Qancha valyuta olib kirish mumkin
Naqd xorijiy valyuta uchun cheklov yo‘q. Lekin belgilangan limitdan oshsa, pulni deklaratsiya qilish kerak:
- Har bir kishi uchun 100 mln so‘m ekvivalentigacha summa olib kirilsa, deklaratisya shart emas. Bu taxminan 8300 AQSh dollari yoki 7100 yevro. Oilangiz bilan uchayotgan bo‘lsangiz, har bir kishi, hatto bolalar ham 100 mln so‘mdan olib kirishi mumkin. Lekin muhim sharti — har kim o‘z qismini o‘zi olib o‘tishi kerak. Hammasi bitta odamda bo‘lishi mumkin emas.
- Bir kishi 100 mln so‘mdan ortiq naqd pul olib kirayotgan bo‘lsa, deklaratsiyani to‘ldirish shart. Bunda barcha chet el valyutalari va so‘m hisobga olinadi.
Yoningizdagi dollar, yevro yoki boshqa pullar o‘sha kungi Markaziy bank kursi bo‘yicha so‘mga hisoblanadi. Kursni cbu.uz rasmiy saytida tekshirish mumkin. Buni aynan uchish yoki yo‘lga chiqish kunida qilgan yaxshi. Dollar yoki yevroning so‘mga nisbatan kursi o‘zgarsa, bilmay qoidalarni buzib qo‘yishingiz mumkin.
100 mln so‘mdan kam pul olib kirishda ham deklaratsiyani to‘ldira olasiz. Summa limitga yaqin bo‘lishi yoki kurs shu kuni sezilarli o‘zgarishi mumkin. Qonun bo‘yicha, har qanday miqdordagi naqd pulni deklaratsiya qilishga haqingiz bor.
Bu cheklovlar faqat naqd pullarga tegishli. Bank kartalar va hisobvarag‘larda istalgancha pul bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistondan qancha valyuta olib chiqish mumkin
Bir kishi 100 mln so‘mgacha ekvivalentdagi naqd pulni bemalol olib chiqishi mumkin. Summa bundan ko‘p bo‘lsa, qoidalar rezident yoki norezidentligingizga qarab farq qiladi:
- O‘zbekiston fuqarolari va yashash guvohnomasi borlar belgilangan limitdan (100 mln so‘mdan) ortiq pulni olib chiqa olishmaydi. Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan ketayotgan hukumat delegatsiyasi a’zolaridan tashqari.
- O‘zbekistonda vaqtincha bo‘lib turgan chet el fuqarolari mamlakatga olib kirgan pulini qayta olib chiqishi mumkin. Buning uchun kirishda to‘ldirilgan deklaratsiya ko‘rsatish kerak. U bo‘lmasa, pulni avval olib kirilganini tasdiqlab bo‘lmaydi. Rasmiy musobaqa yoki tanlovlarda yutganlar ham pul mukofotini olib chiqish mumkin. Buning uchun tashkilotchilarning tasdiqlovchi hujjatlari kerak.
Olib chiqishda ham limit oilaga emas, har bir kishiga alohida hisoblanadi. Ya’ni, har bir yo‘lovchi, hatto bolalar ham o‘zi bilan 100 mln so‘mgacha pul olib chiqishi mumkin.
Limitdan ortiq pulingiz bo‘lsa, uni bank kartasida saqlagan yaxshi. Masalan, TBC Salom Visa kartasida. Rasmiylashtirish uch kun vaqt oladi. Kartani chet elda ham bemalol ishlatsa bo‘ladi. U bilan aeroportdagi biznes-zallar va Fast Track xizmatidan foydalanish mumkin.
Deklaratsiya qanday qilinadi
Deklaratsiyani O‘zbekiston fuqarolari ham, chet elliklar ham qog‘ozga chiqarib, qo‘lda to‘ldirishlari yoki maxsus ilova orqali topshirishlari mumkin. Ilovani Android uchun Google Play’dan, iOS uchun App Store’dan yuklab oling.
