Suhbatga qanday tayyorlanish kerak
Kompaniya haqida ma’lumot yig‘ing. Suhbatga borishdan oldin kompaniya haqida qancha ko‘p ma’lumot bilsangiz, o‘zingizni shuncha ishonchli his qilasiz. Savollarga javob berish ham osonroq bo‘ladi. Buning uchun:
- Vakansiyani diqqat bilan qayta o‘qib chiqing. Javoblaringizni tayyorlashda ish beruvchining talablarini hisobga oling.
- Kompaniyaning mahsulotlari va xizmatlari bilib oling. Oxirgi yangiliklari bilan tanishing. Masalan, kompaniya yangi mahsulotni ishga tushirgan yoki yangi filial ochgan bo‘lishi mumkin.
- Siz bilan kim suhbatlashishini aniqlang. Ismi va lavozimini bilsangiz, LinkedIn’dagi profilini topib ko‘ring.
Kompaniya haqidagi ma’lumotlarni uning rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqlari va qidiruv tizimlaridan topish mumkin. Kompaniyada ishlagan yoki hozir ishlayotgan tanishlaringiz bo‘lsa, ular bilan gaplashing.
O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan bo‘lsangiz, “Chet elga ishga ketishda qanday aldanmaslik mumkin” maqolamizni o‘qing.
O‘zingiz haqingizda gapirib bering. Ko‘pincha suhbatlarda birinchi bo‘lib o‘zingiz haqingizda gapirib berish so‘raladi. Bog‘chadan boshlab butun hayotingizni aytib berish shart emas. Qanday mutaxassis ekaningizni va kompaniyaga qanday foyda keltirishingiz haqida 3–5 daqiqada qisqacha tushuntirsangiz bo‘ladi.

Suhbatda ko‘p beriladigan savollarga qanday javob berishni o‘ylab chiqing. Ish beruvchidan nimalarni so‘rashingizni ham oldindan yozib qo‘ying. Bu haqda maqolaning keyingi qismida batafsil gaplashamiz.
Sizga mos ish haqini hisoblab chiqing. O‘zingiz uchun eng kam ish haqini aniqlang. Ijara, ovqat, majburiy xarajatlar uchun qancha pul kerakligi va qancha pulni jamg‘armoqchi ekaningizni hisoblang. Bu sizning pastki chegarangiz bo‘ladi. Keyin tajriba va malakangiz darajasidagi mutaxassislarga qancha ish haqi taklif qilinishini ko‘rib chiqing. Bunday ma’lumotlarni vakansiya saytlari va professional chatlarda topish mumkin.
Oxirida ish haqi bo‘yicha ikkita summa bo‘lishi kerak. Pastki chegara — sizga ma’qul summa, yuqori chegara esa undan 15–20% ko‘proq. Masalan, siz uchun 10 mln so‘m ma’qul, shunda yuqori chegara taxminan 12 mln so‘m bo‘ladi.
Suhbat qachon va qayerda bo‘lishini aniq bilib oling. Quyidagilarni tekshiring:
- suhbatning sanasi va vaqti. Agar suhbat onlayn bo‘lsa, vaqt mintaqasini ham so‘rang;
- uchrashuv manzilini. Binoga qanday kirish mumkinligini oldindan bilib oling. Yo‘l uchun ham vaqt ajrating;
- onlayn suhbat qaysi platformada bo‘lishini aniqlang, masalan, Zoom yoki Google Meet. Ilovani oldindan o‘rnatib, kamera va mikrofonni tekshiring;
- kiyinish talablari: aniq bilmasangiz, oldindan so‘rang;
- suhbat qaysi tilda bo‘lishini: o‘zbek, rus yoki ingliz tilida.
Suhbat o‘zi qanday o‘tadi
Suhbat ko‘pincha bir xil tartibda o‘tadi: erkin suhbat → o‘zingiz haqingizda gapirasiz → ish beruvchi kompaniya va vakansiya haqida so‘zlab beradi → sizga savollar beriladi → siz o‘z savollaringizni berasiz → keyingi bosqichlar bo‘yicha kelishib olasiz.
