Eskrou hisob
Bu xavfsiz bitimlar uchun bankda ochiladigan maxsus hisob. Xaridor pulni to‘g‘ri sotuvchiga emas, aynan shu hisobga o‘tkazadi. Sotuvchi esa pulni oldi-sotdi shartnomasi notariusda tasdiqlanganidan yoki o‘z majburiyatlarini bajarganidan keyin oladi. Masalan, quruvchi kompaniyalar bilan shunday tizim ishlaydi. Sotilgan kvartiralar uchun pul ularga uy qurib bitkazilganidan keyingina beriladi.
Bunday to‘lov usuli xaridorni himoya qiladi. Biror muammo chiqsa, pulni qaytarib olish imkoniyati bo‘ladi.
Bu qachondan majburiy bo‘ladi
2026-yil 1-apreldan boshlab quyidagi xaridlar uchun to‘lovlar eskrou hisobi orqali o‘tkazilishi kerak:
- Oldi-sotdi shartnomasi bilan sotib olinadigan turar joy va noturar joylar.
- Avtosalondan tashqarida sotiladigan, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan avtomobillar va maxsus texnikalar.
Xaridor va sotuvchi mashina narxini kelishib olishadi, xaridor esa bankda eskrou hisobini ochadi. Keyin ular birga notariusga borishadi. Notarius shartnoma to‘g‘ri qilinganini va bitimni tuzishga hech qanday to‘sqinlik yo‘qligini tasdiqlagach, bank pulni sotuvchining hisobiga o‘tkazadi.
Ikkilamchi bozordan mashina olish haqida “Qo‘ldan mashina sotib olishda nimalarga e’tibor berish kerak” maqolasida yozganmiz.
Eskrou hisobini ochish narxi
Banklar eskrou hisobini ochish va foydalanish uchun odatda komissiya oladi. Davlat ulushi bor banklarda bu to‘lov BHMning 25 foizidan, ya’ni 110 000 so‘mdan oshmaydi. Xususiy banklarda komissiyani bankning o‘zi belgilaydi. Ayrimlarida bu xizmat bepul. Hisob ochishdan oldin bankning tariflarini tekshirib ko‘ring.
Yangi qurilayotgan uylar xaridi
Yangi qurilayotgan uylardan kvartira sotib olish tartibi hozircha o‘zgarmagan. Xaridor quruvchining ofisida ulushli qurilish shartnomasini imzolaydi. Shartnoma Qurilish vazirligining tegishli organlarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Shundan keyin xaridor pulni quruvchiga to‘laydi.
2026-yildan boshlab quruvchi va ulushdorlar o‘rtasidagi hisob-kitoblar eskrou hisoblari orqali majburiy bo‘lishi kerak edi. Ammo bunday to‘lovlar tartibi qonun bilan belgilanmagani uchun tizim hali ishga tushmadi. Hozirda “Koʻp kvartirali uylarni va boshqa koʻchmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Yangi qurilgan uylardan kvartira sotib olish tartibi ushbu qonun qabul qilingandan keyin o‘zgarishi mumkin.
Pul kimniki
Shartnomadagi shartlar bajarilmaguncha, eskrou hisobdagi pul xaridorniki bo‘lib qoladi. Bank vositachi sifatida pulni saqlaydi va sotuvchi o‘z majburiyatlarini bajarganidan keyin uni sotuvchiga o‘tkazadi.
Fikringizdan qaytsangiz, pul qaytariladimi
Ko‘chmas mulk yoki mashinani sotib olish bo‘yicha bitim amalga oshmasa, pul xaridorga qaytariladi. Ammo eskrou hisobini ochish va yuritish uchun to‘langan bank komissiyasi qaytarilmaydi.
Yangi qurilayotgan uylarda eskrou tizimi ishga tushgach, quruvchi shartnomada belgilangan shartlarni bajarmasa, xaridor pulini qaytarib oladi. Masalan, quruvchi uyni kelishilgan muddatda topshirmagan bo‘lishi mumkin.
Ammo eskrou hisobidagi pulni xohlagan paytda yechib bo‘lmaydi. Xaridorga pulni bank qaytaradi. Xaridor kiritgan pul shartnomadagi shartlar bajarilguncha bankda saqlanadi. Bu bank atamasida deponentlash deyiladi.
Bank yopilib ketsa-chi…
Fuqarolarning bankdagi omonatlari va hisobvaraqlari davlat tomonidan qisman himoyalangan. Bank o‘z majburiyatlarini bajara olmasa, Omonatlarni kafolatlash agentligi omonatchilarga 200 mln so‘mgacha kompensatsiya to‘laydi. Bu “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunda belgilangan eng yuqori to‘lov miqdori. Ammo banklarning bankrot bo‘lishi juda kam uchraydi.


