Biznikilar qayerda o‘ynaydi?
2026-yil fevral oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, terma jamoamizning uchta o‘yini sanasi va manzili aniq:
- 17-iyun Meksikaning Mexiko shahrida. Raqib — Kolumbiya terma jamoasi. Toshkent vaqti bilan o‘yin 18-iyunda bo‘lib o‘tadi
- 23-iyun AQShning Xyuston shahrida Portugaliyaga qarshi.
- 27-iyun AQShning Atlanta shahrida — raqib Kongo Demokratik Respublikasi, Yamayka yoki Yangi Kaledoniya jamoalaridan biri bo‘ladi. Toshkent vaqti bilan o‘yin 28-iyunda bo‘lib o‘tadi.
Demak, shu uchta o‘yinga chiptalar ovini hoziroq boshlash kerak. Boshqa o‘yinlarga ham xuddi shu usulda xarid qilishingiz mumkin.
FIFA saytida ro‘yxatdan o‘tish va chipta olish tartibi
Avvalambor — FIFA rasmiy saytida ro‘yxatdan o‘tib, o‘z profilingiz ya’ni FIFA ID’ni yaratishingiz lozim. Ro‘yxatdan o‘tishda ism-sharif, tug‘ilgan sana, jins, elektron pochta, yashash manzili va tilni ko‘rsatishingiz kerak.
JCH-2026 chiptalari savdosining birinchi bosqichi — 2025-yil 11-dekabrdan 2026-yil 13-yanvargacha davom etgan Random Selection Draw — FIFA lotereyasi edi. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotuv emas, balki “ariza topshirish” bosqichi. Muxlislar o‘yin va chipta turini tanlashadi va bank karta ma’lumotlarini kiritishadi, ammo chiptalar uchun pul darhol yechib olinmaydi. Ariza berish muddati tugagach, FIFA chiptalarni kompyuter yordamida tasodifiy taqsimlaydi. Omadli muxlislarning kartasidan pul avtomatik ravishda yechib olinadi va chiptlar ularning akkauntiga biriktiriladi.

Lotereya tugagach, chipta olishning ikkita rasmiy yo‘li bor:
- FIFA Marketpleysi: lotereyada yutgan yoki ilgari chipta sotib olgan, lekin turli sabablarga ko‘ra borolmaydigan muxlislar o‘z chiptalarini shu yerda qayta sotishadi.
- Hospitality paketlari: bu variant qimmatroq, lekin chiptadan tashqari sizga alohida kirish yo‘lagi, ovqat va ichimliklar kabi qo‘shimcha xizmatlar taqdim etiladi.
Chipta xarid qilish jarayonida manzilingiz va telefon raqamingiz ko‘rsatilgan yana bir shaklni to‘ldirishingiz kerak.
Ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar yoki begona saytlarda sotiladigan chiptalardan ehtiyot bo‘ling. Ular soxta yoki FIFA tomonidan bekor qilingan bo‘lishi mumkin. FIFA rasmiy kanallardan tashqarida sotib olingan chiptalar stadionga kirishda ishlamay qolishi mumkinligi haqida qat’iy ogohlantiradi. Tavakkal qilmang — stadion darvozasi oldida qolib ketish hech gap emas.

FIFA marketpleysida chiptani qanday sotib olish mumkin
Bu — lotereya bosqichi yakunlangach, oddiy chipta sotib olishning yagona qonuniy va xavfsiz yo‘lidir.
Bu yerda narxlar chiptaning asl qiymatidan (nominalidan) ancha yuqori bo‘ladi, chunki talab taklifga qaraganda juda katta. Narxni sotuvchining o‘zi belgilaydi: masalan, aslida $60–$800 turadigan chipta bir necha ming dollarga chiqib ketishi mumkin. Buning ustiga, narxga avtomatik ravishda 15% servis yig‘imi ham qo‘shiladi. Bir kishi bitta o‘yinga maksimum 4 ta chipta olishi mumkin.
Xarid vaqtida 4 ta toifadan birini tanlaysiz. Lekin aniq sektor va o‘rindiq raqami o‘yinga yaqin qolganda ma’lum bo‘ladi — ungacha buni na siz, na sotuvchi bilmaydi. Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus chipta turlari ham mavjud.
Toifalar faqat joylashuv va tomoshabin joyidan ko‘rinish bilan farqlanadi: birinchi toifa — stadionning eng “qaymoq” joylari. Odatda bular maydonning uzun tomonidagi markaziy sektorlar bo‘ladi. Tabiiyki, eng qimmat joylar ham shu. Ikkinchi va uchinchi toifalar — bu o‘rta segment. Joylar markazdan bir oz uzoqroq yoki balandroqda joylashgan, lekin maydon bemalol ko‘rinadi. To‘rtinchi toifa — eng arzon variant. Sotuvda barcha toifadagi chiptalar ham bo‘lmasligi mumkin.
Hozirda, Mexiko va Xyustondagi dastlabki ikki o‘yin uchun marketpleysdagi chiptalar o‘rtacha $1500–$3000 atrofida. Atlantadagi uchinchi o‘yin uchun esa vaziyat hozirda bir oz boshqacha. Raqibimiz hali aniq bo‘lmagani sababli, 2026-yil fevral oyida chiptalarni ancha arzon — $230–400 atrofida topish mumkin. Vaqt o‘tishi bilan narxlar ko‘tarilishi mumkin.

