To‘yxonani qanday izladim va nima uchun “Shirin” tanladim?   

To‘y haqida o‘ylashni boshlaganimizdayoq bir narsaga kelishdik: biz san’atkorlar, oltin qandillar bilan 400 kishilik dabdabali ziyofatni emas, balki oddiyroq va samimiyriq to’yni xohlaymiz. Faqat yaqinlarimizni — taxminan 100 kishini chaqirishni rejalashtirdik. Lekin qarindoshlarning gapidan keyin yana yigirmata mehmon qo‘shishga majbur bo‘ldik.

Joy izlash vazifasini o‘zim oldim. Har kuni ishdan keyin Toshkentdagi to‘yxonalarni aylanib, sharoitlarini o‘rgandim. Ikki haftada 20 ta zalni ko‘rib chiqdim — katta Grand Hall’dan tortib, Labzakdagi kichik joylargacha. Ko‘pchiligi bir xil “paket”ni taklif qilardi: baland musiqa, hashamat va qimmat narxlar. Ba’zilari hatto 100 kishilik to‘y haqida gapirgisi ham kelmasdi, ularga bu juda “mayda” edi. Narxlar esa odatda 7000 dollardan boshlanardi.

“Shirin”ni esa kutilmaganda dadam eslatib qoldilar. U yerda oldin opamning to‘yi o‘tgan ekan. O‘sha paytda men chet elda o‘qiyotganim uchun buni bilmasdim. Borib ko‘rishga qaror qildim — balki yoqib qolar, deb.

Banket zalimiz shunday ko‘rinardi

Ichkariga kirishim bilan, aynan shunday joyni izlaganimni his qildim. Zal ortiqcha dabdabasiz, ammo chiroyli va didli edi. Juda katta emasligi tufayli, hatto 120 mehmon bilan ham shinamlik saqlanib qolardi. Xodimlar ham yaxshi muomala qilishardi. Narxi ham boshqa joylarga qaraganda ancha arzon edi. Shunday qilib, ko‘p o‘ylamasdan shu joyni tnaladim.

Shartnoma ham tuzildi. Unga menyudan tortib, zal dizayni, kortej va dastur ham yozib qo‘yildi. Garov sifatida istalgan summani qoldirish mumkin ekan — 100 dollardan boshlanadi. Men 500 dollar qoldirdim. O‘zimcha shu ishonchliroq deb o’yladim: qo‘lda qolsa baribir boshqa narsalarga ketib qolardi. Qolganini esa to‘ydan keyin to‘ladim.

To‘yxona nimalarni o‘z zimmasiga oldi?

Avvaliga hamma ishni o‘zim tashkil qilmoqchi bo‘ldim: fotograf izlash, bezaklarga buyurtma berish, boshlovchilar bilan gaplashish, mashina ijaraga olish… Lekin bir necha qo‘ng‘iroqdan keyin tushundimki, bu ishlar vaqt, pul va asabni ancha olarkan.

“Shirin” to‘yxonasida menga tayyor paketni taklif qilishdi. Ular “bu osonroq va foydaliroq” deb ishontirishdi. Dastlab ishonmadim, lekin keyin ularning pudratchilariga o‘zim qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdim va haqiqatdan ham hammasini alohida yig‘ishdan ko‘ra arzonroq chiqishini bildim.

Paketga hammasi kiritilgan edi:

Har bir bandni alohida muhokama qildik.

Menyu. To‘yxona taomlar ro‘yxatini berdi, men esa onam va opalarim bilan yakuniy menyuni tuzdik: salatlar, asosiy taomlar, go‘shtli assorti, somsa, mevalar va yengil gazaklar. “Tarvuz qayiqlari” kabi noodatiy narsalardan voz kechdik, oddiy va mazali bo‘lishini xohladik. Bir mehmon uchun menyu narxi o‘rtacha 450 ming so‘m chiqdi. Yana uy ovqatlarini ham olib kelishga ruxsat berishdi. Qarindoshim norin tayyorladi, onam esa yong‘oq oldilar. Qolgan ovqatni esa onam keyin qarindoshlar va qo‘shnilarga tarqatib yubordilar.

