Nega terini quyoshdan himoya qilish kerak

Ultrabinafsha nurlar terining erta qarishiga, pigmentatsiyaga, kuyishga va hatto saratonga olib kelishi mumkin. Quyosh nurlarining ikki turi bor:

UVA — terining chuqur qatlamlariga kiradi va asosan erta qarishga sabab bo‘ladi.
UVB — quyoshda kuyishga olib keladi.

Ikkalasi ham hujayralardagi DNK tuzilmasiga zarar yetkazib, teri saratoni xavfini oshiradi. Eng xavflisi — bu jarayon sekin va sezilmasdan kechadi, zarar yillar davomida to‘planadi.

Internetda mashhur bo‘lgan avtobus haydovchisining rasmi esingizdami? U 28 yil davomida faqat bir yo‘nalishda ishlagan, mashinaning chap oynasi orqali quyosh faqat bir yuziga tushgan — natijani o‘zingiz ko‘ring

UV-indeks: qachon himoyalanish kerakligini qanday bilish mumkin?

Quyosh nurlarining kuchi UV-indeks bilan o‘lchanadi: ko‘rsatkich qanchalik yuqori bo‘lsa, himoyasiz yurish shunchalik xavfli. Odatda UV-indeks yozda, ochiq havoda va quyosh nurlarini qaytaradigan joylarda (masalan, dengiz yoki qor yonida) yuqori bo‘ladi.

Uni istalgan ob-havo ilovasida ko‘rish mumkin. Agar 3 va undan yuqori bo‘lsa — sanskrin kerak, 5 dan yuqori bo‘lsa — qo‘shimcha himoya ham zarur (ko‘zoynak, bosh kiyim, yopiq kiyim), 8 dan yuqori bo‘lsa — 10:00–16:00 oralig‘ida umuman tashqariga chiqmaslik yaxshiroq. Agar chiqishga majbur bo‘lsangiz, maksimal darajada himoyalaning va imkon qadar soyada bo‘ling.

UV indeksining turli ko‘rsatkichlari bilan nima qilish kerak?

O‘zbekistonda ob-havo va UV-indeksni qayerdan ko‘rish haqida biz “Ob-havoni kuzatish uchun 6 ta ilova” maqolasida yozganmiz. Bundan tashqari, maxsus ilovalar ham bor — ular tashqarida bo‘lish xavfsizmi yoki yo‘qmi, qachon sanskrin surtish kerakligini eslatib turadi. Masalan, UVLens, UVIMate yoki SunSmart Global UV.

Ular qisman bepul: agar obuna sotib olsangiz, qo‘shimcha funksiyalar ochiladi. Masalan, teri turiga va yoshga mos sanskrin tanlash yoki organizm uchun yetarli D vitamini olish uchun quyoshda qancha vaqt bo‘lish kerakligini hisoblab beradi.

Sanskrin nima qiladi?

Sanskrin — krem, gel, sprey yoki kukun shaklidagi quyoshdan himoya vositasi. Uning tarkibida maxsus filtrlari bor: ular zararli quyosh nurlarini yutadi yoki qaytaradi va teriga kirib borishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Bolalar uchun alohida vositalar ham ishlab chiqariladi. Ular tarkibi jihatidan kattalar uchun mo‘ljallangan vositalarga o‘xshash, lekin odatda kamroq konservant va ko‘proq terini tinchlantiruvchi komponentlarga ega bo‘ladi.

Muhim: sanskrin terini oqartirmaydi, davolamaydi va rangini o‘zgartirmaydi. U faqat ultrabinafsha nurlarining zararini qisman kamaytiradi va shu orqali sog‘lig‘ingizni himoya qilishga yordam beradi.

Qudrat Ibragimov
Onkodermatolog va patomorfolog
ibragimovk.uz
Sanskrin — bu shunchaki kosmetika emas, teri kasalliklarining oldini olish uchun zarur vosita.