Suhbat davomida xushmuomala bo‘lish va kompaniyaga qanday foyda keltirishingizni ko‘rsatish muhim. Suhbatdan oldin hayajonlansangiz, bitta usul yordam berishi mumkin. Ishga qanchalik harakat qilishingizdan qat’i nazar, sizni ishga olishmasligini tasavvur qilib ko‘ring. Biroz g‘alati maslahatdek tuyulishi mumkin, lekin bu ko‘pchilikka o‘zini erkinroq his qilishga yordam beradi.
Suhbat davomida ko‘p uchraydigan xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiling.
Savollarga qanday javob berish kerak
Ko‘pchilik nomzodlar uchun eng qiyin qism, savollarga javob berish. Mashhur savollarga javob berishni sotuvlar menejeri Dilshod misolida ko‘rib chiqamiz. U uch yildan beri kichik kompaniyada ishlaydi, katta menejer lavozimigacha ko‘tarilgan va ikki nafar yangi xodimga ustozlik qiladi. Hozir esa yirik kompaniyaning sotuvlar bo‘limiga o‘tmoqchi.
Nega ish joyingizni o‘zgartirmoqchisiz? HR mutaxassisi siz janjalkash odammisiz, yo‘qmi, shuni bilmoqchi bo‘ladi. Balki boshliq yoki hamkasblaringiz bilan urishib, yangi ish qidirayotgandirsiz.
Ish beruvchingizni yomonlamang. Yaxshisi, nimaga erishmoqchi ekaningizga e’tibor qarating. Masalan, “Kompaniyada o‘z lavozimimda o‘sish uchun imkoniyat qolmadi. Yirik shartnomalar tuzishni xohlayman, shuning uchun yangi ish qidiryapman”.
Eng muvaffaqiyatli loyihangiz haqida gapirib bering. Ish beruvchi qanday natijalarga erishishingiz mumkinligini va ularni raqamlarda ko‘rsata olishingizni bilishni xohlaydi.
Javobni sxema bo‘yicha tuzing. Vazifa → nima qildingiz → raqamlardagi natija. Masalan, “Menga sovuq mijozlar bazasi topshirildi, men ular bilan ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydim. Chorak yakunida sotuvlar rejasini 30% ga oshirdim”.
Ishingizda yo‘l qo‘ygan xato yoki muvaffaqiyatsizlik haqida gapirib bering. Bu orqali xatolaringizni tan olib, ulardan xulosa chiqarish qobiliyatingizni tekshirishadi. Haqiqiy xatongizni yashirmang, e’tiborni uni qanday tuzatganingiz va nimalarni o‘rganganingizga qarating.
Masalan, “Ombor bilan kelishmasdan mijozga yetkazib berish muddatini va’da qildim, shu sababli bitim bekor bo‘lishiga oz qoldi. Mijozdan uzr so‘radim va omborni partiyani navbatsiz chiqarishga ko‘ndirdim. O‘shandan beri biror narsani va’da qilishdan oldin hammasini tekshiraman”.
Kuchli tomonlaringiz qanday? Ish beruvchi siz kompaniyaga qanday foyda keltirishingizni bilmoqchi.
Shu lavozim uchun muhim bo‘lgan 2–3 ta kuchli tomoningizni ayting va ularga misol keltiring. “Sovuq qo‘ng‘iroqlar va rad javoblardan qo‘rqmayman. Potensial mijozlar bilan xotirjam gaplashaman. E’tirozlar bilan ishlashni ham bilaman. Bosim o‘tkazmasdan mijozning asl ehtiyojini aniqlashga harakat qilaman”.
Zaif tomonlaringiz bormi? Bu savol bilan o‘zingizni tanqidiy baholay olishingiz va o‘z ustingizda ishlashingiz aniqlanadi.
