olx.uz e’lonlar sayti

OLX’ning “Ish” bo‘limida turli sohalar bo‘yicha vakansiyalar joylashtiriladi. Filtrlarda qidiruvni kerakli parametrlar bo‘yicha qulay sozlash mumkin — masalan, bandlik turini tanlash yoki kutilayotgan maosh darajasini belgilash.

Lekin e’lonlarga ehtiyotkor bo‘lish kerak. Platformada ham jismoniy shaxslar, ham kompaniyalar takliflari bo‘ladi. Shuning uchun murojaat qilishdan oldin ish beruvchining ro‘yxatdan o‘tganini tekshirish, vazifalar, ish jadvali, maosh va rasmiylashtirish shartlarini oldindan aniqlashtirib olish muhim.

Internetdagi sharhlarni ham ko‘rib chiqing. Agar odamlar tez-tez aldov, to‘lovlarning kechikishi yoki va’da qilingan shartlarga mos kelmaslik haqida yozishsa, bunday vakansiyaga ehtiyot bilan qarash kerak.

Internetda kompaniya haqidagi fikrlarni o‘qib ko‘ring, ish sharoitlarini o‘rganib chiqing va shartnomada hammasi aniq ko‘rsatilishiga e’tibor bering.

Vakansiyalar ko‘p, lekin ularni ehtiyot bo‘lib tanlash kerak

HeadHunter

hh.uz — ish izlash bo‘yicha eng yirik saytlardan biri. Bu yerda har kuni o‘nlab ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Asosan to‘liq bandlik taklif qilinsa-da, filtrlarni sozlab, talablarga moslab olish mumkin. Masalan, dam olish kunlari uchun ish izlash, kechki yoki kuniga to‘rt soatgacha bo‘lgan grafikni tanlash, ish haqiga talablar qo‘yish imkoni bor. Ish beruvchilar uchun vakansiya joylashtirish pullik, e’lonlar faqat ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar tomonidan beriladi.

Yana bir qulaylik — servis rezyumeni to‘g‘ri tuzishga yordam beradi: profilni to‘ldirayotganda beriladigan maslahatlaridan foydalaning. Rezyumeni DOCX, TXT, RTF yoki PDF formatlarda yuklab olish mumkin, uni email orqali yuborishda qulay.

Saytning o‘zida vakansiyalarga javob berish, motivatsion xat qo‘shish va ariza holatini kuzatish mumkin. hh.uz’da rezyume yozish va cover letter tayyorlash bo‘yicha foydali tavsiyalar ham bor.

Garchi hh.uz’da ish beruvchilar ro‘yxatdan o‘tsa ham, vakansiyani baribir tekshirgan yaxshi. Ishga rozi bo‘lishdan oldin vazifalar, ish jadvali, maosh va rasmiylashtirish shartlarini aniqlashtirib oling. 

Filtrlarda qulay ish soatlarini tanlashingiz mumkin
Bo‘sh ish o‘rinlari ko‘p, lekin javob doim ham tez kelavermaydi 

Milliy vakansiyalar bazasi

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining rasmiy resursi. Bo‘sh ish o‘rinlarini registratsiya paytida zarur hujjatlarni taqdim qilgan yuridik shaxslargina joylashtira oladi. Ish izlashda hudud, maosh, tajriba kabi mezonlarni tanlash mumkin. Yarim va chorak stavkali vakansiyalar asosan "Talabalar uchun ish" bo‘limida joylashgan. Takliflarning aksariyati o‘zbek tilida. 

Agar sizni ishga olgan kompaniya mehnat shartlarini bajarmagan bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sayt orqali mehnat inspeksiyasiga shikoyat yuborishingiz mumkin — faqat oldin Davlat xizmatlarida ro‘yxatdan o‘tish kerak.

