Viza qoidalari doim o‘zgarib turadi

 

O‘zbekiston fuqarolari ortiqcha qog‘ozbozliksiz 35 ta mamlakatga safar qilishi mumkin . Yana 41 ta mamlakatda esa soddalashtirilgan tartib joriy etilgan: elektron viza yoki yetib borgandan keyin beriladigan viza. Biroq bu ro‘yxat vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkin. Masalan, 2026-yil boshidan Kabo-Verde O‘zbekiston fuqarolari uchun soddalashtirilgan tartibni bekor qildi . Lesotoda esa elektron viza tizimi hozircha ishlamayapti — qonun bunga ruxsat bersa-da, vizani hali ham faqat konsullik orqali olish mumkin. Shuning uchun sayohatni rejalashtirishdan oldin kirish shartlarini albatta tekshiring.

O‘zbekiston fuqarolari qaysi mamlakatlarga vizasiz kira oladi

Turkiya. Mamlakatda 90/180 qoidasi amal qiladi: har 180 kunlik davr ichida jami 90 kungacha qolish mumkin. Muddat kirgan kundan boshlab hisoblanadi. Kirish uchun xorijga chiqish pasporti kerak bo‘lib, u ruxsat etilgan muddat tugashidan kamida 60 kun ko‘proq amal qilishi lozim. Ya’ni, mamlakatga kirgan kunda pasport amal qilish muddatining tugashigacha kamida 150 kun qolgan bo‘lishi shart.

Gruziya. O‘zbekiston fuqarolari visasiz tarzda 365 kungacha mamlakatda qolishlari mumkin. Kirish paytida xorijga chiqish pasporti butun qolish davri davomida amal qilishi kerak.
2026-yil 1-yanvardan boshlab, Gruziyaga kirish uchun majburiy tibbiy sug‘urta talab qilinadi. Sug‘urta butun sayohat muddatini — kelish va ketish sanalarini — qamrab olishi shart. Polisning minimal qoplamasi 30 000 gruzin larisi (taxminan 11 500 dollar) etib belgilangan.

Shuningdek, chegarada mehmonxona bronini, qaytish chiptasini yoki mamlakatda yashash uchun yetarli mablag‘ingiz borligini tasdiqlovchi hujjatlarni so‘rashlari mumkin.

Belarus Respublikasi. O‘zbekiston fuqarolari yiliga 90 kungacha tashrif buyurishlari mumkin. Bir martalik kirishda 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga qolishga ruxsat beriladi. Mamlakatdan chiqish sanasidan boshlab pasport kamida 90 kun amal qilishi lozim. Chegaradan o‘tishda sizdan migratsiya kartasini to‘ldirishni ham so‘rashadi.

30 kungacha bo‘lgan tashriflarda har bir kun uchun 49 belarus rubli miqdorida mablag‘ga ega bo‘lish talab etiladi — bu taxminan 210 000 so‘m yoki 17,5 dollar degani. Bir oy davomida qolish uchun esa kamida 1225 belarus rubli (taxminan 2,3 million so‘m) bo‘lishi kerak.

Shuningdek, qoplamasi kamida 10 000 yevro bo‘lgan majburiy tibbiy sug‘urta talab qilinadi. Uni oldindan rasmiylashtirish yoki Minsk aeroportida xarid qilish mumkin.

BAA (Birlashgan Arab Amirliklari). Mamlakatda 30 kungacha qolish mumkin. Kirish uchun xorijga chiqish pasporti kerak bo‘lib, u mamlakatga kelgan kundan boshlab kamida 6 oy amal qilishi lozim.

Antigua va Barbuda. O‘zbekiston fuqarolari bu yerda 180 kungacha qolishlari mumkin. Kirish uchun amal qilayotgan xorijga chiqish pasporti talab etiladi. Shuningdek, chegarada qaytish yoki boshqa mamlakatga uchish chiptasi, turar joyni tasdiqlovchi hujjat (mehmonxona broni) hamda hisobingizda yetarli mablag‘ borligini tasdiqlovchi hujjatlar so‘ralishi mumkin.

