A1 va A’ning farqi nimada
A1 guvohnomasi. U kichik transport vositalarini boshqarish uchun beriladi. Bunga tezligi soatiga 25 km dan oshmaydigan, motori 25 sm³ gacha yoki quvvati 0,25 kVt gacha bo‘lgan yengil skuterlar kiradi. Bunday skuterlarni kuryerlarda ham ko‘rish mumkin.
A guvohnomasi. Bu motor hajmi yoki quvvati kattaroq bo‘lgan moped, skuter, elektr mototsikl va mototsikllarni boshqarish uchun kerak. Masalan, Kawasaki Ninja, Java, Yamaha, Dayun va boshqa modellar shu toifaga kiradi.

A1 guvohnoma
Necha yoshdan olish mumkin? 16 yoshdan. O‘smir skuter sotib olayotganda sotuvchi undan guvohnomani so‘rashi mumkin. U bo‘lmasa, skuter katta yoshli odam ishtirokida sotiladi.
A, B, C yoki D toifasidagi haydovchilik guvohnomangiz bo‘lsa, yengil moped va skuterlarni boshqarish uchun A1 toifasidan alohida imtihon topshirish shart emas.
O‘qish qanday o‘tadi? Qonunchilikka ko‘ra, nazariyani mustaqil o‘rganish va haydashni mashq qilish mumkin. Ammo nazariy va amaliy imtihonlarni YHXBda topshirish kerak. Imtihonlarga puxta tayyorlanish uchun motomaktab instruktori bilan gaplashing. Masalan, OLX’da mototsikl haydashni o‘rgatadiganlarning e’lonlari bor.
O‘qish qancha turadi? O‘zingiz tayyorlansangiz, bepul. Toshkentdagi motomaktab kurslari taxminan 2–5 mln so‘m turadi.
Imtihonga kirish uchun kerakli hujjatlar:
- ID karta yoki pasport;
- 083-U shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma. Uni olish uchun terapevt, oftalmolog, nevropatolog, psixiatr va narkolog ko‘rigidan o‘tish kerak. Ma’lumotnomani poliklinikadan olish yoki ko‘rikdan keyin davlat xizmatlari portali orqali yuklab olish mumkin;
- hujjatlar uchun 3 × 4 sm fotosurat.
Imtihon qayerda va qanday topshiriladi? Nazariy imtihonda yo‘l harakati qoidalariga oid 20 ta savoldan kamida 16 tasiga to‘g‘ri javob berishingiz kerak. Shundan keyingina amaliy imtihonga ruxsat beriladi. Unda sinovda konuslar orasidan yurish, to‘siqlarni chetlab o‘tish va tormozlashni bilishingiz tekshiriladi.
Nazariy imtihonlar YHXB imtihon markazlarida va Yagona imtihon markazining YIM filiallarida o‘tkaziladi. Bunday markazlar Toshkent, Ohangaron, Farg‘ona va boshqa shaharlarda ishlaydi. Nazariy imtihonga YIM sayti orqali onlayn yozilish yoki eng yaqin filial, ya’ni YHXB bo‘limiga borib ariza berish mumkin. Amaliy imtihonlar esa markazning maxsus maydonchalarida yoki ayrim shahar ichki ishlar bo‘limlarida qabul qilinadi.
Imtihon qancha turadi? Narxlar imtihon markaziga qarab farqlanadi. Masalan, YIMda nazariy imtihonga ro‘yxatdan o‘tish taxminan 36 000 so‘m turadi. Imtihon topshirish narxi esa 1,5 mln so‘mga tushadi.
Guvohnoma olish narxi qancha? Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tganingizdan keyin guvohnoma olish uchun Yagona davlat xizmatlari portali orqali ariza berasiz. Buning uchun 1,4 BHM — 616 000 so‘m davlat boji to‘lanadi. Guvohnomani pochta orqali yetkazib berishlarini so‘rashingiz yoki uni Davlat xizmatlari markazi ya’ni YHXB bo‘limidan olishingiz mumkin.
A guvohnomasini qanday olish mumkin
Necha yoshdan olinadi? YHXB ma’lumotiga ko‘ra, A toifasidagi haydovchilik guvohnomasini faqat 18 yoshdan olish mumkin. Ammo ota-onaning roziligi bilan bu yoshga yetmasdan turib ham o‘qish mumkin.
O‘qish qanday o‘tadi? Qonunchilikka ko‘ra, nazariyani uyda mustaqil o‘rganish yoki istalgan onlayn kurs orqali o‘zlashtirish mumkin. Amaliy mashg‘ulotlarni esa YHXB maydonchalarida, YIM markazlarida yoki boshqa avtomaktablarda mashq qilishingiz kerak. Mashg‘ulotlar o‘rtacha 2 mln so‘m turadi. Amaliy tayyorgarlikdan o‘tgandan keyingina nazariy va amaliy imtihonlarga ruxsat beriladi.