Bor kamchiligingiz haqida gapiring va u bilan qanday ishlayotganingizni ko‘rsating. Masalan, “Vazifalarni boshqalarga topshirishga qiynalaman. Mijozlar bilan hamma ishni o‘zim qilishga o‘rganganman. Yangi xodimlarga ustoz bo‘lganimda, jamoaga ishonishni o‘rganishga to‘g‘ri keldi”.
O‘zingizni 3-5 yildan keyin qayerda ko‘rasiz? Ish beruvchi sizning rejalaringiz kompaniya taklif qilishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlarga mos kelishini bilmoqchi. Maqsadlaringiz haqida gapiring. Lekin ular haqiqatga yaqin bo‘lsin. Masalan, “Kuchli mutaxassis bo‘lishni, yirik mijozlar bilan ishlashni, vaqt o‘tishi bilan kichik jamoaga rahbarlik qilishni xohlayman”.
Nega aynan bizning kompaniyada ishlamoqchisiz? Bu savol orqali kompaniyada ishlash xohishingizni bilishga harakat qilishadi. Suhbatga tayyorlanayotganda kompaniya haqida to‘plagan ma’lumotlaringizdan foydalanib, aniq sabablarni ayting. Masalan: "Kompaniyangiz bozorda yetakchilardan biri. Mahsulotingiz ham menga yoqadi”.
Bizning kompaniyamiz haqida nimalarni bilasiz? Suhbatdosh uchrashuvga tayyorlangan-tayyorlanmaganingizni bilishni xohlaydi. Mahsulotni va kompaniyaning so‘nggi yangiliklarini bilishingizni ko‘rsating. Masalan: “Ikki oy oldin yangi mahsulotni ishga tushirdingiz va Samarqandda ishlashni boshladingiz”.
Bizga qanday foyda keltira olasiz? Ish beruvchi kompaniyaga qanday foyda keltirishingizni tushunishni xohlaydi. Javob berayotganda kompaniyaning vazifalarini o‘z kuchli tomonlaringiz bilan bog‘lang. Masalan, “Sovuq mijozlar bazasi bilan ishlashni va uzoq davom etadigan bitimlarni natijagacha yetkazishni bilaman. Yana sotuv jarayonini noldan yo‘lga qo‘yish tajribam bor”.
Hamkasbingiz yoki boshliq bilan bo‘lgan nizo haqida gapirib bering. Bu savol bilan nizoli vaziyatlarni kattalardek, xotirjam hal qila olishingizni tekshirishadi. Haqiqiy vaziyatni aytib bering va vaziyatni qanday hal qilganingizga urg‘u bering. Masalan, “Hamkasbim bilan mijoz kimga tegishli ekani haqida bahslashdik. Keyin arizalarni taqsimlash qoidasi bo‘yicha kelishib oldik va bunday nizolar boshqa takrorlanmadi”.
Vazifani belgilangan muddatda bajarishga ulgurmasangiz, nima qilasiz? Bu savol orqali mas’uliyatni o‘z zimmangizga olishingizni tekshirishadi. Muammo haqida oldindan xabar berishingiz va yechim taklif qilishingizni ko‘rsating. Masalan, “Sotuvlar rejasini bajara olmayotganimni sezishim bilan darhol boshliqni ogohlantiraman va natijaga erishish uchun yana nimalar qilishim mumkinligini so‘rayman”.
Yangi narsani tez o‘rganishingiz kerak bo‘lgan vaziyat haqida gapirib bering.
Bu savol bilan yangi narsalarni o‘rganishga tayyorligingiz va yangiliklardan qo‘rqmasligingizni aniqlashadi. Aniq misol keltiring.
Masalan, “Texnik jihatdan murakkab mahsuloti bor kompaniyaga ishga kirdim va u haqida hech narsani bilmasdim. Ikki hafta yo‘riqnomalarni o‘qidim va muhandislarga savollar berdim. Keyin bitimlarni yopishni boshladim”.
