1-qadam. Maxsus shaklni to‘ldiring

Dastlab, ingliz tilida bo‘lgan DS-160 shaklini onlayn tarzda to‘ldirish kerak. Birinchi bo‘lib suhbat o‘tkaziladigan mamlakat va shaharni tanlaysiz. So‘ng tizim, fotosuratingizni yuklashni va uning texnik talablarga mos kelishini tekshirishni taklif qiladi. Agar, fotosurat tekshiruvdan o‘tmasa, saytning o‘zida tuzatish vositasi mavjud.  

Fotosurat oxirgi 6 oy ichida olingan bo‘lishi kerak. Shuningdek, u rangli, JPEG formatida, kvadrat shaklda, o‘lchami kamida 600x600 piksel va hajmi 240 KB dan oshmasligi lozim. Yuz to‘liq ko‘rinishi uchun ko‘zoynak hamda bosh kiyimsiz sur’atga tushish kerak.

Mamlakat va shaharni tanlab, captcha’ni (robot emasligingizni tasdiqlovchi kichik vazifa) kiritgandan so‘ng, “Start an application” tugmasini bosing

Anketada shaxsiy ma’lumotlar, pasport ma’lumotlari, agar avval AQShga kelgan bo‘lsangiz oldingi vizalar va sayohatlar haqidagi ma’lumotlar, ish yoki o‘qish joyi, oila a’zolari, shuningdek, ota-ona to‘g‘risida ma’lumotlar hamda AQShdagi manzilni ko‘rsatish lozim. Bundan tashqari, aloqa qiluvchi shaxs yoki qabul qiluvchi tomon haqidagi savol ham bo‘ladi. Amerikada tanishlaringiz bo‘lmasa, dastlabki kunlarda qolishni rejalashtirgan mehmonxonaning nomi va manzilini ko‘rsatishingiz mumkin.

DS-160 shaklini to‘ldirish qiyin emas, har bir savolning o‘ng tomonida ko‘rsatmalar bor

Turistik sayohat uchun Business or Pleasure Visitor toifasini tanlang — bu, biznes yoki turistik maqsadlarga mo‘ljallangan qisqa muddatli sayohat. Keyin viza turi - B1/B2, business or tourismni tanlang. O‘zbekiston fuqarolariga bunday viza bir yilga beriladi. Safar davomida mamlakatda ko‘pi bilan 180 kun bo‘lish mumkin, lekin, aniq muddatni chegara ofitseri mamlakatga kirish paytida belgilaydi. 

Anketadagi batafsil savollarga to‘liq javob berish kerak. Masalan, ish va ta’lim bo‘limida Briefly Describe Your Duties — vazifalaringizni qisqacha tasvirlab berish maydoni mavjud. Viza ofitseri sizning vazifangizni tezda tushunishi uchun nima bilan shug‘ullanishingizni aniq tasvirlash muhim. 

Anketada kutilmagan va g‘alati tuyuladigan savollar ko‘p. Masalan, so‘nggi 5 yildagi sayohatlar, tashkilotlarga a’zolik, sog‘liq holati, huquqbuzarliklar, giyohvand moddalarni iste’mol qilish va boshqa nozik mavzular. Barchasiga to‘g‘ri javob berish kerak: nomuvofiqliklar va nimanidir yashirishga urinishlar ko‘pincha rad javobi bilan tugaydi. Agar, ijtimoiy tarmoqlarda akkauntlaringiz bo‘lsa, ularni ham ko‘rsatish kerak. 

DS-160 ni to‘ldirishga odatda 60-90 daqiqa ketadi. Anketani vaqti-vaqti bilan saqlab boring — agar, taxminan 20 daqiqa davomida hech narsa qilmasangiz, tizim saqlanmagan ma’lumotlarni o‘chirib yuborishi mumkin.  

Shaklni yuborganingizdan keyin ekranda shtrix-kod va unikal raqamli tasdiqlash sahifasi paydo bo‘ladi. Uni PDF formatida saqlab, qog‘ozga chop etish va suhbatga olib kelish kerak. 

Tasdiqlangan ariza shunday ko‘rinishda bo‘ladi, har bir shaklga noyob raqam beriladi

2-qadam. AQSh elchixonasi suhbatiga navbat oling

DS-160 ni to‘ldirganingizdan so‘ng, AQSH elchixonasidagi viza suhbatiga yozilishingiz kerak. Bu, AIS tizimi orqali qilinadi. Ilgari suhbatdan o‘tish faqat 14 yoshdan boshlab talab qilinar edi, lekin 2025-yilning 2-sentyabridan bu jarayon yoshidan qat’i nazar barcha arizachilar uchun majburiy bo‘ldi.