Imtihon uchun hujjatlar:
- ID karta yoki pasport;
- 083-U tibbiy ma’lumotnomasi. Uni terapevt, ko‘z shifokori, nevropatolog, psixiatr va narkolog ko‘rigidan keyin poliklinika yoki akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy klinikadan olish mumkin. Ma’lumotnomani tibbiyot muassasasidan yoki davlat xizmatlari portali orqali yuklab olasiz.
- 3 × 4 sm o‘lchamdagi fotosurat;
- amaliy mashg‘ulotlardan o‘tganlik haqidagi yagona namunadagi guvohnoma. U elektron shaklda ham bo‘lishi mumkin.
Imtihon qayerda va qanday topshiriladi? Nazariy imtihonda yo‘l harakati qoidalariga oid 20 ta savoldan kamida 16 tasiga to‘g‘ri javob berishingiz kerak. Shundan keyingina amaliy imtihonga ruxsat beriladi. Unda sinovda konuslar orasidan yurish, to‘siqlarni chetlab o‘tish va tormozlashni bilishingiz tekshiriladi.
Nazariy imtihonlar YHXB imtihon markazlarida va Yagona imtihon markazining YIM filiallarida o‘tkaziladi. Bunday markazlar Toshkent, Ohangaron, Farg‘ona va boshqa shaharlarda ishlaydi. Nazariy imtihonga YIM sayti orqali onlayn yozilish yoki eng yaqin filial, ya’ni YHXB ofisiga borib ariza berish mumkin. Amaliy imtihonlar esa markazning maxsus maydonchalarida yoki ayrim shahar ichki ishlar bo‘limlarida qabul qilinadi.
Imtihon qancha turadi? Narx imtihon markaziga qarab farq qiladi. Masalan, YIMda nazariy imtihonga ro‘yxatdan o‘tish uchun taxminan 36 000 so‘m, imtihon topshirish uchun esa 1,5 mln so‘m to‘lash kerak.
Guvohnoma olish narxi qancha? Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tganingizdan keyin guvohnoma olish uchun Yagona davlat xizmatlari portali orqali ariza berasiz. Buning uchun 1,4 BHM — 616 000 so‘m davlat boji to‘lanadi. Guvohnomani pochta orqali yetkazib berishlarini so‘rashingiz yoki uni Davlat xizmatlari markazi, ya’ni YHXB bo‘limidan olishingiz mumkin.
Moped, skuter yoki mototsikl haydashda yana nimalarni bilish kerak
Davlat raqami bo‘lishi kerak. Moped, skuter va mototsikllarga davlat raqami olinishi va u transport vositasining orqa tomoniga o‘rnatilishi shart. Raqam kvadrat shaklda bo‘lib, tepasida uchta raqam, pastida ikki yoki uchta harf bo‘ladi.
Norezidentlarga tegishli transport vositalari uchun maxsus sariq davlat raqami beriladi. Raqamsiz yoki boshqa transport vositasiga tegishli raqam bilan yurish mumkin emas. Bunday qoidabuzarlik uchun 5–10 BHM — 2,2–4,4 mln so‘m jarima belgilangan.
Ro‘yxatdan o‘tmasdan va haydovchilik guvohnomasisiz yurish mumkin emas. Guvohnoma yoki shaxsni tasdiqlovchi hujjat yoningizda bo‘lmasa, 1 BHM — 440 000 so‘m jarima to‘laysiz. Guvohnomani umuman olmagan bo‘lsangiz, jarima 5 BHM, ya’ni 2,2 mln so‘m bo‘ladi. YHXBda ro‘yxatdan o‘tmagan moped yoki skuter uchun esa 0,5 BHM — 220 000 so‘m jarima solinishi mumkin.
Trotuarda yurish mumkin emas. Yengil moped va skuterda velosiped yo‘lagidan piyodalarga xalaqit bermagan holda foydalanish mumkin. Mototsikl va A toifasidagi boshqa transport vositalari esa faqat yo‘lning qatnov qismida yurishi kerak. Ushbu qoidani buzish uchun 1 BHM — 440 000 so‘m jarima bor.
Haydash vaqtida telefondan foydalanish mumkin emas. Telefon ishlatganlik uchun 3 BHM, ya’ni 1 320 000 so‘m jarima belgilangan. Ammo telefonni ruldagi ushlagichga o‘rnatib, xaritaga qarab haydash mumkin.