Tanqidga qanday munosabat bildirasiz? Ish beruvchi tanqidga bo‘lgan munosabatingiz va bildirilgan fikrlardan qanday foydalanishingizni bilishni xohlaydi.
E’tiroz va tavsiyalarni rivojlanish vositasi sifatida qabul qilishingizni ko‘rsating. Masalan, “Tanqidga xotirjam munosabatda bo‘laman. Bir kuni boshliq qo‘ng‘iroqlarim yozuvlarini tinglab, nimalarni noto‘g‘ri qilayotganimni aytdi. Uning tavsiyalariga quloq soldim va bitim ko‘rsatkichi oshdi”.
Tashabbus ko‘rsatgan vaziyatingiz haqida gapirib bering. Bu savol tashabbuskor ekaningizni yoki boshliq ko‘rsatmalarini kutishingizni aniqlashga yordam beradi. Muammoni qanday mustaqil aniqlaganingiz va hal qilganingiz haqida gapiring. “Faqat bir marta xarid qilib, boshqa bizga murojaat qilmagan mijozlar borligini bildim. Ularga qayta qo‘ng‘iroq qilishni boshladim va natijada sotuvlar 15% ga oshdi”.
Nega ish faoliyatingizda tanaffus bo‘lgan? Ish beruvchi bu davrda nimalar bilan shug‘ullanganingizni va kasbingizdan uzoqlashib ketmaganingizni tekshiradi. Xotirjam va to‘g‘ri javob bering, vaqtni bekorga o‘tkazmaganingizni ayting. Masalan, “Oilaviy sabablar tufayli ishda tanaffus bo‘lgan. Lekin maslahatchi sifatida kichik kompaniyada sotuvlarni yo‘lga qo‘yishga yordam berganman”.
Nega ish joyingizni ko‘p o‘zgartirgansiz? Bu orqali kompaniyada uzoq vaqt qolishingiz yoki yarim yildan keyin ketishingiz mumkinligini tekshirishadi. Ish joyi o‘zgarishini beqarorlik emas, rivojlanish sifatida tushuntiring. “Har bir yangi ish joyi men uchun keyingi bosqich bo‘ldi, mijozlar darajasi ham, daromadim ham oshdi. Endi esa uzoq muddat qolib, kompaniyada rivojlanishim mumkin bo‘lgan joy izlayapman”.
Nega sizni ishdan bo‘shatishgan? Ish beruvchi vaziyatdan qanday xulosa chiqarganingizni bilishni xohlaydi. Shuning uchun yolg‘on gapirmang va boshqalarni ayblamang. Masalan, “Kompaniya natijalari past bo‘lgan menejerni ishdan bo‘shatishga qaror qildi. Tajriba oson bo‘lmagan, lekin shu holat menga ko‘nikmalarimni yaxshilashga turtki bergan. Keyingi ish joyimda sotuvlar rejasini bajarishda hech qanday muammo bo‘lmadi”.
Oldingi ish joyingizda nimalar yoqmasdi? Bu savol bilan sobiq hamkasblaringizga bo‘lgan munosabatingizni aniqlashadi. Odamlar haqida emas, vazifalar va jarayonlar haqida gapiring. Masalan: “Ish ko‘lami menga kamlik qilardi. Mahsulot juda tor yo‘nalishga mo‘ljallangan, o‘rtacha chek ham uncha katta emas edi. Shuning uchun o‘sishim mumkin bo‘lgan kompaniya qidiryapman”.
Ish beruvchiga qanday savollar berish kerak
Suhbatda sizdan “Savollaringiz bormi?” deb so‘rashadi. To‘g‘ri javob — ha. Savol bermaslik befarqlik sifatida qabul qilinishi mumkin. Yo sizga baribir, yoki suhbatga yetarlicha e’tibor qaratmagansiz. Ish beruvchiga savol berish qiziqishingizni ko‘rsatadi. Bu kompaniya sizga mos yoki mos emasligini tushunishga ham yordam beradi.
