Sayohatga tayyorgarlik
Mashinani atigi bir oy oldin olgandik. Faqat Chorvoqqacha borib kelardik, lekin bu mashina uchun jiddiy sinov emas. Bu gal esa to‘ppa-to‘g‘ri Issiqko‘lga bordik. Mashinamiz gibrid, xohlasangiz benzin, xohlasangiz elektr. Biz uchun bu — erkinlik, o‘tirib, xohlagan joyga ketish mumkin.
Sayohatni oldindan rejalashtirgandik, shoshilmadik. Hujjatlarni tayyorladik, narsalarni yig‘dik. Ovora bo‘lmaslik uchun yo‘lda kafega to‘xtab ovqatni o‘zimiz bilan oldik: non, pishloq, kolbasa va blok suv. Hatto kichkina ko‘chma sovitkichni ham unutmadik — issiqda juda asqatdi.
Pul masalasida esa biroz xato qildik. Asosiy qismi kartada edi, yonimizda esa 200 dollarcha bor edi. Yetadi deb o‘yladik, lekin ko‘lga borgach, kartalarni deyarli ishlatmadik. Bankomat va ayirboshlash joylarini qidirib ancha vaqt yo‘qotdik.
Yo‘l: marshrut va to‘xtashlar
Toshkentdan mashinani quvvatlab, benzinni to‘ldirib chiqdik. Ohangaronda va Namanganda mashinani qo‘shimcha quvvatlab oldim, chunki yo‘l o‘rtasida to‘xtab qolamiz deb xavotirlandim. Benzinni asosan Lukoyl va Gazprom shoxobchalaridan oldim. Mashina yoqilg‘ining sifatiga sezgir ekan, shuning uchun ishonchli joyni tanladim. Safarning boshida 20 dollar atrofida, ko‘lga borgach esa butun bakni 45 dollarga to‘ldirdim.

Borib-kelishda jami 3000 km yo‘l bosdik. Yo‘l bo‘yi manzaralar ajoyib edi: osmonda burgutlar, yaylovlarda otlar, tong otishi va hayratomuz quyosh botishlari. Kichkina shaharlarni ko‘rib o‘tdik, yuzlab surat va videolar oldik.

Lekin oxirgi qismi biroz qiynadi. Issiqko‘lga yaqinlashganda yaxshi yo‘llar birdaniga chuqurlarga to‘lib ketdi. Huddi yarim mamlakat qazib tashlangandek. Ba’zi joylarda asfalt butunlay yo‘q edi, asta-sekin yurishga to‘g‘ri keldi. Mashina shikastlanmasligi uchun ehtiyot bo‘ldik. Orqaga qaytgach, mashinani texnik ko‘rikdan o‘tkazdim.
Issiqko‘lga esa kechga yaqin yetib bordik.
Chegarada nimalarni rasmiylashtirish kerak
Chegarada mashinani ro‘yxatdan o‘tkazish va sug‘urta qilish kerak. Ro‘yxatdan o‘tmasdan mashinani chiqarishmaydi. Sug‘urtani keyinroq olsa ham bo’ladi, lekin hammasini joyida qilgan yaxshi.
Qirg‘izistonga ham ID-karta, ham chet el pasporti bilan kirish mumkin.
Mashinani ro‘yxatdan o‘tkazish. Bu yerda ikki yo‘l bor:
- Navbatda turib, oynadan rasmiylashtirish.
- Yoki men qilgandek: QR-kodni skaner qilib, hammasini onlayn to‘ldirish.
VIN, pasport ma’lumotlarini kiritdim, maqsadiga “Issiqko‘l go‘zalliklarini ko‘rish” deb yozdim. Chegarachilar arizani hujjatlar bilan solishtirib, o‘tkazib yuborishdi.
Mashina sug‘urtasi. Mamlakatga kirganda OSAGO majburiy sug‘urtasini olish kerak. O‘zbekistondagi sug‘urta o’tmaydi. Sug‘urtasiz kirsangiz, nafaqat jarima, balki bir necha yilga mamlakatga kirishga ham taqiq qo‘yishlari mumkin.