2026-yil mart oyida turli lavozimlariga tez-tez xodimlar qidirilgan

Facebook’dagi “Есть работа!” guruhi

“Есть работа!” guruhida 86 000 dan ortiq, “Работа Ташкент” guruhida esa 100 000 dan ortiq obunachi bor. Bu yerda to‘liq stavkali va kunlik takliflar bor. Ko‘pincha xizmat ko‘rsatish, savdo, yetkazib berish sohalarida ish taklif qilishadi.


Facebook’da qulay qidirish tizimi yo‘q — obuna bo‘lib, e’lonlarni kuzatib borish kerak bo‘ladi. Ko‘pincha vakansiyalarni oddiy foydalanuvchilar joylashtiradi, shuning uchun ish beruvchining ishonchliligini baholash qiyin. Bunday guruhlarda firibgarlarga duch kelish xavfi yuqori. Izohlarda yoki shaxsiy xabarlarda hech qanday shaxsiy ma’lumotlarni yubormang.

Vakansiyani firibgar joylashtirganini qanday aniqlash mumkin?

Haddan tashqari yuqori maosh. "Bir-ikki soatlik ish uchun 400 dollar" yoki "ishni o‘zimiz o‘rgatamiz, ikki haftaga 15 million so‘m to‘laymiz" kabi va’dalar sizni hushyor torttirsin.

Sizdan shaxsiy ma’lumotlarni so‘rashadi. Ish beruvchi sizdan pasport yoki ID kartani faqat mehnat shartnomasini rasmiylashtirishda so‘raydi. Ma’lumotlarni yozishma bosqichida so‘ragan kishi katta ehtimol bilan firibgar. Internetda shaxsiy ma’lumotlaringizni begonalarga hech qachon bermang.

To‘lov talab qilishadi. Firibgar "kafolat badali" to‘lashni, ish o‘rnini band qilish uchun pul o‘tkazishni so‘rashi mumkin. Haqiqiy ish beruvchi sizdan hech qachon pul talab qilmasligini unutmang.

“Ish Plus” portali

Ishplus.uz loyihasi nogironligi bo‘lgan insonlarga ish topishda yordam beradi. U “Sharoit Plus” jamoatchilik birlashmasi tomonidan tashkil etilgan. Har hafta saytda 5—20 ta vakansiya e’lon qilinadi — asosan ta’lim va sog‘liqni saqlash tashkilotlari takliflari. 


Bo‘sh ish o‘rinlarini nogironligi bo‘lgan ish izlovchilar uchun muhim bo‘lgan jadval va parametrlar asosida saralash mumkin. Javob berish uchun saytda ro‘yxatdan o‘tish kerak. U yerda rezyumeni ham joylashtirish mumkin.

Saytda qo‘shimcha imkoniyat. +998 (90) 818-07-08 raqami orqali yuridik maslahat olish yoki ish topishda yordam so‘rash mumkin. Qo‘llab-quvvatlash xizmati ish kunlari soat 09:00 dan 17:00 gacha ishlaydi.

Ishplus.uz saytida nogironligi bor ish izlovchilar uchun muhim bo‘lgan soha, shahar va parametrlarni tanlash mumkin

Kompaniyalarning rasmiy sahifalari

Yirik ish beruvchilar ko‘pincha o‘z saytlarida takliflarni joylashtiradi. Masalan, “Yandex”ga kuryerlar, "Beeline"ga menejerlar, buxgalterlar, IT-mutaxassislar, CA Store’ga call-markaz operatorlari va sotuvchilar kerak. Agar siz biror bir kompaniyada ishlashni xohlasangiz, uning saytiga kirib, "Bo‘sh ish o‘rinlari" bo‘limini izlab ko‘ring. 


Afzallik taraflari. Rasmiy veb-saytlarda yuborilgan rezyume to‘g‘ridan-to‘g‘ri HR bo‘limiga borib tushadi. Agar u to‘g‘ri yozilgan va rasmiylashtirilgan bo‘lsa, uni tezroq ko‘rib chiqishlari mumkin. Bundan tashqari, yirik kompaniyalar mehnat qonunchiligiga e’tiborliroq bo‘ladi.