Lekin juda ko‘p savol berish ham kerak emas. Suhbat so‘roqqa o‘xshab qolishi mumkin. Eng yaxshisi, oldindan 5–7 ta savol tayyorlab qo‘ying. Vakansiya haqida gapirayotganda ish beruvchi ularning ayrimlariga o‘zi javob berishi mumkin. Qolganlarini suhbat oxirida so‘rang.
Ish vazifalari haqida. “Odatiy ish kunim qanday o‘tadi?”, “Xodimlar ish jadvali qanday?”, “Birinchi oylarda qaysi vazifalar ustuvor bo‘ladi?”.
Muvaffaqiyat mezonlari haqida. “Uch oydan keyin, ishimni yaxshi bajarayotganimni qanday aniqlaysiz?”.
Jamoa va boshliq haqida. “Kimlar bilan bir jamoada ishlayman?”, “Kimga hisobot beraman?”.
Rivojlanish haqida. “Kompaniyada gorizontal yoki vertikal rivojlanish imkoniyati bormi?”, “Sizlarda xodimlarni rivojlantirish qanday yo‘lga qo‘yilgan?”.
Vakansiya ochilishining sababi haqida. “Bu kompaniyadagi yangi lavozimmi yoki ishlayotgan xodim o‘rniga odam qidiryapsizlarmi?”.
Keyingi bosqichlar haqida. “Tanlovning keyingi bosqichlari qanday?”, “Qachon suhbat natijasi haqida xabar berasiz?”.
Ish haqi haqida. Ish beruvchi ish haqi haqida gapirmagan bo‘lsa, suhbat oxirida so‘rash mumkin. Agar sizdan ish haqi bo‘yicha kutayotgan summangizni so‘rashsa, suhbatga tayyorgarlik paytida hisoblab chiqqan summani ayting. O‘zingizni oqlash kerak emas.
Ijtimoiy paket haqida ham so‘rang. Uning tarkibida ayrim xarajatlaringizni qoplaydigan imtiyozlar va tibbiy sug‘urta polisi bo‘lishi mumkin.
Nimalarni so‘ramagan ma’qul. Kompaniya saytida bor ma’lumotlarni, suhbat davomida aytilgan narsalarni qayta so‘ramang. Bu sizni ishning o‘ziga emas, faqat shartlarga qiziqayotgandek ko‘rsatishi mumkin.
Suhbatdan keyin natijani qanday bilish mumkin
HR’dan javob kutayotgan paytda ham, ish qidirishni davom ettiring. Hatto suhbat yaxshi o‘tgan bo‘lsa ham, boshqa ishlarga ariza topshirishni to‘xtatmang. Vaziyat o‘zgarib ketishi mumkin. Masalan, lavozimni kompaniyada ishlayotgan xodimga berilishlari, vakansiyani yopishlari yoki yangi xodim olishni vaqtincha to‘xtatishlari mumkin.
Suhbatlarga borishni va ish joylariga ariza yuborishni davom eting. Shunda boshqa variantlaringiz ham bo‘ladi va javob kutish davri xavotirga aylanmaydi.
Suhbatga tayyorlanish bo‘yicha chek-list
- Kompaniya haqida ma’lumot yig‘ing. Mahsulotlari, mijozlari va so‘nggi yangiliklarini bilib oling.
- O‘zingiz haqingizda hikoya tayyorlang va bir necha marta ovoz bilan o‘qing.
- Suhbat vaqti va joyini aniqlang. Uchrashuv onlayn bo‘lsa, kamera va mikrofonni oldindan tekshiring.
- Suhbatga kiyib boradigan kiyimingizni tayyorlab qo‘ying.
- Ko‘p uchraydigan savollarga javoblarni oldindan o‘ylab chiqing. Noqulay savollarga tayyor bo‘ling.
- Savollar ro‘yxatni tuzing.
- Dam olib, uxlab oling. O‘zingizni qanchalik yaxshi his qilsangiz, suhbatda o‘zingizni shunchalik erkin tutasiz.
