To‘y kuni va banketga ketgan xarajatlar haqida
To‘y kunimiz aniq rejalashtirilgan edi. Ertalab kuyovning uyida qarindoshlar va do‘stlar yig‘ilib, rasmga tushib keyin ovqatlanishdi. Men bu vaqtda salonda edim. Tushdan keyin ular meni olib ketishdi va biz fotosessiyaga bordik. U Noore studiyasida o‘tdi. Ikki soatga ikkita fotozona oldik va chiroyli kadrlar qilishga ulgurdik. Bu 1,2 mln so‘mga tushdi.
Fotosessiyadan keyin mehmonlarni kutib olish uchun banket zaliga bordik. To‘yga 210 kishi taklif qilingan, mehmonlarni joylashtirish bilan qarindoshlar shug‘ullanishdi. Qolgan barcha tashkiliy vazifalarni do‘stlarimiz o‘z zimmalariga olishdi. Tashkilotchi xizmati uchun alohida pul sarflamadik.
Zal tanlashda ham qarindoshlar yordam berishdi: kuyovning ota-onasi “Ofarin” restoranidagi banket zalini ko‘rib qo‘yishgan edi va u bizga darrov ma’qul keldi. U yerda kishi boshiga 500 000 so‘mdan 900 000 so‘mgacha bo‘lgan uch xil menyu taklif qilishdi. Menyulardagi farq faqat issiq taomlarda ekan, shuning uchun biz eng hamyonbopini tanladik va adashmadik, dasturxon to‘la bo‘ldi.
Jami banket xarajatlari 6 300 dollarga (taxminan 77 mln so‘m) tushdi. Restoran bergan dekor uchun esa qo‘shimcha 1 400 dollar (taxminan 17 mln so‘m) to‘ladik.

To‘y raqsini sahnalashtirishga ham qaror qildik. Toshkentdagi mashhur Zlotnikov Dance Centre studiyasida bu 300 dollar turar ekan, lekin men bunga shuncha pul sarflashni xohlamadim. Shuning uchun Team Apocalypse studiyasi treneriga murojaat qildim. U bizga 4 ta darsda murakkab bo‘lmagan, lekin chiroyli raqs o‘rgatdi. Bu 100 dollarga (taxminan 1,2 mln so‘mga) tushdi.
Birinchi raqsda “og‘ir tutun” ishlatishni maslahat bermaymiz. Agar u noto‘g’ri o‘rnatilsa, kelin-kuyov tumanda qolib ketishi mumkin. Biz bu xizmatni rad etdik va afsuslanmadik.
To‘y qanday o‘tishi taklif qilingan yulduzlarga emas, o‘zingizga bog‘liq. Boshida davra biroz zerikarliroq tuyuldi, shunda turmush o‘rtog‘im bilan birinchi bo‘lib raqsga chiqdik. Mehmonlar bizning kayfiyatimizga sherik bo‘lishdi va kecha kutilganidan ham a’lo o‘tdi.

Kelinlik obrazi qanchaga tushdi
Kelin ko‘ylakni to‘ydan ikki oy oldin tanlashni boshladim. Salonlar ro‘yxatini tuzib, dam olish kunlari onam bilan hammasini aylanib chiqdik. Kiyib ko‘rish (primerka) xizmati pullik — narxlar bitta ko‘ylak uchun 50 000 so‘mdan boshlanadi. Jami yettita salonda bo‘ldik va faqat kiyib ko‘rishning o‘zi uchun taxminan 800 000 so‘m sarfladik. Eng yaxshi assortiment Novias Plaza’da, eng qimmat primerka Miss Kamilla’da (150 000 so‘m) bo‘ldi.
Kelin ko‘ylagi ijarasi uning holatiga bog‘liq. 1–2 marta kiyilgan liboslar o‘rtacha 1 000 dollar, yangilari esa taxminan 2 000 dollar turadi. Ijara muddati odatda bir kun, ko‘ylakni ertasi kuni tushgacha qaytarib berish kerak.
Ko‘ylagimni Iman Bridal salonidan topdim. U yangi bo‘lishiga qaramay, bizga 800 dollarga (taxminan 9,8 mln so‘m) tushdi. To‘y kuni ko‘ylakni to‘g‘ri kiyishda yordam berishlari uchun salondan mutaxassis qizni chaqirdik. Uning xizmati uchun 300 000 so‘m va taksi pulini to‘ladik.
Tufli. Ko‘p salonlarda kelinlik tuflilari sotiladi, lekin men ko‘ylak tagida deyarli ko‘rinmaydigan va qaytib kiymaydigan poyabzalim uchun 200–400 dollar to‘lashni xohlamadim. Shuning uchun Zara’dan 900 000 so‘mga oq tuflilar tanladim.
Stilist. Tavsiyalarga tayanib, stilist Akmal To‘ychievni tanladim. Makiyaj va soch turmagi 200 dollarga (taxminan 2,5 mln so‘m) tushdi. 150 dollarga sinov makiyajini ham qilish mumkin edi, lekin men mablag‘ni tejash maqsadida undan voz kechdim va to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘y kunining o‘zida bordim.
Guldastani to‘y kuni salonga borish yo‘lida Honey Flowers do‘konidan sotib oldim — o‘zim ko‘rib, biror narsa yoqmasa, o‘sha zahoti to‘g‘rilatmoqchi edim. U 750 000 so‘mga tushdi. Onalarimiz uchun guldastalarni esa turmush o‘rtog‘imning do‘stlari boshqa do‘kondan 1 600 000 so‘mga olishdi.
Mening umumiy obrazim taxminan 15 mln so‘mga tushdi. Turmush o‘rtog‘im esa klassik smoking tanladi va erkaklar kiyimi do‘konidan poyabzal bilan birga jami 7,3 mln so‘mga barcha narsalarini sotib olishdi.

Media va boshlovchi uchun xarajatlar
Kechani olib borish uchun ikki nafar boshlovchini taklif qildik — biri rus tilida, ikkinchisi o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatdi. Menga ko‘proq rus tilidagi boshlovchi Abduaziz Egamberdiyev ma’qul keldi, u kechani jonlantirdi. Ularning xizmati uchun jami 1250 dollar (15 mln so‘mdan biroz ko‘proq) to‘ladik.
To‘yga jonli ijro uchun Toshkentdagi tadbirlarda juda mashhur bo‘lgan London Band guruhini taklif qildik. Ularning xizmati bizga 1200 dollarga (taxminan 15 mln so‘m) tushdi.

Fotograf xizmatlari bilan ham omadimiz keldi. To‘ydan bir necha oy oldin Buxoroda milliy uslubda fotosessiya qilgan edik. Jamoa bizga shunchalik yoqdiki, ularni to‘yimizga ham taklif qildik. Ikki nafar videochi xizmati va ularning Toshkentga kelib-ketishi uchun jami 1400 dollar (taxminan 17 mln so‘m) to‘ladik.
Biz raqs tanlovi va o‘zimiz haqimizda viktorina uyushtirdik. Sovg‘alar uchun massaj sertifikati, ikki quti shokoladli qulupnay va oltita elektr krujka sotib oldim — hammasiga taxminan 1,7 mln so‘m ketdi.
Men to‘y uchun jami 19 150 000 so‘m sarfladim

Turmush o‘rtog‘im to‘y uchun taxminan 148 300 000 so‘m sarfladi

Obunachilarimiz to‘ylari yana qanday o‘tgan:

