BAAga borish uchun eng qulay vaqt

BAAga borish uchun viza kerak emas. O‘zbekiston fuqarolari bu yerda 30 kungacha vizasiz yurishi mumkin. Kirish uchun faqat xorijga chiqish pasporti kerak bo‘ladi. Pasportning amal qilish muddati mamlakatga kirgan kundan boshlab kamida olti oy bo‘lishi shart.

BAAda dugonam bilan 25–29-aprel kunlari bo‘ldim. Havo yaxshi bo‘lar deb o‘ylagandik, lekin juda issiq bo‘ldi. Kechqurun ham sayr qilganda buni sezdik. Safar sanalarini o‘zgartira olmadik. Chunki Abu-Dabidagi OFFLIMITS musiqa festivaliga bormoqchi edik. Festivalda Ed Sheeran, OneRepublic va Kaiser Chiefs’ga o‘xshash mashhur qo‘shiqchilar sahnaga chiqishdi. Chiptalar 245 dollar, ya’ni taxminan 3 mln so‘mga tushdi.

Dam olish uchun noyabr yoki dekabr oylarini tavsiya qilaman. Bu paytda havo unchalik issiq bo‘lmaydi. Dengizda cho‘milish va ochiq havoda bemalol vaqt o‘tkazish mumkin.

Tanishlarimning aytishicha, dekabr oxiri, yanvar va fevral oylarida havo yaxshi bo‘larkan. Havo issiq bo‘lmaydi, lekin plyajda dam olish uchun salqin bo‘lishi mumkin.

Qachon borsangiz ham o‘zingiz bilan quyoshdan himoyalaydigan SPF kremini oling. Masjidlarga kirish uchun abaya yoki yopiq kiyim ham kerak. Umuman olganda, ba’zi joylarda kiyimga talablar bor. Shuning uchun chamadonga uzun shim yoki yubka, yelkani yopadigan kiyim va ro‘mol olib oling. Bularni BAAda ham topish mumkin, lekin narxlari o‘zimiznikidan ancha qimmat.

BAA menda juda xavfsiz mamlakat taassurotini qoldirdi. Hatto kechasi ham o‘zimizni xotirjam his qildik. Hech qanday noxush holat bo‘lmadi va bizni hech kim bezovta qilmadi.

Emirates Palace Mandarin Oriental mehmonxonasi va dunyodagi eng baland Burj Khalifa binosi. Uning balandligi 828 metr

Aviachipta va yashash narxi


Toshkent — Abu-Dabi — Toshkent chiptasi bir kishi uchun 175 $, ya’ni 2 mln so‘mdan ko‘proq bo‘ldi. Bu nisbatan arzon variant, chunki biz Wizz Air loukoster aviakompaniyasida uchdik. O‘xshash variantni tanlasangiz, bagaj va qo‘l yuki qoidalari bilan tanishib chiqing. Chunki bunday arzon kompaniyalar shu jihatlarga jiddiy qaraydi. Boshqa aviakompaniyalarda borib-kelish chiptalari 4 mln so‘m yoki qimmatroq bo‘lishi mumkin.

Abu-Dabida Executive Suites Abu Dhabi mehmonxonasida yashadik. Mehmonxonani Booking.com saytidan narxi, izohlari va joylashuviga qarab tanladik va ikki kishilik xonani band qildik. Xona bizga 356 $, ya’ni taxminan 4 mln so'mga tushdi. Mehmonxona joylashuvi esa bizga yoqdi. Aylanadigan joylarga taksida va boshqa transportda yetib olish oson bo'ldi.

Aviachiptalarni payme travel’da oling

Biz yuzlab aviakompaniyalar bilan hamkorlik qilamiz. Dunyoning istalgan nuqtasiga chipta topish mumkin. payme’da to‘lovni kechiktirish va bo‘lib to‘lash imkoniyati ham bor. Masalan, chiptani hozir band qilib, pulni 10 kun ichida yoki uchga bo‘lib to‘lashingiz mumkin. Birinchi to‘lov xariddan bir oy o‘tib qilinadi. Masalan, chipta 1,5 mln so‘m tursa, uch oy davomida har oy 500 000 so‘mdan to‘laysiz.

Chiptalarni qidirish

Abu-Dabi va Dubayda nimalar bor


Oldin BAAda bo‘lmaganman, shuning uchun Dubayga ham aylangani bordik. Bir kunlik ekskursiyani Get Your Guide’da taxminan 70 $, ya’ni 800 000 so‘mga sotib oldik. Narxga transfer va asosiy diqqatga sazovor joylarga sayohat kiritilgan.

Dubayda dunyodagi eng yirik savdo markazlaridan biri Dubai Mall’da aylandik. Mashhur yelkan shaklidagi Burj Al Arab mehmonxonasi ko‘rinadigan plyajga bordik va mahalliy bozorga ham kirdik. Ekskursiya sababli har bir joyda taxminan 15–20 daqiqadan bo‘ldik. Ba’zi joylarni tez tomosha qilib, faqat rasmga tushishga ulgurdik.

Burj Khalifa osmono‘par binosiga ham chiqmoqchi edik. Lekin o‘sha paytda kuzatuv maydonchasi remont sabab yopiq edi. Binoning yonidagi mashhur favvoralar shousini ham ko‘ra olmadik.

Dubaydagi sohilbo‘yidan Kayan spiral osmono‘par binosi ko‘rinadi. Plyajdan esa Burj Al Arab mehmonxonasini tomosha qilsa bo‘ladi

Abu-Dabida Luvr Abu-Dabi san’at muzeyiga bordik. Muzey 2017 yilda ochilgan. Unda turli davrlarga oid asarlar bor. Masalan, Leonardo da Vinchi, Pikasso, Gogen va boshqa mashhur rassomlarning ishlarini tomosha qilish mumkin. Muzeyning umumiy maydoni qariyb 24 000 kvadrat metr.

