Shifokorga murojaat qiling

Bu maqola maslahat emas, shunchaki Elinaning shaxsiy hikoyasi. Har qanday operatsiyadan oldin ko‘z shifokori bilan maslahatlashish shart. Har bir muolajaning o‘ziga yarasha xavfi va qarshi ko‘rsatmalari bo‘ladi — ularni mutaxassis biladi.

Ko‘rishim qachondan yomonlasha boshlagan?

Maktabdayoq ko‘zim yaxshi ko‘rmasligini sezganman. Bir safar nazorat ishidagi ikki baho sabab onam buni sezib qoldi — doskada yozuvlarni ko‘rmaganim uchun topshiriqni bajara olmagandim, o‘qituvchiga esa aytishga uyalgandim.

Shundan so‘ng meni shifokorga olib borishdi. Ko‘rish darajam −2 dioptriyaga tushgani ma’lum bo‘ldi. Menga ko‘zoynak yozishdi — doim taqish kerak edi. Lekin men ularni taqmasdim, sinfdoshlarim kulishmasligi uchun. Linza esa faqat 18 yoshdan keyin mumkin.

O‘shanda ko‘zoynak taqmaslik bilan o‘zimga zarar qilayotganimni tushunmasdim. Ko‘zlarim zo‘riqavergani uchun holat yomonlashdi. 11-sinfga kelib, bir ko‘zimda −4,75, ikkinchisida esa −5 dioptriyagacha pasaydi.

Maktabdan keyin kontakt linzalarga o‘tdim — ular qulaydek edi. Tashqaridan ko‘rinmaydi, o‘zingizni erkin his qilasiz. Albatta, ozgina qiyinchiliklari bor: har kuni yechish, yuvish, har oyda almashtirish kerak. Lekin bu ko‘p vaqt olmaydi — bir necha daqiqa kifoya.

Narxi esa — bir jufti o‘rtacha 160 000 so‘mdan boshlanadi.

Nega lazer korreksiyasiga qaror qildim?

Men 20 yil davomida kontakt linzalar taqib yurdim. Balki yana yillar davomida shunday yurishim mumkin edi, lekin oxirgi paytlarda ko‘zlarim bilan bog‘liq muammolar kuchaya boshladi. Ko‘rish sifati pasayib, hamma narsa xiralashib ketdi.
Qo‘shnilarimni ko‘chada tanimay qolishim yoki mijozga noto‘g‘ri vaqtni aytib qo‘yishim mumkin edi — masalan, soat 18:00 o‘rniga 16:00 deb o‘qib yuborardim. Yana bir muhim narsa — men mashina haydayman. Yomon ko‘rish nafaqat men uchun, balki yo‘ldagilarning ham xavfsizligiga tahdid solardi. Shu sabab oftalmologga bordim.

Iyul oyida tekshiruvdan o‘tdim — hammasi odatdagidek chiqdi: bir ko‘z –4,75, ikkinchisi –5. Ammo oradan bir oy o‘tar-o‘tmas, avgustda yana borishga to‘g‘ri keldi. Bu safar ko‘rishim −9 ga tushib ketgan edi.
Shifokor bunday keskin yomonlashish sababsiz bo‘lmasligi kerak, deb qo‘shimcha tekshiruvga yubordi. Bosh miyamda o‘sma bo‘lishi ehtimoliga qarshi MRT qilishdi va nevropatologga ham bordim — sababi, bu holat asab tizimi bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin edi.
MRT va nevropatolog qabuliga jami 800 ming so‘m sarfladim.

Natijada aniqladik: muammo stressdan bo‘lgan. So‘nggi oylar dam olishsiz ishlaganman — har kuni ertalab soat 9 dan kechki 9 gacha. Barcha vaqtim kompyuter qarshisida o‘tar, bu esa ko‘zlarga ancha salbiy ta’sir qilgan. Shifokor menga lazer korreksiyasini taklif qildi. Bu nafaqat ko‘rishni tiklash, balki uni yanada yomonlashishdan saqlash va linzalardan butunlay voz kechish imkonini berardi.

Saodat Baykabulova
oliy toifali shifokor-oftalmolog, “Saif optimal” klinikasida oftalmoxirurg, ish tajribasi 20 yil
Ko‘rish qobiliyatini lazer yordamida to‘g’irlash kimlarga mumkin va kimlarga mumkin emas?

