Rezyumeda nimalar bo‘ladi
Aloqa ma’lumotlari. Bu HR-mutaxassis birinchi bo‘lib ko‘radigan blok. U nomzod bilan qanday bog‘lanishni tushunmasa, rezyumeni o‘qib ham o‘tirmaydi.
Aloqa ma’lumotlari eng boshida, ism-familiya va yashash shahri bilan birga yoziladi. Telefon raqami, elektron pochta va messenjerlardagi (masalan, Telegram) akkauntni ko‘rsatish mumkin. Bog‘lanish uchun 1 tadan 3 tagacha usulni kiritish kerak. Sizda LinkedIn profili, portfolio, GitHub yoki kasbiy blogingiz bo‘lsa, ularga ham havolalarni qo‘shib qo‘ying.

Kutilayotgan lavozim. Bu joyda umumiy so‘zlarni yozmaslik kerak. Masalan, “menejer” deb ketish noto‘g‘ri, chunki bunday mutaxassislar turli sohalarda bor. Yana, har xil yo‘nalishdagi bir nechta lavozimlarni sanab o‘tish kerak emas.
Rezyumeni ish qidirish saytiga joylayotgan bo‘lsangiz, avval ish beruvchilar kerakli lavozimni qanday nomlayotganiga qarang. Rezyumeda ham eng ko‘p ishlatiladigan nomni yozing. Aniq bir kompaniya vakansiyasiga topshirayotgan bo‘lsangiz, ular qidirayotgan lavozim nomini yozing.
❌ Noto‘g‘ri: “menejer”, “mutaxassis”, “boshlang‘ich xodim”.
✅To‘g‘ri: “data-tahlilchi”, “sotuv menejeri”, “frontend-dasturchi”, “testlovchi/QA-muhandis”.
Ish tajribasi. Qaysi kompaniyada ishlaganingiz, u nima bilan shug‘ullanishini, lavozimingiz, ishlagan davringiz va nimalarga erishganingizni yozing. Avval oxirgi ish joyingizni, keyin undan oldingilarini ko‘rsating.
Ta’lim. Bu bo‘limda o‘quv yurti nomi, yo‘nalishingiz (mutaxassislik) va o‘qigan yillaringiz yoziladi.
Sohangiz bo‘yicha qo‘shimcha kurslar sertifikatlarini ko‘rsating. Duch kelgan kursni kiritavermaslik kerak. Sohangizga aloqador bo‘lgan va oxirgi 3–4 yilda o‘qigan urslaringizni yozing.
Ko‘nikmalar va texnologiyalar. Bu yerga ish jarayonida kerak bo‘lgan mahoratlaringizni yozing. Masalan, tillarni bilish darajangiz yoki kompyuter dasturlarida ishlay olishingiz.
Kalit so‘zlar. Ya’ni, ishda qo‘llaniladigan kasbiy ko‘nikmalar, tajriba va texnologiyalar.
Masalan, buxgalterning kalit so‘zlari bu — “hisob-kitobni yuritish”, “hisobotlarni topshirish” va buxgalteriya dasturlarining nomlari. Bu so‘zlar qidiruv algoritmlari va HR-mutaxassislarga rezyumengizni tez topishga yordam beradi. Odatda bu rezyumeda alohida bo‘lim qilib ajratilmaydi — kalit so‘zlar butun matn bo‘ylab tarqaladi. Lekin ba’zi ish qidirish saytlarida ular uchun maxsus joy ajratilgan bo‘lishi ham mumkin.
Nimalarni yozmagan yaxshi
Ortiqcha shaxsiy va boshqa ma’lumotlar. Birinchidan, ish beruvchiga bilishi shart bo‘lmagan shaxsiy ma’lumotlarni yozishning hojati yo‘q. Masalan, ko‘cha va uy raqami yoki
oilaviy ahvolga o‘xshagan narsalar. Siz topshirayotgan lavozimga hech qanday aloqasi bo‘lmagan ma’lumotlarni va umuman boshqa sohadagi o‘quv kurslari sertifikatlarini kiritmaganingiz yaxshi.
