1-maslahat. Dorini davlat reyestridan toping

O‘zbekistonda qo‘llash mumkin bo‘lgan dorilarning rasmiy ro‘yxati bor. Uni Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi veb saytidan topish mumkin. Agar dori shu ro‘yxatda bo‘lsa, demak davlat uni laboratoriyada tekshirgan va ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini bergan. Agar ro‘yxatda bo‘lmasa — bunday dorini sotib olish va ichish tavsiya etilmaydi. Ro‘yxatdan o‘tganlik raqami qadoqda ham yozilgan bo‘lishi kerak. Masalan: DV/X 01542/04/25.

Bundan tashqari, idora saytida murojaat yuborsa ham bo‘ladi. Agar soxta dori olgan bo‘lsangiz yoki uning haqiqiyligiga shubha qilsangiz, shu yerga yozishingiz mumkin.

Bundan tashqari, vazirlik har uch oyda bir marta aniqlangan qalbaki va sifatsiz tibbiyot mahsulotlari haqida ma’lumotlar e’lon qiladi.

Markaz saytida "Reyestrlar" bo‘limiga o‘ting va "Sertifikatlangan dori vositalari va tibbiy buyumlar" bandini tanlang. Dori nomini kiritish mumkin bo‘lgan qidiruv qatori bilan jadval ochiladi. Manba: uzpharm-control.uz 

2-maslahat. Qadoqdagi kodni tekshiring

Har bir qadoqda noyob raqamli Data Matrix kodi bo‘lishi kerak — u QR-kodga o‘xshaydi. Shu kod orqali preparat haqida ma’lumot olish mumkin: ishlab chiqaruvchi, amal qilish muddati, tarkibi va boshqalar. 

Data Matrix kodlarini davlat operatori — CRPT TURON MChJ beradi. U barcha mahsulotlarni Asl Belgisi milliy markirovka tizimiga kiritadi. 

Kodni PharmUz ilovasi orqali skaner qilish mumkin (Android va iOS). Uni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ishlab chiqqan. Ilovada dorining haqiqiyligini tekshirish, tarkibi, yaroqlilik muddati, narxi va yo‘riqnomasini ko‘rish mumkin. Dorilarni Asl Belgisi ilovasi (Android va iOS) yoki Soliq.uz orqali ham tekshirsa bo‘ladi. Istalgan ilovani yuklab oling va xarid qilishdan oldin qadoqdagi kodni skaner qiling. Agar dori original bo‘lsa, ilovada to‘liq ma’lumot chiqadi. Agar kod o‘qilmasa, dori soxta bo‘lishi yoki dorixonaga noqonuniy yo‘l bilan kelgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda ilovaning o‘zida xabar qoldirsa bo‘ladi. Ma’lumot tegishli organlarga yuboriladi.

Soliq’da kodni tekshirish natijasi
Asl Belgisi’da tekshiruv natijasi
Matrix-kod ko‘rinishi 

3-maslahat. Dori nomini yangiliklardan qidiring

Agar dori odamlar salomatligiga zarar yetkazgan bo‘lsa, bu haqda odatda OAV yozadi. Masalan, 2022-yilda Dok-1 Maks yo‘tal siropini ichganidan keyin 69 nafar bola vafot etgan edi. Bu voqea faqat O‘zbekistonda emas, balki boshqa davlatlarda ham yoritilgan.

Ko‘p uchramaydigan dorini tekshirmoqchi bo‘lsangiz, uning nomini Yandex yoki Google’ga yozib qidiring va chiqqan maqolalarni ko‘rib chiqing. Shunda dori bilan bog‘liq salbiy holatlar bo‘lganmi-yo‘qmi, tushunib olish mumkin.

4-maslahat. Qadoqdagi ma’lumotlarni solishtirib ko‘ring

Dori qutisidagi partiya raqami va yaroqlilik muddati tabletka ichidagi blister yoki flakondagi ma’lumotlar bilan bir xil bo‘lishi kerak. Aks holda mahsulot noqonuniy yo‘l bilan olib kirilgan yoki soxtalashtirilgan bo‘lishi mumkin.

Quti va blisterdagi sana va partiya raqami bir xil bo‘lsa, bu haqiqiy dorining belgilaridan biri

5-maslahat. Mahsulotning tashqi ko‘rinishiga e’tibor bering

Ba’zan muddati o‘tgan dori olib qo‘yishimiz mumkin. Yoki uni noto‘g‘ri saqlab, yaroqsiz holga keltirib qo‘yamiz. Quyidagi belgilar preparat muddati tugagani va uni iste’mol qilib bo‘lmasligini anglatadi:

Muddati o‘tgan yoki yaroqsiz dorilarning belgilari

Sifatsiz dorini almashtirish yoki pulni qaytarish mumkinmi?

Dorixonadan olingan dorilarni qaytarib yoki boshqasiga almashtirib bo‘lmaydi — agar mahsulot sifatli bo‘lsa. Lekin qonun bo‘yicha muddati o‘tgan, sifatsiz yoki soxta mahsulot sotish taqiqlanadi. Xaridorda sifatlisiga almashtirishni yoki pulini qaytarishni talab qilish huquqi bor.

Soxta yoki muddati o‘tgan dori sotgan tashkilot ustidan tegishli idoralarga shikoyat qilish mumkin.

Ulug‘bek G‘aniyev
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, bozor holatini o‘rganish va narxni shakllantirish bo‘limi bosh mutaxassisi
      

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, xaridor mahsulot xavfsiz va sifatli bo‘lishini talab qilish huquqiga ega. Aks holda, mahsulotni almashtirish, pulni qaytarish yoki yetkazilgan zararni qoplashni so‘rashi mumkin.

 Agar dorixonada sifatsiz, muddati o‘tgan yoki soxta dori sotilgan bo‘lsa, quyidagi tashkilotlarga murojaat qiling:

  1. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi. Bu yerda sifatsiz mahsulot, iste’molchi huquqlari buzilishi, pulni qaytarish yoki kompensatsiya masalalari ko‘rib chiqiladi.           
  2. Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi. Dorilar sifati, soxta preparatlar va sog‘liq uchun xavfli holatlar bilan shug‘ullanadi.         
  3. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi. Dorixonalar faoliyatini nazorat qiladi va qoidabuzarlik aniqlansa chora ko‘radi.         

Agar shikoyatni PharmUz ilovasi orqali qoldirsangiz, u avtomatik tarzda kerakli idoralarga yuboriladi. Bitta-bitta yozish shart emas.       

Muhimi, xarid chekini saqlab qo‘ying, dorini markirovka tizimi orqali tekshiring va shubha tug‘ilsa, dorixonadan mahsulot hujjatlarini soўrang.