Tez yordam qanday ishlaydi

O‘zbekistonda tez tibbiy yordam 24/7 ishlaydi. Mamlakat hududida bo‘lgan barcha shaxslarga, fuqaroligi va maqomidan qat’i nazar, tibbiy yordam bepul ko‘rsatiladi.

Tez yordamni kelish vaqti vaziyatga bog‘liq. O‘rtacha 20-40 daqiqada keladi. Vaqt, bemor ahvolining og‘irligi, masofa, yo‘llardagi vaziyat va brigadalarning bandligiga bog‘liq. Dispetcher chaqiruvning muhimligini tushunishi va tez yordam vaqtida kelishi uchun unga barcha ma’lumotni berish kerak. Simptomlarni aniq tushuntirish, to‘liq manzilni, podyezd, qavat va domofon kodini aytish kerak. Hodisa ko‘chada yuz bergan bo‘lsa, atrofdagi do‘kon, bekat yoki chorraha nomlarini oriyentir qilib tasvirlang. 

Bemorning hujjatlari, pasporti yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani oldindan tayyorlab qo‘yish kerak.

Tez yordam chaqiriladigan holatlar

Agar hayot uchun xavf tug‘ilsa yoki inson jiddiy jarohatlangan bo‘lsa, tez yordamni zudlik bilan chaqirish kerak. 

Chaqiruv uchun keng tarqalgan sabablarni ko‘rib chiqdik.

Umumiy xavfli simptomlar. Bu, nafas olishning buzilishi, odamni qiynalib nafas olishi yoki umuman nafas olmasligi. Hushdan ketish va tutqanoqlar, ayniqsa, birinchi marta bo‘lsa.

Bolalarda yoki kattalarda tana harorati 39,5 °C dan yuqori bo‘lishi va uni tushirib bo‘lmasligi, kuchli qayt qilish, qo‘l bilan bosganda yo‘qolmaydigan teri toshmalari. Shuningdek, homilador ayollarda qon ketishi va qorinning pastki qismida kuchli og‘riq bo‘lishi. Yuz yoki tomoq shishi, qon bosimining pasayishi, hushdan ketish bilan kechadigan og‘ir allergik reaksiyalarda ham tez yordam chaqiriladi.  

Kuchli jarohatlar va qon ketishi. Masalan, qo‘l-oyoq sinishi, balandlikdan yiqilish, yo‘l-transport hodisalarida jarohatlanish, kuchli teri kuyishi.

Insult va infarktga gumon. Insultda tananing bir tomonidagi qo‘l yoki oyoqda holsizlik yoki uvishish paydo bo‘lishi mumkin. Bemorga gapirish yoki nutqni tushunish qiyin bo‘ladi, muvozanat buziladi. Infarktda ko‘krakda bir necha daqiqadan ko‘proq davom etadigan kuchli bosimli og‘riq paydo bo‘ladi. Og’riq qo‘l, bo‘yin yoki belga tarqalishi mumkin va nafas qisilishi, sovuq ter bosishi, ko‘ngil aynishi bilan birga keladi.   

Tez yordam chaqirish kerak bo‘lgan insult belgilari

Tez yordam chaqirishga ikkilansangiz

Hayot uchun xavfli simptomlar ko‘p. Tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan odam ko‘pining fargqiga bormaydi.

Agar tez yordam chaqirishga ikkilansangiz, yagona qutqaruv xizmatiga telefon qilib vaziyatni tushuntiring. Dispetcher nima qilish kerakligini aytadi. Ayniqsa gap yosh bolalar haqida ketsa. Ko‘plab kasalliklarda bolalarning ahvoli kattalarga qaraganda tezroq va kuchliroq yomonlashadi.

Dispetcher siz aytgan simptomlarni baholaydi va kerakli savollar beradi. Bemor ahvoli yomon bo‘lsa darhol brigada yuboriladi. Agarda holat shoshilinch bo‘lmasa, lekin bemorga shifokor yordami kerak bo‘lsa, yashash joyidagi poliklinikaga yo‘naltirishlari mumkin. Bunday holda, bemorga tez yordam brigadasi emas, balki mobil brigada yoki poliklinikaning navbatchi shifokori keladi. 

Jiddiy sabablarsiz tez yordam chaqirilsa nima bo‘ladi?

Shubhali simptomlar tufayli tez yordam chaqirdingiz, leki brigada yetib kelgunicha bemorning ahvoli yaxshilansa, bu yolg‘on chaqiruv deb hisoblanmaydi. Shifokorlar kelib, nima bo‘lganini aniqlaydilar. Kerak bo‘lsa, tashxis qo‘yib, EKG (Elektrokardiogramma) olishadi. Bunday holda tibbiy yordam uchun pul to‘lanmaydi.

Yolg‘on chaqiriq — bu tez yordamfa ehtiyoj bo‘lmaganda chaqirishdir. Bu uchun jarima bor: BHM’ning 1 dan 3 baravarigacha. Ya’ni 412 000 so‘mdan 1 236 000 so‘mgacha.