Ko‘pchilik sanskrinni faqat yozda, quyosh charaqlaganda surish kerak deb o‘ylaydi. Aslida esa bulutli kunda ham ultrabinafsha nurlar terimizga yetib keladi. Shuning uchun sanskrinni faqat yozda emas, yil bo‘yi surtish kerak. Quyoshli kunlarda uni har 2 soatda yangilab turish, shuningdek, cho‘milganda yoki ko‘p terlagandan keyin qayta surtish zarur.

Bolalar haqida ham unutmang: 6 oylikdan boshlab ularga maxsus, yumshoq tarkibli quyoshdan himoya vositalarini ishlatish tavsiya etiladi. Tarkibida sink oksidi va titan dioksidi bo‘lishi shart — ular bolalar terisi uchun xavfsiz.

SPF nima va mos sanskrinni qanday tanlash kerak?

Har bir quyoshdan himoya qiluvchi kremlarning ustida SPF belgisi bo‘ladi — bu "Sun Protection Factor", ya’ni quyosh nurlaridan himoya darajasi degani. Yonidagi raqam esa krem qanchalik UVB nurlaridan himoya qilishini ko‘rsatadi — aynan shu nurlar terini kuydiradi. Masalan SPF 30 — taxminan 96,7% nurlarni to‘sadi. SPF 50 esa 98% gacha himoya qiladi.

Aslida SPF 30 ham yetarli, agar uni to‘g‘ri surtgan bo‘lsangiz. Lekin ko‘pchilik kerakli miqdordan kam ishlatgani uchun, ayniqsa UV-indeks yuqori bo‘lsa, SPF 50 tanlagan yaxshiroq.

Krem faqat UVB emas, balki UVA nurlaridan ham himoya qilishi muhim. Buni qadoqda quyidagicha belgilar orqali bilsa bo‘ladi: UVA (doira ichida), PA+++, PPD yoki “broad spectrum”.

Ushbu quyoshdan himoyalovchi vositada PA++++ belgisi bor va SPF ko‘rsatilgan — ya’ni krem A va B turdagi nurlardan himoya qiladi. Manba: bloombeauty.uz

Qaysi quyosh filtrlari yaxshiroq?

Kimyoviy filtrlarga, masalan, Uvinul A Plus yoki Octinoxate kiradi — ularni organik filtrlari ham deyishadi. Fizik filtrlarga esa sink oksidi va titan dioksidi kiradi — ular mineral yoki noorganik filtrlari deb ataladi. Ba’zi sanskrinlarda bu ikki tur birga ham qo‘llanadi.

Qaysi birini tanlash — sizning qulayligingiz va teri turiga bog‘liq. Ularning samaradorligi deyarli bir xil, lekin farqlari bor:

  1. Fizik filtrlari bor sanskrinlar odatda qalinroq bo‘ladi va terida oq qatlam qoldirishi mumkin. Lekin ular sezgir teri yoki aknega moyil teri uchun ko‘proq mos keladi.
  2. Kimyoviy filtrlari bor kremalar esa yengilroq, tez singadi va deyarli bilinmaydi. Ammo ba’zida sezgir terida tirnash xususiyati keltirib chiqarishi mumkin, shu sabab bolalar uchun kamroq ishlatiladi. 

Shuni ham unutmang: har qanday kosmetik vosita allergiya yoki noqulaylik keltirib chiqarishi mumkin. Yangi kremni darhol butun yuzga surtmang — avval kichik joyda sinab ko‘ring. Agar teri qizarib, qichishsa yoki toshma chiqsa, demak bu vosita sizga mos emas.

Bu kremda faqat mineral filtrlar bor. Manba: bloombeauty.uz

Yana nimalarga e’tibor berish kerak?

Do‘konda sanskrin tanlash oson ish emas. Do‘konlarda turli narx, nom va va’dalarga ega o‘nlab tyubiklar bor. Shunda adashib ketmaslik uchun bir nechta maslahat.

Qadoqdagi yozuvlarga e’tibor bering: 

Terining turi ham muhim: quruq teri uchun moy yoki krem shaklidagi san-skrin, yog‘li teri uchun esa gel yoki yengil suyuq krem (fluid) olgan afzalroq.

Qulay vositani tanlang: Krem, losyon va flyuidlarni dozalashtirish osonroq. Spreylar esa surtishga qulay, lekin kerakli miqdorni aniq o‘lchash qiyinroq.

