UzQR o‘zi nima va qanday ishlaydi

UzQR — O‘zbekistondagi istalgan bank ilovasi yoki to‘lov servisida ishlaydigan universal to‘lov QR-kodi. Uni kassaga joylashtirasiz. Telefon yoki terminalda ham mijozga ko‘rsatishingiz mumkin. Xaridor o‘ziga qulay ilovada QR-kodni skanerlaydi, summani kiritadi va to‘lovni tasdiqlaydi. Pul esa avtomatik ravishda hisob raqamingizga tushadi.

UzQR orqali to‘lov uchun komissiyani tadbirkor to‘laydi. Uning miqdori tranzaksiya summasining 0,65 %. Masalan, mijoz 500 000 so‘mlik xarid qilsa, sizdan 3 250 so‘m ushlab qolinadi.

Xaridor komissiya to‘lamaydi. Uning kartasidan faqat chekdagi summa yechiladi. .

Yangi qoidalar kimga taaluqli 

Qoidalar savdo qiladigan yoki xizmat ko‘rsatadigan barcha yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli. O‘zini o‘zi band qilganlar nima qilishi kerakligi haqida “O‘zini o‘zi band qilganlar uchun to‘lov qabul qilishning 4 usuli” maqolamizda yozganmiz.

UzQR olish uchun biznes hisob raqamingiz ochilgan bankka murojaat qiling. Hammasini bankning o‘zi hal qiladi, boshqa joyga borish kerak emas. Shundan keyin uzqr.uz saytida shaxsiy kabinet ochib, to‘lov uchun QR-kod yaratishingiz va uni kassa bilan ulashingiz mumkin. Shunda cheklar avtomatik chiqariladi, ma’lumotlar esa soliq tizimiga yuboriladi. Buni qanday qilish Markaziy bank yo‘riqnomasida tushuntirilgan.

Agar biznes hisobingiz TBC Biznes’da bo‘lsa, UzQR’ni ilovaning o‘zida yaratishingiz mumkin. UzQR’ni olish va undan foydalanish bepul. QR-kodli qog‘ozni esa manzilingizgacha bepul yetkazib berishadi. UzQR shaxsiy kabinetini titkilash va QR-kodni qayerda chop etishni qidirish shart emas.

UzQR’ni boshqa bankda ochilgan bo‘lsa ham, uni TBC Biznes’ga ulashingiz mumkin. Buning uchun faqat biznes hisob raqamini ochish kerak. 

Boshqa QR-kodlar ishlaydimi

Ha, mijoz naqd pul, bank kartalari va boshqa usullar orqali ham to‘lashi mumkin. Boshqa to‘lov tizimlarining QR-kodlaridan, masalan, payme QR’dan voz kechishingiz shart emas. Qonunga ko‘ra, xaridorga UzQR orqali to‘lov qilish imkoniyatini yaratish kerak. Qaysi usulni tanlashni esa xaridorni o‘zi hal qiladi.

To‘lov usullari qancha ko‘p bo‘lsa, mijozga shuncha yaxshi. Masalan, payme foydalanuvchilari hamkor do‘lonlarda xarid qilsa, keshbek oladi. Buning uchun payme QR-kodini ilova orqali skanerlab to‘lash kerak. UzQR orqali to‘lovanganda keshbek berilmaydi. Bu xaridorning qaysi do‘kondan xarid qilishni tanlashiga ta’sir qilishi mumkin.

payme bilan ishlashni davom ettirishning yana bir sababi — avtomatik fiskallashtirish. Har bir to‘lovdan keyin tizim chekni avtomatik yaratib, ma’lumotlarni soliq organlariga yuboradi. Cheklarni qo‘lda rasmiylashtirish kerak emas.

Xulosa

  1. Savdo yoki xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullansangiz, biznes hisob raqamingiz ochilgan bank orqali UzQR’dan ro‘yxatdan o‘ting.
  2. Shaxsiy kabinet yoki bank ilovasida UzQR yarating, QR-kodni chop etib osib qo‘ying yoki mijozlarga telefoningizdan ko‘rsating.
  3. Boshqa to‘lov tizimlarining QR-kodlaridan, masalan, payme QR’dan voz kechmang. Ba’zi mijozlar keshbek va boshqa bonuslardan foydalanish uchun ma’lum to‘lov servislarini tanlaydi.

Qonunchilikdagi o‘zgarishlar va boshqa muhim yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring — biz O‘zbekistonda nima, qayerda va qancha turishini yaxshi bilamiz.