IQAir
Servis atmosferadagi ifloslanish darajasi, zararli zarrachalar konsentratsiyasi, harorat va namlikni ko‘rsatadi. Shuningdek, keyingi yetti kun uchun havo sifati prognozi, shamol yo‘nalishi, allergenlar, masalan gul changi haqida ma’lumot olish mumkin. Bundan tashqari havo ifloslanishi darajasi bo‘yicha shaharlarning real vaqt rejimidagi jahon reytingi bor. Servis, nafas olish qiyin bo‘lgan joylarni ham ko‘rsatadi.
Havo sifati AQI indeks orqali baholanadi. U, AQShda ishlatiladigan tizim bo‘yicha hisoblanadi va jahon standarti sifatida tan olingan. Olti turdagi ifloslantiruvchi modda inobatga olinadi. Ular asosida sog‘liq uchun xavf darajasi aniqlanib, oltita bosqichli shkala bo‘yicha baholanadi. Bu, O‘zbekistondagi sanitariya normalariga qaraganda jiddiyroq yondashuvdir.
IQAir servisining havo sifati monitoringi tizimlari O‘zbekistonning ko‘plab joylarida ishlaydi. Siz ham monitor sotib olib, uy ichiga yoki tashqarisiga o‘rnatishingiz mumkin. Narxi 5 688 000 so‘m. Iflos havodan himoyalanish usullari haqida telegram kanalimizda yozganmiz.
Yuklab olish: Play Market | App Store

AccuWeather
Bir hafta oldinga mo‘ljallab harorat, namlik, yog‘ingarchilik, shamol, ifloslanish, allergenlar, bosim, UV-indeks, tashqaridagi ko‘rinish darajasi va bulutlilikni ko‘rsatadi.
Bo‘ron yoki yo‘llarning muzlashi kabi ekstremal ob-havo holatlari haqida ham ogohlantiradi. Ilova havo harorati bilan birga, uning qanday sezilishini ham ko‘rsatadi.
Xiaomi kabi ba’zi Android telefonlarida “Ob-havo” ilovasi bor va u ham AccuWeather’dan foydalanadi. Shuning uchun uni alohida o‘rnatish kerak emas.
Yuklab olish: Play Market | App Store

Яндекс Погода
Servis havo ifloslanishini ko‘rsatmaydi, faqat harorat, namlik, shamol kuchi va yo‘nalishini bir oygacha bo‘lgan muddat uchun beradi. Xarita orqali esa yomg‘ir va momaqaldiroq frontlarini, quyosh chiqishi va botishi vaqtini, UV-indeksni, havodagi gul changini ko‘rish mumkin. Oy fazalari va magnit bo‘ronlari haqida ham ma’lumot bor. Bo‘ronlar ko‘rsatkichlari haqida batafsil “Magnit bo‘ronlari salomatlikka qanday ta’sir qiladi” maqolasida yozganmiz.
Yurtimizda UV-indeksini kuzatish foydali, chunki yiliga 265 dan ortiq quyoshli kun bor va quyosh nurlanishi kuchli. Yozda ko‘rsatkich juda yuqori bo‘ladi, odam terisi himoyasiz 15–30 daqiqada kuyishi mumkin. Ultrabinafsha nurlanishdan qanday himoyalanishni “Quyoshdan himoyalanish nega shunchalik muhim” maqolasida tushuntirganmiz.
Yuklab olish: Play Market | App Store

Gismeteo
Bu MDH va Markaziy Osiyoda mashhur ob-havo servisi. U, mintaqa shaharlari uchun prognozlar berib, asosiy ob-havo ma’lumotlarini bir joyga to‘playdi. Havo sifatini ko‘rsatmaydi, lekin bir oygacha prognoz beradi. Harorat, namlik, yog‘ingarchilik, shamol, UV-indeks, atmosfera bosimi, havodagi gul changi hamda quyosh chiqishi va botishi vaqtini ko‘rsatadi.
Internetsiz ishlaydi, ma’lumotlar ilovada saqlanadi. Safarlarda va antenna yo‘q joylarda ayniqsa qulay.
Yuklab olish: Play Market | App Store

The Weather Channel
15 kunlik prognozni ko‘rib, rejalaringizni ob-havoga moslashtirish mumkin. AQShda The Weather Channel eng aniq prognoz tizimlaridan biri hisoblanadi.
Harorat, namlik, yog‘ingarchilik va shamoldan tashqari, ilova gul changi, quyosh chiqishi va botishi, shuningdek AQI bo‘yicha havo sifatini ham ko‘rsatadi. Ayrim Android telefonlarida oldindan o‘rnatilgan bo‘ladi.
Android foydalanuvchilari uchun bizning dasturchilar yaratgan variant ham bor. Unda mahalliy ob-havo ma’lumotlari tezroq yangilanishi mumkin.
Yuklab olish: Weather Uzbekistan — faqat Play Market’da. Ilovaning global versiyasi — Play Market | App Store

Ob-havo Uzbekistan
O‘zbekiston shaharlari uchun ilova: 30 kunlik prognoz, umumiy va seziladigan harorat darajasi, namlik, bulutlilik, yomg‘ir, qor va momaqaldiroq ehtimolini ko‘rsatadi. Yoqimli jihati— ilova ko‘p joy egallamaydi va faqat foydalanuvchining geolokatsiyasini yig‘adi.
Yuklab olish: Play Market | App Store

Qaysi ilova yaxshiroq?
Agar ortiqcha ilovalar o‘rnatishni istamasangiz, AccuWeather yoki The Weather Channel’ning o‘zi yetarli. Ular ham ob-havoni, ham havo sifatini ko‘rsatadi.
Ob-havo ma’lumotlari tezroq yangilanib turishini istasangiz, mahalliy ilova versiyalari yaxshiroq. Ular hududiy ma’lumotlarni tez yangilab, aniqroq prognoz beradi. Bunday holatda Weather Uzbekistan yoki Ob-Havo Uzbekistan mos keladi.
Faqat ob-havo kerak bo‘lsa, Gismeteo yoki Yandex Weather ishlating. Interfeysi oddiy va bir necha kun, hatto haftalar oldinga prognoz beradi.
Havo sifati muhimroq bo‘lsa, IQAir mos keladi. Servis havo ifloslanishini kuzatishga mo‘ljallangan.

