Tbilisiga qachon borgan yaxshi
Tbilisiga may oyining oxirida, O‘zbekistonda uzoq bayram kunlari bo‘lgan paytda borganman. Gruziyaga birinchi kelishim. Shuning uchun imkoniyatdan foydalanib, o‘zimga to‘rt kunlik kichik sayohat uyushtirdim. Yaxshiyamki, bu davlatga viza kerak emas. Menimcha, qisqa sayohat uchun bu zo‘r variant. Samolyotda atigi uch soatda borasiz va bir necha kunga bo‘lsa ham muhitni o‘zgartirib kelasiz.
Bahor oxiri yoki kuz boshi Tbilisiga sayohat qilish uchun juda yaxshi payt. Ayniqsa bu paytda Tbilisida havo salqin bo‘ladi va kun bo‘yi shaharda bemalol sayr qilish mumkin.
Sayohatim 26-may Gruziya Mustaqillik kuniga to‘g‘ri keldi. Shaharda bayramona va iliq muhit sezilardi. Shu sababli shahar bilan tanishuvim menda yorqin taassurot qoldirdi.

Parvoz narxi
Toshkentdan Tbilisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Centrum Air va Uzbekistan Airways bilan uchish mumkin. Parvoz ikki soatdan sal ko‘proq davom etadi. Reyslar odatda ertalab bo‘ladi. Tbilisiga yetib borgach, mehmonxonaga joylashib, kunning katta qismini shaharda o‘tkazish mumkin.
Borib-kelish chiptalariga 6 450 000 so‘m sarfladim. Lekin chiptani uchishdan bir necha kun oldin olganim uchun narxi qimmatroq chiqdi. Oldindan band qilinsa, ancha arzonroq tushadi. Chiptalarni qidirish va sotib olish uchun payme travel qulay. U yerda turli aviakompaniyalarning takliflarini bir joyda solishtirish mumkin. Xariddan keyin 15% gacha keshbek ham beriladi.
Reys erta tongda bo‘lgani uchun aeroportda nonushta qildim. Menda Visa TBC Salom kartasi bor va u bilan Anjir biznes zaliga bepul kirish mumkin. Zalda nonushta ham, ichimliklar ham bepul. Tinch va qulay muhitda biroz ishlab oldim. Bir necha soatdan keyin esa Gruziyaga yetib keldim.
.webp)
Aloqa va transport qancha turadi
Tbilisi aeroportida SIM-karta oldim. Narxi 60 lari ekan, bu taxminan 275 000 so‘m. Tariflar va provayderlarni oldindan o‘rganib, narxlarini tekshirib oling. Asosiy operatorlar — Magti, Silknet va Cellfie. Magti va Cellfie’da bir necha kunlik cheksiz internet tariflari bor. Cellfie qimmat emas, bir haftaga 8 lari, taxminan 36 000 so‘m ketadi. Kiosklar kelish zonasida, nazoratdan chiqqandan keyin joylashgan. SIM-karta sotib olish uchun pasport kerak.
SIM-kartani ulab, ijaraga olgan kvartiramga Yandex Go orqali taksi chaqirdim. Taksi 35 lari, taxminan 160 000 so‘mga tushdi. Taqqoslash uchu, xususiy taksilar narxi 70 dollardan boshlanadi, lekin aeroport uchun bu odatiy holat. Umuman olganda, Gruziyada taksi unchalik qimmat emas. Yandex Go’da qisqa safar o‘rtacha 10 lari, ya’ni 45 000 so‘m bo‘ladi. 4 kunda taksiga umumiy 480 000 so‘m sarfladim. Yaxshi tomoni, narx Toshkentdagidek ilovada oldindan ko‘rinadi va keyin o‘zgarmaydi.
Aeroportdan shaharga 7:00 dan 23:00 gacha 337-avtobus qatnaydi. Avtobus va metroda yo‘l haqi 1 lari, taxminan 4 500 so‘m. Yo‘l haqini MetroMoney yoki bank kartasi orqali to‘lash mumkin. Transport kartasi faqat metro kassalarida sotiladi.
Jamoat transportida ko‘p yurmoqchi bo‘lsangiz, MetroMoney kartasini oling. U 2 lari, taxminan 9 000 so‘m turadi. Kartani 30 kun ichida kassaga qaytarsangiz, o‘zi uchun to‘lagan pulingiz ham,ichida qolgan mablag‘ ham qaytariladi. Buning uchun pasport va chek kerak. Shuning uchun chekni tashlab yubormang.
MetroMoney kartasi bilan avtobus, metro, katta sariq marshrutkalar va kanat yo‘llarida to‘lash mumkin. Tbilisida uchta kanat yo‘li bor. Bir marta yo‘l haqini to‘lasangiz, keyingi 1,5 soat ichida boshqa jamoat transportiga bepul chiqishingiz mumkin. Cheksiz yo‘l chiptasi ham olish mumkin. Bir kunga 3 lari, taxminan 14 000 so‘m, bir haftaga esa 20 lari, 92 000 so‘m ketadi.
Tbilisining Mtatsminda bog‘ida funikulyorlar bor. Faqat bu yerda MetroMoney o‘tmaydi. Pastki bekatda 2 lari to‘lab, kirish kartasini olishingiz kerak. Kartaga bir tomonga chiqish attraksionlar uchun pul kiritasiz. Chiqish narxi 12 lari, ya’ni 55 000 so‘m.
Jamoat transportiga umumiy 24 lari, taxminan 110 000 so‘m sarfladim.