Armaniston. 180 kungacha vizasiz qolish mumkin. Xorijga chiqish pasporti mamlakatda bo‘lishning butun davri davomida amal qilishi kerak. Ba’zan chegarada qaytish chiptasi, mehmonxona bronlari yoki bank ko‘chimasi so‘ralishi mumkin.

Ozarbayjon. Bu mamlakatda 90 kungacha qolishga ruxsat beriladi. Pasport sayohat tugagan sanadan boshlab kamida 3 oy amal qilishi lozim. Chegarada qaytish chiptalari yoki mehmonxona bronini taqdim etishingizni so‘rashlari mumkin.

Barbados. Mamlakatda 28 kungacha qolish mumkin. Kirish uchun sayohat davomida amal qiladigan xorijga chiqish pasporti talab etiladi. Chegarada qaytish chiptasi, mehmonxona broni yoki mamlakatda yashash uchun yetarli mablag‘ borligini tasdiqlovchi hujjat so‘ralishi mumkin.

Dominika. O‘zbekiston fuqarolari bu yerda 21 kungacha qolishlari mumkin. Pasport sayohat tugagan kundan boshlab kamida 6 oy amal qilishi kerak. Shuningdek, qaytish chiptalari, mehmonxona bronlari va yashash uchun yetarli mablag‘ borligini ko‘rsatadigan hujjatlar talab qilinishi mumkin.

Gambiya. Mamlakatda 28 kungacha qolishga ruxsat beriladi. Kirish uchun amaldagi xorijga chiqish pasporti hamda sariq isitmaga qarshi emlanganlik sertifikati kerak. Shuningdek, mehmonxona broni va boshqa sayohat hujjatlari so‘ralishi ehtimoli bor.

Gaiti, Grenada, Sent‑Vinsent va Grenadinlar, Namibiya, Moldova. Bu mamlakatlarda 90 kungacha qolish mumkin. Kirish uchun, kelgan kundan boshlab kamida yana 6 oy amal qiladigan xorijga chiqish pasporti talab etiladi. Shuningdek, qaytish chiptalari, mehmonxona broni va ba’zan mamlakatda yashash uchun yetarli mablag‘ borligini tasdiqlovchi hujjatlar so‘ralishi mumkin.

Iordaniya, Mikroneziya, Mo‘g‘uliston, Falastin. Ushbu davlatlarda ko‘pi bilan 30 kun qolish mumkin. Kirishda sayohat tugagan sanadan boshlab kamida yana 6 oy amal qiladigan xorijga chiqish pasporti, qaytish chiptalari va mehmonxona broni bo‘lishi lozim.

Eron. Har olti oyda mamlakatda 15 kungacha qolish mumkin. Kirishda kelgan kundan boshlab kamida yana 6 oy amal qiladigan xorijga chiqish pasporti va qaytish aviachiptalari talab qilinadi.

Qozog‘iston va Tojikiston. Bu mamlakatlarda 30 kungacha bo‘lish mumkin. Faqat xorijga chiqish pasporti kerak.

Qirg‘iziston. O‘zbekiston fuqarolari xorijga chiqish pasportisiz, ichki hujjatlar bilan kirishi mumkin bo‘lgan yagona mamlakat. Bu yerda 60 kungacha qolish mumkin

Oman. Mamlakatda 14 kungacha qolish mumkin. Kamida yana yarim yil amal qiladigan xorijga chiqish pasporti kerak. Qaytish chiptalari, mehmonxona broni va tibbiy sayohat sug‘urtasini so‘ralishi mumkin.

Ukraina. Mamlakatda har 180 kun davomida 90 kungacha qolish mumkin. Amal qilish muddati o‘tmagan xorijga chiqish pasporti kerak. Mamlakatga kirish shartlari o‘zgarib turgani sababli, sayohatdan oldin tekshirgan yaxshi.

