Bu dorilar nega sotiladi
“Fuflomitsinlar” haqiqiysidan foydasi isbotlanmaganligi bilan farq qiladi.
Dorining foydasini isbotlash uchun farmatsevtika kompaniyalari tadqiqotlar o‘tkazadi. Bu jarayonga ancha vaqt ketadi. U laboratoriya tajribalaridan boshlanadi va odamlarda sinab ko‘rish bilan tugaydi.
Klinik sinovlarning so‘nggi bosqichlarida bemorlarning ikkita guruhi ishtirok etishi shart. Bir guruhga yangi dori, ikkinchisiga esa platsebo (ko‘pincha kraxmal, shakar yoki tuz) beriladi. Shifokorlar ham, bemorlar ham kim nima ichayotganini bilishmaydi. Bu o‘rganish davomida xolislikni ta’minlaydi. Oxirida haqiqiy dorining ta’siri platsebo ta’siridan sezilarli darajada farq qilishi kerak. Ba’zida bunday bo‘lmaydi va farqlar juda kichik bo‘lsa ham, vosita baribir dori sifatida ro‘yxatga olinadi. Bu odatda u yoki bu mamlakat qonunchiligidagi bo‘shliqlar tufayli bo‘ladi.
Ba’zida, dori tadqiqotlarda samaradorlik ko‘rsatgan, lekin tajribalarning o‘zi noto‘g‘ri o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin. Masalan, nazorat guruhi bo‘lmaydi yoki shifokorlar kim platsebo olayotganini bilishadi. Xalqaro standartlarga ko‘ra, bunday preparat ham dori hisoblanmaydi. Lekin ayrim mamlakatlarda u dori vositalari reyestriga kirishi, boshqalarida esa parhez bioaktiv qo‘shimcha (BAD) sifatida sotilishi mumkin.
Bu holatlar sobiq Ittifoq davlatlarida ko‘p. Masalan, Rossiya reglamentida tadqiqotlar imkon qadar nazorat qilinishi, platsebo guruhi bo‘lishi va boshqa umumiy qoidalarga amal qilish kerak. Lekin bu qat’iy talab emas. O‘zbekistonda ham shunga o‘xshash reglament bor, xorijdan kelayotgan ayrim dorilarni esa soddalashtirilgan tartibda ro‘yxatga olish mumkin.
G‘arb mamlakatlarida ro‘yxatga olish qoidalari kuchliroq bo‘lsa ham, foydasi shubhali dorilar bor. Masalan, Germaniyada gomeopatik vositalar klinik sinovlarsiz sotuvga qo‘yilishi mumkin.
Foydali dorilarning ta’siri sifatli klinik tadqiqotlar, ba’zan esa metatahlillar va tizimli kuzatuvlar bilan ham tasdiqlanadi. Bunday yirik tadqiqotlarda bir nechta izlanish natijalari birgalikda baholanadi. Bu dorilar odatda ko‘plab davlatlarning klinik tavsiyalariga ham kiritiladi. “Fuflomitsinlar” esa, hatto ayrim davlatlarda ruxsat berilgan bo‘lsa ham, bunday ro‘yxatlarga kirmasligi mumkin.
Qaysi dorilarning foydasi yo‘q
Gomeopatiya. Gomeopatik vositalarda ta’sir qiluvchi modda juda kichik dozalargacha suyultiriladi. Ba’zida esa tayyor preparatda u umuman yo‘q. Ya’ni, gomeopatiyada faol komponentlar qolmaydi yoki deyarli qolmaydi va u organizmga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Lekin, bu dorilar hatto tajribalardan ham o‘tgan. Albatta, sifatli tadqiqotlarda ular va platsebo o‘rtasida hech qanday farq aniqlanmagan. Gomeopatiya ishlab chiqaruvchilari xalqaro standartlarga javob bermaydigan bir martalik tajribalarga tayanadilar.
Gomeopatiyaning afzalligi — uning nojo‘ya ta’siri yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Kamchiligi esa — u bilan jiddiy kasalliklarni davolashga urinish og‘ir asoratlar va o‘limga olib kelishi mumkin. Shu sababli JSST bunday qilishni umuman tavsiya qilmaydi.
Dorixonalarda qanday gomeopatik dorilarni uchratish mumkin:
- “Limfomiozot” — ishlab chiqaruvchining aytishicha, dezintoksikatsion, allergiyaga qarshi, limfodrenaj va ekssudatsiyaga qarshi ta’sir ko‘rsatadi. Allergik kasalliklar, angina, aqliy rivojlanishdagi nuqsonlar va boshqa holatlarda yordam berar ekan.
- “Viburkol” — bolalar uchun shamchalar, ular yana tana haroratini tushirib og‘riqni qoldirar ekan.
- “Tserebrum kompozitum” — hamma kasalliklarni davolashi kerak bo‘lgan dori.
- “Engistol” — virusga qarshi va immunomodulyator vosita sifatida beriladi.
- “Anaferon” — virusga qarshi preparat niqobi ostidagi gomeopatiya.