Quyoshdan himoya qiluvchi kremni qanday to‘g‘ri surtish kerak?

Kimyoviy filtrlari bor kremni quyoshga chiqishdan 30 daqiqa oldin ochiq teriga surtish kerak — u himoya qatlamini hosil qilish uchun vaqt talab qiladi. Fizik filtrlari bor vositalarni esa chiqishdan oldin ham surtish mumkin.


Muhim: kremni yetarli miqdorda ishlatish kerak. Yuz uchun — taxminan choy qoshiqning uchdan bir qismi Tana uchun — taxminan ikki osh qoshiq.

Agar kam surtib qo‘ysangiz, himoya darajasi qadoqda ko‘rsatilganidan 2–3 baravar past bo‘ladi. Ya’ni SPF 50 o‘rniga eng yaxshisi 25 darajasida himoya olasiz.

Sanskrinni har 2 soatda yangilab turish kerak. Shuningdek, kuchli terlagandan yoki cho‘milgandan keyin ham qayta surtish zarur. Plyaj, basseyn yoki sport uchun suvga chidamli variantlarni tanlang.

Agar makiyajni buzishni istamasangiz, kun davomida SPF’li pudra yoki sprey ishlatish mumkin. Yoki oddiy sanskrinni kosmetik sponj yordamida makiyaj ustidan ehtiyotkorlik bilan surtish mumkin.


Sanskrinni to‘g‘ri surish

Sanskrinni quyoshga chiqishdan 30 daqiqa oldin tananing ochiq joylarga surish kerak, chunki filtrlar ishga tushish uchun vaqt kerak. Har ikki soatda bir marta sanskrinni yangilab turish tavsiya etiladi, ayniqsa agar cho‘milgan yoki terlagan bo‘lsangiz.

Makiyajni buzmaslik uchun kun davomida maxsus UV-filtri bo‘lgan kukun yoki SPF-sprey ishlatishingiz mumkin.

Sanskrinni qayerdan sotib olsa bo‘ladi va uning narxi qancha?

Sanskrinlarni dorixonalardan, supermarketlarning go‘zallik bo‘limlaridan va internet-do‘konlardan topish mumkin. O‘zbekistonda ularni Wildberries yoki Ozon kabi onlayn bozorlarda, shuningdek, Comax yoki Kokos+ singari Koreya kosmetika do‘konlarida sotib olsa bo‘ladi.

O‘zbekistonga yetkazib beradigan chet el saytlari ham bor — masalan, Ubuy yoki iHerb.

Narxlar turlicha. Biroq faqat narxiga qarab xarid qilish noto‘g‘ri. Yaxshi sanskrin arzon ham bo‘lishi mumkin, asosiysi — vosita UVA va UVB nurlaridan himoya qilishi va sizga qulay formatda bo‘lishi.

Mana quyoshdan yaxshi himoya qiladigan bir nechta sinovdan o‘tgan vositalar. Beauty of Joseon Relief Sun: Rice + Probiotics — normal va aralash teri uchun. Icon Skin — quruq teri uchun. Skin & Lab Barrierderm Think Family Sunscreen — sezgir teri uchun.

Qachon dermatologga borish kerak?

Teri saratoni xavfi yuqori bo‘lgan odamlar dermatologga murojaat qilib, profilaktik ko‘riklardan qanchalik tez-tez o‘tish kerakligini shifokor bilan muhokama qilishi lozim. Bu guruhga ko‘p xoli borlar, bir nechta atipik nevuslari (katta, notekis shaklli va rangli), oq teriga ega bo‘lganlar yoki ilgari quyoshda kuyish holatlarini boshdan kechirganlar kiradi.

Umuman olganda, hamma teridagi o‘zgarishlarga e’tiborli bo‘lishi muhim. Agar yangi xollar paydo bo‘lsa yoki eskilari o‘zgarsa — kattalashsa, shakli yoki rangi o‘zgarsa — albatta shifokorga murojaat qiling. Melanoma erta bosqichda to‘liq davolanadi, shuning uchun shifokor ko‘rigini kechiktirmaslik kerak.