Qaysi mamlakatlar uchun raqamli kelish kartasi yoki onlayn ro‘yxatdan o‘tish kerak bo‘ladi

Tayland. Mamlakatda 60 kungacha qolish mumkin. Amal qilish muddati o‘tmagan xorijga chiqish pasporti kerak. Shuningdek, uchishdan ko‘pi bilan uch kun oldin TDAC nomli kelish raqamli kartasini to‘ldirishingiz lozim. Chegarada mehmonxona broni, qaytish chiptasi va sayyohlik sug‘urtasini so‘ralishi mumkin. 

Xitoy. Bir sayohat davomida 30 kungacha qolish mumkin, lekin umumiy hisobda so‘nggi olti oy ichida uch oydan oshmasligi kerak. Vizasiz rejim Gonkong va Makaoga taalluqli emas.

Rejalashtirilgan sayohat tugagan kundan boshlab kamida yana 6 oy amal qiladigan xorijga chiqish pasporti kerak. Uchishdan oldin albatta elektron kirish kartasini to‘ldiring. Shuningdek, chegarada mehmonxona broni, qaytish chiptasi va bank hisob raqamining chop etilgan ko‘chirmasini so‘rashlari mumkin.

Yovvoyi tabiatda pandalar faqat Xitoyda yashaydi. Agar sayohatga otlansangiz, bizning “Vizasiz Xitoy: sayohat uchun 8 sabab” maqolamizni o‘qib chiqing

Malayziya. Mamlakatda 30 kungacha qolish mumkin. Kirish sanasidan boshlab kamida yana 6 oy amal qiladigan xorijga chiqish pasporti kerak. Kelishdan ko‘pi bilan 3 kun oldin MDAC raqamli kelish kartasini rasmiylashtiring. Shuningdek, qaytish aviachiptalari ham bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, chegarada mehmonxona broni va bank hisob raqamining ko‘chirmasini so‘rashlari mumkin.

Filippin. 30 kungacha qolish mumkin. Kirish sanasida kamida 6 oy amal qiladigan xorijga chiqish pasporti kerak. Kelishdan ko‘pi bilan 3 kun oldin elektron kelish kartasini to‘ldirib, QR-kod olish lozim. Shuningdek, qaytish chiptasi va mehmonxona bronini so‘rashlari mumkin.

Surinam. Mamlakatda 90 kungacha qolish mumkin. Uchib kelishdan uch kun oldin elektron kelish shaklini to‘ldirish kerak. Shuningdek, barcha sayyohlar chegarada turistik yig‘imi uchun 50 dollar to‘lashadi. Kirish uchun, mamlakatdan chiqib ketganingizdan keyin kamida yana olti oy amal qiladigan xorijga chiqish pasporti talab etiladi.

Rossiya. Mamlakatda 90 kungacha qolish mumkin. Amaldagi xorijga chiqish pasporti, chegarada to‘ldiriladigan migratsiya kartasi va ruID orqali olingan QR-kod talab qilinadi. Ilovada, kelishdan 90 kundan oldin bo‘lmagan muddat davomida va 72 soatdan kechiktirmay ro‘yxatdan o‘tish lozim. Agar zudlik bilan kelish kerak bo‘lsa, kamida 4 soat oldin ro‘yxatdan o‘tish kerak. Shuningdek, sayohat maqsadini tasdiqlovchi hujjatlar, masalan, mehmonxona broni so‘ralishi mumkin.

Keniya. Mamlakatda 90 kungacha qolish mumkin. Kamida 3 kun oldin eTA — elektron kirish ruxsatnomasini to‘ldirishingiz va 30 dollarlik yig‘im pulini to‘lashingiz kerak. Ariza topshirish uchun, kirish kunidan boshlab kamida yana olti oy amal qiladigan xorijga chiqish pasporti, chiptalar va mehmonxona broni kerak.

Kot-d’Ivuar (Fil Suyagi Qirg‘og‘i). Mamlakatda 90 kungacha qolish mumkin. Kirishga ruxsat olish uchun oldindan elektron shaklni to‘ldirish kerak — buni ko‘pi bilan uch oy oldin qilish kerak. Shuningdek, 73 yevro yig‘im to‘lovi bor. Buning uchun, mamlakatga kirish kunidan boshlab kamida yana yarim yil amal qiladigan xorijga chiqish pasporti, qaytish aviachiptasi va uy-joy broni bo‘lishi shart.  