Nootroplar va neyroprotektorlar. Bu guruhga sog‘lom odamlarda miya faoliyatini yaxshilashi, uni zararli ta’sirlardan himoya qilishi yoki kasalliklarda tiklashi kerak bo‘lgan dorilar kiradi. Bu dorilarni ham foydasi isbotlanmagan.
Dorixonalarida qanday nootroplar va neyroprotektorlar bor:
- “Fenibut” — yo‘riqnomasiga ko‘ra xavotirni kamaytiradi, uyqusizlik, tiklar va boshqalarni davolaydi. Lekin bunga hech qanday isbot yo‘q. Lekin, undan giyohvand modda sifatida foydalanilgani, zaharlanish va dozani oshirib yuborish holatlari haqida ma’lumotlar bor. Ayrim davlatlarda bu dori taqiqlangan.
- “Glitsin” — tinchlantiruvchi vosita sifatida ishlashi kerak. Lekin, preparatning ta’sir qiluvchi moddasi qonda aylanib yuruvchi birikmalardan asab hujayralarini himoya qiluvchi gematoensefalik to‘siqdan deyarli o‘ta olmaydi. Shu sababli, u odamlarning holatiga ta’sir ko‘rsatmaydi.
- “Korteksin” va “Tserebrolyuzin” — qoramol miyasining quritilgan bo‘laklari bo‘lib, asab hujayralari faoliyatini yaxshilashi kerak. Faqat MDH davlatlarida qo‘llaniladi, G‘arb mamlakatlarida ishlatilmaydi. Samaradorligini tasdiqlovchi sifatli ilmiy ishlar yo‘q.
- “Piratsetam” — bolalarda o‘zlashtirishni yaxshilashdan tortib, demensiyani davolashgacha keng qo‘llaniladi. 1970-yillarda ishlab chiqilganidan beri uning samaradorligi bo‘yicha sifatli tadqiqotlar o‘tkazilmagan. Shu bilan birga, tana vaznining ortishi, giperaktivlik va uyquchanlik kabi ta’sirlari bor.

Virusga qarshi dorilar. Ular orasida ishlaydiganlari ham, foydasi tasdiqlanmaganlari ham bor. Bilish kerak bo‘lgan narsa — O‘RVIni davolash va profilaktika qilish uchun virusga qarshi vositalar qo‘llanilmaydi. Ularning ba’zilari, masalan, Rimantadin grippda rostdan kerak, lekin hammaga ham emas. Bunday dorilarni faqat shifokor tayinlashi kerak.
Qaysi virusga qarshi dorilarni hech qachon ichmaslik kerak:
- “Arbidol” — ta’sir qiluvchi moddasi umifenovir. Uning gripp viruslari bilan bog‘lanishi mumkinligini tasdiqlovchi laboratoriya ma’lumotlari bor. Lekin u odam organizmida haqiqatda shunday qilishiga oid isbotlar yo‘q.
- “Ingavirin” — go‘yoki barcha O‘RVI turlariga qarshi vosita. Lekin uning ta’sir qiluvchi moddasi virusga qarshi vosita sifatida o‘rganilmagan. Samaradorlik isbotlari sifatida faqat ishlab chiqaruvchi tomonidan o‘tkazilgan kichik va sifatsiz tadqiqotlar bor.
- “Kagotsel” — foydasi bo‘yicha birorta ham sifatli tadqiqot yo‘q. Lekin qiziq bir tajriba bor: unda “Kagotsel” ta’sir qiluvchi moddalari o‘ta yuqori darajada suyultirilgan gomeopatik “Ergoferon”dan ham yomonroq natija ko‘rsatgan.

Immunomodulyatorlar va immunostimulyatorlar. Immun tizimini yaxshilashi va kasalliklarga qarshi kurashishiga yordam berishi kerak bo‘lgan dorilar.
Aslida, immunitetni mustahkamlash uchun to‘g‘ri ovqatlanish, to‘yib uxlash, jismoniy faollik bilan shug‘ullanish va vaksinalari bor bo‘lgan kasalliklarga qarshi emlanish kerak.
Immunomodulyatorlar orasida ishlaydiganlari bor, masalan, rekombinant inson interferoni alfa-2b/beta-1b — lekin u faqat ukol shaklida va aniq ko‘rsatmalar bo‘yicha qo‘llanilganda foyda beradi. O‘RVI paytida tez-tez tayinlanadigan interferonli shamchalar, surtmalar va tomchilar immun tizimiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Aslida bu yaxshi holat. O‘zbekistonda ulardan “Viferon”, “Oftalmoferon”, “Genferon” kabi turlarini uchratish mumkin.