AISga kirib, viza turini tanlang. Sizga immigratsion viza emas, Noimmigrant Visa Applicants bo‘limi kerak — B1/B2 vizasi ham shu bo‘limga kiradi. Keyin, hujjat topshirish mamlakati — O‘zbekistonni tanlang. Shu yerning o‘zida interfeys tilini tanlashingiz mumkin: ingliz, rus yoki o‘zbek.  

E’tiborli bo‘ling, Nonimmigrant Visa Applicants bandini tanlashingiz kerak

Akkaunt yarating. “Ariza yuborish” bandini tanlab, akkaunt yaratish kerak. Buning uchun ism, familiya va aloqa ma’lumotlarini: pochta va telefon raqamini kiritib, parol o‘ylab topish lozim. Keyin, akkauntni tasdiqlash va faollashtirish uchun pochtaga xat keladi. 

Ushbu ma’lumotlarni kiritgach, elekrton pochtaga akkaunt uchun havola yuboriladi

Profil ma’lumotlarini to‘ldirib, DS-160 ni biriktiring. Keyin tizim sizdan anketani to‘ldirishni va DS-160 shaklini to‘ldirganingizni tasdiqlashni so‘raydi. Bu yerda, ushbu shakldagi barcha ma’lumotlar saytda ko‘rsatilgan yozuvlar bilan mos kelishi muhim: ism va familiya lotin alifbosida, pasport raqami, tug‘ilgan sana va boshqa asosiy maydonlar bir xil bo‘lishi kerak.

Ushbu bosqichda DS-160 shaklidan raqam kiritasiz — u shtrix-kod ostida

Konsullik to‘lovini kiriting. Buni faqat barcha maydonlar to‘ldirilganidan keyingina amalga oshirish mumkin. Visa yoki MasterCard xalqaro to‘lov tizimlari kartasi bilan onlayn yoki naqd pul orqali to‘lash mumkin. Naqt pul bo‘lsa saytdan yo‘riqnomani yuklab unga amal qilish lozim. To‘lov amalga oshirilgandan so‘ng, tizimda ikki ish kuni ichida paydo bo‘ladi.  

Suhbat sanasi va vaqtini tanlang. To‘lovdan so‘ng taqvim va mavjud bo‘sh kunlar ro‘yxatini ko‘rasiz. Mos sana va vaqtni tanlab, yozuvni tasdiqlaysiz va tasdiqnomani saqlaysiz, uni chop etib, o‘zingiz bilan olib kelasiz. 

Toshkentda, 2026-yil fevral oyi uchun suhbatni kutish vaqti o‘rtacha 15 kun atrofida, lekin muddatlar o‘zgarib turadi. Suhbatga yozilish paytida jadvalda ko‘rsatilgan ma’lumotga e’tibor bering. 2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati kabi yirik tadbir yoki ta’til mavsumi oldidan odatda bo‘sh joylar soni kamayadi.  

2026-yilgi Jahon chempionati chiptalarini sotib olganlar, agar konsullikka tashrif buyurish sanasi may oxiriga yoki undan keyinroqqa to‘g‘ri kelsa, FIFA PASS dasturi bo‘yicha tezlashtirilgan suhbatdan foydalanishlari mumkin.

3-qadam. Hujjatlarni yig‘ing

Suhbatga hujjatlar to‘plami bilan borish kerak: o‘zingiz bilan asl nusxalarni ham, chop etilgan nusxalarni ham oling. Asosiy ro‘yxat quyidagicha:

  1. AQShga sayohat tugashining taxminiy sanasidan boshlab kamida yana 6 oy amal qiladigan xorijga chiqish pasporti.
  2. Agar sizda AQSH vizasi bo‘lgan bo‘lsa, oldingi viza ko‘rsatilgan eski xorijga chiqish pasporti.
  3. DS-160 shakli shtrix-kod bilan to‘ldirilganligi haqidagi chop etilgan tasdiq. Bu, suhbatga yozilish paytida ko‘rsatilgan shaklning raqami bo‘lishi kerak, aks holda sizni qabul qilishmaydi.
  4. AIS tizimidan suhbatga yozilish tasdiqlanganligi haqidagi hujjatning chop etilgan nusxasi.
  5. 5x5 sm o‘lchamdagi, rangli, so‘nggi 6 oy ichida olingan fotosurat. DS-160 ga yuklagan bo‘lsangiz ham, o‘zingiz bilan olganingiz ma’qul.

Sizdan qo‘shimcha hujjatlar: O‘zbekistonda yashab va ishlashingizni hamda safar tugagach, albatta qaytib kelishingizni tasdiqlovchi qog‘ozlar talab qilinishi mumkin. Ularni tarjima qilish kerak emas. Odatda bular:

Ushbu hujjatlarni so‘ramasliklari ham mumkin, lekin ularni o‘zingiz bilan olganingiz ma’qul. Konsul suhbat davomida biror narsani tekshirmoqchi bo‘lib qolishi mumkin. Sog‘lom fikr va AQShda qolish rejangizda yo‘q ekanini isbotlaydigan narsalarga e’tibor qarating: ish, o‘qish va oilaga taalluqli hujjatlar.  