Tbilisida apartament qancha turadi
Airbnb orqali kvartira tanladim. Uch kechaga 185 dollar, ya’ni 2,2 million so‘mdan sal ko‘proq pul ketdi. Chugureti tumanida, David Agmashenebeli shoh ko‘chasidagi apartamentda yashadim. Bu joy menga juda yoqdi. Tarixiy markazga piyoda chiqish mumkin. Yaqin atrofda kafelar, do‘konlar va transport bor. Bu tuman Eski shaharga qaraganda ancha tinch, sayyohlar ham ko‘pemas.
Birinchi kunimda onlayn ishlarimni bitirdim va kechka yaqin aylangani chiqdim. Kura daryosi ustidagi ko‘prikdan piyoda o‘tib, tarixiy markazga bordim. Bayram sabab ko‘chalarda odamlar juda ko‘p edi. Atrof chiroqlar bilan bezatilgandi. Har tomondan musiqa va qo‘shiq ovozlari eshitilardi. Ko‘chalarda vino ham quyib berishardi.
.webp)
Ovqatlanishga qancha pul ketadi
Markaziy ko‘chalarda sayyohlarga mo‘ljallangan restoranlar ko‘p. Narxlari qimmat, taomlari mazali bo‘lishiga ham kafolat yo‘q. Kechki ovqat uchun xaritadan joy qidirib Saxlis Gemo oilaviy kafesiga keldim. Bu joy sayyohlar yuradigan yo‘llardan biroz chetroqda joylashgan. Bu yerda mazali gruzin taomlari, tinch muhit va hamyonbop narxlar bor. Tovuqli xinkali, salat va bir bokal vinoga 65 lari, taxminan 300 000 so‘m berdim.
Gruzin taomlarini juda yaxshi ko‘rib qoldim. Har kuni ko‘chada ovqatlanib, vino ichdim. Uch kunda kafe va restoranlarga 1 520 000 so‘m ketdi. Ba’zi mahsulotlarni supermarketdan oldim, lekin asosan shaharda ovqatlandim. Sayyohlar uchun mo‘ljallangan restoranlardan ko‘ra, kichik oilaviy kafelarni tanlashga harakat qildim. Hamma joyda karta bilan to‘ladim.