Chipta narxi bir kishi uchun 11 $, ya’ni 130 000 so‘m atrofida. Chiptalarni oldindan saytda sotib oldik. Muzeyda san’at asarlarini tomosha qilishdan tashqari sayr qilish, rasmga tushish va me’morchilikdan bahramand bo‘lish mumkin.

Luvr Abu-Dabi muzeyi

Yana bir chiroyli joy — Shayx Zayd masjidi. Bu dunyodagi eng katta masjidlardan biri. Masjid BAA asoschisi va birinchi prezidenti Shayx Zayd bin Sulton Ol Nahayon nomi bilan atalgan. Uning maqbarasi ham masjid hududida joylashgan. Men uchun masjid eng esda qolarli joylardan biri bo‘ldi. Oppoq devorlar, ulkan zallar va o‘ziga xos muhitni unutish qiyin. Masjidga kirish bepul.

Shayx Zayd masjidi

Yana Yas Marina Circuit’da karting ham haydadik. Bu “Formula-1” poygasi o‘tkaziladigan mashhur trassa. U Yas sun’iy orolida joylashgan, uzunligi esa 5 kilometrdan ko'p. Trassada mashinalar soat strelkasiga teskari yo‘nalishda harakatlanadi. Bu esa haydovchilar uchun qo‘shimcha qiyinchilik tug‘diradi.

Karting chiptasi 25 dollar, ya’ni taxminan 300 ming so‘m turdi. Men uchun bu safardagi eng yorqin taassurotlardan biri bo‘ldi.

Yas Marina Circuit trassasi

Oxirgi kunimizni Yas orolida joylashgan SeaWorld Abu Dhabi’da o‘tkazdik. Chiptalarni saytdan oldindan sotib oldik. Narxi taxminan 60 $, ya’ni taxminan 700 000 so‘m. U yerda 150 dan ortiq turdagi dengiz va boshqa hayvonlarni ko‘rish, shoular va interaktiv zonalarga borish mumkin. Sayohatning bir kunini bemalol shu yerga ajratsa bo‘ladi.

SeaWorld Abu Dhabi

Abu-Dabi transporti


Asosan Yango degan taksidan foydalandik. Bu Yandex’ga o‘xshagan servis. Taksiga o‘rtacha 30–35 dollar, ya’ni 400 mingga yaqin ketkazdik.

Avtobusda ham yurishga harakat qildik. Lekin jazirama sabab taksida yurish bizga ancha qulay ekanini tushundik. Bu yerda avtobuslar tez kelmas ekan. Ba’zan 15–20 daqiqa kutishga to‘g‘ri kelardi. Aeroportda 45 dirhamga, ya’ni 150 mingga yo‘l chiptasini oldik. Lekin undan atigi uch-to‘rt marta foydalandik.

Abu-Dabida metro yo‘q. Dubayda bor, lekin u yerda atigi bir kun bo‘ldik va dasturimiz juda zich bo‘lgani uchun undan foydalanishga ulgurmadik.

Ovqatga qancha ketadi

Mahalliy taomlar bo‘yicha alohida tavsiyalar berolmayman. Biz ko‘proq sayohat dasturiga e’tibor qaratdik, gastronomik joylarni izlab yurmadik. Asosan mahalliy kafelarda yo‘l-yo‘lakay ovqatlandik. Tushlikka kamida 220 dirham, ya’ni 700 ming so‘m sarfladik. Kofe esa o‘rtacha 15–20 dollardan tushdi. Bizdagi Korzinkaga o‘xshash LULU EXPRESS’dan ham tayyor ovqatlar sotib oldik.

Qiziqarli joylardan bir — Talea by Antonio Guida restorani bo‘ldi. Bu Mishlen yulduzi bor mashhur restoran. Menga u yerda taomlar ham, restoranning o‘zi ham juda yoqdi. Lekin narxlar ham shunga yarasha. Shuning uchun bu yerda hamyonbop taomlarni kutmagan ma’qul. Biz 510 dirham, ya’ni taxminan 1,6 mln so‘m sarfladik. Kechki ovqatdan qolgan ovqatlarni o‘zimiz bilan olib ketdik.

Abu-Dabidagi kafe

Sayohat uchun qancha pul kerak

Sayohatga taxminan 2000 $, ya’ni 24 mln so‘m sarfladim. Asosan pul aviachipta, turar joy, ovqat, taksi va turli tadbirlarga ketdi. Xarajatlarning katta qismi ko‘ngilochar dasturlar va sayohatlarga tushdi. Ekskursiyalar, ko‘ngilochar dasturlar, transport va rejalashtirilmagan xarajatlar uchun alohida pul ajratishni tavsiya qilaman.

Biz naqd puldan foydalanmadik. Hammasiga Visa bank kartasi bilan to‘ladik. Aloqada bo‘lish uchun aeroportda Virgin Mobile operatorining eSIM’ini sotib oldik. Bu 76 dirham, taxminan 240 000 so‘mga tushdi.

Yana qayerga borish mumkin:

1. Uzoqqa borishni istamasangiz Yerevanni tanlang.

2. Uzoq yo‘ldan qo‘rqmasangiz Xitoyga uching.

3.  Yana variantlar kerak bo‘lsa, vizasiz kirish mumkin bo‘lgan davlatlarning to‘liq ro‘yxati bilan tanishing.