Qancha pul beriladi?
Subsidiya puli — 30 million so‘m. Bu summa qat’iy belgilangan bo‘lib, sizning oylik daromadingiz yoki kredit summangizga bog‘liq emas. Eng muhimi — subsidiya faqat yangi qurilgan, kadastrdan o‘tgan uylar uchun beriladi.
Agar siz subsidiya olgan bo‘lsangiz va shartnoma imzolagan bo‘lsangiz, bu mablag‘ siz ipoteka kreditini olgan bankdagi hisob raqamingizga tushadi.
E’tibor bering: 2025-yilda subsidiya oladiganlar soni 30 ming kishi bilan cheklangan. Arizalar qabul qilinishi 10-iyuldan 1-noyabrgacha davom etadi.
Subsidiyasini kim olishi mumkin?
Ariza beruvchilarga qo‘yiladigan asosiy talablar.
Yosh. Ipoteka subsidiyasini 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi olishi mumkin.
Daromad. Toshkent shahri aholisi uchun rasmiy oylik daromadning eng kam miqdori — 3 118 500 so‘m, eng yuqori miqdori — 10 626 000 so‘m bo‘lishi kerak. Bu raqamlar 2025-yil uchun belgilangan eng kam oylik ish haqi asosida hisoblangan. Qoraqalpog‘iston R. va viloyatlar aholisi uchun chegaralar — 3 118 500 so‘mdan 9 240 000 so‘mgacha. Baholashda so‘nggi 12 oy ichidagi o‘rtacha daromad hisobga olinadi.
Agar oylik daromadingiz yuqoriroq bo‘lsa — subsidiya ajratilmaydi. Agar pastroq bo‘lsa — hisob-kitobga yaqin qarindoshlaringiz, masalan, bir uyda yashovchi turmush o‘rtog‘ingiz yoki ota-onangizning daromadi qo‘shilishi mumkin. Ammo agar sizda umuman daromad bo‘lmasa, qarindoshning maoshi inobatga olinmaydi.
Boshqa ipoteka imtiyozlarining yo‘qligi. Subsidiya har bir oilaga bir marta beriladi: agar yaqin qarindoshlaringizdan biri uni ilgari olgan bo‘lsa, sizga rad javobi keladi.
Yana, ipoteka kreditlari bo‘yicha boshqa imtiyozlardan foydalanganlar yoki arzon uy-joy dasturlari doirasida kvartira olganlar subsidiya ololmaydi.
Arizalar qanday baholanadi?
Davlat ipoteka subsidiyasiga kim haqli ekanini ball tizimi asosida baholaydi. Har bir nomzod ijtimoiy holatiga qarab ball oladi — qanchalik ehtiyoj yuqori bo‘lsa, shuncha ko‘proq ball beriladi..
Quyidagilar uchun ball qo‘shiladi:
- shaxsiy uyi yo‘qlar — 20 ball;
- Toshkent shahri uchun — eng kam ish haqining 8 baravaridan kam bo‘lsa;
- Qoraqalpog‘iston R. va viloyatlar uchun — eng kam ish haqining 7 baravaridan kam bo‘lsa, bu holatda 10 ball;
- chet elda ishlayotganlar va "Labor-Migration" dasturida ro‘yxatdan o‘tganlar — 10 ball;
- nogironligi bo‘lgan shaxslar — 5 ball (faqat Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza tizimida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa);
- chekka hududlardagi shifokorlar va oliy ma’lumotli mutaxassislar — 5 ball;
- 30 yoshgacha bo‘lganlar — 5 ball;
- yolg‘iz onalar, ajrashgan yoki beva ayollar — 5 ball.
Maksimal ball — 35.
Subsidiyani olish uchun esa kamida 30 ball to‘plash kerak.
Ball berish tartibi va barcha mezonlar hukumat qarorida ko‘rsatilgan.
Nima uchun ball beriladi


Subsidiyaga qanday ariza topshiriladi?
Arizani quyidagi ikki usulda topshirish mumkin:
Yagona davlat xizmatlari portali orqali (my.gov.uz) — onlayn, uydan chiqmasdan.
Davlat xizmatlari markazlarida — agar o‘zingiz borib topshirmoqchi bo‘lsangiz, eng yaqin markaz manzilini gov.uz saytidan topasiz.
Ariza topshirganingizdan so‘ng, uni 5 kun ichida ko‘rib chiqishadi. Siz haqingizdagi ma’lumotlarni turli xil tashkilotlar o‘zaro tekshiradi: Soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Bandlik vazirligi, Kadastr agentligi, Ijtimoiy himoya agentligi.
Qanday hujjatlar kerak bo‘ladi?
Ariza topshirish uchun quyidagi hujjatlar kerak:
- Pasport yoki ID-karta.
- Nikoh yoki ajirim guvohnomasi (agar bo‘lsa).
- Farzandlaringizning tug‘ilganlik guvohnomalari va ID-kartalari (agar bo‘lsa).
- Sotib olayotgan uyning kadastr hujjati.
- Doimiy yashash joyingiz haqida hujjat — uy daftari yoki kvartira kartochkasi nusxasi.
- Daromadlaringiz haqida ma’lumot.
Yana boshqa hujjatlar so‘ralmasligi kerak — bu qonun bilan belgilangan. Agar arizani onlayn topshirsangiz, shaxsiy hujjatlar tizimda avtomatik yuklanadi.
Daromadni qanday tasdiqlash mumkin?
- ish beruvchidan ma’lumotnoma oling;
- soliq.uz saytidagi shaxsiy kabinetingiz orqali soliq deklaratsiyasini yuklab oling;
- o‘zini o‘zi band qilgan shaxs bo‘lsangiz — Soliq ilovasida daromad ma’lumotnomasini topshiring;
- agar ilovadan foydalanmasangiz, bankdan tushgan pul mablag‘lari bo‘yicha ko‘chirma so‘rang.
Arizangizga javobni Davlat xizmatlari portali orqali ko‘rishingiz mumkin. Agar subsidiya berilsa — 4 oy ichida undan foydalanish kerak. Aks holda, keyingi yil yana ariza topshirishga to‘g‘ri keladi.
Qanday holatlarda rad javobi beriladi?
Asosiy sabablar:
- arizadagi ma’lumotlar noto‘g‘ri bo‘lsa;
- sizdan oldin bu subsidiya uchun turmush o‘rtog‘ingiz ariza bergan bo‘lsa;
- ballar yetarli bo‘lmasa;
- daromad shartlarga to‘g‘ri kelmasa;
- kerakli hujjatlar to‘liq bo‘lmasa;
- ariza topshirish muddati tugagan bo‘lsa;
- subsidiya kvotasi tugagan bo‘lsa.
Agar noto‘g‘ri yoki xatolik bilan ariza topshirgan bo‘lsangiz — qaytadan urinib ko‘rish mumkin.
Muddati o‘tib ketgan yoki kvota tugagan bo‘lsa, keyingi yilda yana ariza topshiring.