Nikohlar kamaygan, ajrimlar oshgan
Statistika agentligiga ko‘ra so‘nggi 10 yil ichida nikohlar soni asta-sekin kamaymoqda. Masalan, 2018-yilda 311,4 mingta nikoh bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 12,7 foizga kamaygan.
Boshqa tarafdan esa — ajrimlar ko‘paygan. 2018-yilda 32,3 mingta ajralish bo‘lgan. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 45,1 mingtaga yetgan. Hatto 2023-yilda undan ham ko‘proq — 49,2 mingta oila ajrashgan. Qolaversa, 2024-yil — oxirgi 10 yildagi eng kam to‘y qayd etilgan yil bo‘ldi.

Nechchi yoshda turmush qurgan yaxshi?
Odatda qizlar o‘rtacha 22 yoshda turmush quradi. Ularning 80 foizdan ko‘prog‘i 25 yoshga yetmasdan turmushga chiqadi. Yigitlar esa o‘rtacha 27 yoshda uylanadi.
"Ijtimoiy fikr" markazining so‘rovida aksariyat odamlar ideal nikoh yoshi sifatida 21–25 yoshni aytishgan.
Ammo shu so‘rovda qatnashganlar bitta fikrga urg‘u bergan: agar nikoh biroz kechroq bo‘lsa, inson avval ta’lim oladi, kasb egallaydi, moddiy tomondan oyoqqa turadi — bu esa keyinroq barqaror oila qurishga yordam beradi.

Erta turmush qurishning eng asosiy sababi — ota-onalarning bosimi. So‘rovda qatnashganlarning 48,1 foizi aynan shu sababni ko‘rsatgan.
Yana bir muhim omil: yoshlar hayotga hali to‘liq tayyor emas. 25,9 foiz odamlar yoshlarning tarbiyasi, sog‘ligi va mas’uliyatni tushunishi bo‘yicha muammolar borligini aytgan.
Ayrimlar esa foydali turmush orqali moddiy holatini yaxshilashni ko‘zlaydi — bu fikr 22,5 foiz ishtirokchilar tomonidan bildirilgan.
Ajralishlar nega ko‘paymoqda?
O‘zbekistonda o‘rtacha nikoh 10 yil atrofida davom etadi. 2024-yilga ko‘ra, erkaklar o‘rtacha 35 yoshda, ayollar esa 32 yoshda ajrashmoqda. Ayollar orasida ajrashayotganlarning katta qismi — 64,6 foizi — 35 yoshgacha bo‘lganlar.
Ko‘pchiliklikning fikricha, yoshlar hali hayotga tayyor bo‘lmagan holatda oila qutyapti. Ularda to‘liq ta’lim, kasb, mustaqil uy-joy yoki barqaror daromad yo‘q. So‘rovda qatnashganlarning 49,7 foizi aynan shu sababni ajrimlar uchun asosiy omil deb bilgan.
Moddiy mustaqillik — yana bir muhim jihat. So‘rovda qatnashganlarning fikricha, oila qurishdan oldin insonda o‘z daromadi bo‘lishi kerak. Pul bilan bog‘liq muammolar ko‘plab oilalarda janjal va ajrimlarga sabab bo‘lyapti — bu fe’l-atvor mos kelmasligidan keyingi eng keng tarqalgan muammo.
Ajrashgan oilalarning deyarli yarmi — 48,1 foizi — hali farzand ko‘rishga ulgurmagan. Qolganlar orasida 28,6 foizida bir bola, 23,3 foizida esa ikki yoki undan ko‘p farzand bo‘lgan.
Xulosa
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda to‘ylar soni kamayib, ajralishlar soni ko‘paygan. 2018-yildan 2024-yilgacha to‘ylar 12,7 foizga kamaygan bo‘lsa, ajralishlar qariyb 1,5 baravar oshgan.
Aksariyat yoshlar 25 yoshga yetmasdan turmush qurmoqda. O‘rtacha kelin 22 yoshda, kuyov esa 27 yoshda bo‘ladi. Lekin bu erta nikohlar ko‘pincha ajrim bilan tugayapti.
Ajralishlar sabablari — asosan fe’l-atvorning mos kelmasligi va moddiy qiyinchiliklar. Shu bois, oila qurishga qaror qilishdan oldin hayotga, mas’uliyatga va iqtisodiy mustaqillikka tayyor bo‘lish muhim.