FIFA saytida qo‘shimcha xizmatlar bilan chipta xarid qilish
Chipta bilan birga paketga odatda yon sektorlardagi yaxshi joylar, o‘yindan oldin va keyin lounge hududiga kirish, oziq-ovqat va ichimliklar, alohida xizmat va stadionga kirish yo‘lagi bo‘ladi.
Single Match — paketni aniq bir o‘yinga sotib olish. Shuningdek, bir nechta o‘yinlar seriyasini tanlash imkoni ham bor. Masalan, istalgan beshta o‘yinni yoki bir stadionda o‘tayotgan barcha uchrashuvlarga chiptalarni birgalikda xarid qilish mumkin. Agar seriyali paket olsangiz, bitta o‘yin narxi taxminan $100–200 ga arzonroq bo‘ladi, ammo chiptalar sonini kamaytirib bo‘lmaydi — hammasini birga olish shart.
Servis darajasiga qarab paket turlari mavjud:
- FIFA Pavilion — eng hamyonbop variant. Ovqatlanish hududi tomoshabin sektorlaridan tashqarida, o‘yinni esa oddiy tribunadan tomosha qilasiz. O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinlari uchun bu paket mavjud emas.
- Champions Club — keyingi daraja. Joylar stadion ichida, burchak yoki yon sektorlarda joylashgan. Yopiq lounge-zona’ga kirish imkoniyati bor, taom va ichimliklar o‘yindan oldin hamda keyin taqdim etiladi.
- Trophy Lounge — yanada qimmatroq. Maydonning yon chizig‘idagi yaxshi joylar. Lounge hudud stadion ichida, xizmat darajasi yuqoriroq, taom va ichimlik tanlovi kengroq. Tanaffus paytida ham ovqatlanib olish mumkin.
- VIP — premium daraja. Maydon yon chizig‘i bo‘ylab eng zo‘r ko‘rinadigan joylar. O‘yindan oldin, tanaffusda va o‘yindan keyin yuqori sifatli xizmat hamda eng saralangan taom va ichimliklar taqdim etiladi.
- Pitchside Lounge — eng qimmat va eksklyuziv paket. Joylar maydonga maksimal darajada yaqin, lounge hudud esa maydonning qoq chetida joylashgan. Joylar birinchi qatorda bo‘lmasligi mumkin, lekin o‘yin atmosferasini to‘liq his etasiz.
FIFA aniq qator va o‘rindiq raqamlarini oldindan ma’lum qilmaydi. Siz ma’lum bir o‘rindiqni emas, balki xizmat darajasi va zonani sotib olasiz. Aniq joylar o‘yinga yaqin qolganda ma’lum bo‘ladi.


FIFAning Amerika sayti orqali faqat AQSHdagi o‘yinlar uchun paketlarni xarid qila olasiz. Xyustondagi o‘yin uchun chipta narxlari 2600 dan –3400 dollargacha, Atlantadagi o‘yin uchun esa 2150–3750 dollar oralig‘ida.
Terma jamoamizning chempionatdagi ilk o‘yini — Kolumbiyaga qarshi bahs Mexikoda bo‘lib o‘tadi. Buning uchun paketlarni FIFAning Meksikadagi platformasi orqali olish kerak. Narxlar Meksika pesosida ko‘rsatilgan: bir o‘rin uchun 67 500 dan 90 000 pesogacha. Bu taxminan 3900 — 5200 AQSh dollari degani.
FIFA saytida chiptalar uchun qanday to‘lov qilinadi
Marketpleysda siz bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonning AQSH va Meksikadagi barcha uchta o‘yini uchun chiptalarni olishingiz mumkin. Lekin paketli takliflar bo‘yicha chiptalarni saytning tegishli bo‘limlarida (AQSH va Meksika uchun) alohida dollar yoki pesoda xarid qilasiz. Ya’ni, bitta akkauntdan foydalansangiz ham, xaridlar alohida-alohida rasmiylashtiriladi.
To‘lovlarni faqat MasterCard yoki Visa xalqaro kartalari orqali amalga oshirasiz. Onlayn to‘lov vaqtida kartangizdagi valyuta avtomatik tarzda kerakli valyutaga konvertatsiya qilinadi va summa hisobdan yechiladi.