Seyshel orollari. Mamlakatda 30 kungacha qolish mumkin. Kirish uchun ruxsatnoma shaklini sayohatdan ko‘pi bilan 30 kun oldin to‘ldirishingiz va 10 yevro yig‘im to‘lovini kiritishingiz kerak. Xorijga chiqish pasporti ma’lumotlari, bron tasdiqlovi va qaytish chiptalari kerak.

Shri-Lanka. Mamlakatda 30 kungacha qolish mumkin. Kelishdan oldin elektron shaklni to‘ldirib, 20 yevrodan boshlanadigan yig‘im to‘lovini kiritish kerak. Buni uchib kelganingizda ham qilishingiz mumkin, lekin kirish uchun ko‘proq to‘lashga to‘g‘ri keladi. Kirish sanasidan boshlab kamida yana yarim yil amal qiladigan xorijga chiqish pasporti, mehmonxona broni va qaytish chiptalari kerak.

O‘zbekiston fuqarolari kelgach yoki onlayn viza olishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar

Vyetnam. Mamlakatda 90 kungacha qolish mumkin. Elektron viza yoki kelganda olinadigan viza faqat mamlakatning materik qismiga tashrif buyurganingizda kerak bo‘ladi. Fukuok oroliga sayohat qilish uchun esa hech narsa kerak emas. Bir martalik viza narxi — 25 dollar, ko‘p martalik — 50 dollar. Xorijga chiqish pasporti viza muddati tugagan kundan boshlab yana kamida bir oy amal qilishi kerak.

Obunachimiz Sanjardan fotosurat. U Vyetnamni juda yaxshi ko‘radi va “Vyetnamda dam olish qanchaga tushadi” maqolasida sayohat tajribasi hamda barcha narxlar bilan bo‘lishdi

Maldiv orollari. Mamlakatda 30 kungacha qolish mumkin. Viza uchib kelgach olinadi. Xorijga chiqish pasporti sayohat tugaganidan keyin kamida yana bir oy amal qilishi kerak.

Shuningdek, qaytish chiptasi, to‘lovi bo‘lgan mehmonxona broni va mamlakatda qolish uchun yetarli pulingiz borligini tasdiqlash kerak. Kelishdan 96 soatgacha orollar immigratsiya xizmati saytida sayohatchilar uchun deklaratsiyani to‘ldirish lozim.

Nepal. Vizalar 15, 30 yoki 90 kunga beriladi. Lekin mamlakatda yiliga 150 kundan ortiq qolish mumkin emas. Vizani uchib kelganda olish yoki oldindan onlayn rasmiylashtirish mumkin. Kirish sanasida, xorijga chiqish pasporti muddati kamida yana 6 oy amal qilishi kerak. Viza yig‘imi mamlakatda bo‘lish vaqtiga qarab hisoblanadi.

Hindiston. Mamlakatda bo‘lishning ruxsat etilgan muddati elektron viza turiga bog‘liq. Eng qisqa muddati — 30 kun. Lekin, mamlakatda, bir kalendar yil davomida 180 kundan ortiq bo‘lish mumkin emas. Elektron vizani sayohatdan kamida 4 kun oldin onlayn rasmiylashtirish kerak. Turistik vizaning 30 kunlik, bir yillik va besh yillik turlari mavjud. 30 kunlik viza bilan mamlakatga ikki marta kirish mumkin. Bir yillik va besh yillik turlari bilan, ruxsat etilgan kunlar tugamaguncha, mamlakatga bir necha marta kirish mumkin. Narx, viza muddatiga bog‘liq. Masalan, qisqa muddatlisi mavsumga qarab 10 yoki 25 dollar bo‘ladi. 

Xorijga chiqish pasporti muddati hujjat topshirish paytida kamida yana 6 oy amal qilishi va muhrlar uchun kamida ikkita bo‘sh sahifa qolgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, qaytish chiptasi va viza amal qilayotgan davrda mamlakatda yashash uchun pulingiz borligini tasdiqlashni so‘rashlari mumkin.