Ilovaga OneID orqali kirishingiz mumkin. Bu holda shaxsiy ma'lumotlaringiz tizimdan avtomatik yuklanadi. Yana bir variant — akkaunt yaratib, ma'lumotlarni qo‘lda kiritish. Ro‘yxatdan o‘tmasdan ham deklaratsiyani to‘ldirsa bo‘ladi. Lekin bu holda ma'lumotlaringiz keyingi safarlar uchun saqlanmaydi. Chegara nazorat punktlarida ham buning uchun sharoit yaratilgan. U yerda infokiosklar va bepul Wi-Fi bor.
Deklaratsiya topshirmaydigan yo‘lovchilar aeroportda yashil yo‘lakdan o‘tadi. Deklaratsiya topshiradiganlar esa qizil yo‘lakdan. U yerda bojxona xodimlari hujjatlarni tekshirib, tasdiqlovchi hujjatlarni beradi.
Ba'zi aeroportlarda alohida qizil yo‘lak bo‘lmasligi mumkin. Bunday holatda bojxona xodimiga yoki aeroport vakiliga murojaat qilasiz. Deklaratsiya qilinishi kerak bo‘lgan narsangiz bo‘lsa, yashil yo‘lakdan o‘tmang. Bu qoidabuzarlik deb baholanishi mumkin.Deklaratsiyani to‘ldirish uchun birinchi bo‘lib shaxsiy ma’lumotlarni kiritish kerak. Keyin deklaratsiya qilinishi kerak bo‘lgan mahsulotlarni ko‘rsatiladi. Bunday narsalar bo‘lmasa, ro‘yxatda hech narsa yo‘qligi haqidagi band tanlanadi. Shundan keyin valyuta haqidagi ma’lumotlar har bir pul turi bo‘yicha alohida kiritiladi.

Deklaratsiya qilinmasa nima bo‘ladi
Birinchidan, 100 mln so‘mdan oshgan barcha pullar olib qo‘yiladi. Ikkinchidan, summaning miqdoriga qarab jarima solinishi yoki hatto jinoiy ish ochilishi ham mumkin. Summa 300 BHMdan oshmasa, ya’ni 123 600 000 so‘mgacha bo‘lsa (2026-yil sentabrdan 132 mln so‘m), 3 BHMdan 5 BHMgacha jarima solinishi mumkin. Bu hozirgi hisobda 1 236 000 so‘mdan 2 060 000 so‘mgacha, 2026-yil sentabrdan esa 1 320 000 so‘mdan 2 200 000 so‘mgacha bo‘ladi.
Summa bundan ko‘proq bo‘lsa yoki hujjatlarni qalbakilashtirishga urinish aniqlansa, BHMning 600 baravarigacha (2026-yil sentabrdan 264 mln so‘m) jarima, majburiy jamoat yoki axloq-tuzatish ishlari, yoki 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayyinlanishi mumkin.
Uchishdan oldingi chek-list
- Markaziy bank kursini aniqlashtiring. cbu.uz saytidan o‘sha kungi rasmiy valyuta kursini ko‘ring.
- Hamma naqd pullaringizni hisoblang. Yoningizdagi dollar + so‘m + boshqa barcha valyutalarni o‘sha kungi kurs bo‘yicha so‘mga o‘girib, umumiy summani chiqaring.
- Deklaratsiya qoidalariga amal qiling. O‘zbekistonga kirishda 100 mln so‘mdan ko‘p pulingiz bo‘lsa, deklaratsiya to‘ldiring. Mamlakatdan chiqishda chet elliklarga kirishdagi deklaratsiya kerak. O‘zbekiston fuqarolari limitdan ortiqcha qismini bank hisobiga (kartaga) qo‘yishlari yoki uyda qoldirishlari mumkin.
- Shubhalansangiz, qizil yo‘lakdan o‘ting. Tavakkal qilib jarima to‘lagandan ko‘ra, deklaratsiya to‘ldirgan ma’qul.
- Deklaratsiyani onlayn tez va oson to‘ldiring. Shunda xatolarga yo‘l qo‘yish ehtimoli kamayadi.
