Cinematica kinoteatrlarida English Movie Club

Nima uchun borish kerak: filmlarni original tilda ko‘rish.
Qayerda:
Tashkent City Mall.
Narxi:
80 mingdan 150 ming so‘mgacha.

Tilni mashq qilishning eng oson yo‘li bu filmlarni original tilda tomosha qilish. Dublyajsiz filmda urg‘ular, ohang va haqiqiy nutq qanday qurilishini yaxshiroq eshitasiz. Tarjimada bular ko‘pincha yo‘qolib ketadi.

Cinematica kinoteatrlarida ingliz tilidagi namoyishlar muntazam bo‘lib turadi. Qaysi film qachon chiqishini klubning Instagram sahifasida e’lon qilishadi.

Tashkent City Tour inglizcha audioturi

Nima uchun borish kerak: ingliz tilini quloq bilan tushunishni yaxshilash uchun.
Qayerda: Taraqqiyot ko‘chasi 45, O‘zbekiston mehmonxonasi yonidan chiqadi. Avtobus har soatda 10:00 dan 19:00 gacha yuradi.
Narxi: kattalar uchun 125 000 so‘m, bolalar va pensionerlar uchun 75 000 so‘m, xorijliklar uchun 200 000 so‘m.

Bir soatlik ikki qavatli avtobus sayohati davomida siz ingliz tilidagi audiogidni tinglaysiz va shu payt shahar manzaralarini tomosha qilasiz. Tanish joylarni ko‘rib turganingiz uchun matnni tushunish ham osonroq bo‘ladi.

Ovoz tinch va ravon, shuning uchun bu format hatto endi-endi o‘rganayotganlarga ham mos keladi. Batafsil ma’lumot loyiha Instagram sahifasida bor.

"Gapirayotgan Toshkent" audioteatri sayri

Nima uchun borish kerak: Toshkent haqida ingliz tilida eshitish uchun.
Qayerda: Anhor bo‘yi 2, Hammersmith yonida. Har kuni 10:00 va 17:00 da boshlanadi.
Narxi: 180 000 so‘mdan boshlab.

Siz Toshkent bo‘ylab sayr qilasiz va shu payt shahar tarixini ingliz tilida eshitasiz. Matn oddiy suhbat ohangida, jonli pauzalar va tabiiy intonatsiya bilan beriladi.

Odatda spektakl rus tilida bo‘ladi, shuning uchun chipta olayotganda inglizcha versiya kerakligini oldindan ayting.

Spektaklda sizga quloqchin berishadi, unda siz shahar bo‘ylab yurasiz va shahar tarixini tinglaysiz. Manba: loyihaning Instagram kanali

American Center Tashkent (ACT)

Nima uchun borish kerak: ingliz tilida gaplashishni qulay muhitda mashq qilish uchun.
Qayerda: Beshyog‘och ko‘chasi, 1.
Narxi: bepul.

Bu joy jonli ingliz tilini xohlaydiganlar uchun. Rasmiylik kam, ko‘proq real muloqot. Bu yerda ma’ruzalar, ochiq muhokamalar, speaking club’lar va til egalari bilan uchrashuvlar bo‘lib turadi. Barchasi faqat ingliz tilida. Markaz AQSh elchixonasi qoshida ishlaydi.

Hech kim darajangizni tekshirmaydi va xatolar ustidan kulmaydi. Xohlasangiz shunchaki kelib tinglaysiz, xohlasangiz asta-sekin gapirib ko‘rasiz. Shu tarzda tilga ko‘nikib ketasiz.

Tadbirlar uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish kerak. Havolalar odatda Telegram kanalida e’lon qilinadi.

Ibrat Speaking Club

Nima uchun borish kerak: do‘st topish va muntazam inglizcha gaplashib yurish uchun.
Qayerda: Yoshlar ijod saroyi, Mustaqillik shoh ko‘chasi, 2.
Narxi: bepul.

Bu bepul suhbat klubi, bu yerga odamlar shunchaki inglizcha gaplashish uchun kelishadi. Darslik, baho va imtihon yo‘q. Ishtirokchilar kichik guruhlarga bo‘linib, turli mavzularda suhbatlashishadi. Kundalik hayotdan tortib, chuqurroq mavzulargacha.

Format juda sodda. Keldingiz, tanishdingiz, gaplashdingiz. Xohlasangiz ko‘proq tinglaysiz, xohlasangiz faol qatnashasiz. Daraja ham muhim emas, guruhlar odatda hamma o‘zini qulay his qiladigan qilib tuziladi.

Uchrashuvlar ko‘pincha yakshanba kunlari bo‘ladi. Anonslar Telegram kanalida oldindan beriladi.

Suhbat klublariga boshqa mamlakatlardan mehmonlar ko’p keladi. Masalan, ushbu suratda germaniyalik mehmonlar bor. Manba: loyihaning Telegram kanali

Talk & Toast English Club

Nima uchun borish kerak: kichik guruhlarda ingliz tilini mashq qilish uchun.
Qayerda: manzil va anonslar klubning Instagram sahifasida e’lon qilinadi.
Narxi: bir uchrashuv uchun 300 000 so‘mdan 500 000 so‘mgacha. Format va joyga qarab farq qiladi.

Bu kichik va samimiy suhbat klubi. Ishtirokchilar tor doirada turli mavzularni muhokama qilishadi. Filmlar, sayohatlar, shaxsiy hikoyalar, kitoblar haqida gaplashishadi.

Guruh kichkina bo‘lgani uchun suhbatga qo‘shilish oson va yo‘qolib qolmaysiz. Format va joy mavzuga va ishtirokchilar soniga qarab o‘zgarib turadi.