Nikohdan keyin familiya almashtirish
Nikohga ariza topshirganingizda, sizdan familiyangizni o‘zgartirasizmi, deb so‘rashadi. Agar rozi bo‘lsangiz, nikohdan keyin sizga yangi familiya bilan guvohnoma beriladi. Bu ayollarga ham, erkaklarga ham tegishli — xohlaganlar xotinining familiyasini ham olishi mumkin.
Keyin esa, yangi familiyangiz bilan ID-karta va boshqa hujjatlarni almashtirish kerak.
O‘z xohish bilan ism/familiyani o‘zgartirish
Qonun bo‘yicha bunga bir necha hollarda yo‘l qo‘yiladi:
- familiya va ismning eshitilishi yoqimsiz bo‘lsa;
- ular milliy mansublikka mos kelmasa yoki milliy an’analarga zid bo‘lsa;
- nikohgacha bo‘lgan familiyangizni qaytarmoqchi bo‘lsangiz;
- oilani bitta familiya ostida birlashtirish niyatida bo‘lsangiz.
- bolalar ota yoki onaning familiyasini, onaning qizlik familiyasini, o‘gay otaning yoki vasiyning familiyasini qabul qilishni xohlasa;
- jins o‘zgarganda.
Ba’zi hollarda sud qarori asosida yoki nasl-nasab bilan bog’liq bo‘lmagan familiyani tanlash mumkin, lekin buni asoslash kerak bo‘ladi.
Qayerga murojaat qilish kerak?
Doimiy yashash joyingizdagi FHDYOga boring. Ular arizani IIV’ga yuborishadi va hujjatlar ikki oy ichida tekshiriladi.
Maslahat: Kamdan-kam hollarda jarayonni tezlashtirish mumkin: masalan, ilgari tekshiruvdan o‘tgan bo‘lsangiz yoki zudlik bilan xorijga chiqishingiz kerak bo‘lsa. Qarorni FHDYO va IIV o‘z ichki amaliyotiga ko‘ra yakka tartibda qabul qiladi. Yaxshisi, ariza topshirishdan oldin, sizning holatingizda jarayonni tezlashtirish mumkinmi — shuni aniqlang.
Otasining ismini o‘zgartirish
Bu, asosan otalik belgilanganda yoki ota ismini o‘zgartirganda qo’llaniladi. Ba’zan esa milliy an’analar sabab bo‘ladi, "-ovich"/"-ovna" o‘rniga "o‘g‘li"/"qizi" yoki "-zoda" qo‘shishingiz mumkin.
Qaysi hujjatlar kerak
Holatga qarab hujjatlar farq qiladi, lekin asosiysi::
- ID-karta yoki pasport;
- Tug‘ilganlik haqida guvohnoma;
- 3×4 rasm;
- Ro‘yxatdan o‘tgan manzilingiz haqidagi ma’lumotnoma.
Qo‘shimcha hujjatlar holatga qarab:
- Nikoh yoki ajralish haqida guvohnoma;
- Oila familiyasini olishda qarindoshlikni isbotlovchi hujjatlar;
- Ota ismini o‘zgartirishda ota-onaning nikoh guvohnomasi va otaning hujjatlari.
Bolaning ismini o‘zgartirish
Farzandingiz 16 yoshga to‘lgan bo‘lsa, u o‘zi ariza bera oladi. 10 yoshdan boshlab esa bolaning yozma roziligi olinadi. Ya’ni, bola nima bo‘layotganini tushunishi kerak.
FHDYOga ota-onaning har ikkisidan ariza talab qilinadi. Ajrashgan bo‘lsangiz, har ikki tomondan ruxsat kerak. Agar ota-onadan biri qarshi bo‘lsa, vaziyat vasiylik organi, murakkab hollarda esa sud tomonidan hal qilinadi.
Qancha to‘lanadi
Kattalar uchun davlat boji 1 BHM — 412 000 so‘m. Voyaga yetmaganlar uchun esa 0,5 BHM, ya’ni 206 000 so‘m.
Bu to‘lov ism, familiya yoki otasining ismini o‘zgartirganda narx bir xil bo‘ladi. Yana, ID-karta va boshqa hujjatlar uchun ham to‘lov bor.