Agar sizda uzoqni ko‘rolmaslik ko‘rsatkichi −10 gacha, yaqinni ko‘rolmaslik ko‘rsatkichi +6 gacha yoki astigmatizm ko‘rsatkichi ±6 dioptriyagacha bo‘lsa va siz 18 yoshga to‘lgan bo‘lsangiz bu holda lazer yordamida korreksiya qilish mos kelishi mumkin. Ayniqsa, ko‘rish qobiliyati barqaror bo‘lib, linza hamda ko‘zoynaklardan allaqachon charchagan bo‘lsangiz.

Quyidagi hollarda korreksiya mumkin emas:

  • glaukoma, katarakta, to‘r pardaning ko‘chishi kabi jiddiy ko‘z kasalliklari mavjud bo‘lsa,
  • uzoqni ko‘rmaslik, yaqinni ko‘rmaslik yoki astigmatizm haddan tashqari kuchli bo‘lsa bu, holda operatsiya yordam bermasligi mumkin,
  • siz diabet, infeksiyalar, onkologiya yoki autoimmun kasalliklarga chalingan bo‘lsangiz,
  • homiladorsiz yoki emizyapsiz: gormonlar natijaga ta’sir qilishi mumkin,
  • 45 yoshdan oshgan bo‘lsangiz: ko‘rish qobiliyati yoshga qarab o‘zgarib bormoqda va natijasini oldindan aytib bo‘lmaydi,
  • haddan tashqari yupqa shox parda: lazerda ishlash uchun hech narsa bo‘lmaydi,
  • ruhiy kasallik mavjud bo‘lsa: shifokor ko‘rsatmalariga aniq rioya qilish muhim.

Klinikani qanday topdim?

Oktyabr oyida klinika izlashga kirishdim — internetni titkiladim, mish-mishlarga quloq tutdim, hamkasblarim, tanishlarim va mijozlarimdan so‘radim. Shunday qilib, Chilonzordagi “Nur Med” xususiy klinikasini topdim. Ba’zi tanishlarim u yerda operatsiya qildirgan ekan va juda mamnun qolishgan — aynan shu ishonch men uchun hal qiluvchi bo‘ldi. Klinikaga qo‘ng‘iroq qilib, shifokor qabuliga yozildim.

Dastlabki maslahatda meni to‘liq tekshirib chiqishdi — ko‘z tubi va shox pardaning qalinligini o‘lchashdi. Bu bosqich majburiy: aynan shu natijalarga qarab, shifokor operatsiya mumkinmi yoki yo‘qmi, deb aytadi. Konsultatsiya narxi — 200 ming so‘m.

Menda qarshi ko‘rsatmalar yo‘q edi, lekin sanani kelishishga ulgurmay ishga sho‘ng’ib ketdim va bu masalani esdan chiqardim. Oradan bir oy o‘tgach, klinikadagi shifokor o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, “fikringizdan qaytmadingizmi?” deb so‘radi. U, bu masalani kechiktirmaslik kerakligini tushuntirdi. Chunki, agar ko‘rish qobiliyati −10 ga tushib ketsa, lazer korreksiyasi uchun kech bo‘lishi mumkin ekan. Shu gaplardan so‘ng qo‘rqib ketdim va operatsiyaga qat’iy qaror qildim.

Lazerli korreksiyaga qanday tayyorlandim?

Bunga alohida tayyorgarlik shart emas — dori ichish ham, parhez qilish ham kerakmas. Faqatgina operatsiyadan 5 kun oldin kontakt linzalarni taqmaslik va shifokor yozgan tomchilarni vaqtida tomizib turish lozim.
Yana bir muhim narsa: operatsiyadan oldin OIV va sifilisga qon topshirdim — bu barcha jarrohlik amaliyotlaridan oldin o‘tkaziladigan standart tekshiruvlar.

Klinikaga hech narsa olib borish shart emas, faqat quyoshdan saqlovchi ko‘zoynak kifoya. Operatsiyadan soat o‘tib chiqib ketish mumkin, lekin uyga bir o‘zingiz bora olmaysiz.
Shuning uchun yoningizda sizni kuzatib qo‘yadigan yaqin kishingiz bo‘lishi kerak — operatsiyadan keyin na taksi chaqira olasiz, na zinapoyadan tusha olasiz.