Tomosha qiladigan joylar
Ikkinchi kunimni ekskursiyaga bag‘ishladim. Tanishlarim tavsiyasi bilan sayyohlar kam boradigan, shaharning o‘ziga xos joylari bo‘ylab individual ekskursiyani tanladim. Buning uchun 100 dollar, ya'ni 1,2 million so‘m to‘ladim. Menga shaharning mashhur joylarini odamlar gavjum paytda ko‘rishdan ko‘ra, uning tarixi va kundalik hayoti bilan tanishish qiziqroq. Eski shahar va Sololaki bo‘ylab sayr qilib, eski hovlilar va chiroyli kirish joylarini tomosha qildik. Ko‘pchilik sayyohlar bu joylarga e’tibor berishmaydi. Gid Tbilisi tarixi va shahar qanday rivojlangani haqida gapirib berdi.
Ekskursiyadan keyin funikulyorda Mtatsminda bog‘iga chiqdim. Rostini aytsam, bog‘ning o‘zi yaxshi taassurot qoldirmadi. Attraksionlar eskirgan, ko‘ngilochar joylar ham kam ekan. Bu yerga faqat shahar manzarasini tomosha qilish va kuzatuv maydonchalariga chiqish uchun kelish mumkin. Pastga esa Rike–Narikala kanat yo‘lida tushishni tavsiya qilaman. Yo‘l davomida Tbilisi markazi va Kura daryosining chiroyli manzaralari ko‘rinadi.
.webp)

Uchinchi kunimni muzeylarga bag‘ishladim. Birinchi bo‘lib Milliy galereyaga bordim. Kirish narxi 25 lari, 115 000 so‘m. Keyin Tasviriy san’at muzeyiga o‘tdim, kirish narxi 40 lari, 183 000 so‘m. San’atni yaxshi ko‘rsangiz, muzeylar uchun bir necha soat ajrating.
Keyin Chugureti bo‘ylab sayr qildim. Bu Kura daryosining chap qirg‘og‘ida joylashgan zamonaviy joy. Bu yerda ko‘plab kafelar, barlar, kichik do‘konlar va ijodiy maskanlar joylashgan. Tasodifan mahalliy brendlar klasterini va yaqinda Toshkentda ham ochilgan Shavi Coffee’ni topdim. Mahalliy do‘konlarni aylanib, suvenir izladim. Oddiy magnitlar o‘rniga do‘stlarimga qo‘lda yasalgan noyob sovg‘a olib kelmoqchi edim. Sovg‘alar va suvenirlarga 130 laridan sal ko‘proq, taxminan 600 000 so‘m ketdi.


Tbilisiga borishimga qancha pul ketdi
Tbilisi menga yoqdi. Mazali, chiroyli va bahorning oxiri uchun havosi ham juda yoqimli edi. Bog‘lar, xiyobonlar, piyodalar ko‘chalari va sayr qiladigan joylar ko‘p. Shoshilmay aylanib, shaharni har safar yangi tomondan kashf etish mumkin. Narxlar Toshkentdagidan qimmat bo‘lsa ham, Dubayga o‘xshagan shaharlardan arzonroq. Sayohatga umumiy 14 275 000 so‘m ketdi. To‘rt kunda shaharni yaxshi to‘liq o‘rganib bo‘lmaydi. Lekin yana qaytib kelish uchun yaxshigina bahona bo‘lishi mumkin.
Visa va Mastercard kartalari shaharning deyarli hamma joyida o‘tadi. Masalan do‘konlar, kafe va restoranlar, muzeylar hamda transport kassalarida. Lekin naqd pul ham olib yurgan yaxshi. Men o‘zim bilan 100 dollar olib borgandim. Uning yarmini ekskursiyaga sarfladim. Qolganini almashtirib, kichik kafelar, do‘konlar, suvenir rastalari va taksida ishlatdim.
Yana qayerga borish mumkin:
- Issiq o‘lkalarda dam olish uchun Vyetnam yoki Malayziyaga boring.
- Uzoq yo‘ldan qo‘rqmasangiz Xitoyni tanlang.
- Yana variantlar kerak bo‘lsa vizasiz kirish mumkin bo‘lgan davlatlarning to‘liq ro‘yxati bilan tanishing.