Qaysi hujjatlarni almashtirish kerak
ID-karta. Birinchi navbatda almashtirish kerak. Familiya, ism yoki otasining ismi o‘zgartirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma yoki FHDYO’dan nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma olingandan keyin uch kun ichida pasport stoliga ariza yozish, eski pasport yoki ID-kartani, ma’lumotnoma, fotosurat hamda davlat boji to‘langanligi haqidagi kvitansiyani ilova qilish kerak. Yangi karta narxi hujjatlarni oflayn topshirganda 366 680 so‘m, my.gov.uz orqali ariza berganda 330 012 so‘mga tushadi. Muddatni o‘tkazib yuborsangiz, yana tekshiruvdan o‘tishga to‘g‘ri keladi. ID-karta bir ish kunida tayyor bo‘ladi.
ID-kartani olganingizdan keyin barcha tizimlardagi soliq, bank, ish joyi avtomatik yangilanadi. Soliq ilovasi yoki Yagona davlat xizmatlari portalidan o‘zgarishlarni tekshirish mumkin.
Xorijga chiqish pasporti. Agar pasport eski familiyada bo‘lsa, u baribir amal qiladi. Lekin chet elda savollar tug‘ilishi mumkin, shuning uchun uni yangilab qo‘ygan yaxshi. Pasportni almashtirish uchun arizani Davlat xizmatlari markazida yoki istalgan pasport stolida topshirish mumkin — doimiy ro‘yxat bo‘yicha bo‘lishi shart emas. Faqat yangi ID-kartangiz bo‘lsa bas.
Hujjatni olish uchun davlat boji — 1 BHM, ya’ni 412 000 so‘m. Arizani onlayn topshirib, to‘lovni sayt orqali amalga oshirsangiz — 10% chegirma bor, ya’ni 370 800 so‘m to‘laysiz. Bolalar uchun oflayn to‘lovda davlat boji — 0,8 BHM, ya’ni 329 600 so‘m.
Xorijga chiqish pasporti 2–3 hafta ichida tayyor bo‘ladi. Tayyor bo‘lgach, Davxizmatdan SMS xabarnoma keladi. Batafsil yo‘riqnoma “Xorijga chiqish pasportini olish haqida batafsil” maqolamizda bor.

Haydovchilik guvohnomasi. Yangilash shart emas. Ammo agar manzilingizni o‘zgartirgan bo‘lsangiz, ishonchnoma qilmoqchi bo‘lsangiz yoki xorijga chiqmoqchi bo‘lsangiz, guvohnomani yangilab qo‘ygan yaxshi. Oflayn rasmiylashtirganda — 0,9 BHM (370 800 so‘m). Onlayn topshirilganda — 0,7 BHM (288 400 so‘m).
Guvohnoma YHXBB’da almashtiriladi, narxi — 0,5 BHM yoki 187 500 so‘m.
Diplom va shahodatnomalar. Yangilash majburiy bo‘lmasa-da, ayrim holatlarda foydasi tegadi — masalan, magistraturaga topshirishda. Narx har bir ta’lim muassasasida har xil.
Chet elda yashasangiz, familiyangizni qanday o‘zgartirasiz
Bu uchun yashayotgan mamlakatingizdagi O‘zbekiston konsulligiga murojaat qilasiz. Tartibi deyarli o‘sha-o‘sha. Voyaga yetmaganlar uchun ota-onaning yozma roziligi kerak.
Xizmatlar pullik — konsullikning o‘z narxlari bo‘yicha. Ba’zida hujjatlarni pochta orqali yuborish yoki notarial tasdiqlash kerak bo‘lishi mumkin. Bu esa qo‘shimcha xarajat degani.
Rad javobi chiqsa, nima qilamiz
Ba’zida ism yoki familiyani o‘zgartirishga ruxsat berilmaydi. Ko‘p hollarda sababi quyidagicha bo‘ladi:
- hujjatlar yetarli emas;
- keltirilgan sabablar ishonarsiz;
- IIV (Ichki ishlar vazirligi) salbiy fikr bildirgan.
Rad etish haqida sizga yozma tushuntirish beriladi. Agar bunga rozi bo‘lmasangiz, sudga murojaat qilish huquqingiz bor.
