Tibbiy ko‘rik nega kerak?
Nikohni qayd etishdan oldin tibbiy ko‘rik bo‘lajak er-xotinning sog’lig’ini tekshirish va yashirin muammolarni o‘z vaqtida payqash uchun kerak. Masalan, shifokor inson xayoliga ham kelmagan irsiy yoki yuqumli kasalliklarni aniqlashi mumkin.
Ko‘rikdan o‘tgach, natijalar juftlikka ko‘rsatiladi. Ma’lumotnoma berilganda har biri jurnalga imzo qo‘yadi. Bu imzosiz nikoh qayd etilmaydi.
Ko‘rikdan 50 yoshdan kichiklarning barchasi o‘tishi shart. Agar kishi 50 yoshdan katta bo‘lsa yoki homiladorlik, bola tug‘ilishi yoki og‘ir kasallik kabi alohida vaziyatlar bo‘lsa, FHDYO ariza berilgan kuniyoq tibbiy ma’lumotnomasiz nikohni qayd etishi mumkin. Bu, kam uchraydigan holatlar bo‘lib, qarorni FHDYO organining o‘zi qabul qiladi.
Qolganlarning barchasida tibbiy ma’lumotnoma majburiy. Uning muddati — 3 oy. Agar shu vaqt ichida FHDYOga hujjatlar topshirilmasa, yana qaytadan tekshiruvdan o‘tishga to‘g‘ri keladi. Butun jarayon uchun odatda ikki hafta beriladi, lekin ko‘pchilik yoshlar buni 5–7 kunda uddalaydi.
Qanday tekshiruvlardan o‘tish kerak?
Tibbiy ko‘rikga quyidagilar kiradi:
- qon va boshqa tahlillar: umumiy qon, OIV/OITS, glyukoza;
- UTT (УЗИ), EKG va flyuorografiya;
- shifokor ko‘rigi: kardiolog, endokrinolog, revmatolog, ayollar uchun ginekolog, erkaklar uchun urolog;
- to‘rtta dispanser: psixonevrologik, narkologik, teri-tanosil va sil kasalliklari.
Barcha tekshiruvlarni istalgan tartibda o‘tish mumkin, muhimi hammasiga ulgurish. Lekin, jarayonni ikki bosqichga bo‘lish qulayroq: avval ko‘p tarmoqli poliklinikada asosiy tekshiruvlardan o‘tib, keyin bir-ikki kun ichida dispanserlarni aylanib chiqish. Shunda vaqtingizni tejaysiz va kasalxonalarga ortiqcha vaqt ketkazmaysiz.
Barcha tibbiy tahlillarni topshirib, shifokorlardan o‘tganingizdan so‘ng, poliklinikada bosh shifokorning muhri va imzosi bo‘lgan yakuniy ma’lumotnoma beradi — aynan uni FHDYO bo‘limiga olib borish kerak.
Avval yo‘llanmani olish kerak
Tibbiy ko‘rikka yo‘llanma ikki yo‘l bilan olinadi:
Onlayn. my.gov.uz portalida FHDYO bo‘limiga qo‘shma ariza topshirasiz. Shaxsiy kabinetda yo‘llanma chiqadi. Uni yuklab olib, chop etib olasiz. Unda kelin va kuyovning ma’lumotlari ko‘rsatiladi.

Oflayn. To‘g‘ridan-to‘g‘ri FHDYO bo‘limiga borib, ariza to‘ldirasiz va sizga yo‘llanma beriladi.
Shundan so‘ng istalgan davlat ko‘p tarmoqli poliklinikasiga murojaat qilish mumkin. Propiskaga bog‘liqlik yo‘q. Vaqtni tejash uchun barcha asosiy tekshiruvlar (UTT, EKG, flyuorografiya) shu joyning o‘zida qilinadigan poliklinikani tanlagan ma’qul.
Ro‘yxatxonada sizga ko‘rik varaqasi beriladi va qaysi tekshiruvlar qayerda o‘tkazilishi tushuntiriladi. Shu yerning o‘zida aniqlab oling:
- asosiy tekshiruvlar aynan shu binoda qilinadimi;
- laboratoriya va kabinetlar boshqa manzilga ko‘chirilmaganmi; Agar tadqiqotlarning bir qismi boshqa joyda o‘tkazilayotgan bo‘lsa, aniq manzillar va ish soatlarini so‘rab oling - katta hududlarda o‘xshash nomdagi bir nechta filiallar bo‘lishi mumkin.
- natijalarni o‘zingiz olasizmi yoki ular shifokorlarga avtomatik boradimi.
Oldindan yo’nalishlarni bilib olsangiz, ancha vaqt tejaysiz.