“O‘zim haqimda” bo‘limi. Bu majburiy qism emas, lekin rezyumengizni boyitishi mumkin. Bu yerga boshqa bo‘limlarda joy topilmagan, lekin siz uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarni kiritishingiz mumkin. Masalan, xizmat safarlariga yoki boshqa shaharga ko‘chib o‘tishga tayyorligingizni. Muhimi, bu bo‘lim qisqa va umumiy quruq gaplarsiz bo‘lishi kerak.
❌ Noto‘g‘ri: “Stressga chidamliman, kirishimliman va jamoada yaxshi ishlayman”.
✅ To‘g‘ri: “10 yilga yaqin biznesni rivojlantirish bilan shug‘ullanaman, 5 yildan beri jamoa rahbari (team lead) bo‘lib ishlayman. Masofaviy ishni ko‘rib chiqishim mumkin, lekin ofisni afzal ko‘raman, boshqa joyga ko‘chib o‘tishga ham tayyorman”.
Yosh. Bu ham rezyumening shart bo‘lmagan qismi. Agar ish beruvchi uchun bu muhim bo‘lsa, taxminiy yosh ish tajribasi va o‘qigan yillaringizdan bu ham ko‘rinib turadi.
Fotosurat. Rasm qo‘yish majburiy emas. Lekin ba’zida nomzoddan buni kutishadi. Davlat tashkilotlari yoki televideniya uchun bu muhim. Vakansiya shartlarida rasm so‘ralmagan bo‘lsa, buni qilish shart emas.
Kutilayotgan maosh. Rezyumeda maosh summasini ko‘rsatish kerak degan qoida yo‘q. Kompaniyalar bu masalani birinchi suhbatda yoki saralashning oxirgi bosqichlarida, ya’ni nomzodning tajribasi va qo‘yilgan talablarga qanchalik mos kelishini aniqroq tushunib yetgach muhokama qilishadi.
Xohishga qarab, rezyumening o‘zida kutilayotgan maoshni ham yozish mumkin. Ayrim HRlar nomzodlarni maoshga qarab saralaydi. Siz ham mos kelmaydigan takliflarga vaqt sarflamaysiz.
Kutilayotgan maoshni taxminanlarga qarab emas, bozorni o‘rganib belgilang. Kasbingiz, tajribangiz va yashash joyingizga qarab o‘rtacha maoshlarni solishtiring. Shunda rezyumeda qancha summa ko‘rsatish kerakligini tushunish osonroq bo‘ladi.
Ijtimoiy tarmoqlar. Ish beruvchi so‘ramagan bo‘lsa, ularni ko‘rsatish shart emas. To‘g‘ri, ba’zida HR-mutaxassislar nomzodlarning sahifalarini o‘zlari qidirib topishadi. Shaxsiy sahifangizdagi postlar ularga yoqmaydi deb o‘ylasangiz, sahifalaringizni yopiq qilib qo‘ying.
Qiziqishlar va xobbilar. Agar ular kuchli taraflaringizni ko‘rsatishga yordam bersa, rezyumeda asqotishi mumkin. Lekin bu masalada ish beruvchining didini topish qiyin. Dam olish kunlari mashina tuzatishingiz yoki boshpanasi yo‘qlarga yordam berishingiz kimgadir yoqishi, kimgadir yoqmasligi mumkin.
Rezyume tuzish qoidalari
Qisqa va lo‘nda. Bitta ish joyi haqida bandning o‘zi yarim varaqni oladigan uzun avtobiofrafiyaga aylanib ketmasligi kerak. Qisqa yozing. Juda uzun hujjatni HR-mutaxassiso‘qib o‘tirmaydi. Rezyume ko‘pi bilan ikki sahifadan oshmagani yaxshi. Eng yaxshisi, bitta sahifaga hammasini sig’dirish.
Rostini yozing. Yo‘q ko‘nikmalarni o‘ylab topib, rezyumeni oshirib ko‘rsatmang. Baribir amalda isbotlay olmasangiz, ish qo‘ldan ketadi.
Aniq yo‘nalish. Rezyumega faqat siz topshirayotgan vakansiyaga mos va HR uchun kerakli ma’lumotlarni yozing. Masalan, buxgalter bo‘lib ishga kirayotgan bo‘lsangiz, rassomlik kurslari yoki enagalik tajribangiz haqida yozish shart emas.
Tartib. Matn tutashib ketgan yaxlit blok bo‘lib qolmasin. Uni abzaslarga bo‘ling. Ish tajribasi, ma’lumot va ko‘nikmalar bo‘limlarini alohida ajratib ko‘rsating.
Vakansiyaga moslashtirish. E’longa moslab rezyumeni yozish foyda berishi mumkin. Ish beruvchi aynan nimani qidirayotgan bo‘lsa, o‘sha ko‘nikma va tajribalaringizni alohida ko‘rsating. Masalan, e’londa hisobot tayyorlash va mijozlar bilan gaplashish so‘ralgan bo‘lsa, siz ham rezyumeda shu gaplardan foydalaning. Aniq bir dasturlar bo‘yicha tajriba kerak bo‘lsa, bilganlaringizni yozib o‘ting.
Har bir e’lon uchun rezyumeni noldan qayta yozib chiqish shart emas. Urg‘uni boshqa joyga qarating. Kalit so‘zlarni almashtiring va aynan shu ish beruvchiga kerakli bo‘lgan tajriba va ko‘nikmalaringizni birinchi o‘ringa chiqaring.
Ish tajribasi yo‘qlar nimani yozadi
Bunday vaziyatda qo‘lingizdan nimalar kelishini va vazifalarni qanchalik uddalay olishingizni ko‘rsating.
Amaliyot va ko‘ngillilik (volontyorlik). Hatto qisqa muddatli amaliyot yoki biror tadbirni tashkillashtirishdagi yordamingiz ham jamoada ishlay olishingizni va topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishingizni ko‘rsatadi. Tajribani orttirish yo‘llari haqida “Amaliyot uchun ish topish” nomli maqolamizda yozganmiz.
Frilans va qo‘shimcha daromad. Yarim stavkalik ish — bu ham tajriba. Ko‘pchilik faoliyatini kichik buyurtmalardan, tanishlariga yordam berishdan yoki vaqtinchalik ishlardan boshlaydi. Qo‘shimcha daromad manbaini topish haqida boshqa maqolamizda yozganmiz.
O‘quv loyihalari va shaxsiy ishlar. Agar sizda hali to‘liq ish tajribasi bo‘lmasa, o‘qish vaqtida yoki mustaqil bajargan loyihalaringiz haqida yozishingiz mumkin.
Xakaton va tanlovlardagi ishtirok. Xakaton — bu ishtirokchilar cheklangan vaqt ichida aniq bir topshiriqni, masalan, ilova, sayt, dizayn yoki marketing strategiyasini noldan tayyorlab beradigan musobaqa. Rezyumega keys-chempionatlar, talabalar tanlovlari, olimpiadalar va startap loyihalardagi tajribangizni ham qo‘shing.
Rezyumega motivatsion xat kerakmi?
Motivatsion xat yozish shart emas, lekin u rezyumengizni ancha kuchaytiradi. Oldingi tajribangizdan tashqari, bu xat nima uchun ushbu vakansiya sizni qiziqtirgani va kompaniyaga qanday foyda keltira olishingizni tushuntirishga yordam beradi.
Yaxshi xat ko‘nikma va tajribangiz shu vazifaga qanchalik mosligini yaqqol ko‘rsatib beradi.