Efiopiya. Mamlakatda 30 kundan 90 kungacha qolish mumkin. Elektron viza kelish sanasidan kamida uch kun oldin onlayn tarzda rasmiylashtiriladi. 30 kunlik viza narxi 62 dollarni, 90 kunligi esa 152 dollarni tashkil qiladi. Xorijga chiqish pasporti muddati mamlakatga kirish sanasidan boshlab kamida yana 6 oy amal qilishi lozim.

Kelganda olinadigan viza ham bor, lekin uni rasmiylashtirishga ko‘p vaqt ketadi, shu sababli bu imkoniyatdan foydalanmagan yaxshi.

Laos. Mamlakatda 30 kungacha qolish mumkin. Viza uchib kelgach olinadi. Mamlakatga kirishdan uch kun oldin onlayn ro‘yxatdan o‘tish shaklini to‘ldirish kerak. Kirish kunidan boshlab kamida yana olti oy amal qiladigan xorijga chiqish pasporti kerak.

Kambodja. Mamlakatda 30 kungacha qolish mumkin. Viza uchib kelgach olinadi yoki elektron tarzda rasmiylashtiriladi — bu, juda qulay. Narxi 35 dollar. Shuningdek, kelishdan yetti kun oldin raqamli kirish kartasini to‘ldirish shart. Kirish kunidan boshlab kamida yana yarim yil amal qiladigan xorijga chiqish pasporti, mehmonxona bronini tasdiqlovchi hujjat va qaytish chiptalari kerak bo‘ladi.  

Zimbabve. Mamlakatda 30 kungacha qolish mumkin. Viza uchib kelgach olinadi yoki qulayroq usul — elektron tarzda rasmiylashtiriladi va to‘lovi o‘sha yerda qilinadi. Ko‘rib chiqish muddati, kamida yetti ish kuni. Sayohatdan kamida uch hafta oldin ariza topshirish kerak. Amal qilish muddati kamida yana olti oy bo‘lgan xorijga chiqish pasporti, mehmonxona bronini tasdiqlovchi hujjat va qaytish chiptalari kerak bo‘ladi. 

Indoneziya, Bali. Mamlakatda 30 kungacha qolish mumkin. Viza uchib kelgach olinadi. Uchib kelishdan oldin raqamli kelish kartasini to‘ldirish kerak. Xorijga chiqish pasportining amal qilish muddati kirish kunidan boshlab kamida yana 6 oy bo‘lishi va qaytish chiptalari kerak.   

Saudiya Arabistoni. Mamlakatda yiliga 90 kungacha qolish mumkin. Vizani uchib kelgach yoki oldindan onlayn tarzda rasmiylashtirish mumkin. Rasmiy saytda buni mamlakatga kirishdan kamida yetti kun oldin qilish tavsiya etiladi. 

Viza bir yil amal qiladi, ya’ni ruxsat berilgan kunlar tugagunga qadar mamlakatga bir necha marta kirib-chiqish mumkin. Tibbiy sug‘urta bilan birga rasmiylashtirish narxi taxminan 100–150 dollar bo‘ladi. Xorijga chiqish pasporti muddati mamlakatga kirgan kundan boshlab kamida yana 6 oy amal qilishi kerak. Umra va Haj ziyoratini ado etmoqchi bo‘lganlar maxsus qisqa muddatli vizani rasmiylashtirishlari mumkin. Bu ham onlayn qilinadi.

Bibisora xola ikki marta umra ziyoratiga borgan. “Umra safarini amalga oshirish qanchaga tushadi?” maqolasida o‘z tajribasi, narxlar va maxsus vizani qanday olish kerakligi haqida so‘zlab bergan

Iordaniya, Ruanda, Qatar, Sharqiy Timor, Makao, Tuvalu, Boliviya, Burundi, Gvineya-Bisau, Livan, Palau, Yamayka, Togo. Ushbu mamlakatlarda sayyohlar har kelganda 30 kungacha qolishlari mumkin, viza esa yetib kelgach olinadi. Kirish kunidan boshlab kamida yana yarim yil amal qiladigan xorijga chiqish pasporti bo‘lishi lozim. Shuningdek, mehmonxona broni, qaytish chiptalari kerak. Ba’zan yetarlicha pulingiz borligini tasdiqlashni ham talab qilishadi.

Madagaskar, Samoa. Ushbu mamlakatlarda 60 kungacha qolish mumkin. Viza uchib kelgach olinadi. Xorijga chiqish pasportining amal qilish muddati kirish kunidan boshlab kamida yana 6 oy bo‘lishi lozim. Shuningdek, mehmonxona bronining tasdig’i va qaytish chiptalar kerak. 

Komor orollari. Mamlakatda 45 kungacha qolish mumkin. Viza uchib kelgach olinadi. Xorijga chiqish pasporti sayohat tugagach kamida yana olti oy davomida amal qilishi kerak. Shuningdek, mehmonxona bronining tasdig’i va qaytish chiptalari kerak.

Mavritaniya. Amal qilish muddati 30, 90 yoki 360 kun bo‘lgan bir, ikki yoki ko‘p martalik viza olish mumkin. Onlayn ariza berish kerak. Mamlakatga kirish vaqtida xorijga chiqish pasportining amal qilish muddati kamida yana olti oy bo‘lishi kerak. Shuningdek, sariq isitmaga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikat ham talab qilinadi. 

Mavrikiy. Mamlakatda 60 kungacha qolish mumkin. Viza uchib kelgach olinadi. Shuningdek, parvozdan oldin elektron ro‘yxatdan o‘tish shaklini to‘ldirish kerak. Xorijga chiqish pasporti mamlakatda bo‘lish muddati davomida amal qilishi lozim; qo‘shimcha 1-3 oy zaxira bo‘lgani yaxshi. Mehmonxona broni, qaytish chiptalari ham kerak. Ba’zan yetarlicha pulingiz borligini tasdiqlashni so‘raladi. 

Mozambik. 30, 60 yoki 90 kun muddatga kirish mumkin. Vizani mamlakatga kelib olish yoki sayohatdan 3-5 kun oldin elektron tarzda rasmiylashtirish mumkin. Kirish kunidan boshlab kamida yana olti oy amal qiladigan xorijga chiqish pasporti, mehmonxona broni, qaytish chiptalari kerak. Ba’zan yetarlicha pulingiz borligini tasdiqlash so‘raladi.

Nikaragua. Bu yerda eng ko‘pi bilan 90 kun qolish mumkin. Viza uchib kelgach olinadi. Sayohatdan kamida 7 kun oldin elektron shaklni to‘ldirish kerak. Xorijga chiqish pasportining amal qilish muddati kirish kunidan boshlab olti oydan ko‘p bo‘lishi, mehmonxona broni, qaytish chiptalari kerak. Ba’zan yetarlicha pulingiz borligini tasdiqlash so‘raladi.  

Serra-Leone. Bir sayohatda 30 kundan ortiq qolib bo‘lmaydi. Vizani mamlakatga kelganda olish yoki elektron shaklda rasmiylashtirish mumkin. Bir martalik kirish 80 dollar, ko‘p martalik kirish esa 160 dollar turadi. Xorijga chiqish pasportining amal qilish muddati kirish kunidan boshlab kamida yana yarim yil bo‘lishi kerak. 

Uganda. Mamlakatda, bir martalik viza bilan 90 kungacha qolish mumkin. Shuningdek, amal qilish muddati 180 kungacha bo‘lgan ko‘p martalik vizani ham olsa bo‘ladi. Elektron vizani sayohatdan kamida 5 kun oldin rasmiylashtirish kerak, yig‘im — 50 dollar. Qaytish chiptasi, tashrif maqsadining batafsil tavsifi va kirish kunidan boshlab kamida yana yarim yil amal qiladigan xorijga chiqish pasporti talab qilinadi. Shuningdek, sariq isitmaga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikat ham kerak. Emlashni kelganingizda qilish mumkin, lekin oldindan qildirgan yaxshi.