Birinchi kun: asosiy tahlillarni boshlang
Eng yaxshi yo‘l — eng uzoq tayyorlanadigan natijalarni birinchi kuni topshirish.
OIV tahlili odatda besh ish kuni ichida chiqadi. Uni ertalab soat 8:00–9:00 oralig‘ida ko‘p tarmoqli poliklinikada topshirish mumkin. Agar 15–20 daqiqa oldin borsangiz, navbatning eng boshida bo‘lasiz. Nonushta qilish mumkin, lekin spirtli ichimlik iste’mol qilmaslik kerak.
UTT (UZI) Ayollar uchun odatda kichik chanoq a’zolari, erkaklar uchun esa qorin bo‘shlig‘i tekshiriladi. Jarayon uzoq cho‘zilmaydi, 5–10 daqiqa ichida tugaydi. Shifokor yo‘llanmangizga imzo va muhr qo‘yadi. O‘zingiz bilan bir martalik choyshab yoki yo‘rgak va nam salfetkalar oling — ba’zida xonada unisi ham, bunisi ham bo‘lmasligi mumkin.
Flyuorografiya. Uning natijalari ftiziatrga kirish uchun kerak. O‘zi bir necha soniya ichida tugaydi, lekin natijasi odatda ertasi kuni beriladi. Faqat suratni emas, balki muhr bosilgan xulosani qayerdan va qachon olish kerakligini darhol aniqlashtiring.
Ikkinchi kun: qon, EKG va shifokorlar ko‘rigidan o‘ting
Keyingi bosqichda qolgan tahlillar va shifokorlar navbati keladi.
Umumiy qon va glyukoza tahlili. Qon ertalab soat 8.00 dan topshiriladi. Bunga och qoringa kelish kerak, faqat suv ichishga ruxsat beriladi. Ayrim poliklinikalarda natijalar avtomatik ravishda tibbiy kartaga tushadi, boshqalarida esa keyingi kuni qog‘oz shaklida olib ketish kerak bo‘ladi.
EKG va kardiolog. Avval EKG qiling — muolaja bir necha daqiqa davom etadi. Javob darhol beriladi. U bilan kardiologga boring: shifokor plyonkani ko‘radi, sog’lig’ingiz haqida bir-ikki savol beradi va imzo qo‘yadi. Agar sizda eski ko‘chirmalar yoki tekshiruv natijalari bo‘lsa, ularni o‘zingiz bilan olib ketganingiz ma’qul.

Endokrinolog va revmatolog. Agar shikoyatlar bo‘lmasa, qabul bir necha daqiqa davom etadi — shifokor standart savollarni beradi va muhr bosib, imzo qo‘yadi.
Ginekolog yoki urolog. Kuyov urologdan, kelin ginekologdan o‘tadi. Bu, qisqa ko‘rik: shifokor sizga o‘zingizni qanday his qilayotganingiz va boshdan kechirgan kasalliklaringiz haqida savollar beradi. Bu yerga ham ultratovush tekshiruvidagi kabi bir martalik yo‘rgak oling — kerak bo‘lishi mumkin.
Agar kerakli shifokor joyida bo‘lmasa masalan, u ish ta’tilda yoki kasallik ta’tilida bo‘lsa, xulosani baribir olish mumkin. Bunday hollarda poliklinikada mas’ul mutaxassis tayinlanadi hamda yo‘q shifokor o‘rniga imzo va muhr qo‘yadi. Shuning uchun bugungi kunda FHDYO uchun hujjatlarni imzolash vakolatiga kim ega ekanligini ro‘yxatxonada aniqlashtirib oling.
3-kun. Dispanserlardan o‘ting
Bu kuni bir vaqtning o‘zida bir nechta muassasalarga borishigiz kerak bo‘ladi: sil, teri-tanosil, ruhiy-asab va narkologiya dispanserlari. Tuman bo‘ylab marshrutni oldindan rejalashtirgan yaxshiroq — shunda vaqtingizni tejaysiz.
Pasportlar va yo‘llanmani oling — ularsiz qabul qilishmaydi.
Sil kasalliklari dispanseri odatda faqat tushlikkacha ishlashini hisobga oling, shuning uchun aynan undan boshlang. Qolgan dispanserlar kun bo‘yi qabul qiladi, lekin tushlik tanaffusi bilan, shuning uchun jadvalni oldindan aniqlashtirgan ma’qul.
Sil kasalliklari dispanseri. Flyuorografiya xulosasi bo‘lmasa, sizni qabul qilishmaydi, shuning uchun oldindan surat va muhrli qog’oz xulosani o‘zingiz bilan oling. Shifokor rentgenni ko‘radi, bir-ikkita savol beradi, muhr bosadi va imzo qo‘yadi. Ba’zida “arxiv uchun” pullik nusxalar taklif qilishadi, lekin FHDYO uchun ular kerak emas.
Teri-tanosil kasalliklari dispanseri. Bu yerda sifilisga qarshi qon olinadi (RW). Natijalar odatda ertasi kuni tayyor bo‘ladi — ularni qayerdan va qachon olishni darhol aniqlashtiring. Agar tahlil bo‘yicha shifokorda savollar bo‘lsa, dermatovenerolog ko‘rigidan ham o‘tishga to‘g’ri keladi.
Bu joyda odatda navbat uzun bo‘ladi, shuning uchun bir necha soat kutishga tayyor bo‘ling.
Psixonevrologik dispanser. Ko‘rik qisqa va rasmiy: shifokor o‘zingizni qanday his qilayotganingiz va psixiatr tomonidan kuzatilganmisiz deb bir nechta savol beradi. Psixiatriya xonalari tumanlarga biriktirilgan, shuning uchun sizga tegishli bo‘lgan joyga boring va “begona” shifokorga borishga urinmang — qaytarib yuborishadi.