Zalni bezash. Ular bir nechta variant ko‘rsatishdi. Biz oq-oltin rangda, jonli gullar va shamlar bilan bezatilganini tanladik.

Dastur. Men dastlab to‘yni ikki tilda — o‘zbekcha va ruscha o‘tkazishni xohlardim. Lekin bu qimmatroq bo‘lib qoldi. Shuning uchun faqat o‘zbekchada o‘tkazdik. Boshlovchini esa men emas, menedjer tanladi. hazil-mutoyibasi o‘rinli, kattalarga hurmat bilan gapirdi, zal bilan jonli ishladi va umuman to’yni yaxshi olib bordi.

Kortej. Paketda bitta S-klassli Mercedes va mehmonlar uchun ikkita miniven bor edi. Yo‘nalish: kuyov uyi — kelin uyi — fotosessiya — to‘yxona — uy. Narx telegramdagi mashina ijarasi kanallariga qaraganda arzonroq tushdi.

Musiqa. Mana shu yerda xato qildim. Guruhning repertuarini oldindan tekshirmabman. Natijada ular zamonaviy va o‘zbekcha mix o‘rniga faqat eski, zerikarli qo‘shiqlarni chalishdi. Mehmonlar ochiqchasiga zerikib qolishdi. Yaxshiyamki, do‘stim didjeyni olib keldi — u bir soatda yetib kelib, vaziyatni to‘liq qutqarib qoldi. Oxirida hamma raqsga tushib, maza qilishdi.

Nimalarni o‘zimiz tashkil qildik?

Mehmonlarni joylashtirish. To‘yda 120 kishi bo‘ldi: kelin tarafdan 60, men tomondan 60. Kim qayerda o‘tirishini tashkillashtirish oson masala emas ekan. Tanishlarni yonma-yon o‘tqazib, hammaning o‘zini qulay his qilishini hisobga oldik.

Kun tartibi. Shaxsan o‘zim jadval tuzdim: yig‘im qachon, chiqish necha daqiqa, fotosessiyaga qancha vaqt ketadi. “Shirin” faqat zal qachon ochilishini aytdi, qolganini esa do‘stlarim va men tashkil qildik.

Fotosessiya. Yunusoboddagi studiyani oldindan bron qildim: avval 500 ming so‘m garov berdim, keyin yana 1 million qo‘shdim. Do‘stlarimimiz zerikib qolmasligi uchun ularga alohida stollar tashkil qildik.

Kelin guldastasi. Eng ko‘p bosh og‘ritgan joy shu bo‘ldi. Guldastani BOUQUET.UZ orqali buyurtma qildim, lekin ular vaqtida yetkazmadi. Uch soat kechiktirishlarini aytishdi, bu esa juda kech edi. Do‘stlarni tezda “Universam”ga yuborishga to‘g‘ri keldi, natijada boshqa guldasta oldik — ikki baravar qimmatga tushdi. Eng yomon tomoni, BOUQUET.UZ pulni ham qaytarmadi.

Qanday an’analar qoldirildi-yu, qaysilaridan voz kechildi?

Men Qashqadaryodan, xotinim esa Andijondan. Agar hamma viloyat odatlariga amal qilsak, ikkita to‘y qilishimiz kerak bo‘lardi. Shu sabab Toshkent uslubida — bitta umumiy to‘y qilishga qaror qildik.

Hech qanday sahna ko‘rinishlari, Love story, besh qavatli tort yoki kiyim almashtirishlarsiz. Mehmonlar xotirjam ovqatlanib, suhbatlashib, raqs tushib, yaxshi kayfiyatda tarqalishini istadik.

Faqat kelin salomni qoldirdik. U ertasi kuni o‘sha “Shirin”da o‘tdi. Bu marosim faqat ayollar uchun bo‘ladi, men qatnashmadim. Ovqatlarni o‘zimiz olib keldik, bezaklar avvalgi kundan qolgan edi, boshlovchini esa onam tanladilar.