Boshqa mashhur “fuflomitsinlar”. Yuqorida sanab o‘tilganlardan tashqari, quyidagi preparatlar ham mashhur:
- “Validol” — tarkibida levomentol bor, ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, u yurak qon tomirlarini kengaytirishi kerak. Aslida uning bunday ta’siri yo‘q, preparat oshqozondagi og‘riqni biroz yengillashtirishi mumkin. Yurak xuruji paytida unga ishonish hayot uchun xavfli.
- “Korvalol” — tarkibida fenobarbital va yordamchi moddalar bor. Ba’zan yurak kasalliklarida tayinlanadi. Aslida fenobarbitalning o‘zi haqiqiy dori — u barbituratlar guruhiga kiruvchi tinchlantiruvchi vositadir. Lekin, yurak kasalliklari bor bemorlarga u yordam bermaydi. Zamonaviy psixiatriyada ham unga o‘rganib qolish xavfi va ko‘plab nojo‘ya ta’sirlari tufayli undan voz kechilmoqda.
- “Afobazol” — xavotir va stressga qarshi vosita. Uning samaradorligi bo‘yicha faqatgina kichik va sifati unchalik yuqori bo‘lmagan tadqiqotlar bor.
- Gepatoprotektorlar — jigarning ishlashini yaxshilashi, uni shikastlanishdan himoya qilishi yoki tiklashi kerak bo‘lgan dorilar. Bu guruhga samaradorligi bo‘yicha isbotlar juda zaif bo‘lgan turli xil dori vositalari va BADlar kiradi. O‘zbekistonda ulardan “
“Essensiale”, “Fosfogliv” va boshqalarni uchratish mumkin.

Sizga haqiqiy dori tayinlanganini qanday bilish mumkin
Barcha “fuflomitsinlar”ni sanab o‘tishning imkoni yo‘q. Uni tekshirishning bir nechta usullari bor.
Dorini internet orqali tekshirish. Bu uchun bir nechta sayt va servislar:
- Nevrolog Nikita Jukov tomonidan yuritiladigan “Расстрельный список препаратов” sayti. U yerda samaradorligi isbotlanmagan mashhur dori vositalari to‘plangan. Agar dorini savdo nomi bo‘yicha topa olmasangiz, yo‘riqnomada ko‘rsatilgan ta’sir qiluvchi moddasi bo‘yicha qidirib ko‘ring. Bu ro‘yxat asosida MedIQ bazasi yaratilgan — agar dori nomini kiritsangiz, servis uning samaradorligi bo‘yicha xulosa beradi.
- T—J nashrining “Аптечка” servisi. Dori nomini kiriting va u BAD, gomeopatiya yoki foydasi isbotlanmagan vositalar qatoriga kirish-kirmasligini bilib oling.
- Agar ingliz tilini bilsangiz, dorini JSST ro‘yxatidan yoki ikkita eng yirik dori vositalari bazasi — drugs.com va rxlist.com saytlaridan tekshirishingiz mumkin. Agar dori u yerda bo‘lmasa, demak u — “fuflomitsin”. U yerda tayinlangan dorining boshqa dorilar bilan ta’sirini ham o‘rganish mumkin. Qidiruvni savdo nomi bilan emas, yo‘riqnomadagi ta’sir qiluvchi modda nomi bilan qilish kerak.
Yo‘riqnomani o‘qib chiqish. Ko‘rsatmalari qanchalik ko‘p bo‘lsa, dori shunchalik shubhali bo‘ladi. Foydasi isbotlangan dori, bir vaqtning o‘zida ham infarkt, ham insult, ham allergiya va yuqori qon bosimidan yordam berishi mumkin emas.
Yo‘riqnomada ta’sir qiluvchi modda va uning ta’sir qilish mexanizmi ko‘rsatilmagani — xavotirli signal. Masalan, ishlab chiqaruvchi “normallashtiradi”, “yaxshilaydi”, “profilaktika qiladi”, “tonusni oshiradi” kabi so‘zlardan foydalanadi.
“Fuflomitsinlar” yo‘riqnomasida odatda nojo‘ya ta’sirlar kam bo‘ladi yoki umuman bo‘lmaydi. Bu dori xavfsiz ekanligini emas, balki u yomon o‘rganilganini, ya’ni nojo‘ya ta’sirlari noma’lum bo‘lishi mumkinligini bildiradi. Haqiqiy dori yo‘riqnomasida tadqiqotlarda yoki sotuvga chiqqandan keyin aniqlangan barcha, hattoki eng kam uchraydigan nojo‘ya ta’sirlar ham qayd etiladi. Shu sababli haqiqiy dorilar yo‘riqnomasi ancha uzun va vahimali ko‘rinishi mumkin.
Shifokordan so‘rash
Doktor nima uchun aynan shu dorini tayinlaganini so‘rang. Qanday natija kutish va dorining ta’sir qilish mexanizmini tushuntirishni so‘rang. Agar “shaxsiy tajribam, hammaga yordam beryapti” degan gapni eshitsangiz, tayinlangan dorini qayta tekshirib ko‘ring.
Ikkinchi mutaxassisga ko‘rinish
Agar shubhalar qolsa, boshqa shifokorga yoziling. Mustaqil mutaxassis tashxisni aniqlashtirishi, tayinlangan dorilarni tasdiqlashi yoki boshqa davolash usulini taklif qilishi mumkin.
Barcha tayinlangan dorilar tekshirilgandan keyin, ularni sotib olishdan oldin qalbaki emasligiga ishonch hosil qilish juda muhim. Buni qanday qilish haqida biz “Qalbaki dori sotib olganingizni qanday aniqlash mumkin” maqolasida yozganmiz.