Narkologiya dispanseri. Bu yerda siz ro‘yxatda bormisiz-yo‘qmi, shuni tekshirishadi. Ba’zida psixoaktiv moddalar uchun peshob tahlili ham so‘rashadi, bu odatiy amaliyot. Agar shifokor “tahlilsiz ham hal qilib qo‘yamiz” degan gaplarni aytsa, siz xotirjam bo‘lib rasmiy tartibda tekshiruvni talab qilishingiz mumkin — bu sizning huquqingiz.
4-kun. Ma’lumotnomani oling
Yakuniy bosqichda barcha tayyor natijalarni to‘plab FHDYO uchun yakuniy ma’lumotnomani olish kerak.
Ertalab teri-tanosil kasalliklari dispanserida RW xulosasini oling va OIV/OITS tahlil natijasi tayyor yoki tayyor emasligini aniqlang. Ba’zida javob kechroq chiqadi, shuning uchun oldindan ro‘yxatxonaga qo‘ng’iroq qilib, berish sanasini aniqlashtiring.
Barcha natijalar qo‘lingizda bo‘lganda, sizga yo‘llanma berilgan ko‘p tarmoqli poliklinikaga qayting va barcha xulosalar hamda tekshiruv varaqasini ro‘yxatxonaga topshiring.
Hujjatlar tekshirilgandan so‘ng, sizga ma’lumotnoma berishadi. Ketishdan oldin barchasini diqqat bilan tekshirib chiqing:
- familiya, ism va pasport ma’lumotlari to‘g’ri yozilganligi
- barcha tekshiruvlarning aniq sanalari
- poliklinika muhri va rahbar imzosi mavjudligi
Ushbu ma’lumotnoma FHDYO bo‘limiga olib borish kerak bo‘lgan yagona hujjatdir.

Tibbiy ko‘rikdan qanday qilib kamroq kuch sarflab o‘tish mumkin?
Uzoq kutish kerak bo‘lgan tahlillardan boshlang. Birinchi navbatda OIV/OITS va RWni topshiring: ular tayyor bo‘lguncha, siz boshqa shifokorlardan o‘tishga ulgurasiz.
Tekshiruvni bosqichlarga bo‘ling. Avval ko‘p tarmoqli poliklinikada, keyin esa bir-ikki kunda dispanserlarni aylanib chiqing. Shunda yugur-yugur kamayadi.
Ish jadvalini aniqlang. Har bir muassasaning qabul vaqti va tushlik tanaffuslari bor. Bekorga kelmaslik uchun oldindan aniqlashtirgan ma’qul.
Barcha kerakli narsalarni o‘zingiz bilan oling. Pasport va yo‘llanma majburiy — ularsiz sizni qabul qilishmaydi. Bir martalik yo‘rgak va nam salfetkalar ham asqotadi.
Kutish uchun vaqt ajrating. Navbatlar deyarli barcha joyda bor, shuning uchun suv, gazak va o‘zingizni band qilish uchun biror narsa oling.
Barcha hujjatlarni bir joyda saqlang. Ko‘rik varaqasi, tibbiy tahlillar va xulosalarni birga saqlang — shunda hech narsani yo‘qotmaysiz.