Barcha kartalardan so‘nggi yillar uchun ko‘chirmalar, bank bilan shartnomalar, kreditlar to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni olib kelish shart emas. Band qilingan mehmonxona va qaytish chiptalarini olishingiz mumkin, lekin ularning mavjudligi elchixona qaroriga ta’sir qilmaydi.

4-qadam. Suhbatdan o‘tish

Belgilangan sana va vaqtda AQSH elchixonasiga borish lozim. Мanzili: Toshkent shahar, Yunusobod tumani, 5-mavze, Moyqo‘rg’on ko‘chasi, 3-uy. 

Nazoratdan xotirjam o‘tish uchun biroz oldinroq kelgan yaxshi. Birinchi nazorat-o‘tkazish punktida qo‘riqchilar, ro‘yxat bo‘yicha kelganingizni tekshirishadi, kerak bo‘lganda ichkariga olib kirish taqiqlangan narsalarni, masalan, telefonni topshirishga yordam berishadi. 

Ikkinchi NO‘Pning (nazorat-o‘tkazish punkti) kirish joyida sizni tekshirib, raqamli beyjik berishadi va keyingi yo‘nalishni ko‘rsatishadi. Kirgach, barmoq izingizni topshirasiz va suhbatga chaqirishlarini kutasiz. Suhbatni qaysi tilda bo‘lishini tanlaysiz: rus, o‘zbek yoki ingliz.

Suhbatning asosiy maqsadi — turist sifatida ketayotganingizga va keyin O‘zbekistonga qaytib kelishingizga ishonch hosil qilishdan iborat. Shuning uchun ofitser mamlakatga tashrif buyurish maqsadi, ish joyi va moliyaviy ahvolingizni aniqlashtiradi. Sayohat rejasini oldindan tuzgan yaxshi: necha kunga uchyapsiz, qaysi shaharlarga borasiz, qayerda yashaysiz va nimalarni ko‘rishni istaysiz. O‘zbekiston terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun boradigan bo‘lsangiz, qaysi o‘yinlarni ko‘rish rejangizda borligini va rejalaringiz haqida gapirib berishingiz mumkin.

Viza rad etilgani yoki ma’qullangani haqida suhbatdan so‘ng darhol xabar beriladi. Viza beriladigan bo‘lsa konsul xorijga chiqish pasportingizni olib qoladi. Shundan so‘ng, elektron pochta orqali viza tayyorligi haqidagi xabarni kutish va hujjatlarni elchixonadan olib ketish kerak bo‘ladi. Qoidaga ko‘ra jarayon uchun taxminan ikki ish kuni ketadi.

AQSh turistik vizasi qanchaga tushadi

Xarajatlarning asosiy qismi — viza badali: 185 dollar yoki taxminan 2,3 mln so‘m. Agar viza berilmasa, pullar qaytarilmaydi.

Hisobga olinishi kerak bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlar ham mavjud: 

Jami: qo‘shimcha xarajatlar bilan 2 400 000 so‘mga yaqin.

AQSh vizasini berish rad etilganda nima qilish kerak

Rad etilgan taqdirda, elektron pochtangizga tushuntirishlar va rad etish asoslangan qonun moddasiga havola bilan standart varaqni olasiz. Arizani to‘liq to‘ldirmagan yoki noto‘g’ri to‘ldirgan bo‘lsangiz yoki elchixona xodimini AQShda qolish rejangizda yo‘qligiga ishontira olmagan bo‘lsangiz, shunday holat yuz berishi mumkin. Elchixonaning o‘zida rad etish sababi va qarorni qayta ko‘rib chiqish uchun ariza topshirish mumkinmi yoki yo‘qligini ham aytishlari mumkin, lekin ba’zida hech narsa tushuntirilmaydi. Vizaga hujjatlarni qayta topshirish uchun barcha bosqichlarni yangidan o‘tish va viza to‘lovini qaytadan to‘lashga to‘g‘ri keladi. 

Agar, hujjatlar yetishmasa viza darhol berilmasligi mumkin. Bunday holatda ish ma’muriy tekshiruvga yuboriladi. Yetishmayotgan hujjatlar ro‘yxatini sizga darhol berishadi yoki pochtaga jo‘natishadi, taqdim etish muddati ham ko‘rsatiladi. Odatda, bir yil davomida yuborish lozim. Ushbu hujjatlarni elchixonaga elektron pochta yoki kuryerlik xizmati orqali yuborish kerak bo‘ladi. Bunday holda suhbatga ikkinchi marta yozilish shart emas, shunchaki arizani qayta ko‘rib chiqishadi. Xorijga chiqish pasportini elchixonada qoldirish yoki olib ketish mumkin. Agar olib ketsangiz viza olish uchun uni qayta topshirishingiz kerak bo‘ladi.