Chiqishda darrov “yordamchilar” yopishib, hammasini tezda qilib berishni taklif qilishadi. Men “o‘zim onlayn qilaman” deb xato qildim.
“Beeline KG” sim-kartasini 170 somga oldik, tezda yoqib sug‘urta qilamiz deb o‘yladik. Lekin kartani faollashtirishning o‘zi rosa ovora qildi va baribir ishlamadi. Shuning uchun uch kun sug‘urtasiz yurdik, har to‘xtashda asabiylashdik. Omadimiz kelib, hech kim to‘xtatmadi. Sug‘urtani keyinroq Cholpon-Otada 11,5 $ (o‘sha vaqtning kursi bilan 143 ming so‘m atrofida)ga oldik.
Xullas, men qilgan xatoni takrorlamang — sug‘urtani chegaraning o‘zida oling.
Turar joyni band qilish layfxaklari
Uy-joyni oldindan, booking.com orqali oldik. Besh kunga, besh kishiga — 812$. Bir odamga 166$ dan tushdi.
Band qilayotganda bir tadbirkor sayohatchining blogida ko‘rgan maslahatlarini ishlatdim.
Eng arzon variantni tanlamang. Odatda ular eski uy yoki ko‘ldan uzoqda bo‘ladi. Biz o‘rtacha narxdagisini oldik va xo‘jayinga yozib qo‘ydik.
Bandlash vaqtida istaklaringizni yozing. Agar imkon bo‘lsa, xo‘jayin hammasini tayyorlab qo‘yadi. So‘ramasangiz — hech kim o‘zi bermaydi.
Men istaklarni yozdim: barbekyu zonasi, terassa, hordiq uchun joy, mashina qo‘yiladigan hovli. Borganimizda uy egasi bizga boshqa, undan ham yaxshiroq uy berdi — chunki unda aynan shu narsalar bor edi.
Yashash uchun ro‘yxatdan o‘tish
Qirg‘iziston qonuniga ko‘ra, besh kungacha ro‘yxatdan o‘tmasdan yurishingiz mumkin. Lekin ko‘proq qolsangiz, albatta rasmiylashtirish kerak. Agar chiqishda ro‘yxat bo‘lmasa, jarima va qayta kirishga taqiq bo‘lishi mumkin.
Ro‘yxatimizni uyning xo‘jayini qilib berdi. Hujjatlarni berdik, o‘zi hokimiyatga borib, hammasini rasmiylashtirdi. Rasmiy narxi 632 som (7 $ atrofida), lekin biz uy egasiga 1500 somdan berdik, vaqtini sarflagani uchun.
O‘zingiz borib rasmiylashtirisha olmaysiz. Uy xo‘jayini bo‘lmasa, sizga yashashga ruxsat berishmaydi.
Pul va hisob-kitoblar
Qirg‘izistonda hamma joyda kartada to‘lash mumkin deb o‘ylabmiz. Shuning uchun asosiy pulimizni Visa kartada olib chiqqan edik. Ko‘proq naqd olmaganimizga afsuslandik.
Terminallar ko‘pincha ishlamasdi. Chekka joylarda ular bor edi, lekin aksariyati buzilgan bo‘lardi. Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida karta bilan bemalol to‘lash mumkin, lekin kafe, do‘kon yoki bozorlarda deyarli iloji yo‘q.
Bu yerda asosan QR-kod va naqd pul ekan. Mahalliy aholi bank ilovalaridan foydalanadi, ko‘proq «M-Bank» orqali. QR bilan hatto sadaqa ham berish mumkin, ko‘chadagi tilanchilarda ham kod bor. Lekin chet el kartasi bilan to‘lasangiz, ikki marta konvertatsiya bo‘lgani uchun qimmatroqqa tushadi.
Pul yechishda komissiya ham bor. Bankomatdan karta orqali pul olganimizda bizdan 4% ushlab qolishdi. Ya’ni, har 100 dollardan yana 4 dollar chiqadi. Shuning uchun yoningizda dollar olib borib, joyida almashtirgan yaxshi.
Bozor yoki mashina qo‘yish joyida ham terminal yo‘q. Naqd pul — eng yaxshi variant.
