YATT hisob raqamidagi pullarni qanday ishlatishi mumkin
Mijozlardan tushgan pulni tadbirkor hisob raqamiga oladi. Bu biznes uchun maxsus bank hisobraqami.
Tadbirkor barcha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan keyin pulni istalgancha ishlata oladi. Masalan, hisob raqamidan rekvizitlar orqali pul o‘tkazishi, bank kassasidan naqd pul yechib olishi yoki pulni shaxsiy kartasiga o‘tkazishi mumkin.
Ammo Biznes xarajatlarida ehtiyotkor bo‘lishi kerak. Masalan, yetkazib beruvchilarga pul shaxsiy kartadan o‘tkazilsa, biznes va shaxsiy pullar aralashib ketadi. Har oy biznes uchun qancha pul ketayotganini tushunish ham qiyinlashadi.
Biznes xarajatlarini shaxsiylardan ajratish uchun biznes kartalar bor. Bular YATTlar uchun mo‘ljallangan maxsus bank kartalaridir.
Biznes karta nima va u orqali nimalarni to‘lash mumkin
Biznes karta tadbirkorning biznes xarajatlarini boshqalaridan ajratib, hisob-kitoblarni osonlashtirish uchun kerak.
Karta orqali qilingan barcha operatsiyalar alohida jadvalga yig‘iladi. Shunda har oy biznes uchun qancha pul ketayotganini aniqlash va xarajatlarni boshqarish osonlashadi. Biznesingiz nazorat qiluvchi organlar uchun ham shaffofroq bo‘ladi. Biror xarajatni tasdiqlash kerak bo‘lganda kerakli operatsiyani yuzlab shaxsiy to‘lovlar orasidan qidirib o‘tirmaysiz.
Biznes kartadan deyarli shaxsiy kartadek foydalanish mumkin. U orqali:
- Soliqlar va majburiy to‘lovlarni, elektr energiyasi, suv va isitish kabi kommunal xizmatlar uchun to‘laysiz
- Mahsulotlar va xizmatlar. Masalan, ish mashinasiga yoqilg‘i quyish, mahsulot partiyasini yoki kerakli materiallarni sotib olish mumkin.
- Obunalar va onlayn xizmatlar. Masalan, kartani Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqdagi reklama kabinetiga bog‘lash yoki bulutli xotiradan joy sotib olish mumkin.
- Chet elda xaridlar va xizmatlar. Masalan, xizmat safari vaqtida mehmonxona uchun to‘lash, yetkazib beruvchidan tovar sotib olish yoki ovqatlanish xarajatlarini qoplash mumkin. Buning uchun Visa yoki boshqa xalqaro karta kerak.
- O‘zbekistondagi bankomatlardan so‘mda naqd pul yechib olish mumkin. Buning uchun aynan bankingiz filialiga borish shart emas.
Biznes kartadan foydalanishda cheklovlar bor. Masalan, boshqa shaxsning kartasi, hisob raqamiga yoki omonatga pul o‘tkazish, valyuta sotib olish, naqdlashtirish, to‘lov ilovalaridagi obunalar uchun pul to‘lab bo‘lmaydi. Auksionlar va tenderlarga ham to‘lashning iloji yo‘q.
Biznes kartani ochish va to‘ldirish tartibi
YATT uchun biznes kartani hisobraqamingiz ochilgan bankda olishingiz mumkin. Karta bilan birga karta hisobraqami ham ochiladi.
Masalan, TBC Biznes orqali YATT uchun hisobraqamini onlayn ochib, keyin Visa to‘lov tizimiga tegishli biznes kartaga bepul buyurtma bersa bo‘ladi. Bunday karta bilan boshqa imkoniyatlardan tashqari, Visa imtiyozlaridan ham foydalanish mumkin. Masalan, xorijga safar qilishda tibbiy sug‘urta va aeroportlardagi biznes zallarga kirish imkoniyati bor. Biznes kartani hisob raqamidan komissiyasiz to‘ldirish, undan mahsulot va xizmatlar uchun to‘lov qilish yoki istalgan bankomatdan naqd pul yechib olish mumkin.
Biznes karta YATTning hisob raqamidan to‘ldiriladi. Unga boshqa hisobraqamdan pul o‘tkazish, bankomat yoki bank kassasi orqali pul kiritish mumkin emas. Biznes kartadagi pulni hisobraqamga qaytarish kerak bo‘lsa, buni bank ilovasi orqali qilish mumkin.
Qisqacha: YATT topgan pullarini qanday ishlatishi mumkin
- YATTning hisob raqamidagi pul tadbirkorning o‘ziga tegishli. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan keyin qolgan pulni o‘z xohishiga ko‘ra ishlatishi mumkin.
- Puldan foydalanishning to‘rtta yo‘li bor. Pulni hisob raqamidan rekvizitlar orqali o‘tkazish, shaxsiy kartaga o‘tkazish, bank kassasidan naqd pul yechib olish va biznes kartadan foydalanish mumkin.
- Biznes karta kundalik biznes xarajatlarini shaxsiy xarajatlardan ajratishga yordam beradi. Xarajatlarini hisobga olishni osonlashtirib, biznes faoliyatini nazorat qiluvchi organlar uchun shaffofroq qiladi.
- Biznes karta bilan do‘konlarda va internetda to‘lov qilish, O‘zbekistondagi bankomatlardan so‘mda naqd yechish, Visa kartasidan esa chet elda ham foydalansa bo‘ladi.
- Biznes karta YATT uchun hisob raqami ochilgandan keyin olinadi va shu hisobraqamdan to‘ldiriladi.