Nigeriya. Viza 90 kunga beriladi, lekin faqat bir marta 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga kelish mumkin. Elektron vizani 1-2 hafta oldin rasmiylashtirish kerak. Kirish kunidan boshlab kamida yana yarim yil amal qiladigan xorijga chiqish pasporti, 180 kunlik bank ko‘chirmasi, qaytish chiptasi va mehmonxona broni talab etiladi.

Gvineya. Mamlakatda 90 kungacha qolish mumkin. Elektron vizani kamida bir hafta oldin rasmiylashtirish kerak, yig‘im — 80 dollar. Xorijga chiqish pasportining amal qilish muddati kirish kunidan boshlab 6 oydan ko‘p bo‘lishi, qaytish chiptalari, sariq isitmaga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikat kerak. Chegarada, mamlakatda bo‘ladigan butun davringiz uchun yetarlicha pulingiz borligini tasdiqlovchi hujjat va mehmonxona bronini taqdim etish talab qilinadi.

Gabon. Vizalar bir martalik: 30 kundan 90 kungacha bo‘lgan muddatga beriladi — yig‘im 85 yevro. Ko‘p martalik: yarim yil muddatga — yig‘im 200 yevro. Elektron vizani uchib kelishdan kamida 72 soat oldin rasmiylashtirish kerak. Kirish kunidan boshlab kamida yana yarim yil amal qiladigan xorijga chiqish pasporti talab etiladi. Shuningdek, qaytish chiptalari, mehmonxona broni va sariq isitmaga qarshi emlanganlik sertifikati kerak bo‘ladi. Mamlakatga kelishdan kamida 10 kun oldin emlanish kerak.  

Jibuti. Viza bo‘yicha mamlakatda qolish muddati 15 kundan 90 kungacha. Elektron vizani taxminan bir hafta oldin rasmiylashtirish kerak. Yig‘im — 23 dollar. Mamlakatdan chiqib ketganingizdan keyin kamida yana olti oy amal qiladigan xorijga chiqish pasporti talab etiladi. Qaytish aviachiptalari va mamlakatdagi yashash manzili ham kerak.

Janubiy Sudan. Viza 30 kunga beriladi. Elektron vizani rasmiy portalda rasmiylashtirish mumkin. Yig‘im 100 dollardan sal ko‘proq. Kirish kunidan boshlab kamida yana yarim yil amal qiladigan xorijga chiqish pasporti bo‘lishi lozim. Mehmonxona broni, qaytish chiptalari ham kerak. Ba’zan yetarlicha pulingiz borligini tasdiqlashni so‘rashadi. Shuningdek, sariq isitmaga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikat ham kerak.

Ekvatorial Gvineya. Mamlakatga 30 kungacha kirish mumkin. Elektron vizani rasmiy saytda rasmiylashtirish mumkin. Buni, uchib kelishdan kamida 72 soat oldin qilish kerak. Yig‘im — 75 dollar. Kelish sanasidan boshlab kamida yana 30 kun amal qiladigan xorijga chiqish pasporti, qaytish chiptalari, mehmonxona broni, sayyohlik sug‘urtasi, sariq isitmaga qarshi emlanganlik haqidagi sertifikat hamda bank muhri bosilgan oxirgi uch oylik bank ko‘chirmasi talab etiladi.

Malavi. Viza 90 kun amal qiladi. Uni uchib ketishdan kamida uch kun oldin, rasmiy portalda onlayn tarzda rasmiylashtirish kerak. Yig‘im — 50 dollar. Kirish kunidan boshlab kamida yana 180 kun amal qiladigan xorijga chiqish pasporti, qaytish chiptalari, bron tasdig‘i yoki istiqomat qiladigan manzil egasidan xat kerak bo‘ladi.

Kongo Demokratik Respublikasi. Viza uch oy davomida amal qiladi. Uni rasmiy portalda uchib kelishdan kamida 72 soat oldin rasmiylashtirish kerak. Yig‘im — 90 dollar. Kirish kunidan boshlab kamida yana olti oy amal qiladigan xorijga chiqish pasporti, qaytish chiptalari va sariq isitmaga qarshi emlanganlik haqidagi sertifikat talab etiladi.