashtiriladi
ID-karta quyidagi hollarda almashtiriladi:
- ism-familiyangiz, ota ismingiz, millatingiz yoki boshqa shaxsiy ma’lumotlaringiz o‘zgarsa;
- hujjatdagi ma’lumotlarda xato topilsa;
- kartaning amal qilish muddati tugagan bo‘lsa.
Ariza onlayn yoki oflayn topshiriladi. Bunda avvalgi ID-karta va ma’lumotlar o‘zgarganini tasdiqlovchi hujjatlar, masalan nikoh guvohnomasi ham kerak bo‘ladi.
Agar ota va onaning millati har xil bo‘lsa, ID-kartani birinchi olishda qaysi millatni yozishni tanlash mumkin. Keyin bu ma’lumotni faqat yana bir marta almashtirishga ruxsat beriladi.
ID-karta bir ish kuni ichida qayta rasmiylashtiriladi. Davlat boji birinchi marta ID-kartani olishdagidek bo‘ladi. Agar xato siz sababli bo‘lmagan bo‘lsa, hujjat bepul almashtiriladi.
ID-kartani vaqtida yangilamasangiz nima bo‘ladi
ID-karta muddati tugasa, uni bir oy ichida yangilash kerak. Muddati o‘tgan hujjat bilan yurish uchun jarima bor:
- 206 000 so‘m (0,5 BHM) — agar bu holat birinchi marta sodir bo‘lsa.
- 1 236 000 so‘m (3 BHM) — bir yil ichida holat takrorlansa.
Agar jarimani 15 kun ichida to‘lasangiz, uni 50% chegirma bilan to‘laysiz.
ID-karta yo‘qolsa yoki shikast yetsa nima qilish kerak
Agar hujjatni yo‘qotsangiz yoki noto‘g‘ri saqlash oqibatida buzib qo‘ysangiz, uni yangilash kerak. Shu bilan birga davlat boji va jarima ham to‘lanadi:
- Birinchi qoidabuzarlik uchun 412 000 so‘m (1 BHM).
- Agar hujjat bir yil ichida qayta yo‘qotilsa yoki buzilsa 2 060 000 so‘m (5 BHM)
Agar jarimani 15 kun ichida to‘lasangiz, uni 50% chegirma bilan to‘laysiz. ID-kartani sug‘urtalash mumkin. Shunda davlat bojini sug‘urta kompaniyasi to‘laydi, lekin jarimani o‘zingiz to‘laysiz. Qanday qilish va qancha tejash mumkinligi haqida “Hujjatlarni sug‘urtalash shartmi va bu pul tejashga yordam beradimi?” maqolasida yozganmiz.

.webp)