Operatsiya qanday o‘tdi?

Operatsiya kuni klinikada men bilan birga yana 30 ga yaqin odam navbat kutib turardi. Hammasi tez-tez o‘tardi — ko‘z gavhari almashtirilsa, taxminan 10 daqiqa ketar ekan, lazer korreksiyasi esa atigi 5–6 daqiqa davom etadi.

Menga bir martalik xalat kiydirishdi va MRT kapsulasiga o‘xshagan apparatga yotqizishdi. Ko‘zlarimga og‘riqsizlantiruvchi tomchilar tomizishdi. Qovoqlarimni harakat qilmasligi uchun kengaytirgich bilan mahkamlashdi, so‘ng antiseptik dorilar bilan tozalashdi — bu biroz yoqimsiz tuyuladi, lekin zarur. Yuzimni esa faqat ko‘zlar ochiq qoladigan mato bilan yopishdi.

Operatsiyaning o‘zi 6 daqiqa davom etdi. Og‘riq bo‘lmadi, lekin lazer nuri to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘zga yo‘naltirilganda o‘zimni biroz noqulay his qildim. Ko‘zni pirpiratgim va ishqalagim kelar, o‘zimni zo‘rg‘a tiyib turdim.

Eng qo‘rqinchli lahza shunda bo‘ldi: bir mahal ko‘zim 20 soniyalarga butunlay ko‘rmay qoldi. To‘satdan qorong‘ulik — xuddi chiroq o‘chib qolgandek. Bu holat vaqtinchalik ekanini shifokor aytgandi, lekin baribir biroz vahimaga tushdim. Yaxshiyamki, keyin hammasi tiklandi va atrofimni yana ko‘ra boshladim.

Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Palatadan o‘zim chiqib bordim. Ba’zi odamlarni hamshira qo‘lidan ushlab olib chiqdi — bu har kimda har xil kechadi. Ko‘zlarim biroz achishdi, yonayotgandek tuyildi — bu tabiiy, o‘sha kuni operatsiya bo‘lganlar ham shunday holatni aytishdi.

Keyin bir soatcha maxsus xonada yotdim — ko‘zlarni yumib dam olish kerak. So‘ng shifokor ko‘rikdan o‘tkazdi va uyga ruxsat berdi.

Narx esa ko‘rish holati, korreksiya texnologiyasi va boshqa omillarga bog‘liq. Menda operatsiya va barcha tekshiruvlar jami 7 million so‘mga tushdi.

Operatsiyadan keyin o‘zimni qanday his qildim?

Operatsiya og‘riqsiz va qo‘rqinchli emas, deyishgandi — bu haqiqat. Lekin hech kim og‘riq aslida operatsiyadan keyin, og‘riq qoldiruvchi tomchilar ta’siri o‘tib ketgach boshlanishini ogohlantirmagan edi.

Ko‘z ostimda qontalashlar paydo bo‘ldi, ko‘zlar achishib, yonayotgandek tuyildi. Ularni ishqalash mumkin emas, hatto yuzga engil tegish ham taqiqlangan. Shuning uchun uch kun quyoshdan saqlovchi ko‘zoynak taqib yurdim va hatto tunda u bilan uxladim. Shifokorlar ayniqsa birinchi kechada ko‘zoynak bilan uxlashni maslahat berishadi — chunki odam uxlaganda o‘zini nazorat qila olmaydi.

Operatsiyadan keyin bir qancha cheklovlar bor. Masalan:

Eng muhimi — shifokor ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilish kerak. Agar tiklanish vaqtida yallig‘lanish boshlansa yoki ko‘rish yomonlashsa, qayta operatsiyani faqat 15 yildan keyin qilish mumkin bo‘ladi.

Operatsiyadan keyingi ertalab uyg‘onsam, ko‘rishim 100 foiz edi! Lekin oradan biroz vaqt o‘tib, o‘ng ko‘zimda ko‘rish susayib qoldi. Shifokor bunday "sakrashlar" tiklanish davrida odatiy hol ekanini tushuntirdi. Yarim yilgacha ko‘zda shunday o‘zgarishlar bo‘lib turar ekan. Bir vaqtlar goh chap, goh o‘ng ko‘zimda noqulaylik bo‘ldi, lekin keyinchalik barchasi tiklandi.