To‘y kunimiz qanday o‘tdi?

Hammasi reja bo‘yicha boshlandi. Ertalab soat oltida uyg‘ondim, xotirjam nonushta qildim. Do‘stlarim ham erta keldi — mayda-chuyda ishlarni qilib berishdi, vaqtni kuzatib turishdi. Soat o‘n atrofida kelinnikiga yo‘l oldik.

Bu esa men, to‘y kunimda baxtiyorman

Keyin fotosessiyaga bordik. Ikki soatcha rasmga tushdik, lekin baribir ishimiz tez bitdi, mehmonlar to’yxonaga yig‘ilguncha kutishga to‘g‘ri keldi. Hammaning yig‘ilgani bilan to‘yxonaga bordik. Bayram 18:00 dan 21:00 gacha, taxminan uch soat davom etdi. Shu bilan to‘yimizning birinchi kuni yakunlandi.

To‘y kuni nimalarni his qildim?

Hammasi biz xohlaganimizdek chiqdi. Mehmonlarning jilmayishi, kimdir raqsga tushayotgani, kimdir samimiy tilak bildirayotganini ko‘rib, o‘zimga keldim: demak, uddaladim. Bu to‘y biz uchun, Instagram yoki qo‘shnilarni qoyil qoldirish uchun emas.

Bu yerda xotinim bilan to‘y muvaffaqiyatli o‘tganini tushundik

To‘g‘ri, kichik kamchiliklar ham bo‘ldi: gulni buyutma qilishda, stollarda chalkashliklar chiqdi, kimdir adashib qoldi. Lekin kayfiyatni buzadigan darajada emas. Aksincha, bu tartibsizliklar kunni yanada jonliroq qildi. Qarindoshlar ham umuman yaxshi qabul qilishdi, garchi ba’zilar odatdagidek “katta to‘y”ni kutishgan bo‘lsa ham.

To‘y qanchaga tushdi?

Dastlab hammasini o‘zim uddalayman deb o‘ylagandim. “Na qarindosh, na do‘stdan yordam so‘rayman, hammasini o‘zim qilaman” dedim. Lekin to‘y yaqinlashgan sari xarajatlar ham ortib bordi va tushundim: yolg‘iz eplay olmayman.

Siqilib, kredit olaymi deb o’ylab turgan joyimda hammasi o‘z-o‘zidan yo‘lga tushdi. Hech kimdan yordam so‘ramasam ham qarindoshlarim va do‘stlarim qo‘llab-quvvatlashdi. Kimdir kartaga pul tashladi, kimdir to‘yonani o’zi olib keldi. Hech kim qancha kerakligini so‘ramadi, hech kim minnat qilmadi. Shunchaki qo‘ldan kelgancha yordam qilishdi.

O‘zbekchilikda shunday: to’y bu faqat kelin va kuyovning tadbiri emas, bu barcha yaqinlarning kuni. 

To‘ydan keyin nimani tushundim: maslahatlar 

Keragidan ortiq hayajonlanmang. Men ko‘p kuchimni “agar yoqmasa”, “pulim yetmasachi” degan qo‘rquvlarga sarfladim. Lekin to‘y kuni hammasi esdan chiqib ketdi. Hammasi joyiga tushdi.

Muhim narsalarni nazorat qilishni unutmang. Masalan, men musiqiy guruhni oldindan eshitib ko’rmadim va pushaymon bo‘ldim. Natijada mehmonlar zerikib qoldi, biz esa shoshilinch didjey qidirdik. Shunday vaziyatga tushmaslik uchun tayyorgarlik bosqichida har bir detalga ham e’tibor bering.

Va eng asosiysi — birovning “kerak” degan gaplariga quloq solmang. Chiroyli surat uchun san’atkor yollash, shou qo‘yish, millionlik to‘y qilish shart emas. 300 mehmonni chaqirish ham majburiyat emas. O‘zingizga qulay bo‘lgan variantni tanlang. Shunda to‘y jonli, samimiy va haqiqiy bayramdek o’tadi .

Hammasi bo‘lib qancha sarfladik: