Bu chegirma o‘zi nima

Rasmiy ishlaydiganlarning maoshlaridan 12% daromad solig‘i, ya’ni JSHDS ushlab qolinadi. Masalan, ish haqingiz 5 500 000 so‘m, lekin qo‘lingizga 4 840 000 so‘m olasiz, 660 000 so‘m esa davlatga ketadi. Soliq chegirmasi yordamida to‘lagan solig‘ingizning bir qismini qaytarsa bo‘ladi. O‘qish uchun kontrakt to‘lagan bo‘lsangiz, uning 12%ni qaytarishingiz mumkin. Kontrakt yiliga 15 million so‘m bo‘lsa, 1 800 000 so‘m olasiz.

Kontrakt uchun soliq chegirmasini oxirgi uch yil ichida qilingan to‘lovlar bo‘yicha olish mumkin. Masalan 2026-yilda 2023, 2024 yoki 2025-yilda to‘langan kontrakt puli uchun ariza topshirsa bo‘ladi. Buni yil oxirigacha qilish kerak.

Lekin qaytariladigan summa siz to‘lagan daromad solig‘iga bog‘liq. Masalan, hisob-kitob bo‘yicha sizga 1 800 000 so‘m qaytarilishi kerak. Lekin bir yil davomida maoshingizdan ushlab qolingan daromad solig‘i 1,5 million so‘m. Unda sizga faqat 1,5 million so‘m qaytariladi. Qolgan qismini ham keyingi yilga o‘tkazib bo‘lmaydi.

O‘qish uchun kredit olgan bo‘lsangiz ham, soliq chegirmasini qaytarsa bo‘ladi. Kredit bo‘yicha to‘lagan summangiz va foizlardan ham 12%ni qaytarish mumkin.

Chegirmani kimlar oladi

Soliq chegirmasini faqat daromad solig‘ini to‘laganlar, ya’ni rasmiy mehnat shartnomasi bilan ishlaydiganlar oladi.

O‘zini o‘zi band qilganlar va faqat shu ishdan daromad oladiganlar soliq chegirmasini olisholmaydi. Bunday daromaddan odatda daromad solig‘i ushlab qolinmaydi. Oxirgi uch yil ichida soliq ushlab qolinadigan maosh olgan bo‘lsangiz yoki daromadingizdan JSHDSni o‘zingiz to‘lagan bo‘lsangiz, o‘sha yillar uchun soliq chegirmasini olishingiz mumkin.

O‘qish uchun soliq chegirmasini istalgan professional yoki oliy ta’lim muassasasida to‘langan kontrakt uchun olish mumkin. Hatto xususiy universitetda ham. Muhimi, universitet qonuniy ishlashi, litsenziya va kerakli ruxsatnomalarga ega bo‘lishi kerak. Kunduzgi va sirtqi ta’limda o‘qiydiganlar ham soliq chegirmasini olish huquqiga ega.

Qonunga ko‘ra, o‘zingiz, farzandingiz yoki turmush o‘rtog‘ingizning o‘qishi uchun to‘lov qilgan bo‘lsangiz, soliq chegirmasini olishingiz mumkin. Faqat farzand yoki turmush o‘rtog‘ingiz 26 yoshga to‘lmagan bo‘lishi kerak. O‘qishingiz uchun ota-onangiz to‘lov qilsa, ular ham soliq chegirmasini olishadi. Aka-uka, opa-singil, amaki, xola yoki boshqa qarindoshlar chegirmadan foydalana olmaydi.

Qanday hujjatlar kerak

Chegirmaga ariza berish uchun kerak bo‘ladigan hujjatlar:

  1. O‘qish shartnomasi;
  2. Pasport yoki ID-karta;
  3. Turmush o‘rtoq va farzand uchun olinadigan chegirma uchun nikoh yoki tug‘ilganlik haqida guvohnoma;
  4. Ta’lim krediti olingan bo‘lsa, bank bilan tuzilgan shartnoma;
  5. O‘qish uchun to‘lov kvitansiyalari yoki cheklar va kredit bo‘yicha to‘lovlarni tasdiqlovchi hujjatlar; To‘lovni onlayn, masalan, payme orqali qilgan bo‘lsangiz, barcha kvitansiyalarni ilovadan yuklab olish mumkin.
  6. Pul qaytariladigan kartaning rekvizitlari: bank STIRi va tranzit hisobraqami;
  7. Elektron raqamli imzo (ERI). Uni E-imzo sayti, uning mobil ilovasi yoki YIDXP sayti orqali olish mumkin. Pasport, JSHSHIR va Soliq ilovasi kerak. Jarayon haqida “Elektron imzo o’zi nima va u qanday ochiladi” maqolasida yozganmiz. Soliq chegirmasini olish uchun ERI ham oflayn, ham onlayn bo‘lishi kerak.

Soliq chegirmasi uchun ariza taxminan bir hafta ko‘rib chiqiladi. Pul ariza topshirilgan kundan boshlab 15 kunda kartaga o‘tkaziladi. 2026-yilda 2024 va 2025-yillar uchun chegirmani rasmiylashtirsangiz, har bir o‘quv yili uchun pul ikki marta tushadi.

Chegirma oflayn qanday olinadi

Buni tumaningizdagi soliq organida qilasiz. O‘zingiz bilan E-imzo va kerakli hujjatlarni olib boring. Hujjatlarning asl nusxasi ham, elektron ko‘rinishi ham mos keladi. O‘qish uchun pul to‘lagan kartalaringizni ko‘rsatishni so‘rashlari mumkin. Ularni o‘zingiz bilan oling yoki raqami va amal qilish muddati ko‘rsatilgan rekvizitlar nusxasini tayyorlab qo‘ying.

Keyin soliq xodimi soliq deklaratsiyasi va chegirma olish uchun arizani to‘ldirishga yordam beradi. Jarayon 10–15 daqiqa davom etadi. Soliq xizmatlari uchun 100 000 so‘m to‘laysiz. Karta yoki payme’ga o‘xshagan servis orqali to‘lash mumkin. Naqd pul olishmaydi.

Pari
Soliq chegirmasini ikki yil uchun qaytargan

2024 va 2025-yillar uchun soliq chegirmasini qaytardim. Kontraktim 8 623 000 so‘m edi. Soliq idorasiga bordim, barcha hujjatlar va ularning nusxalarini qog‘ozga chiqardim. ERIni ham o‘zim bilan oldim. Kontrakt kvitansiyalarini payme’dan yukladim. Hujjatlarni chop etish shart emas ekan, ularni telefonda ham ko‘rsatsa bo‘ladi.

O‘qish uchun to‘lov qilgan kartalarimning nusxalarini so‘rashdi. Men ikkita kartadan to‘lagandim, ulardan biri yonimda yo‘q edi. Xodim to‘lov servisi yoki bank ilovasidan karta egasining ismi, raqami va amal qilish muddati ko‘rinib turadigan skrinshotni yuborishim mumkinligini aytdi.

Arizamni 8 kunda ko‘rib chiqishdi, pul esa 10 kunda qaytdi. 8-iyun kuni soliq idorasida edim, 18-iyunda esa chegirma kartamga tushdi. Pul ikki marta yuborildi, birinchisi 510 000 so‘m, ikkinchisi 515 000 so‘m. Jami 1 million so‘m. SMS xabar kelmadi va pul tushganini ham bilmay qoldim. Aniqlashtirish uchun soliq idorasiga borishga to‘g‘ri keldi.

Onlayn qanday olinadi

Buni soliq.uz saytidagi shaxsiy kabinet yoki Soliq ilovasida bepul qilish mumkin.

1. Daromad deklaratsiyasini to‘ldiring. Buni Soliq saytidagi shaxsiy kabinet orqali qilish mumkin. Deklaratsiyani to‘ldirayotganda “Ta’lim uchun soliq chegirmasi”ni tanlang. Soliq qo‘mitasi bu jarayon bo‘yicha batafsil videoyo‘riqnoma ham tayyorlagan. Deklaratsiyani E-imzo bilan tasdiqlang.

Deklaratsiyani PDF qilib saqlab qo‘ying va faylni arizaga biriktiring.

2. Hujjatlarning skaner nusxalarini tayyorlang. O‘qish shartnomasi, pasport yoki ID-karta, to‘lov cheklari yoki kvitansiyalarining skaner nusxalari kerak bo‘ladi. Ta’lim krediti olgan bo‘lsangiz, bank shartnomasi va to‘lov hujjatlarini ham skanerlang.

3. Soliq chegirmasini olish uchun ariza to‘ldiring. Soliq saytida “Jismoniy shaxslar uchun ortiqcha to‘langan soliq summalarini qaytarish” degan xizmat bor. Soliq ilovasida esa bu xizmat “Shaxsiy xizmatlar” bo‘limidagi “Soliq imtiyozlarini qaytarish” orqali qilinadi.

Maydonlarni to‘ldirib, hujjatlar va PDF formatidagi deklaratsiyani ilova qiling va “Yuborish” tugmasini bosing.

JSHDSni qaytarish “Shaxsiy xizmatlar” bo‘limida joylashgan.

my.gov.uz orqali ham soliqni qaytarish mumkin. Yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldirib, JSHDSni qaytarish uchun ariza beriladi.

Ish beruvchi orqali soliq imtiyozidan qanday foydalanish mumkin

O‘qish uchun ish haqidan kontrakt yoki ta’lim kreditini to‘lasangiz, soliq chegirmasini ish beruvchining buxgalteridan olish mumkin. Ish haqingizning bir qismini kontrakt yoki ta’lim krediti to‘loviga o‘tkazishga ariza bering. Bu summadan daromad solig‘i ushlab qolinmaydi. Buxgalteriya soliq chegirmasini olayotganingiz haqidagi ma’lumotni soliq idorasiga yuboradi.

Arizadan tashqari, buxgalteriyaga quyidagilar kerak:

  1. O‘qishdan shartnoma nusxasi.
  2. Ta’lim krediti olinganligi to‘g‘risida bank shartnomasi nusxasi.
  3. Soliq chegirmasini farzandingiz yoki turmush o‘rtog‘ingiz uchun rasmiylashtirsangiz, qarindoshlikni tasdiqlovchi hujjat.

Bu qanday hisoblanishiga misol:

Nuriddin
Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining sirtqi bo‘limi talabasi

Men 2022-yilda talaba bo‘ldim. Ikki yil kontrakt uchun jami 14,9 million so‘m ketdi. Pulni qismlarga bo‘lib to‘ladim, hammasini to‘lab bo‘lgach, soliq idorasiga 12%ni qaytarish uchun ariza berdim. Chegirma 1,7 million so‘mdan sal ko‘proq bo‘ldi.

Pul 15 ish kunida qaytishi kerak edi, lekin pulni ikki oydan keyin oldim. Soliq bo‘limida buni hududiy soliq organlarida pulni qaytarish jarayoni kechikkani bilan izohlashdi.