Saodat Baykabulova
oliy toifali shifokor-oftalmolog, “Saif optimal” klinikasida oftalmoxirurg, ish tajribasi 20 yil
Nima uchun korreksiyadan so‘ng ko‘rish qobiliyati yomonlashishi mumkin?

Ba’zida lazerli korreksiyadan so‘ng ko‘rish qobiliyati vaqt o‘tishi bilan yana yomonlashadi. Sabablar turli.

Yosh. Yillar o‘tishi bilan ko‘rish qobiliyati baribir o‘zgaradi — masalan, yoshga bog’liq yaqinni ko‘rmaslik paydo bo‘ladi va mayda shriftlar yaxshi ko‘rinmaydi.

Ko‘zlarning quruqligi. Agar sizda quruq ko‘z sindromi kuchli bo‘lsa, bu natijaga ta’sir qilishi mumkin.

Ko‘z kasalliklari. Konyunktivit yoki keratit kabi yallig’lanishlar — ayniqsa ular operatsiyadan keyin bo‘lsa.

Shifokor tavsiyalariga rioya qilmaslik. Agar tomchilar tomizilmasa, ko‘z zo‘riqtirilsa yoki taqiqlarga e’tibor berilmasa — davolanish noto‘g’ri ketishi va natija yomonroq bo‘lishi mumkin. Lekin, barcha tavsiyalarga diqqat bilan amal qilinsa, operatsiyadan keyin ko‘rish qobiliyatining pasayishi xavfi minimal darajada bo‘ladi.

Men uzoq yillar kontakt linza taqqanim sababli ko‘zlarimda quruq ko‘z sindromi paydo bo‘lgan edi. Shu sababli, boshqalarga qaraganda ancha uzoq tiklandim — deyarli ikki oy. Shifokorlar tavsiyasi bilan “Xilogel” tomchilari doimiy hamroh bo‘ldi. U ko‘zning shilliq qavatini namlab turadi. Bitta flakon taxminan 170 ming so‘m turadi, menga esa u 2–3 kunga yetar edi. Tomchilardan to‘rt oy davomida foydalandim — narxi operatsiya xarajatiga yaqin bo‘lib ketdi.

10 kundan keyin ishga qaytdim. Hozir esa kompyuterda ishlayotganda doim yaltiramaydigan ko‘zoynak taqaman — u ko‘zni nurlardan himoya qiladi.

Hozir ko‘rishim qanday?

Operatsiyadan to‘rt oy o‘tdi. Bugun men to‘liq, 100 foiz ko‘raman. Ko‘rish qobiliyatim o‘zgarmaydi, sakramaydi. Kompyuterda bemalol ishlayman, mashina haydayman, kitob o‘qiyman — oddiy hayotimga qaytdim.

Ba’zida odatga ko‘ra yana ko‘zoynak izlab qo‘l cho‘zaman, keyin o‘zimni to‘xtataman — axir endi hammasini o‘zim ko‘rayapman-ku! Bu — so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan tuyg‘u. Ishonchim komilki, hayotim “operatsiyadan oldin” va “operatsiyadan keyin”ga bo‘lingan. Aynan mana shu “keyin” esa juda ajoyib!

Faqat bir narsadan afsusdaman — nega bu qadamni avvalroq qo‘ymaganman? Dunyoni to‘liq, tiniq ranglarda ko‘rdim. Bu hissi faqat umri davomida ko‘zoynak taqqanlar, linza taqqanlar va -7 dioptriyaga ega bo‘lganlar tushunadi.

Linza taqib yurganlarga bitta maslahat — imkon qadar oddiy ko‘zoynakdan foydalaning. Chunki linza, menda bo‘lgani kabi, ko‘zning quruqlashishiga sabab bo‘lishi mumkin. Eng muhimi, oftalmologga ko‘rining — ehtimol siz uchun ham bu muammo hal bo‘lish yo‘lidadir.

Ko‘rish qobiliyatini korreksiya qilish operatsiyasi xarajatlari — taxminan 14,8 million so‘m