Qayerlarga bordik va qancha to‘ladik?
Bosterida joylashgan Wood House’da yashadik. Bu yopiq hudud, o‘zining shaxsiy plyaji bor. Juda toza, osoyishta joy. Yaqinida “Oltin qumlar” plyaji bor. Musiqa va ko‘ngilochar joylar uchun shu yerga bordik.
Plyajda bananda, gidroskuterdan uchish mumkin, g‘ildirakli attraksiondan turib Issiqko‘lni tomosha qilsa bo’ladi.
Issiqko‘l — faqat plyaj emas. Har kuni boshqa joylarga chiqib, yangi manzaralarni ko‘rdik. Grigoryev va Semyonov daralariga bordik, “Ertak” kanyoniga ham kirib chiqdik.
Grigoryev va Semyonov daralari. Kirish pullik: odamlar va mashina uchun alohida hisoblanadi. Birinchi kuni bizdan 580 som olishmoqchi bo‘lishdi, lekin 500 somga kelishdik, ertasi kuni esa 380 som to‘ladik: uch odam va 80 som mashina uchun.
Manzaralari zo‘r: tog‘lar, daryo, yaylovdagi otlar. Yo‘l-yo‘lakay mahalliy aholi asal va mevalar sotadi. Biz 1 kg asalni 670 somdan (taxminan 10 $) oldik. Keyin esa pastroqda u 500 som ekanini bilib qoldik. Turist bo‘lganimiz uchun ortiqcha to‘lab qo‘yibmiz.
Chakandani sotib olmadik, bu yerda u har bir burchakda o‘sar ekan. O‘zimiz taxminan 1 kilo terib kelib, Toshkentga olib keldik.
Qo‘ziqorinda omadimiz kelmadi. Yo‘lda 1 kg qo‘ziqorin 1500 som (20 $ atrofida) edi. O‘zimiz yig‘amiz deb, sotib olmadik. Natijada turli zaharli qo‘ziqorin yig‘ibmiz, yaroqlisidan esa atigi 500 gramm chiqdi.

“Ertak” kanyoni. Bu joy Issiqko‘lning janubiy sohilida joylashgan. Odam boshiga kirish 50 som, mashina uchun to‘lov yo‘q. Yo‘l juda og‘ir: ko‘p joylari qazilgan, chuqurlar ko‘p. Biz 5 soatdan ko‘proq shu yo‘lda yurib, charchadik. Lekin afsus qilmadik: qizil, o‘yilgan qoyalar haqiqiy ertakdagidek taassurot qoldirdi.
Ortga yo‘l — Bishkek orqali
Qaytishda Bishkek orqali ketishga qaror qildik. Mashinani 47 $ ga to‘ldirib, Cholpon-Otadan yo‘lga tushdik.
Issiqko‘lning tinch hayotidan keyin Bishkek bizga shovqin va gavjum tuyuldi, lekin faqatgina O‘sh bozoriga kirish uchun ham u yerga borish kerak ekan. Avtoturargoh bir soatiga 50 som. Biz bozorda uzoqroq yurgan bo‘lsak ham, bir soatga deb joy oldik. Vaqtga hech kim e’tibor bermadi.
Do‘stlar va qarindoshlarga 10 $ ga sovg‘alar oldik. Yo‘lga meva, sabzavot va baliq uchun taxminan 30 $ sarfladik.

Sayohat va xarajatlar yakuni
Biz barcha xarajatlarni bitta jadvalga yozib bordik: kim qancha to‘ladi, necha odamga bo‘linadi, har kimning ulushi qancha chiqdi. Shunda oxirida kim kimga qarz ekanligi haqida tortishib o‘tirishga vaqt ketmadi.
O‘rtacha bir kishi uchun 7 kunlik safar 321 $ ga tushdi — yashash, ovqat, ko‘ngilochar joylar va mashina yoqilg‘isi bilan birga.
Bizga bu format yoqdi va keyingi safar Chernogoriyaga borishni niyat qildik.
Bir haftada besh kishi uchun jami 2247 $ sarfladik.
Ba’zi mahsulot va xizmatlarning narxlari:



