Paynet Xolis’dagi QR-kod yoki boshqa servis orqali
Mahsulot yoki xizmatni jismoniy shaxslarga sotsangiz, masalan, qo‘lda tayyorlangan sovun, soliq xizmati Paynet Xolis va shunga o‘xshash servislarni tavsiya qiladi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun my3.soliq.uz’dagi kabinet va amaldagi ERI kerak. ERI haqida “Elektron imzo o’zi nima va u qanday ochiladi” maqolasida tushuntirganmiz.
Naqd pulsiz to‘lov uchun QR-kodli stikerni chop etish yoki uni mijozlarga telefonda ko‘rsatish mumkin. Mijoz QR-kodni payme yoki boshqa bank ilovasi orqali skanerlaydi, summani kiritadi va to‘laydi. Pullar elektron hamyonga tushadi. Keyin esa uni kartaga o‘tkazish yoki naqdlash mumkin. Tizim avtomatik chek yaratib, aylanmadan 1% soliqni ushlab, budjetga o‘tkazadi. Mijozga chekni messenjer yoki SMS orqali yuborish mumkin.

Paynet Xolis’da naqd pul orqali
Ilovada “Naqd pul qabul qilish” funksiyasi bor. Summani kiritasiz, keyin mijozga SMS yoki messenjer orqali yuboriladigan elektron fiskal chek shakllanadi.
Xarid summasining 1% solig‘ to‘lov qilinganda yechiladi. Shu sabab ilovaning elektron hamyonida bunga yetarli pul bo‘lishi kerak.

Kassa terminali orqali
O‘zini o‘zi band qilganlar hali ham kassa terminali to‘lovni qabul qilib, chek berishlari mumkin. Lekin, kassa tushumlari uchun soliqni my.soliq.uz saytida o‘zingiz to‘lashingiz kerak.
Muhimi, kassa terminalidan foydalansangiz ham, to‘lov uchun QR-kod bo‘lishi shart. QR-kodsiz ish uchun 5 million so‘m jarima bor.
Bankdagi jismoniy shaxs hisob raqami orqali
Bu usul yuridik shaxslardan to‘lov qabul qilishda, kompaniyalarga xizmat ko‘rsatilganda ishlatiladi. O‘zini o‘zi band qilganlar marketpleyslar bilan ham ishlashi mumkin. Xorijiy mijozlar ham hisob raqamingizga pul o‘tkaza oladi.
Yuridik shaxslar bilan ishlash biroz qiyinroq. Masalan, didox.uz elektron hujjat aylanmasi servisidan hisob-faktura chiqarish, kompaniya uchun bajarilgan ishlar aktlarini imzolash kerak. Budjetga to‘lanadigan 1% daromad solig‘ini korxona yuborishi kerak, lekin u buni siz uchun to‘lashga majbur emas. Bu pul odatda soliq xizmat narxidan ushlab qolinadi.