Bu kasbini yoki sohasini o‘zgartirayotganlar, tajribasi vakansiya talablariga to‘liq mos kelmaydiganlar uchun foydali. Shu bilan siz avvalgi tajribangiz yangi lavozimga qanday foyda berishini tushuntirib, nega aynan shu ishni xohlayotganingizni ko‘rsata olasiz.
Motivatsion xat tartibi

Rezyume yaratish uchun bepul platformalar
Google Docs. Platformaning bosh sahifasida tayyor shablonlardan iborat galereya bor. Ularda bo‘limlar tayyor ajratib qo‘yilgan. Rasm uchun alohida joy yo‘q. Kerak bo‘lsa, o‘zingiz qo‘ysangiz bo‘ladi.
Tayyor rezyumeni PDF va DOCX ga o‘xshash formatlarda yuklab oling. Ish beruvchiga hujjatning havolasini yuborish imkoni ham bor.
Universal rezyume shablonini yuklab olish

HeadHunter. O‘zbekiston va MDHda ish qidirish uchun eng mashhur platformalardan biri. Bu yerda rezyume saytning o‘zida tuziladi. Servis ma’lumotlarni kerakli bo‘limlarga o‘zi ajratadi va muhim narsalar yoddan chiqmasligiga yordam beradi. Agar rezyumeni birinchi marta tuzayotgan bo‘lsangiz va bezatishni xohlamasangiz, bu qulay sayt.
Yana, tayyor rezyumeni darhol HeadHunter platformasidagi vakansiyalarga yuborishingiz yoki PDF formatida yuklab olib, elektron pochta orqali jo‘natishingiz mumkin.
Resume.com. Chet tilida rezyume tuzish uchun eng mashhur sayt xizmatlaridan biri. Xorijdan ish qidirayotganlar uchun mo‘ljallangan. Xorijdagi ish beruvchilarga shunday ko‘rinishi yoqadi. Saytda ilova xatini tayyorlashga yordam beradigan maxsus funksiya ham bor. Tayyor hujjatni PDF formatida yuklab olishingiz mumkin.
Agar O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan bo‘lsangiz, “Chet eldagi soxta ish takliflardan qanday himoyalanish mumkin” nomli maqolamizni ham o‘qib chiqing.
Chek list: rezyumeni yuborishdan oldin nimani tekshirish kerak?
Bittagina xato ham suhbatga chaqirishlariga xalaqit berishi mumkin. Rezyumeni yuborishdan oldin qisqa nazorat ro‘yxatidan o‘tishni tavsiya qilamiz:
✅ Aloqa ma’lumotlarini to‘g‘ri ko‘rsating. Telefon raqam va elektron pochta to‘g‘ri yozilganini tekshiring. Portfolio, LinkedIn yoki boshqa loyihalarga havola qo‘shgan bo‘lsangiz, ularning ishlashiga ham ishonch hosil qiling.
✅ Tajriba haqida aniq va tushunarli yozing. Oxirgi besh yildagi ish joylari muhim. Faqat vazifalarni emas, erishgan natijalaringizni ham yozing.
✅Rezyumeni o‘qishga qulay qiling. Matnni uzun qilib yozmang. Uni bo‘limlarga ajrating, kerakli joylarga sarlavha qo‘ying. Rezyume ikki sahifadan oshmagani yaxshi.
✅ Matnni tekshiring. Imlo va uslubdagi xatolar ko‘p uchraydi. Shuning uchun yuborishdan oldin matnni yana bir marta ko‘zdan kechiring.
✅ Faylni to‘g‘ri nomlang. Faylga tushunarli nom bering. Masalan: Shahlo_Abdullayeva_CV.pdf.
✅ Rezyumeni har qanday qurilmada ochish mumkin. Masalan, iOS formatidagi fayllarni Windows’da ochib bo‘lmaydi. Eng ishonchli variant — bu PDF format. Yoki Google Docs'da tayyorlab, havolasini yuboring.

