Telefon raqami boshqa shaxs nomiga onlayn qanday o‘tkaziladi
1-qadam. Raqam egasi my.gov.uz saytiga kirib, “Telefon raqamini qayta rasmiylashtirish” xizmatini tanlaydi va “Xizmatdan foydalanish”ni bosadi. Keyin kerakli ma’lumotlarni kiritadi:
- o‘tkazmoqchi bo‘lgan raqamning mobil operatorini tanlaydi;
- telefon raqamini va kimning nomiga o‘tkazmoqchi ekanini ko‘rsatadi;
- bog‘lanish uchun aloqa raqamini kiritadi.
Keyin ariza raqam kimning nomiga o‘tkazilayotgan bo‘lsa, o‘sha odamga tasdiqlash uchun yuboriladi.

2-qadam. Raqamni qabul qilayotgan shaxs my.gov.uz portaliga kiradi. Raqam egasi ariza yuborgach, portalda xabar paydo bo‘ladi. Ma’lumotlarni tekshirib, arizani tasdiqlash kerak. Shundan keyin tizim avtomatik ravishda MyID sahifasiga yo‘naltiradi. Shaxs tasdiqlagach, ariza ham tasdiqlanadi.

3-qadam. Raqamning yangi egasi arizani tasdiqlaydi, shundan keyin amaldagi egasi MyID orqali o‘z shaxsini tasdiqlab, jarayonni yakunlaydi. Keyin ariza ko‘rib chiqiladi. Ariza holatini my.gov.uz saytida “Mening arizalarim” bo‘limida ko‘rish mumkin.
Ko‘rib chiqish muddati mobil operatorga qarab bir kundan besh kungacha davom etadi.

Telefon raqami operator ofisida qanday o‘tkaziladi
Buning uchun pasport yoki ID-kartangiz bilan operator ofisiga borasiz.
Jarayonda raqamni beradigan odam va oladigan odam qatnashadi. Ulardan biri bora olmasa, raqamni qayta rasmiylashtiradigan odam nomida ishonchnoma bo‘lishi kerak. Mobil operator xodimi hujjatlarni tekshirib, yangi ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritadi.
Raqamni boshqa shaxs nomiga o‘tkazish qancha bo‘ladi
Xizmat narxi mobil operatorga qarab farq qiladi. Masalan:
Xizmat uchun to‘lovni odatda raqamni qabul qilayotgan odam amalga oshiradi. Lekin qoidalar operatorga qarab farq qilishi mumkin, shuning uchun bu masalani oldindan aniqlashtirib oling.
Pullik yoki chiroyli raqamni boshqa odamga o‘tkazsangiz qo‘shimcha xarajatlar bo‘lishi mumkin. Xizmatga istalgan bank kartasi yoki payme orqali to‘lash mumkin.
Qayta rasmiylashtirish qachon rad etilishi mumkin
Ba’zi holatlarda operator raqamni boshqa odam nomiga o‘tkazishni rad qilishi mumkin. Eng ko‘p uchraydigan sabablar:
- Raqam balansida qarz bo‘lsa, ya’ni minusga tushgan bo‘lsa, uni boshqa odam nomiga o‘tkazib bo‘lmaydi. Ba’zi operatorlar raqamni beradigan yoki oladigan odamning boshqa raqamida ham qarz bo‘lsa, raqamni o‘tkazishga ruxsat bermaydi.
- Amaldagi tarif bo‘yicha abonent to‘lovi kiritilmagan bo‘lsa. Masalan, Mobiuz’da raqamni o‘tkazishdan oldin abonent to‘lovini qayta to‘lash talab qilinishi mumkin. Shu sabab arizani abonent to‘lovi yechiladigan sanadan bir kun oldin yuborgan ma'qul.
- Raqamni topshirayotgan yoki qabul qilayotgan shaxsda O‘zbekistondagi doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish manzili yoki JSHSHIR bo‘lmasa.
Raqamni qayta rasmiylashtirishdan oldin operatoringizning qo‘llab-quvvatlash xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, jarayon haqida so‘rab oling.
